His-tuyg‘ularni boshdan kechirish shakllari
Emotsiyalar: "Hissiyot" ("emotsiya") va "his-tuyg‘u" degan so‘zlar ko‘pincha sinonimlar sifatida qo‘llaniladi. "Emotsiya" so‘zini o‘zbek tiliga aniq tarjima qilganda, u ruhiy hayajonlanish, ruhiy harakatlanish degan ma’noni anglatadi. Hissiyot deb musiqaviy asarga nisbatan yaxshi musiqaviy asarni eshitayotib, zavqlanish, lazzatlanish holatiga aytiladi. Musiqiy asarning yomon ijro etilganini eshitganda hosil bo‘ladigan xuddi shunday his-tuyg‘u -nafratlanish kabi salbiy hissiyot sifatida boshdan kechiriladi. His-tuyg‘u sifatidagi qo‘rquv yoki vahima, ya’ni muayyan ob’ektlarga, ularning birikmalariga yoki hayotdagi mavqeiga nisbatan tarkib topgan o‘ziga xos munosabati bir-biridan farq qiladigan hissiy jarayonlarda kechirilishi mumkin: ba’zan kishi vahimali narsadan qochadi, ba’zan esa qo‘rqqanidan serrayganicha qotib qoladi va titray boshlaydi, nihoyat, vahima bosib, noilojlikdan xavf-xatarga qarshi harakat qilishi mumkin. Emotsiyalar ta’sirchanligi bilan stenik va astenik ajralib turadi. Xatti-harakatlarga, fikr-mulohazalarga turtki beradigan, kuch-gayratlarni oshib yuboradiganga stenik deb ataladi. Bunda quvonganidan kishi "tog‘ni talqon qilishga" ham tayyor bo‘ladi. O‘rtog‘iga hamdardlik hissini kechirarkan, unga yordam berish usulini izlaydi. Boshqa bir hollarda astenik emotsiyalar sustligi yoki loqaydligi bilan ajralib turadi, his-tuyg‘ularning boshdan kechirilishi kishini bo‘shashtirib yuboradi. Qo‘rqqanidan uning "oyoqlari qaltirab qolishi" mumkin. Ayrim hollarda kishi kuchli his-tuyg‘uga berilib ketib, hayolga cho‘mib, o‘zi bilan o‘zi ovora bo‘lib qoladi. Bunday paytda hamdardlik yaxshi, lekin befoyda hissiy kechinma bo‘lib qoladi, uyalish sirli vijdon azobiga aylanib qoladi.
Affektlar (yoki hisiy portlashlar): kishini tez chulg‘ab oladigan, shiddat va momaqaldiroqka o‘xshab, o‘tib ketadigan jarayonlar affektlar (hissiy portlashlar) deb ataladi. Ular ongning anchagina darajada o‘zgarganligi, xatti-harakatlarni nazorat qilishning buzilganligi, odamning o‘zini-o‘zi idrok qila olmasligi, shuningdek uning butun hayoti va faoliyati o‘zgarib qolganligi bilan ajralib turadi. Affektlar birdaniga katta kuch bilan sarf qilinishiga sabab bo‘lgani uchun qisqa muddatli bo‘ladi, ular his-tuyg‘ularning birdan lov etib yonib ketishiga, portlashiga, bir zumda hamma yoqni tus-tupolon qilgan shamolga o‘xshaydi. Affekt buronga o‘xshab ifodalanadi. Xaddan tashqari darg‘azab bo‘lgan, vahima bosgan, o‘zini yo‘qotib qo‘ygan, g‘aroyib darajada zavq-shavqka to‘lgan, umidsizlikka berilgan kishi har-xil paytlarda olamni har xil aks ettiradi, o‘z kechinmalarini turlicha ifodalaydi, o‘zini turlicha idora qiladi va o‘z harakatlarini turlicha boshqaradi. Ko‘z yoshi to‘kish va o‘kirib yig‘lash, qaxqaxa otib kulish va baqirib-chaqirib gapirish, ajralib turadigan turki-tarovat va yuzdagi imo ishora, tez-tez yoki qiynalib nafas olish etilib kelayotgan affektning odatdagi manzarasini hosil qiladi. Tafakkurning izdan chiqishiga olib keladi, qobiq osti yo‘llarda qo‘zg‘alish kuchaya boshlaydi, unini tuta ololmaydi, qilayotgan ishining oqibatini o‘ylamaydi, aql -xushini yo‘qotib qo‘yadi, so‘ngra bu haqda eslasa, uyalib yuradigan bo‘ladi va nimalar sodir bo‘lganini ba’zan xuddi tushida yuz bergani kabi esga oladi. Aytish mumkinki, hissiy portlash kishi ichida qanday his-tuyg‘uni kechirayotganiga va affektiv holatda o‘zini qanchalik tuta bilishiga bog‘liq holda yomon yoki yaxshi bo‘ladi.
Kayfiyatlar: kayfiyatlar ancha vaqt davomida kishining butun xatti-harakatiga tus berib turadigan umumiy hissiy holatni ifoda etadi. Kayfiyat shodu xurramlik yoki qayg‘uli, tetiklik yoki lanjlik, xayajonli yoki ma’yuslik, jiddiy yoki engiltaklik, jizzakilik yoki muloyimlik va hokazolar tarzda bo‘ladi. Kayfiyati yomon kishi o‘rtog‘ining haziliga yoki tanbehiga kayfiyati chog‘ vaqtidagiga qaraganda tamomila boshqacha munosabat bildiradi. Ishidan, oilasidan, jamiyatdan qanoat hosil qilish va qilmaslik kayfiyatlarni eng asosiy manbalari hisoblanadi. kishining uzoq vaqt yomon yoki lanj kayfiyat bilan yurishi uning hayotida biron narsaning ko‘ngildagidek emasligini ko‘rsatadi. kayfiyatlar ko‘proq kishi salomatligining umumiy holatiga, ayniqsa nerv sistemasi va modda almashinuvini to‘g‘rilab turuvchi ichki sekretsiya bezlarining holatiga bog‘liqdir. Kayfiyatning yaxshi bo‘lishi uchun yaqin odamlarning va kollektivning ma’naviy madadi alohida ahamiyatga egadir.
Kuchli hayajonlanish (stress) holatlari: Psixologik ta’rifga ko‘ra, affektiv holatga yaqin turadigan, lekin boshdan kechirilishining davomliligiga ko‘ra kayfiyatlarga yaqin bo‘lgan his-tuyg‘ular boshdan kechirilishining alohida shakli - kuchli hayajonlanish (stress inglizcha – tazyiq ko‘rsatish, zo‘riqish degan so‘zdan olingan) holatidan, yoki hissiy zo‘riqishdan iboratdir. Hissiy zo‘riqish havf-xatar tug‘ilgan, kishi xafa bo‘lgan, uyalgan, taxlika ostida qolib ketgan va shu kabi vaziyatlarda ro‘y beradi. Xavf-xatar kishini bamisoli hushyor torttiradi, uni dadil va mardona harakat qilishga majbur etadi. Hissiy zo‘riqish holatida individning xatti-harakati kishi nerv sistemasining tipiga, nerv jarayonlarining kuchliligi yoki ojizliligiga jiddiy ravishda bog‘liqdir. Imtixon topshiruvchilarning ba’zilari o‘zini yo‘qotib qo‘yadi, "xotirasining susaygani"ni namoyon qiladi, berilgan savolning mazmuniga diqqatini jamlay olmaydi, boshqalari esa imtixonda odatdagi holatlardagiga qaraganda fikri-hayolini bir erga to‘plagan va faolroq bo‘ladilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |