Bob IV. Тemir yo’l ko’priklarining statik va konstruktiv tizimlari
4.1. Arkasimon oraliq qurilmalar
Bunday oraliq qurilmalarning asosiy yuk ko’taruvchi qismi butun devorli arkalar yoki arkali fermalardir. Arkalarning o’ziga xos xususiyati shundan iboratki, tik yuk ta’sir qilganda, ularning tayanchlarida tik va gorizontal (tayanch) reaksiyalar hosil bo’lib, natijada eguvchi momentlar arkalarda shunga o’xshash to’sinlardagiga nisbatan kichik bo’ladi. Statik xossalariga qarab, arkalar harakat ostidan, o’rtasidan, ustidan va ikki sathda sharnirsiz (4.1,a-rasm), ikki sharnirli (4.1,b-rasm) va uch sharnirli (4.1,v-rasm) bo’ladi.
4.1-rasm. Arkalarning statik tizimlari
Sharnirsiz arkalarda po’lat kam ketadi, ammo harorat o’zgarganda va tayanch qismi siljiganda ularning kesimlarida qo’shimcha kuchlanishlar hosil bo’ladi, shuning uchun sharnirsiz arkalar mustahkam va ishonchli asos hamda poydevorlar qurishni talab qiladi.
Ikki sharnirli arkalar ular tayanch sharnirlarining siljishini kam sezadi, shuning uchun ular amaliyotda eng ko’p qo’llaniladi.
Uch sharnirli arkalar statik aniq bo’lib, kuchsiz gruntlarda qo’llanishi mumkin. Yuqorida keltirilganlardan tashqari bir oraliqlilarga nisbatan kam po’lat sarflanadigan ko’p oraliqli arkali uzluksiz (4.1,g-rasm) va arka-konsolli (4.1,d-rasm) oraliq qurilmalar qo’llaniladi.
Arkasimon uzluksiz oraliq qurilmalar bundan tashqari transport vositalarini tekis tez harakatini ta’minlaydi, ammo tayanch qismlarining holatini to’g’rilab turishni talab etadi. Arka-konsolli oraliq qurilmalar osma oraliqlarning konsollari bilan murakkab tutashishga va, natijada, egilish chizig’ining sinishi oqibatida transport vositalarining yuqori dinamik ta’siriga ega bo’ladi.
Arkasimon oraliq qurilmalarning to’sini – uzluklilarga nisbatan asosiy afzalliklari quyidagilar: katta oraliqlarda po’lat sarfi kichikligida; tik bikirligi kattaligida; arxitektura sifatining eng yaxshiligida. Ularning kamchiliklari: egri chiziqli arkali konstruksiyalarni xili va o’lchamini birxillashtirish murakkabligida; tayanch terimi hajmining oshishida; tik bosimdan tashqari arkalarning gorizontal (raspor) bosimini qabul qiladigan murakkab va qimmat turadigan poydevorlarni qurish zaruratida. Arkasimon oraliq qurilmalar, odatda, shaharlar, katta suv oqimlari, hamda tog’ jarliklari ustida ko’prik qurishda qo’llaniladi. Po’lat arkasimon oraliq qurilmalar ko’prik (harakat) to’shamasi, harakat qismining to’sini (tirgak), poya (harakat ustidan) yoki ilgak (harakat ostidan), butun arka yoki arkasimon fermalar, bo’ylama va ko’ndalang bog’lamlardan tashkil topgan (4.2,a-rasm).
4.2-rasm. Arkasimon oraliq qurilmalar sxemasi va arkalar kesimining shakli:
1 – ko’prik to’shamasi; 2 – to’sinning harakat qismi; 3 – ustki bo’ylama bog’lamalar; 4 – arka usti tirgaklari; 5 – arka; 6 – tayanch qismi; 7 – arka tekisligida bo’ylama bog’lamalar; 8 – ko’ndalang bog’lamalar
Ko’prik to’shamasi va harakat qismi to’sinli oraliq qurilmasiga o’xshash konstruksiyaga ega. Arka usti tirgaklari qo’shtavrli, qutisimon yoki aylana kesimli qilib yasaladi. Тirgaklar ko’ndalang to’sinlar bilan birgalikda arkalarga sharnirli yoki bikir biriktirilgan ramalar hosil qiladi.
Ilgaklar odatda H ko’rinishdagi kesimga ega. Harakat qism va arka tekisliklarida xochli, yarimhovonli yoki boshqa tizimli bo’ylama bog’lamalar quriladi. Ko’ndalang bog’lamalar arka usti tirgaklari yoki ilgaklar tekisligida joylashadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |