OMMAVIY AXBOROT VOSITALARI.
Ommaviy axborot vositalari (qisqartmasi: OAV) keng ommaga axborot yetkazuvchi vositalardir. Ozbekiston Respublikasi qonunchiligida davriy tarqatishning doimiy nomga ega boʻlgan hamda bosma tarzda (gazeta, jurnal, axborotnoma, bulleten va boshqalar) va/yoki elektron tarzda (tele-, radio-, video-, kinoxronikal dasturlar, umumfoydalanishdagi telekommunikatsiya tarmoqlaridagi veb-saytlar) olti oyda kamida bir marta nashr etiladigan yoki efirga beriladigan shakli hamda ommaviy axborotni davriy tarqatishning boshqa shakllari OAV, deb ko‘rsatilgan.
OAV Kundalik hayotimizning ajralmas qismidir. Bu haqida so‘z yuritganda, biz, avvalo, doimo yangilik izlab, yangilikka intilib, hayotning qaynoq nuqtalariga kirib boradigan, xolislik va haqqoniylik, Vatan va xalq manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘yadigan olijanob va mas'uliyatli kasb egalarini tasavvur qilamiz.
Butun mamlakatimiz qatori O‘zbekiston ommaviy axborot vositalari ham mustaqillik yillarida katta rivojlanish yo‘lini bosib o‘tdi, katta yutuqlarga erishdi.
Hozirgi kunda respublikamizda 1500 dan ziyod ommaviy axborot vositasi faoliyat ko‘rsatmoqda. E’tiborga molik jihati shundaki, ommaviy axborot vositalarining tarkibi ham tubdan o‘zgarib bormoqda. Buni yurtimizdagi barcha telekanallarning qariyb 53 foizi, radiokanallarning esa 85 foizi nodavlat ommaviy axborot vositalari ekani ham tasdiqlaydi. Yaqinda, kechayu kunduz uzluksiz faoliyat olib boradigan “O‘zbekiston - 24” telekanali ish boshladi. U milliy axborot makonida o‘z munosib o‘rnini va o‘z tomoshabinlarini topadi.
OAV haqida so‘z yuritganda, eng tezkor axborot vositasi - internet hayotimizga tobora chuqur kirib borayotganini alohida qayd etish lozim. Hozirgi vaqtda global tarmoqda “Uz” domenli veb-saytlar, axborot portallari soni 400 dan oshib ketgani, ularning aksariyati xorijiy tillarda faoliyat ko‘rsatayotgani, ushbu yo‘nalishda yangi ijodiy avlod - internet jurnalistlari shakllanib borayotgani e’tiborga sazovordir.
Ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish masalasi davlatimiz va jamiyatimizning doimiy diqqat markazida bo‘lib kelayotir. Ana shunday e’tibor tufayli o‘tgan davrda jurnalistlarimiz uchun faoliyat maydonini kengaytirish, ularning huquq va manfaatlarini ta’minlash maqsadida ko‘p ishlar qilindi. Jumladan, matbuot va ommaviy axborot vositalarini liberallashtirish va rivojlantirish, so‘z erkinligini -ta’minlashga qaratilgan, demokratik talab va standartlarga to‘la javob beradigan 10 ga yaqin qonun hujjati qabul qilinib, bu borada mustahkam huquqiy baza yaratildi.
O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi, Milliy matbuot markazi, Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, Mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi kabi tashkilotlar muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatmoqda. Keyingi paytda ularning qatoriga Xalqaro press-klub ham qo‘shildi.
Bugungi kunda OAV to‘rtinchi hokimiyat deb aytilishi bejiz emas. Chunki jamiyatda ro‘y berayotgan o‘zgarishlar, yangiliklar, yutuqlar bilan birga kamchiliklar, muammolarni xolisona yoritishi muhim. Bu kelajakda jamiyat rivojlanishiga xizmat qiladi. Biroq OAV bir tomonlama, muayyan shaxs, guruh manfaatini himoya qilib noto‘g‘ri, real voqelikni bo‘rttirib aks ettirishi o‘sha jamiyat jamoatchilik fikrining noaniq bo‘lisiga olib keladi.
«Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi Qonunida ommaviy axborot vositalarining turlari ko‘rsatilgan. Ular gazetalar, jurnallar, axborotnomalar, byullitenlar, axborot agentliklari, televideniye (kabelli, efir-kabelli televideniye) va radioeshittirishlar, hujjatli kino, elektron axborot tizimi, shuningdek, doimiy nomga ega bo‘lgan, davlat tasarrufidagi, mustaqil va boshqa ommaviy davriy nashrlar ommaviy axborot vositalaridir.
O‘zbekiston Respublikasida ommaviy axborot vositalarini senzura qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |