San’at turlarining o‘zaro aloqadorligi va ularda – janr muammosi
San’at turlarining o‘zaro aloqadorligi. Biz estetikaning asosiy tushunchalari haqida fikr yuritganimizda, ularning o‘zaro dialektik aloqadorligi mavjud ekanini aytib o‘tgan edik. SHunday holatni san’at turlarida ham uchratamiz. O‘z holicha «sof» mavjud bo‘lgan san’at turi yo‘q. Muayyan san’at turi boshqasidan yoki boshqalaridan nimalarnidir o‘ziga oladi va nimalarnidir unga yoki ularga beradi, bu-san’at turlarining yashash sharti. M., me’morlik san’ati haykaltaroshlikdan, rassomlikdan, ko‘rgazmali=amaliy san’atdan «foydalanadi». Biz go‘zal bino peshtoqida bo‘rtma haykallarni, yaproqnusxa bezaklarni, devoriy rasmlarni – pannolarning me’moriy uyg‘unlik asosidagi yaxlitligini ko‘rib estetik zavq olamiz, yoki Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik katta opera va balet teatri binosi foyesining devoriga buyuk rassomimiz CHingiz Ahmarov chizgan go‘zal monumental rasmlarni xuddi «ikkinchi teatr»dek tomosha qilamiz. Musiqa bilan badiiy adabiyotning, teatr bilan rassomlikning v.b. san’at turlarining ham o‘zaro aloqadorligi shu tartibda.
Bunday aloqalarni estetikada sintezlashuv – omuxtalik deb ham atashadi. San’at turlari sintezida bir g‘oyaviy niyat, bir uslub va bir ijro yaxlitligida uyushgan badiiy qiyofa, yoki badiiy qiyofalar tizimi har xil san’at turlari qonun-qoidalarga binoan yaratilgan bo‘ladi, ya’ni unda turli san’atlar badiiy vositalari va majoziylik unsurlari estetik idrok uchun uyg‘un bir yaxlitlikni tashkil etadi. Hozirgi paytda biz san’at turlarining uch xil sintezini uchratishimiz mumkin. Bular: plastik san’atlar sintezi (ko‘rib o‘tganimiz me’morlikda haykaltaroshlik, rassomlik va ko‘rgazmali=amaliy san’at turlarining omuxtaligi); san’atlarning teatrlashgan sintezi (musiqa, rassomlik, raqs, san’atlarining teatr orqali, sahnadagi omuxtalashuvi); san’atlarning kinomatografik sintezi (deyarli barcha san’at turlarining montaj tamoyili asosida ekrandagi omuxtalashuvi).
Sintezlashuv jarayonlari fan-texnika taraqqiyoti natijasida ma’lum ma’noda yangi san’at shakllarini, yangicha ijod turlarini vujudga keltirdi. Ularni biz sintetik san’atlar deb ataymiz. Teatr, musiqa, raqs, estrada, sirk v.b. shular jumlasidan. Ularda deyarli boshqa barcha san’at turlari aktyor ijrosi, sahna dinamikasi asosida sintezlashadi. Kino va televidenie esa “eng sintetik” san’at turlari hisoblanadi, zero ularda sintetik badiiy qiyofa yaratiladi. Umuman, sintetik san’at turlarini estetik idrok etar ekanmiz, bir vaqtning o‘zida ularni ham tomosha qilishimiz, ham tinglashimiz mumkin.
SHunday qilib, ko‘rib turibmizki, san’at turlarining o‘zaro aloqalari shu qadar mustahkam, xilma=xil va miqyosliki, bu aloqadorlik hatto turli san’at unsurlaridan yangi san’at turini yaratish qudratiga ham ega.
Do'stlaringiz bilan baham: |