O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI TASHQI ISHLAR VAZIRLIGI JAHON IQTISODIYOTI VA DIPLOMATIYA UNIVERSITETI
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy huquqi fani yuzasidan “O‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosatining konstitutsiyaviy-huquqiy asoslari haqida” mavzusida yozilgan maqola. Fakultet: Xalqaro munosabatlar 2-kurs
O‘qituvchi: Soliyev Dilshod Baxtiyor o‘g‘li
Talaba: Tursunov Amir
Toshkent-2022 O‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosatining konstitutsiyaviy-huquqiy asoslari
Annotatsiya. Ushbu maqolada O‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosatiga oid konstitutsiyaviy normalar haqida so‘z yuritiladi. Asosiy Qonunning tashqi siyosatni amalga oshirish bilan bog‘liq har bir moddasiga eʼtibor qaratiladi. Konstitutsiyamizning 17-moddasida mustahkamlab qo‘yilgan xalqaro huquq tamoyillarining milliy huquqimiz va xalqaro huquq o‘rtasida ko‘prik vazifasini bajarishi taʼkidlanadi. Muallif tomonidan mazkur tamoyillar negizida mamlakatimiz dunyoning 130 dan ortiq davlatlari bilan diplomatik aloqalar o‘rnatganligi ilmiy asoslangan. Toshkentda 44 ta chet el elchixonalari, 1 ta bosh konsullik, 8 ta faxriy konsullik, 17 ta xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari, 13 ta xorijiy xalqaro hukumatlararo va hukumat tashkilotlari vakolatxonalari faoliyat ko‘rsatmoqda. Xorijiy mamlakatlar va xalqaro tashkilotlarda O‘zbekiston Respublikasining 55 ta diplomatik va konsullik vakolatxonalari mavjud. O‘zbekiston 100 dan ortiq xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarning teng huquqli aʼzosidir. Maqolada tashqi siyosatimizni olib boruvchi tegishli davlat hokimiyati organlari vakolatlari tahlil qilinadi. O‘zining konstitutsiyaviy vakolatlaridan kelib chiqqan holda O‘zbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilayotgan xalqaro-huquqiy tashabbuslarga urg‘u beriladi. Maqola so‘ngida O‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosatiga oid konstitutsiyaviy normalarni yana-da takomillashtirish xususida takliflar beriladi. Kalit so‘zlar: suverenitet, tashqi siyosat, xalqaro aloqalar, xalqaro hamjamiyat, xalqaro huquq tamoyillari, diplomatik vakolatxonalar, xalqaro shartnomalar, konstitutsiyaviy nazorat, konstitutsiyaviy vakolat.
XXI asrni o‘zining keng qamrovli shiddati bilan qarshi olgan globalizatsiya jarayoni insoniyatni yangi istiqbollar sari yetaklamoqda. Tabiiy hodisa deb qaralayotgan bu jarayon yer yuzidagi barcha katta-kichik davlatlarni o‘z domiga tortib, dunyo xalqlarini yana-da jipslashishga undamoqda. Shuningdek, u global muammolarga qarshi kurashda har bir davlatning munosib ulushini ham talab etmoqda. Xalqaro huquqning birlamchi subyekti bo‘lmish davlatlar o‘rtasidagi xalqaro hamkorlikning yangi noanʼanaviy shakl va usullari paydo bo‘lmoqda. Hozirgi xalqaro aloqalar tizimida O‘zbekiston Respublikasi nisbatan mustaqil yosh davlat bo‘lishiga qaramay o‘zining salmoqli ovoziga ega. Qisqa vaqt ichida u xalqaro munosabatlarning faol subyektiga aylanib ulgurdi. Eng qudratli davlatlar va nufuzli xalqaro tashkilotlarning mamlakatimizga bo‘layotgan munosabati buning yaqqol dalilidir. Zero, muvaffaqiyatli tashqi siyosatimizning eng muhim omili bo‘lgan uning mantiqli huquqiy asoslari, birinchi navbatda, Asosiy Qonunimizda to‘liq o‘z aksini topgan. Hajman moʻjaz va mazmunan mukammal bo‘lgan Konstitutsiyamizni sahifalar ekanmiz, uning birinchi satrlariyoq xalqaro munosabatlar va tashqi siyosat masalasiga bag‘ishlanganligini kuzatamiz. Asosiy Qonunimizning birinchi moddasiga ko‘ra O‘zbekiston – suveren demokratik respublika. Buning tagida bir olam maʼno bor, albatta. Inchunun, davlat suveren bo‘lmasdan turib xalqaro munosabatlarning to‘laqonli ishtirokchisi va faol tashqi siyosat subyekti bo‘lmaydi. Zero, hozirgi xalqaro munosabatlarning eng asosiy bo‘g‘ini hisoblangan Birlashgan Millatlar Tashkiloti kabi universal tashkilot ham aʼzo davlatlarning suveren tengligi prinsipiga asoslanadi. Asli lotincha “superus” so‘zidan olingan “suverenitet” so‘zi “oliy, yuqori” degan maʼnolarni ifodalash bilan birga davlatning ichki va tashqi siyosatda to‘la mustaqilligini anglatuvchi xalqaro huquq kategoriyasidir. Boshqacha qilib aytganda, davlat suvereniteti, asosan, ikki shaklda nomoyon bo‘ladi. Bu davlatning ichki va tashqi suverenitetidir. Davlatning ichki suvereniteti uning o‘z vakolatlarini o‘zi belgilashi hamda o‘z hududida hamma uchun majburiy bo‘lgan qonunqoidalarni ishlab chiqishi va joriy etishidagi mutlaqligidir. Yaʼni u o‘z vakolatlarini faqatgina o‘zi belgilaydi va cheklaydi, o‘z hududida o‘zining milliy huquqiy tizimini shakllantiradi. Nemis huquqshunos olimi G. Yellinek taʼbiri bilan aytganda, “suverenitet – davlat vakolatlarining vakolatidir”.
Davlatning tashqi suvereniteti haqida so‘z ketganda, avvalo, uning xalqaro aloqalar tizimida va o‘zaro munosabatlarda mustaqilligi tushuniladi. Mazkur tamoyil bir qator xalqaro huquq hujjatlari bilan mustahkamlangan. Xalqaro sud amaliyoti ham bu xususida aniq xulosalar beradi. Chunonchi, AQSH va Niderlandiya o‘rtasidagi nizoli masalani hal etar ekan, Maks Uber rahbarligidagi xalqaro hakamlik sudi “suverenitet – davlatlar orasidagi munosabatlarda mustaqillik” degan xulosani ilgari suradi. Demak, suverenitet mustaqillikning xalqaro munosabatlarda namoyon bo‘lish shaklidir. U davlatlarning o‘zaro tengligi va to‘la mustaqilligiga asoslanadi. Qolaversa, BMT Bosh Assambleyasining 2625-sonli rezolyutsiyasida aytilganidek, “har bir davlat boshqa davlatlarning shaxsini hurmat qilishga majburdirlar”. Shuningdek, har bir davlatning boshqa bir davlatga tobe emasligidan kelib chiqib, o‘zaro huquqiy tenglik tamoyili asosidagina bahamjihatlik yuzaga chiqishi va taʼminlanishi 1975 yil 1-avgustda imzolangan Xelsinki konferensiyasining Yakunlovchi hujjatlarida o‘z ifodasini topgan, davlatlarning suveren tengligi va suverenitetni himoya qilish tamoyillari Parij xartiyasi hujjatlarida ham takroran qayd etilgan. Bu tamoyil ko‘pgina davlatlar Konstitutsiyalarida o‘z aksini topgan. Jumladan, Asosiy Qonunimizda ham bu masalaga alohida eʼtibor qaratiladi. Konstitutsiyamizning 17-moddasiga asosan uning tashqi siyosati “davlatlarning suveren tengligi, kuch ishlatmaslik yoki kuch bilan tahdid qilmaslik, chegaralar daxlsizligi, nizolarni tinch yo‘l bilan hal qilish, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik qoidalariga va xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan boshqa qoidalari va normalariga asoslanadi”. Ko‘rinib turibdiki, Konstitutsiyamiz davlatimiz suverenitetini eʼlon qilish bilan birga xalqaro hamjamiyat oldida boshqa davlatlar suverenitetini tan olish va hurmat qilish majburiyatlarini ham olmoqda. Bu esa Konstitutsiyamiz suverenitetimizning to‘laqonli va mukammal timsoli, shuningdek, vatanimizning jahon hamjamiyati oldidagi yuzi ekanligining ishonchli dalilidir.
Tashqi siyosat masalalariga oid konstitutsiyaviy meʼyorlar Asosiy Qonunning Tashqi siyosat deb atalgan to‘rtinchi bobidan joy olgan 17-moddasida mujassam etilgan. Mazkur modda xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan boshqa qoidalari va normalariga asoslangan holda milliy huquqni xalqaro huquqqa bog‘lash uchun ham xizmat qiladi. Darhaqiqat, xalqaro huquqning umumeʼtirofga sazovor bo‘lgan umumbashariy tamoyillari o‘zining oxirgi sanog‘iga yetib ulgurmagan bo‘lsa-da, ularning o‘ntasi nufuzli xalqaro hujjatlarda allaqachon qayd qilingan. Shundan beshtasi BMT Nizomining 2-moddasi va uchtasi BMT Nizomiga muvofiq davlatlar o‘rtasida do‘stona munosabatlar va hamkorlikka oid 1970 yilgi Xalqaro huquq tamoyillari to‘g‘risidagi deklaratsiyada o‘z aksini topgan edi. 1975 yilda qabul qilingan Yevropa Xavfsizlik va Hamkorlik Konferensiyasi(YEXHK)ning Yakunlovchi hujjati esa ularning tizimiga yana ikkita tamoyilni olib kirdi. Shunday qilib, hozirgi kundagi xalqaro huquq tamoyillarining tugal miqdori o‘ntaga yetdi. Yevropa Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti(YEXHT)ning 1990-yilda qabul qilingan Yangi Yevropa uchun Parij xartiyasi mazkur o‘nta tamoyil haqida eslatib o‘tadi. Mazkur tamoyillar negizida mamlakatimiz dunyoning 130 dan ortiq davlatlari bilan diplomatik aloqalar o‘rnatgan. Toshkentda 44 ta chet el elchixonalari, 1 ta bosh konsullik, 8 ta faxriy konsullik, 17 ta xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari, 13 ta xorijiy xalqaro hukumatlararo va hukumat tashkilotlari vakolatxonalari faoliyat ko‘rsatmoqda.
Konstitutsiyamizning 17-modda 2-qismida esa respublika davlatning, xalqning oliy manfaatlari, farovonligi va xavfsizligini taʼminlash maqsadida ittifoqlar tuzishi, hamdo‘stliklarga va boshqa davlatlararo tuzilmalarga kirishi va ulardan ajralib chiqishi mumkin deb ko‘rsatiladi. Bu boradagi O‘zbekistonning barcha saʼy-harakatlari o‘zaro manfaatdorlik va tenglik asosidagina amalga oshirilishi lozimligi davlatimiz rahbari tomonidan bir necha bor taʼkidlangan. Ayni shu moddaga asosan ittifoq, hamdo‘stlik va tashkilotlarga aʼzo bo‘lib kirish orqali O‘zbekistonning jahon hamjamiyatiga integratsiyalashuvining konstitutsiyaviy asosi yaratilgan. Hozirgi kunda mamlakatimiz 5000 dan ortiq ikki va ko‘p tomonlama xalqaro shartnomalar imzolagan va 100 dan ortiq xalqaro tashkilotlar aʼzosi hisoblanadi. Asosiy Qonunimiz faqat shu bilangina cheklanib qolmaydi. Unda tashqi siyosatimizni olib boruvchi tegishli davlat hokimiyati organlari vakolatlari ham belgilab berilgan. Jumladan, tashqi siyosatimizning asosiy yo‘nalishlarini belgilash va davlat strategik dasturlarini qabul qilish (78-moddaning 4-bandi), xalqaro shartnomalar va bitimlarni ratifikatsiya va denonsatsiya qilish (78-moddaning 20-bandi) kabi vazifalar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining birgalikdagi vakolatlari doirasiga kiritilgan.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasining Senati tashqi siyosat sohasida bir qator mutlaq vakolatlarga ham ega. Chunonchi, u O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti taqdimiga binoan davlatimizning xorijiy mamlakatlardagi diplomatik va boshqa vakillarini tayinlaydi va vazifasidan ozod qiladi (80-moddaning 8-bandi). Shu asosda hozirgi kunda xorijiy mamlakat va xalqaro tashkilotlarda O‘zbekiston Respublikasining 55 ta diplomatik va konsullik vakolatxonalari mavjud bo‘lib, ularning faoliyatiga Senat tomonidan tayinlangan yuqori martabali diplomatlar rahbarlik qiladi. Xalqaro munosabatlarda O‘zbekiston Respublikasi nomidan ish ko‘rish, muzokaralar olib borish, shartnoma va bitimlar imzolash, o‘z huzurida akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik va boshqa vakillarning ishonch va chaqiruv yorliqlarini qabul qilish, O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakillarini tayinlash uchun nomzodlarni Oliy Majlis Senatiga taqdim etish hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga mamlakat ichki va tashqi siyosatini amalga oshirishning eng muhim masalalari yuzasidan murojaat qilish huquqi O‘zbekiston Respublikasining Prezidentiga topshirilgan (93-moddaning 3, 4, 5, 6, 7-bandlari). Shuningdek, mamlakatimizning suvereniteti, xavfsizligi va hududiy yaxlitligini muhofaza qilish hamda imzolangan xalqaro shartnoma va bitim majburiyatlariga rioya etilishini taʼminlash masʼuliyati ham davlatimiz rahbarining zimmasidadir (93-moddaning 2, 4-bandlari).
2011 yil 18 aprelda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ayrim moddalariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni bilan Asosiy Qonunimizning 98-moddasiga kiritilgan qo‘shimchalarga binoan O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri xalqaro munosabatlar sohasida vakolatga ega bo‘ldi. Konstitutsiyamizning 98-modda 3-bandiga muvofiq Bosh vazir xalqaro munosabatlarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi nomidan ish ko‘radi. Shuningdek, Bosh vazir lavozimiga nomzod O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga uning nomzodi ko‘rib chiqilayotganda va tasdiqlanayotganda Vazirlar Mahkamasining yaqin muddat va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan harakat dasturini taqdim etadi. Tabiiyki, uning dasturida tashqi siyosat masalalari ham aks etadi.
Asosiy Qonunimizda nafaqat prezident, qonunchilik hokimiyati va ijro etuvchi hokimiyatning, balki sud hokimiyatining ham tashqi siyosat sohasidagi vakolatlari belgilab berilgan. Xususan, Konstitutsiyamizning 109-moddasi 1, 2-bandlariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi O‘zbekiston Respublikasining davlatlararo shartnomaviy va boshqa majburiyatlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolanguniga qadar O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarini ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi qonunlarining O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiqligini aniqlaydi. Ko‘rinib turibdiki, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 10 taga yaqin moddasida mamlakatimiz tashqi siyosatining konseptual, tashkiliy-huquqiy va normativ asoslari o‘z aksini topgan. O‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosatining yutuqlari mazkur konstitutsiyaviy meʼyorlarning hayotga to‘liq tatbiq etilayotganligidan darak beradi. Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi xalqaro munosabatlarning shunchaki subyekti yoki xalqaro huquq meʼyorlarining oddiy isteʼmolchisi va ijrochisigina emas, balki xalqaro huquq meʼyorlarini ishlab chiqish jarayonining faol ishtirokchisiga aylanib borayotganligini ham alohida mamnuniyat bilan eslab o‘tish maqsadga muvofiqdir. O‘zbekiston rahbariyati tomonidan Markaziy Osiyoda yadroviy qurollardan xoli hudud yaratish borasidagi saʼy-harakatlar natijasi o‘laroq BMTning maxsus rezolyutsiyasi qabul qilindi, Afg‘oniston muammolariga qaratilgan bir qator BMT hujjatlariga Afg‘oniston mojarolarini tinch muzokaralar orqali zudlik bilan hal etishni ilgari surgan Toshkent deklaratsiyasi asos qilib olindi. O‘zbekiston Prezidentining xalqaro terrorizm va mintaqaviy hamda global xavfsizlikni taʼminlashga qaratilgan qator takliflari nufuzli tashkilotlarning amaliy dasturlari uchun asos qilib belgilangan.
Oxirgi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyev tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti, Islom Hamkorlik Tashkiloti kabi xalqaro tashkilotlar minbarida yangragan xalqaro-huquqiy tashabbuslar xalqaro hamjamiyat tomonidan olqishlanmoqda. Xususan, BMT Bosh Assambleyasining 2018 yil 12 dekabrda o‘tkazilgan yalpi majlisida “Maʼrifat va diniy bag‘rikenglik” maxsus rezolyutsiyasi qabul qilindi. O‘zbekiston tomonidan ishlab chiqilgan hujjat loyihasi BMTning barcha aʼzo davlatlari tomonidan bir ovozdan qo‘llab-quvvatlandi. Mazkur rezolyutsiyani qabul qilish tashabbusi 2017 yil sentyabr oyida bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasining Nyu Yorkdagi 72-sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan edi. Davlatimiz rahbari ushbu sessiyada BMTning Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyasini ishlab chiqishni ham taklif etgan edi. 2020 yil sentyabr oyida bo‘lib o‘tgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida esa O‘zbekiston Prezidenti Pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari to‘g‘risidagi xalqaro kodeksni ishlab chiqish g‘oyasini o‘rtaga tashladi. Shu tariqa O‘zbekiston Respublikasining xalqaro aloqalardagi faolligi va xalqaro norma ijodkorligi jarayonidagi ishtiroki davlatimiz rahbarining xalqaro-huquqiy tashabbusi orqali yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Hozirgi kunda yana-da jadallashayotgan globallashuv jarayonlari har bir davlatning xalqaro hamjamiyatga har tomonlama integratsiyalashuvini talab etmoqda va o‘zarolik tamoyili asosida keng savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnologik va madaniy hamkorlik imkoniyatlarini taqdim etmoqda. Mazkur imkoniyatlarning ro‘yobga chiqishida tashqi siyosatimizning tashkiliy-huquqiy va normativ asoslari muhim rol o‘ynaydi. Birinchi navbatda, tashqi siyosatimizning konstitutsiyaviy asoslarini yana-da takomillashtirib borish maqsadga muvofiqdir. Shu maʼnoda tashqi siyosatning eng muhim masalalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, parlamentdagi siyosiy fraksiyalar yetakchilari va Konstitutsiyaviy sud ishtirokida siyosiy maslahatlashuv institutini joriy etish va unga konstitutsiyaviy maqom berishni taklif etish mumkin. Maʼlumki, hozirgi kunda Konstitutsiyamizning ikkita moddasida siyosiy maslahatlashuv institutini amalga tatbiq etish imkoniyatlari ko‘zda tutilgan. Asosiy Qonunimizning 95-moddasida ko‘rsatib berilgan Prezidentning Konstitutsiyaviy sud bilan maslahatlashuv tartibiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tarkibida uning normal faoliyatini tahdidga soladigan, hal etib bo‘lmaydigan ixtiloflar yuz berganda yoxud u bir necha marta Konstitutsiyaga zid qarorlar qabul qilgan taqdirda Prezidentning Konstitutsiyaviy sud bilan bamaslahat qabul qilgan qarori asosida Oliy Majlis palatalari tarqatib yuborilishi mumkin. Bundan tashqari, Konstitutsiyamizning 98-moddasida ham O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Oliy Majlisning Qonunchilik palatasidagi barcha siyosiy partiya fraksiyalari o‘rtasida maslahatlashuv o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Unga ko‘ra amaldagi Bosh vazirga nisbatan Oliy Majlis palatalari tomonidan ishonchsizlik votumi qabul qilingach, yangi Bosh vazir nomzodi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasidagi barcha siyosiy partiya fraksiyalari bilan tegishli maslahatlashuvlar o‘tkazilganidan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalariga ko‘rib chiqish va tasdiqlashga taqdim qilish uchun taklif etiladi. Ko‘rinib turibdiki, Konstitutsiyamizda ko‘zda tutilgan siyosiy maslahatlashuv instituti ichki siyosatimizning davlat boshqaruviga oid masalalariga bag‘ishlangan. Kelajakda esa mazkur institutni tashqi siyosatimizning eng dolzarb masalalariga ham tatbiq etish imkoniyatlari mavjud. Xulosa qilib aytganda, huquqiy davlat va demokratik fuqarolik jamiyatini shakllantirishga yo‘naltirilgan ichki siyosatimizning mantiqiy davomi bo‘lgan tashqi siyosatimizni to‘la va har tomonlama amalga oshirishda davlatimiz qomusi ham nazariy asos, ham amaliy dastur bo‘lib xizmat qilmoqda.