2-amaliy mashg’ulot.
MAVZU: Gidro elektr stansiyalarda energiya ishlab chiqarishni hisoblash.
Suv energiyasini elektr energiyasiga aylantiruvchi gidroelektr stansiya (GES)larning ishlashini o‘rganuvchi fan gidravlika deb yuritiladi. U ikki qismdan – suyuqliklar muvozanatini o‘rganuvchi gidrostatika va suyuqliklar harakatini o‘rganuvchi gidrodinamikadan tashkil topgan.
Ixtiyoriy kesim yuza orqali oquvchi suvning quvvati uning sarfi Q , yuqori va quyi byeflardagi suv sathlari bilan belgilanadi. Yuqori va quyi byeflar sathlari orasidagi farq H napor deb ataladi. Oqib tushuvchi suvning quvvatini (kVt) uning sarfi (m3/s) va napori (m) orqali ifodalash mumkin:
P = 9,81·Q·H (2.1)
GESlarda gidrotexnik inshootlar, turbinalar va generatorlarda yuz beruvchi isroflarga bog‘liq ravishda suv oqimi quvvatining faqat bir qismidan foydalanish mumkin. Shunday qilib, GESning taxminiy quvvati quyidagicha hisoblanishi mumkin:
P = 9,81· Q·H·η·ρ (2.2)
bu yerda, Q – suv sarfi, H – napor, η – GESning FIK.
2.1-rasm. Naporni hosil qilish sxemalari: a)- naporni to‘g‘on yordamida hosil qilish;
b)- naporni derevatsion kanal yordamida hosil qilish: 1- kanal; 2- napor basseyni; 3- turbinalarga suv o‘tkazgichlar; 4- GESning binosi; 5- daryo o‘zani; 6- to‘g‘on.
Tekis joylardagi daryolarda H napor tug‘on yordamida, tog‘li joylarda esa maxsus aylanib oquvchi – derevatsion kanallar yordamida hisol qilinadi (2.1-rasm). Gidravlik turbinalarda suvning energiyasi turbina vali aylanishining mexanik
energiyasiga o‘zgartiriladi. Agar bunda suvning dinamik bosimidan foydalanilsa, turbina aktiv, statik bosimidan foydalanilsa – reaktiv turbina deb yuritiladi.
Cho‘michli aktiv turbinada (2.2,a- rasm) toraygan uch – soplodagi gidrostatik bosimning potensial energiyasi suv harakatining kinetik energiyasiga to‘liq aylanadi. Turbinaning ishchi g‘ildiragi aylanasi bo‘ylab cho‘michsimon parraklar joylashtirilgan disk ko‘rinishida yasalgan (2.2,b-rasm). Suv parraklarning sirti bo‘ylab oqib o‘tish jarayonida yo‘nalishini o‘zgartiradi. Bunda parraklarning sirtiga ta’sir etuvchi markazdan qochma kuch paydo bo‘ladi va suv harakatining energiyasi turbina g‘ildiragining aylanish energiyasiga o‘zgartiriladi.
Energiyaning saqlanish qonuniga asosan, agar turbinadan oqib chiquvchi suvning tezligi nolga teng bo‘lsa, u holda suvning butun kinetik energiyasi to‘liq (isrofni e’tiborga olmasak) turbinaning mexanik energiyasiga o‘zgartiriladi.
Soploning ichida rostlovchi igna joylashgan bo‘lib (2.2- rasm), uni ko‘chirish orqali soploning chiqish teshigini kattaligi va mos holda suvning sarfi o‘zgartiriladi.
2.2- rasm. Aktiv turbinaning ishlash sxemasi : a)- turbina qurilmasining sxemasi;
b)- ishchi g‘ildirak; 1- yuqori byef; 2- quvur; 3- soplo; 4- ishchi
g‘ildirak; 5- qoplama; 6- og‘dirgich;
7- parraklar (cho‘michlar).
Reaktiv gidravlik turbinada ishchi g‘ildirakning parraklarida suvning kinetik va potensial energiyalari turbinaning mexanik energiyasiga o‘zgartiriladi.
Turbinaning ishchi g‘ildiragiga oqib kiruvchi suv katta bosimga ega bo‘lib, u ishchi g‘ildirakning oqim yo‘lidan oqib o‘tigani sari kamayib boradi. Bunda suv turbinaning parraklariga reaktiv bosim beradi va energiyaning potensial tashkil etuvchisi ishchi g‘ildirakning mexanik energiyasiga o‘zgartiriladi.
Parraklarning egriligi hisobiga suv oqimining yo‘nalishi o‘zgaradi va markazdan qochma kuchlarning ta’siri natijasida suvning kinetik energiyasi, aktiv turbinadagi singari, turbinaning mexanik energiyasiga o‘zgaradi. Reaktiv turbinaning ishchi g‘ildiragi, aktiv turbinadan farqli holda, suvning ichida joylashadi, ya’ni ularda suv oqimi ishchi g‘ildirakning barcha parraklariga kirib keladi. Reaktiv turbina ishchi g‘ildiraklarining turlicha tuzilishlari 2.3- rasmda tasvirlangan.
2.3- rasm. Reaktiv turbinalar ishchi g‘ildiraklarining umumiy ko‘rinishlari: a)- radial-bo‘ylama; b)- parrakli; d)- buriluvchan-parrakli;
e)- ikki parrakli; f)- diagonal.
Radial-bo‘ylama turbinalarda ishchi g‘ildirakning parraklari murakkab egrilikka ega bo‘lib, yo‘naltiruvchi apparatdan kirib keluvchi suv ketma-ket tarzda radial yo‘nalishini o‘q bo‘ylab yo‘nalishga o‘zgartirib boradi. Bunday turbinalar naporning katta diapazonida, ya’ni u 30 m dan 600 m gacha bo‘lgan hollarda qo‘llanilishi mumkin.
Parrakli turbinalar sodda tuzilish va yuqori FIKga ega. Biroq ularda
yuklamaning nominal qiymatdan o‘zgarishi bilan FIK keskin kamayadi.
Buriluvchan-parrakli turbinalarda parrakli turbinalardan farqli holda FIKning yuqori qiymatini ta’minlash uchun ishchi g‘ildirakning parraklari ish rejimining o‘zgarishiga bog‘liq holda buriladi.
Ikki parrakli turbinalarda ishchi g‘ildirakda parraklar juftlangan bo‘ladi. Ularning keng qo‘llanilishi tuzilishidagi murakkabliklar bilan cheklangan. Xuddi shunday murakkab tuzilish ishchi parraklari o‘z o‘qiga nisbatan buriluvchan bo‘lgan diagonal turbinalar uchun ham xarakterlidir.
GESlar quriladigan joylarda tabiiy sharoitlarning turlichaligi ularda o‘rnatiluvchi turbinalarning tuzilishlarini turlicha bo‘lishini belgilaydi. Turbinalarning quvvatlari bir necha kilovattdan yuzlab mega- vattlargacha, aylanish chastotalari esa, 162/3 dan 1500 ayl./min. gacha o‘zgaradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |