II bob. IROQ ADABIYOTI………………………………………………...
|
|
II.1. Iroq adabiyoti (Iroq she’riyati) ….………………………………………..
|
|
II.2. Jamil Sidqi az-Zahoviy hayot va ijodi ……………………………………
|
|
Xulosa………………………………………………………………………
|
|
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati……………………….
|
|
KIRISH
Mavzuning dolzarbligi.
Vatanimiz Mustaqillikni qo’lga kiritgandan kеyin barcha fanlar qatori ma'naviyat, ma'rifatni targ’ib qiluvchi adabiyot faniga ham e'tibor bеrib kеlinmoqda.
E'tiboringizga havola etilayotgan ushbu o’quv qo’llanma arab adabiyotiga oid bo’lib, u XIX – XX asrlarni o’z ichiga oladi. Biroq shu vaqtgacha arab adabiyoti bo’yicha o’zbеk tilida bir qancha o’quv qo’llanma yaratilgan.
Mazkur davrlar ichida yashab ijod etgan shoirlar, adiblar hayoti va faoliyati haqidagi ma'lumotlarni arab va mumtoz guruhi talabalariga o’z ona tilimizda еtkazib bеrishni maqsad qilib qo’ydik. Arab adabiyotining XIX - XX asrgacha bo’lgan vaqt oralig’ida yashab ijod etgan shoirlar, adiblar ijodi, o’sha davrlardagi turfa janrlar bilan talabalarni tanishtirish oldimizga qo’ygan vazifalardandir.
O‘rta asrlarda ko‘p yillar davomida kuchli madaniy yuksalish yuz bergan, xalifalik shaharlarida savdo-sotiq rivojlanib, dorilfunun va kutubxonalarga asos solingan. Fan va madaniyat gullab-yashnagan davrda arablar katta ma’naviy qadriyatlarni yaratganlar. Ular orasida arab mumtoz adabiyoti, shubhasiz, dastlabki o‘rinlardan birini egallaydi.
Sharq va O‘rta yer dengizi xalqlarining ko‘p asrlik madaniy an’analarini o‘zlashtirgan ushbu adabiyotning Yevropa adabiyotiga ta’siri juda katta bo‘lgan. Muhabbat she’riyati, mardlar romani, hayvonlar haqidagi didaktik hikoyalar – bular Yevropada arab adabiyoti ta’sirida rivojlangan janrlarning ayrimlari, xolos.
Hatto Yevropa she’riyatining tuzilishiga ham Sharq ta’siri seziladi. Hozirgi davrda arab tilida so‘zlashuvchi, tarixiy taqdiri bir bo‘lgan, tarixiymadaniy an’analar bilan bog‘langan hamda Atlantika ummonidan Eron chegaralarigacha, O‘rta yer dengizi sohillaridan boshlab Nil daryosining boshlanishigacha cho‘zilgan ulkan makonda yashovchi bir qator Osiyo va Afrika xalqlari arablar deb ataladi. Hozirgi zamon arab adabiyoti deganda, garchi yagona o‘rta asrlar an’analari zaminida shakllangan va ko‘pgina o‘xshash jihatlarga ega bo‘lgan, ammo ijtimoiy va badiiy jihatdan mustaqil hodisa bo‘lgan arab xalqlari adabiyotlarining majmui tushuniladi.
Biroq, «arablar» so‘zi turli tarixiy davrlarda har xil mazmun anglatgan. Shu bois o‘rta asr, yoki mumtoz arab adabiyoti haqida so‘z yuritishdan avval aynan kimni ushbu adabiyotning yaratuvchilari va egalari deb atashimizni, yoki, oddiyroq qilib aytganda, o‘rta asrlarda kimlar arablar deb atalganligini aniqlab olishimiz zarur.
VII–VIII asrlargacha arablar deganda Arabiston yarimorolining ko‘chmanchi, o‘troq aholisi tushunilgan.
Mil. av. 1-ming yillikdayoq arab qabilalari ushbu yarim orolga chegaradosh viloyatlarga kira boshlaganlar. VII–VIII asrlarda g‘arbda Fransiya chegaralaridan boshlab sharqda Xitoy chegaralarigacha bo‘lgan ulkan hududlar arab ko‘chmanchilarining hukmronligiga o‘tgan. Arabistonning ba’zi qabilalari zabt etilgan mamlakatlar hududiga (asosan Suriya, Ikki daryo oralig‘i, Janubiy Eron, Misr, Shimoliy Afrikaga) ko‘chib o‘tganlar.
Arab istilolarining zabt etilgan xalqlar taqdiriga ta’siri hamma joyda ham bir xil bo‘lmagan. Mustamlaka viloyatlarning ba’zi xalqlari bir necha asrlar o‘tgach batamom arablashganlar, ya’ni zobitlarning tili va dinini o‘zlashtirganlar. Ushbu jarayon aholisi istilo bo‘lishdan avval ham somiy guruhidagi tillarda so‘zlashgan viloyatlar (Iroq, Suriya, qisman Misr)da hammadan ko‘ra muvaffaqiyatliroq kechgan. Istilo qilingan xalqlarning boshqalari (Eron aholisi, O‘rta Osiyo va Kavkazortining turkiy xalqlari), arablarning dinini qabul qilganlar. Nihoyat, uchinchi toifadagi xalqlar (armanlar, gruzinlar va h.k.) arablashtirish siyosatiga qarshi tura olganlar hamda o‘z madaniyati, dini va tilini saqlab qolganlar.
Arablar istilosidan keyin, aniqrog‘i – ular mahalliy aholi ichida asta-sekin singib ketganlaridan so‘ng nafaqat ko‘chmanchi bosqinchilar, balki arab tili va islom dinini qabul qilgan mustamlaka hududlarining aholisi ham arablar deb ataladigan bo‘ldi. Istilo qilingan viloyatlarning arablashgan aholisi hamda arablar birgalikda hozirgi arab xalqlari hosil bo‘lishida etnik asos bo‘ldi.
Barcha mustamlaka viloyatlarda yozma tilni yagona arab adabiy tili tashkil qila boshladi. Bu tilda butun o‘rta asr arab adabiyoti ham yaratila boshlandi.
Xalifalikning deyarli barcha ma’lumotli kishilari, millati va diniy mansubligidan qat’i nazar, yozma arab tilida so‘zlashganlar va yozganlar. Ushbu til Yaqin va O‘rta Sharq xalqlari uchun yagona xalqaro til edi.
Mazkur yozma til qadimgi arab tili hamda Arabiston qabilalarining shevalari asosida shakllandi. Og‘zaki nutqda xalifalikning arab viloyatlaridagi aholisi shevalardan foydalanganlar. Ular o‘rtasidagi farq, ba’zi ma’lumotlarga qaraganda, juda katta edi.
Qadimgi arab tilining yozma yodgorliklari milodning I asriga borib taqaladigan Arabiston va Suriya janubidagi qoyatoshlardagi yozuvlarda ifodalangan. Ilk mumtoz arab tilida islom dinidan avvalgi (V–VII asrlar) she’riyat asarlari yaratilgan. Ushbu asarlar og‘zaki ravishda tildan-tilga o‘tib kelgan bo‘lib, arab tilshunoslari faqat VIII–X asrlardagina ularni yozma shaklga keltirganlar.
IX–X asrlarda mumtoz davr adabiy tili uzil-kesil shakllangan. Mumtoz arab tilida nihoyatda boy ilmiy va badiiy adabiyot mavjud. Uni yaratishda nafaqat arablar, balki fath qilingan mamlakatlarning aholisi ham ishtirok etgan.
Hozirgi vaqtda arab tili – somiy guruhiga kiruvchi eng ko‘p tarqalgan tildir. Arab davlati eng qudratli bo‘lgan VIII–X asrlar tarixga arab madaniyati va adabiyoti gullab-yashnagan davr sifatida kirgan.
Ulkan siyosiy tashkilot bo‘lmish xalifalik mustahkam chiqmadi. IX asrdayoq boshlangan va XI asrga kelib yakunlangan uning parchalanishi madaniyatning ham tanazzuliga olib keldi. Mo‘g‘ullar XIII asrning o‘rtalarida xalifalikning sharqiy arab viloyatlariga dahshatli zarba berdilar. XVI asr boshida mo‘g‘ul istilochilari o‘rnini usmoniy turklar egalladilar. XVIII asrdan boshlab esa, arab mamlakatlari Yevropadagi qudratli mamlakatlarning mustamlaka ob’ektiga aylandilar. Siyosiy tarqoqlik arab viloyatlarining madaniy jihatdan ajralib ketishiga sharoit yaratdi.
Usmonli turklar Arabistonning sharqida hukmronlik qilgan davrda Usmon imperiyasining arab viloyatlaridagi barcha rasmiy va ish bilan bog‘liq yozishmalar turk tilida yuritildi; arab adabiy tili ko‘p darajada unutildi.
XIX asrning ikkinchi yarmidan boshlab keng miqyosli aksilfeodal va milliy ozodlik harakatlari asosida arab madaniyati va adabiyoti tiklana boshladi. Ushbu davrda hozirgi zamon arab adabiyoti avvalo alohida arab mamlakatlarining milliy adabiyoti sifatida shakllana boshlagan.
Mazkur kitobimiz bag‘ishlangan o‘rta asr arab og‘zaki va yozma adabiyotida quyidagi davrlarni ajratish mumkin – qadimgi arab og‘zaki adabiyoti (V– VII asrlar) va o‘rta asr arab adabiyoti (VIII–XVIII asrlar).
Qadimgi arab she’riyati og‘zaki bo‘lgan. U Arabistonning ko‘chmanchi va o‘troq qabilalarida urug‘chilik tuzumi sharoitida kelib chiqqan va o‘z xarakteriga ko‘ra asosan VIII asr o‘rtalarigacha qabilaviy va badaviy she’riyat sifatida saqlanib qolgan. Bizgacha yetib kelgan qadimgi arab nasri (afsonalari, masallari, maqollari, notiqlik san’ati asarlari) ham, shuningdek keyingi davrlardagi yozuvlarda aks etgan qadimgi arab she’riyati ham og‘zaki bo‘lgan. Doimo muallifiga ega bo‘lgan qadimgi arab she’riyatidan farqli ravishda, qadimgi arab nasriga oid asarlar ko‘pincha folklor xususiyatga ega bo‘lgan.
Qadimgi arab adabiyoti arablar va forslarning o‘rta asrlar adabiyotlari tarixida umumiy «antiklik» sifatida baholanishi mumkin.
VIII asrdan boshlab arab yozma adabiyoti rivojlana boshlagan. Unda feodal jamiyatning turli qatlamlariga xos qarashlar, arab istilochilari zabt etgan xalqlarning manfaatlari, turli bid’at ta’limotlar borgan sari ko‘proq aks etgan. Arab adabiyotini yaratishda mustamlaka hududlarning islom diniga kirgan va arab tilini qabul qilgan aholisi faol ishtirok etgan.
Arablarning o‘rta asr adabiyotida uchta davrni ajratish mumkin:
ilk o‘rta asr adabiyoti (VII asr oxiri – VIII asr o‘rtalari);
mumtoz adabiyotning gullab yashnagan davri (VIII asr o‘rtalari – XII asr);
kech o‘rta asr adabiyoti (XIII–XVII asrlar).
O‘rta asr arab she’riyati saroy, madhiya xususiyatiga egaligiga qaramay, unda qabilaviy she’riy an’analar hali juda kuchli bo‘lgan. Bu davrdagi nasr, xuddi qadimgi arab nasri singari, hamon og‘zaki, «notiqlik» xususiyatiga ega. Mumtoz arab adabiyotining gullab-yashnagan davri – xalifalikning ko‘p sonli xalqlari arab madaniyatini yaratish jarayonida keng ishtirok etgan davr. Bu davrga nasr va nazmning barcha janrlari – ishqiy va falsafiy lirika, madhiya she’riyati, qisqa hikoyalar va shu kabilarning gullab-yashnaganligi xosdir. Nihoyat, kech o‘rta asrlardagi arab adabiyotiga saroy she’riyatining tanazzuli hamda sufiylik she’riyatii, shahar hikoyanavisligi va xalq romanchiligining yuksalishi xosdir.
VIII–XV asrlardagi arab-ispan (andaluziya) adabiyoti o‘rta asr arab adabiyotining alohida tarmog‘idir.
Arab adabiyoti tarixini o‘rganishga rus tadqiqotchilari V. R. Rozen, I. Yu. Krachkovskiy, A. Ye. Krimskiy ham katta hissa qo‘shganlar. Arab adabiyoti tarixida I. Yu. Krachkovskiy o‘z kitobi, maqolasi yoki qisqa xotirasini bag‘ishlamagan taniqli shoir yoki yozuvchisini topish qiyin. Afsuski, taniqli rus olimining umumlashtiruvchi xususiyatga ega bo‘lgan rejalashtirgan asarini tamomlashiga ko‘pgina sabablar xalal bergan. U rejalashtirgan jamoaviy asar haqida faqat uning xomaki rejasiga qarabgina xulosa chiqarishimiz mumkin.
G‘arbiy Yevropa olimlaridan Silvestr de Sasi, Xammer, T. Neldeke, F. Vyusten feld, Ye. Levi-Provansal, A. Peres, I. Goldsier, K. Brokelmann, R. A. Nikolson, X. A. R. Gibb, R. Blasher, J. Gabrieli ham arab mumtoz adabiyotini tadqiq etish borasida ko‘p mehnat qildilar. Arab, rus va G‘arbiy Yevropa olimlarining ishlari natijasida arabshunoslik hozirgi zamon sharqshunosligining eng rivojlangan sohalaridan biriga aylandi.
Do'stlaringiz bilan baham: |