1.Evropa va Shimoliy Amerikada fuqarolik jamiyatining rivojlanishi
“Fuqarolik jamiyati” tushunchasining ildizlari (civil society) dastlab qadimgi yunon faylasuflari va Sitseron yozgan asarlarda kuzatiladi. Lekin, yunon faylasuflari fuqarolik jamiyati haqida fikrlaganida asosan davlatni ko‘zda tutgan edi. Hozirgi davrga yaqin fuqarolik jamiyati haqidagi tasavvurlar XVIII asr oxirida bir vaqtning o‘zida shotland va kontinental ma’rifatparvarlar tomonidan yaratildi. Tomas Peyn va Georg Gegel kabi nazariyotchilar fuqarolik jamiyatini davlatga yaqin, lekin, shu bilan birga, undan ajralgan soha, qaysiki, bu kabi jamiyatda fuqarolar o‘z xohishlari va manfaatlariga bog‘liq holda birlashadilar, deb talqin etdi. Bu yangi talqinlarda iqtisodiy voqeliklarning o‘zgarishlari ifodalangan edi: xususiy mulk, bozor raqobati va burjuaziyaning paydo bo‘lishi. U tobora o‘sib borayotgan erkinlik sari da’vatlarga javob tariqasida paydo bo‘lgan edi.
XIX asrning o‘rtasiga kelib jamiyatshunoslar va faylasuflar o‘z e’tiborlarini asosan sanoat inqilobining ijtimoiy va siyosiy oqibatlariga qaratganlarida esa fuqarolik jamiyati tushunchasi ancha iste’moldan tushib qoldi. Faqat ikkinchi jahon urushida keyingi davrga kelib Italiya olimi Antonio Gramshi fuqarolik jamiyatiga tiraniya bilan kurashishning muhim sohasi va mustaqil siyosiy faoliyatning o‘ziga xos rivojlanishining dastlabki nuqtasi sifatida qaradi, fuqarolik jamiyati nazariyasini qaytadan tikladi va bu jamiyat yana rusumga kirdi. Gramshi o‘ng oqimga mansub diktaturani tadqiq etganligi uchun ham uning g‘oyalari Sharqiy Yevropa, shuningdek, Lotin Amerikasidagi dissidentlar va huquq himoyachilariga kuchli ta’sir qildi. Chex, vengr, polyak faollari doimo fuqarolik jamiyati tushunchasiga murojaat etishi an’anaga aylandi. Ayniqsa, 1989 yilda Germaniyani ikkiga bo‘lib turgan Berlin devori qulagan paytlarda u fuqarolik jamiyati fuqarolik jasorati tushunchasining sinonimi sifatida ishlatila boshlandi.
XX asrning 90-yillarida fuqarolik jamiyati jozibador formulaning so‘nggi natijasiga aylandi. Ulkan va keng miqyosli demokratlashtirishning dunyoviy tamoyillari uning oldida o‘zining yangi ufqlarini ochdi. AQSh va G‘arbiy Yevropada uning jamiyatni yangilashning harakatlantiruvchi kuchi sifatidagi o‘rniga nisbatan qiziqishlar kuchaydi, shuningdek, u davlat va hukumat ta’sirlari kamayib borayotgan rivojlanayotgan mamlakatlar ichida ham u keng tarqaldi.
Tarixiy taraqqiyot tajribasidan ma’lumki, insonning jamiyatda oliy ijtimoiy qadriyat manbalari sifatida namoyon bo‘lishiga erishish yechimini topish eng qiyin muammolardan biridir. Chunki, bu kabi an’anaviy sharoitlarda insonni mansabdorlar va ularning apparatini irodasi asosida faoliyat yuritishdan boshqa chorasi qolmaydi, inson davlat mashinasining bir murvatiga aylana boshlaydi. Shaxs o‘zining turmushini o‘zgartirish qobiliyatiga ega bo‘lmasdan turib xalqaro munosabatlarda “inson huquqlari manbasi” deb ataladigan, o‘z insoniy qadr-qimmatini e’zozlaydigan erkinlik me’yorlaridan bahra ololmaydi.
Shuning uchun ham fuqarolik jamiyatini xalqaro tajribalar va milliy an’analar asosida shakllantirish inson erkinligi va huquqlarini ta’minlashning asosiy kafolatidir, u inson taraqqiyoti uchun eng zaruriy omildir. Hozirgi davrda jamiyatga doir zamonaviy nazariyalarda fuqarolik jamiyatining quyidagi asosiy uchta tarkibiy qismlari quyidagicha ta’riflanadi:
-ijtimoiy ahamiyatga molik funksiyalarni sezilarli qismini amalga oshiradigan jamoat birlashmalarini rivojlanganligi; “shaffof” hukumat va parlamentning mavjudligi; uning “shaffof”ligi jamiyat nazorati ostida va fuqarolarning baholashlari bilan bog‘liq ekanligi bilan ifodalanishi;
-hukumat va nodavlat tashkilotlar o‘rtasida “de-yure” talablari doirasidagi muloqotlarning mavjudligi, yoki, boshqacha aytganda, ijroiya hokimiyati tizilmalari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish va siyosiy qarorlar qabul qilish jarayoniga ta’sir eta olishning legitim usullarning shakllanganligi.
Shu bilan birga, jamiyatni qonunlar asosida boshqarilishi ham ob’ektiv zaruriyat hisoblanadi. Lekin, boshqaruv tizimida ba’zi mansabdorlarning byudjetni ijro etishi, turli resurslarni taqsimlash va boshqaruv faoliyatida fuqarolarga qonunlar bilan belgilanmagan turli ruhsatnomalar berish, tadbirkorlikni nazorat qilish kabi turli byurokratik vositalar paydo bo‘ladiki, ular doimo jamiyatni rivojlanishiga to‘siq bo‘lib keldi. Shuningdek, bu kabi holatlar ob’ektiv zarurat hisoblanmaydi. Ularning barchasi boshqaruv an’analaridan chiqarib tashlanishi zarur.
Umuman, fuqarolik jamiyatining yashashi va rivojlanishi uchun davlat organlari quyidagilarga amal qilishiga zarurat tug‘iladi:
-qarorlar qabul qilish va ularning ijrosini amalga oshirishda u yoki bu ijtimoiy tizilmalar bilan kelishib faoliyat ko‘rsatishining shart ekanligi;
-davlat organlari vakolatlarini bir qismini nodavlat notijorat tashkilotlarga o‘tkazish.
Shuningdek, davlat apparati funksiyalarini nodavlat tashkilotlarga o‘tkazib borish bilan boshqaruv tizimi ham demokratiyalashib boradi. Masalan, Buyuk Britaniyada davlat organlari faqat nodavlat tashkilotlari bajara olmaydigan yoki bajarishni istamaydigan funksiyalarni bajaradi, xolos (ya’ni qoldiq prinsipiga amal qiladi).
Do'stlaringiz bilan baham: |