Тemirbetonli quvurlar. Bu quvurlar industrial qurilish talablariga mos kelib, nisbatan past narx, uncha katta bo’lmagan sermehnatlilik va qurilish muddati, yaxshi ekspluatatsion sifatlarga ega bo’lib, xizmat qilish muddati katta. Betonning mustahkamlik bo’yicha sinfi, sovuqbardoshlik bo’yicha markasi hamda armatura po’latining sinfi quvurlarning foydalanish joyidagi iqlim sharoitlariga bog’liq holda qabul qilinadi.
Yig’ma quvurlar aylana silindrli, tekis asosli aylana,ovoidal ko’rinishidagi va to’g’ri burchakli bo’g’inlardan tashkil topgan (9.3-rasm). Bo’g’inlar devorining qalinligi 10 sm dan katta qabul qilinadi. Uzunligi 2...3 m bo’lgan bo’g’inli quvurlarning montaj ishlari bo’ladi, bo’g’inlar orasidagi choklar gidroizolyatsiyasi xarajatini 15...20% ga kamaytiradi.
9.3-rasm. Quvurlarning temirbetonli zvenolari turlari: a – aylana silindrli; b – tekis asosli aylana; v – ovaloidal ko’rinishidagi; g – to’g’ri to’rtburchakli
Aylana silindrli bo’g’inlar teshigining diametri 2 m gacha bo’ladi. Bo’g’inlarning qalinligi va armaturalash sxemasi ko’tarma balandligi, muvaqqat va ko’zg’aluvchan yuklar va bo’g’inlarning quvurdagi holatiga bog’liq holda qabul qilinadi.
Grunt bosimi ostida bo’g’inlarning ustki va ostki qismlari ichkariga, yon qismlari esa tashqariga egiladi. Shuning uchun bo’g’in ustki va ostki qismlarida ishchi armatura bo’g’inlarning ichki yuzasiga, yon tomonlariga esa tashqi yuzasiga joylashtiriladi; ammo silindrik bo’g’inlar har qanday holatda joylashishi mumkinligini e’tiborga olib, ular ikki qator armaturalanadi.
Тekis asosli aylana bo’g’inlar quvurda qat’iy aniq holatda joylashadi va shuning uchun momentlar epyurasiga muvofiq tejamli bir qator armaturalanadi, bu esa armatura sarfini deyarli ikki marta kamaytiradi. Bundan tashqari, ular lokal bloklarga muhtoj bo’lmaydi, bu, o’z navbatida, quvurlar o’rta qismida bloklar sonini kamaytiradi, narxi, sermehnatliligi va qurilish muddati kamayadi.
Ovoidal ko’rinishdagi bo’g’inlar gumbaz va tekis zamin bilan yopiq konstruksiyaga birlashtirilgan lotok plitasidan tashkil topgan. Gumbaz o’qi grunt bosimi egriligiga yaqin ko’rinishga ega, shuning uchun gumbaz kesimidagi momentlar kichik, bu esa gumbaz qalinligini kichik va undagi armaturalar sonini kam olish imkonini beradi.
Zamonaviy ovoidal ko’rinishdagi bo’g’inlarda bir qator armaturali karkaslar o’rnatiladi, bu po’latni 50% gacha va betonni 20% gacha kamaytiradi.
Тo’g’ri to’rtburchakli temirbetonli bo’g’inlar teshigi 2 va 2,5 m, balandligi 2 m va teshigi 3 va 4 m, balandligi 2,5 m bo’lgan yopiq ramalardan iborat bo’lib, bo’g’inlar devorining qalinligi quvur teshigi diametri va ko’tarma balandligiga bog’liq holda 13...30 sm, ustki ikki qiyali plitaning qalinligi esa 17...40 sm ni tashkil etadi.
Ko’tarma grunti bosimi ostida to’g’ri to’rtburchakli bo’g’inlarning devor va plitasi ichkariga, yon qismlari esa tashqariga egiladi, shuning uchun devor o’rtasi va plitada ishchi armatura bo’g’inlarning ichki yuzasiga, burchaklarda esa tashqi yuzasiga joylashtiriladi. Тo’g’ri to’rtburchakli bo’g’inlarning fazoviy karkaslari ichki va tashqi to’rlardan tashkil topgan, burchaklarda bundan tashqari qiya armaturalar ham o’rnatiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |