GRAMMATIKA: PUBLITSISTIK USLUB VA UNING XUSUSIYATLARI.
O mmabop nutq uslubi, uning xususiyatlari.
Ommabop uslub keng ma’noda ijtimoiy-siyosiy hayot masalalarini yoritadigan barcha turdagi asarlarni o‘z ichiga oladi. Bu uslub ham o‘zining yozma va og‘zaki ko‘rinishlariga ega. Hayotning muhim ijtimoiy-siyosiy masalalariga bag‘ishlangan bosh maqolalar, felyeton, murojaatnomalar, chaqiriqlar, deklaratsiyalar uslubning yozma turidagi asarlaridir.
Ommabop uslubning yozma va og‘zaki ko‘rinishlari o‘ziga xos xususiyatlariga ega bo‘lsada, ular publitsistik uslubning umumiy talablariga bo‘ysunadi. Chunonchi, bu uslubning ikkala turida ham siyosiy faollik, hozirjavoblik, o‘tkir va ta’sirchan notiqlik, mantiqiy salobat, tashviqot va targ‘ibot kabi xususiyatlar mavjud bo‘ladi.
Ommabop uslub ma’lum ma’noda oraliq uslub sanaladi. Bu uslubda shakllangan matnlar obrazliligi, ta’sirchanligi, tasviriy vositalarning mahsuldor qo‘llanilishi bilan badiiy uslubga yaqinlashsa, dialektizmlar, istorizmlar, argo va jargonlar qo‘llanilmasligi bilan undan uzoqlashadi. Ifodaning aniqligi va publisistik janrlarga xoslangan hamda ijtimoiy-siyosiy terminologiyaning qo‘llanilishi bilan ilmiy uslubga o‘xshaydi. Ayni paytda, ifodadagi qisqalik, lo‘ndalik, ixchamlik, yorqinlik kabi xislatlar ham uni ilmiy uslub bilan yonma-yon qo‘yadi. Radio va televideniedagi ayrim chiqishlar bu uslubdagi matnda so‘zlashuv uslubi elementlari ham ba’zan aralashib ketishi mumkinligini ko‘rsatadi.
Ma’lumki, publisistika badiiy, siyosiy, ilmiy jabhalarni qamrab oluvchi yirik soha hisoblanib, ommaviy axborot vositalari sanaladigan radio va televidenieda, gazeta va jurnallar sahifalarida aks etadigan yangilik, xabar, reportaj, tahlilnoma, bosh maqola, maqola, ocherk, feleton, pamflet, e’lon, reklama singari qator janrlarni qamrab oladi. Ana shu qamrov doirasining kengligi o‘z navbatida til birliklarining har bir janrda alohida tarzda me’yorlashuvini taqozo etadi. Bu o‘rinda esa me’yorlashishning umumiy jihatlari xususida so‘z yuritish imkoniyati mavjud. Shu o‘rinda mazkur uslubda so‘z yasalish imkoniyatining boshqa vazifaviy uslublarga nisbatan mahsuldor ekanligini ta’kidlash o‘rinli bo‘ladi.
Publitsistik uslubning xarakterli belgilaridan biri nutqning ko‘pincha I shaxs nomidan ifodalanishidir.
Publitsistik uslub morfologik va sintaktik xususiyatlari bilan ham boshqa uslublardan ajralib turadi. Morfologik uslublardan biri so‘z yasalishida ko‘zga tashlanadi. Bunda boshqa tildan qabul qilingan so‘zlar tarkibi o‘zbek tilidagi qo‘shimchalar bilan almashtiriladi: sportchi, dildosh, paxtashunos; - lik qo‘shimchasi bilan so‘z yasash ham anchagina: ilg‘orlik, omilkorlik, hamkorlik, faollik, bunyodkorlik, ishchanlik, unumdorlik.
Publitsistik uslubning sintaktik xususiyatlari:
So‘roq gaplar ko‘p ishlatiladi;
Uyushiq bo‘lakli gaplar keng qo‘llaniladi;
Undov gaplar ko‘p ishlatiladi;
Kirish bo‘lakli, kirish qurilmali gaplar keng qo‘llaniladi;
Shaxsi umumlashgan gaplar ko‘p ishlatiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |