So`zlashuv uslubi kishilarning kundalik rasmiy-norasmiy, erkin muomalalari doirasida til birlik-larining o`ziga xos tarzda amal qilishidir. Uni ma’lum ma’noda tildagi boshqa uslublarga qarama-qarshi qo`yish mumkin.
Bu uslubning o`ziga xos xususiyati nutq jarayonida til va tildan tashqari omillarning uyg’un bo`lishida ko`rinadi. Ayni paytda bu holat so`zlashuv uslubidagi me’yoriy holatlarni belgilashni qiyinlashtiradi. Chunki tildan foydalanuvchining shaxsi, buning ustiga, nutqiy vaziyat yagona bir me’yorni tayin etishga imkon bermaydi.
Professor B.O`rinboyev tadqiqotlarida so`zlashuv uslubining xususiyatlari atroflicha o`rganilgan74.
So`zlashuv uslubi ham boshqa vazifaviy uslublar kabi fonetik, leksik, grammatik o`ziga xosliklarga ega.
Nutqda tovushlarning uyg’unlashuvi (ketti, ottan, yigichcha), bir tovush o`rnida ikkinchisining talaffuz qilinishi (traktir, zaril, bironta), tovushlarning o`rin almashishi (turpoq, aynalmoq), tovushlarning orttirili-shi (o`ramol, fikir, banka), tushirib qoldirilishi (gazet, burni, egni) kabi fonetik hodisalar, avvalo, so`zlashuv uslubida namoyon bo`ladi.
So`zlashuv uslubi leksikasida ikki qatlam alohida ajralib turadi. Birinchi qatlam – bu kundalik turmush muomalasida faol qo`llaniladigan ijtimoiy hayot va uy-ro`zg’or yumushlari bilan bog’liq so`zlar. Bundan tashqari bu uslubda «…siyosat, san’at, madaniyat, sport va so`zlovchi-ning kasb-hunarga mansub xilma-xil narsa va hodisalarni ifodalovchi umumadabiy leksika ko`plab ishlatiladi»75.
Ikkinchi qatlam - og’zaki nutqdagi ekspressiv bo`yoqqa ega bo`lgan so`zlar. Ular neytral qiymatdagi so`zlar bilan sinonimik munosabatga kirisha oladi: kichkina (bolagina), yiqildi (quladi), buzoq (ish bilmas, galvars), og’zi ochiq (yig’loqi) kabi.
Bu uslubning burnini ko`tarmoq, ko`zini shira bosmoq, qo`li kaltalik qilmoq singari o`z frazeologizmlari mavjud. Kishi nomlari Abdi, Bek, Zuli, Dili singari qisqartirib ishlatish mumkin. So`zlarning metonimik ko`lami juda keng tarqalgan. Masalan: auditoriya kuldi, kengash bo`ldi, dasturxonga o`tirdi, samovarga chiqdi kabi.
So`zlashuv uslubida nutqiy vaziyatning ahamiyati juda katta. Salom, assalomu alaykum, vaalaykum assalom, xayr, ha, yo`q, albatta, aha, xo`p singari so`zlar nutqda ko`p ishlatiladi.
So`zlashuv nutqi kitobiy nutqdan bir qadar farq qilib, Asal, asal, barmog’ingni tishlab olasan; Ish, faqat tugmachani bossang bas; Kechaday kecha; Boladay bola kabi gap shakllari odatdagi hol hisoblanadi.
Kitobiy nutq uchun bog’lovchisiz qo`shma gaplar, odatda, xos emas, og’zaki so`zlashuv nutqi uchun esa, aksincha, xarakterlidir. So`zlashuv nutqidagi sodda gaplar ko`pincha fe’l bilan ifodalangan kesimning yo`qligi bilan xarakterlanadi. Hatto ba’zan shunday holatlar ham bo`ladiki, bunday gaplarga fe’l-kesimni qo`yib ham bo`lmaydi. Masalan, Biz siznikiga. Biz magazinga; Men, odatda ishga avtobusda, ishdan piyoda kabi.
So`zlashuv uslubiga xos xususiyatlarni yaxshi bilish o`љuvchilar nutљiga xos dialektal kamchiliklarni aniљlash, ularni bartaraf etish, ularning adabiy til me’yorlariga amal љilishlarini ta’minlashda yordam beradi.
Vazifaviy uslublar va ularning xususiyatlari to`g’risida birmuncha ma’lumotga ega bo`lish ulardan o`rni bilan foydalanishda muhim ahamiyatga ega. Vazifaviy uslublardan quyidagicha foydalanish mumkin:
1. Rasmiy uslub. O`quvchilar va talablarni ish yuritish va hujjatlarni to`g’ri rasmiylashtirish uchun tayyorlash jarayonida rasmiy uslubdan foydalanish mumkin. Bo`lajak o`qituvchi yoki mutaxassisligidan qat’iy nazar har bir xodim ariza, tilxat, tarjimai hol, e’lon, bayonnoma, bildirishnoma, ishonchnoma va boshqa rasmiy uslub hujjatlarini tayyorlash ko`nikmalariga ega bo`lishi lozim. Bu jarayonda o`quvchi va talablarning hujjatlarni savodli, to`g’ri, ijodiy tayyorlashlari uchun ko`maklashish kerak bo`ladi.
2. Ilmiy uslub to`g’risida yetarli ma’lumotga ega bo`lish maqola, referat, kurs ishi, malakaviy bitiruv ishi, magistrlik dissertasiyasi, keyinchalik nomzodlik va doktorlik dissertasiyalari, monografiyalar yozish uchun juda zarurligi talabalarga tushuntirilishi lozim.
3. Publisistik uslub kundalik ijtimoiy hayotimiz-ning bir tarkibi sifatida axborot olishdan tashqari savodxonlikni ta’minlash, nutq madaniyati va mahoratini oshirish, notiqlikni egallashda muhim manba hisob-lanadi.
4. Badiiy uslub namunalari, ya’ni badiiy adabiyotning barkamol avlodni tarbiyalashdagi roli ulkan. Badiiy adabiyotni ko`proq mutolaa qilish ifodali o`qish, so`z boyligini oshirish, savodli yozish, ijodiy matnlar tayyorlash, nutqning xususiyatlarini egallash, muomala madaniyatini shakllantirishda ham muhim vositalardan hisoblanadi.
5. So`zlashuv uslubi to`g’risida yetarli ma’lumotga ega bo`lish adabiy tilni puxta egallash, nutqning tozaligiga erishishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Yuqoridagi e’tibortalab jihatlarni egallash va unga rioya etish, o`quvchilar va talabalarga uqdirish har bir ziyoli insonning burchiga aylangan taqdirdagina jamiyati-mizda o`zbek tilining jonkuyarlari ko`payadi, savodxonlik, nutq madaniyati yanada yuqori bo`ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |