Ta'lim jarayonining qarama – qarshiliklar va bilish faoliyati omillari
Ta'lim jarayonining mohiyati shundan iboratki, bilish jarayonining umumiy qonuniyatlariga asoslanadi. Ta'lim jarayoni individual va ijtimoiy – tarixiy bilishlar o'rtasidagi qarama – qarshiliklar asosida rivojlanadi.
Ta'lim yoshlarni individual rivojlantirish ishi oldiga yoshlarni davr taraqqiyoti darajasidagi bilimlar bilan qurollantirish vazifasini qo'yadii. Ta'lim jarayonidagi individual rivojlanish ijtimoiy – tarixiy rivojlanishdan doim orqada qoladi. Ijtimoiy – tarixiy bilish individual bilishdan doim oldinda boradi. Ta'lim – individual bilish bilan ijtimoiy – tarixiy bilishni bir – biriga bog'lab turuvchi xalqadir. Ta'limsiz ijtimoiy – tarixiy rivojlanish individual rivojlanishdan uziladi va o'zining rivojlantiruvchi manbalarining biridan ayriladi.
Ta'lim jarayonining boshqa bir qancha ichki qarama – qarshiliklari borki , ular ta'lim nazariyasiga muhim ta'sir ko'rsatadi. Bular - talabaning Oliy o`quv yurtiga kirguncha hosil qilgan shaxsiy tajribasi bilan ta'lim davomida bu tajribaga qaytadan bergan baholari o'rtasidagi qarama – qarshilik, o'qituvchidan talab qilinadigan fikrlash tizimi o'rtasidagi qarama – qarshilikdir.
Ta'lim jarayonining muhim qarama – qarshiliklaridan birini M.A.Danilov ko'rsatib berdi. Ta'lim jarayonining borishida paydo bo'ladigan bilish va amaliy vazifalar bilan talabaning mavjud bilim, malaka va ko'nikmalari darajasi o'rtasidagi qarama – qarshilik o'quv jarayonining harakatlantiruvchi kuchidir.
Pedagogikada ta'limning mohiyati talabalar bilish faoliyatini tashkil etishning an'anaviy bosqichlari nuqtai nazaridan ham olib qaraladi. Birinchi bosqich o'quv materiallarini o`zlashtirishdan iborat. Talabalar dars mashg`ulotlarini kuzatib yoki material bilan tanishib o'zlarining bilish vazifalari nimaligini biladilar. Ikkinchi bosqichda o'quv vazifasini nazariy tomonlari va usullarini rivojlantiradilar. Talabalar o'quv materialini takomillashtirib boradilar. Yangi bilimlar uchinchi bosqichda bir qancha topshiriqlar, mustaqil ishlar, o'qituvchining qo'shimcha izohlari yordamida mustahkamlanadi. To'rtinchi bosqichda talabalarning bu bilimlardan ishlab chiqarishdagi amaliy faoliyatlarida imkon boricha foydalanishlariga erishiladi. Bilish faoliyatini tashkil etishning hamma bosqichlarida talabalar bilimi nazorat qilinadi va tekshiriladi, buning natijasida o'qituvchi birinchi bosqichdan boshlab keyingi bosqichlarga qadar bilish faoliyati harakatining umumiy borishini o'zgartirmagan holda, o'quv jarayoniga tuzatishlar kirita olishi mumkin.
O'qitish mohiyatini to'g'ri tushunish o'qituvchining ta'lim – tarbiya jarayonini samarali boshqarishga yordam beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |