52. Янги Ўзбекистон – янги тараққиёт босқичида. Oʻzbekiston hayotida soʻnggi yillarda olamshumul, keng koʻlamli oʻzgarishlar amalga oshirilmoqda. Oʻz navbatida, xalqaro hamjamiyat mamlakat iqtisodiyotining liberallashtirilishi, yaqin va qoʻshni davlatlar bilan oʻzaro ishonchning mustahkamlanishi yoxud mintaqada barqaror taraqqiyot kafolati boʻlgan Afgʻonistonni Markaziy Osiyo keng makoni iqtisodiy hayotiga faol integratsiyalashuvini taʼminlashdagi amaliy qadamlarni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev nomi bilan bevosita bogʻliq ekanini qayd etmoqda.
Bugun BMT, Inson huquqlari boʻyicha xalqaro tuzilmalar minbarlaridan Oʻzbekistonda inson huquqlari va ommaviy axborot vositalari mustaqilligini taʼminlash, majburiy mehnatga chek qoʻyish hamda ochiq siyosat yuritish boʻyicha erishilayotgan natijalar haqli eʼtirof etilmoqda.
Xususan, mamlakat ichidan turib ushbu islohotlar samarasiga bevosita guvoh boʻlayotgan xorijiy davlatlarning Oʻzbekistondagi diplomatik missiyalari rahbarlari “Dunyo” AA muxbiri bilan suhbatda mintaqaviy va xalqaro munosabatlarda tub burilish pallasiga aylanayotgan ushbu jarayonlarni quyidagicha baholadi.
Ahmad Holid ELMIY, Afgʻoniston Islom Respublikasining Oʻzbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi: — Oʻzbek va afgʻon xalqlarini yaqin qoʻshnichilik va azaliy doʻstlik rishtalari bogʻlab turadi. Ana shu jihatlar bugungi kunda koʻplab masalalar boʻyicha yaqin muloqotni davom ettirish imkonini bermoqda.
Oʻzbekiston oʻz mustaqilligiga erishgan kundan boshlab Afgʻoniston bilan yaqin hamkorlik qilib kelmoqda. Oʻtgan yillar mobaynida bu munosabatlar yuqori darajaga koʻtarildi va Afgʻoniston Islom Respublikasi oʻzining tashqi siyosatida Oʻzbekiston Respublikasi bilan doʻstlik tamoyillarini ustuvor yoʻnalish sifatida belgilab oldi.
Afgʻoniston Prezidenti taʼkidlaganidek, Oʻzbekiston bilan doʻstlik va hamkorlik aloqalari mamlakatning boshqa davlatlar bilan boʻlgan munosabatlari uchun yorqin namuna boʻlishi kerak.
Ayni paytda mamlakatlarimiz oʻrtasida savdo-iqtisodiy, transport, infratuzilma va boshqa sohalarga oid 30 dan ziyod bitim va shartnoma amal qilmoqda.
Shuningdek, ikki mamlakatning jugʻrofiy joylashuvi, rivojlangan xalqaro transport dahlizlarining mavjudligi va boshqa omillar natijasida oʻzaro savdo aylanmasini 1,5 milliard dollarga yetkazish borasidagi ishlar amalga oshirilmoqda.
Bundan tashqari, Afgʻoniston Islom Respublikasi Prezidenti Muhammad Ashraf Gʻani va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning oliy darajadagi uchrashuvlari, ularda erishilgan kelishuvlar mamlakatlarimiz oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli iqtisodiy hamkorlikni yana-da rivojlantirish va kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Afgʻoniston uchun muhim ahamiyatga ega boʻlgan «Surxon-Puli-Xumri» elektr uzatish loyihasi va “Mozori-Sharif – Hirot” yoʻnalishida temir yoʻl qurish loyihalarini amalga oshirishdagi saʼy-harakatlar afgʻon xalqining kelajagiga Oʻzbekiston befarq emasligidan dalolat beradi.
Afgʻoniston Oʻzbekiston rahbariyatining afgʻon inqirozini tinch yoʻl bilan hal etish, mamlakatda barqarorlikni taʼminlash, uni mintaqaviy siyosiy va iqtisodiy jarayonlarga integratsiya qilish, afgʻonlararo tinchlik muzokaralarini ilgari surish hamda mintaqaviy kelishuv borasida olib borayotgan siyosatini yuqori baholaydi.