Zomin tumani — Jizzax viloyatidagi tuman. 1926 yil 29 sentabrda tashkil etilgan (1962 yil 24 dekabrda Jizzax tumani bilan birlashtirilgan, 1964 yil 31 dekabrda qayta tuzilgan. Shimolda viloyatning Zarbdor tumani, gʻarbda Baxmal va Jizzax tumanlari, sharqda, shimoliy-sharqda Yangiobod tumani, janubiy-sharqda Tojikston Respublikasi bilan chegaradosh. Maydoni 2,87 ming km2. Aholisi 150 ming kishi (2010). Zomin tumanida 2 shaharcha (Dashtobod, Zomin) va 11 qishloq fuqarolari yigʻini (Beshkubi, Gulshan, Duoba, Navoiy, Obihayot, Tinchlik, Toshkesgan, Chorvador, Shirin, Yangi-hayot, Gʻallakor) bor. Markazi — Zomin shaharchasi.
Zomin tumanining shimoliy, markaziy va sharqiy qismi pasttekislik, janubiy -gʻarbiy qir-adir va togʻlardan iborat. Yer yuzasi shimoldan janubga tomon koʻtarilib boradi. Iqlimi keskin kontinental, yozi issiq, quruq, qishi bir oz sovuq. Yanvarning oʻrtacha temperaturasi — 1,5°, iyulniki 32°. Yillik yogʻin 350–360 mm. Vegetatsiya davri 240 kun. Adir qismi qumtosh, qum, mergel, lyosslardan tuzilgan, usti chaqirtoshlar bilan qoplangan. Jarlar va yezda qurib qoladigan soylar bor. Bahorda soylar toʻlib oqadi. Shimoliy va markaziy adirlarning tuprogi lyoss ustida hosil boʻlgan boʻz, och boʻz, tipik boʻz tuproqlardan, janubiy qismidagi adirlar gipsli och boʻz tuproqlardan tarkib topgan. Tekisliklarda boʻz, qoʻngʻir tuproq. Tuman hududidagi Zominsoy daryosi, Achchisoy, Peshagʻarsoy, Uvolsoy, Turkman, Jaloir, Xoʻjamushkentsoydan sugʻorishda foydalaniladi. Ekin ekilmaydigan yerlarda shoʻra, shuvoq, yantoq, kovrak, oqquray va boshqa oʻsimliklar oʻsadi. Janubiy togʻli qismi (Turkiston togʻ tizmasida)da qalin archazorlar, tabiiy oʻrmonlar bor. 3. t.da Zomin togʻ-oʻrmon davlat qoʻriqxonasi, Zomin xalq bogʻi joylashgan.
Yovvoyi hayvonlardan ayiq, boʻri, silovsin, chiyaboʻri, tulki, kiyik, arhar, qushlardan burgut, lochin, qirgʻovul, kaklik, oʻrdak yashaydi. Suv havzalarida baliq turi koʻp.
Aholisi, asosan, oʻzbeklar. Shuningdek, qirgʻiz, rus, tatar, tojik va boshqa millat vakillari ham yashaydi. 1 km2 ga 42 kishi toʻgʻri keladi. Shaharliklar 28118 ming kishi (2018-yil 1-yanvar holatiga koʻra) .
Qishloq xoʻjaligida gʻallachilik va chorvachilik asosiy oʻrinni egallaydi. Tumanda shirkat, fermer, jamoa xoʻjaliklari, 2 oʻrmon xoʻjaligi mavjud. 197 ming gektar yerda dehqonchilik qilinadi. Gʻalla, poliz, sabzavot, yem-xashak ekinlari, kartoshka yetishtiriladi. Pichanzorlar, yaylovlar, tokzorlar va koʻchatzorlar bor. Qoramol, qoʻy-echki (shu jumladan qorakoʻl qoʻylari), ot, parranda boqiladi. 40 dan ziyod xususiy, 14 kichik korxona, 40 dan ortiq tijorat doʻkonlari faoliyat koʻrsatadi. 75 ta umumiy taʼlim maktabi boʻlib 30 mingga yaqin oʻquvchi taʼlim olmoqsa. Litsey, gimnaziya bor. 11 klub, 34 kutubxona, 385 oʻrinli 3 shi-foxona, 8 qishloq davolash ambulato-riyasi, 6 qishloq vrachlik punkti, 5 do-rixona, 94 maishiy xizmat koʻrsatish shaxobchasi, oʻlkashunoslik muzeyi ishlab turibdi. Tuman hududidan qadimgi Buyuk ipak yoʻli oʻtgan. Ustrushona, Zomin, Peshagʻar kabi tarixiy joylar, koʻhna qalʼa qoldiqlari, qadimiy qabristonlar saqlangan. 1933 yildan „Sharq tongi“ gazetasi chiqadi (adadi hozirda 1000). Tuman hududidan Toshkent — Samarqand temir yoʻli oʻtgan. Zomin — Toshkent, Zomin—Jizzax, Zomin — Guliston kabi yoʻnalishlarda avtobus va taksi qatnovi yoʻlga qoʻyilgan.[1]
Do'stlaringiz bilan baham: |