TA’LIM MUASSASALARI ATTESTATSIYASI VA DAVLAT AKREDITATSIYASI BOSH BOSHQARMASI Attestatsiya
Ta’lim muassasasi faoliyatini baholashda davlat nazoratining asosiy shakli hisoblanib, ta’lim muassasasida kadrlar tayyorlash mazmuni, darajasi va sifatining davlat ta’lim standartlari hamda davlat talablariga muvofiqligini aniqlashdan iborat.
Davlat akkreditatsiyasi
Ta’lim muassasasi faoliyatining davlat ta’lim standartlari va davlat talablari mezon va talablariga javob berishining davlat tomonidan e’tirof etilishi hamda uning bitiruvchilariga davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi ma’lumot to‘g‘risidagi hujjatlarni topshirish huquqini berishdan iborat.
Faoliyatni amalga oshirish mexanizmi
Ta’lim muassasalarini attestatsiya va davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida” gi va “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi to‘g‘risida” gi qonunlari hamda “Davlat ta`lim muassasalari hamda nodavlat ta`lim tashkilotlarini attestatsiyadan va davlat akkreditatsiyasidan o`tkazish tartibi to'g'risida nizom” va “O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalarini attestatsiyadan o‘tkazish mezonlari bo‘yicha Yo‘riqnoma”ga asosan tashkil etiladi.
Ta’lim muassasasini akkreditatsiyalash Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan attestatsiyaga asosan amalga oshiriladi.
Attestatsiya o‘tkazish tartibi
Ta’lim tashkilotlari har 5 yilda bir marta attestatsiyadan o‘tkaziladi. Yangi tashkil etilgan ta’lim tashkilotlari 5 yildan so’ng attestatsiyadan o’tkaziladi.
Attestatsiya jarayonida ta’lim turlari bo‘yicha ta’lim muassasalarining oxirgi ikki yillik faoliyatini kompleks tahlil etilib, asosan ta’lim-tarbiya jarayonining davlat ta’lim standartlari va davlat talablariga muvofiq tashkil etilganligi, o‘quvchi va tarbiyalanuvchilarning ta’lim-tarbiya dasturlarini o‘zlashtirish darajasi, tarbiyachi-pedagog kadrlarning salohiyati o‘quv-uslubiy ishlarning olib borilishi va o‘quvchilarning darsliklar bilan ta’minlanishiga alohida e’tibor qaratiladi.
Shuningdek, maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalar rivoji uchun o‘yinchoqlar, uslubiy qo‘llanma va bolalar adabiyoti bilan ta’minlanganligi, sport maydonchalari va zarur sharoitlarning yaratilganligi, ovqatlanish hamda dam olish xonalarining belgilangan sanitariya-gigiyenik va estetik talablarga mosligi hisobga olinadi.
Ta’lim muassasalari attestatsiyasi xolislik, to‘la oshkoralik, davriylik va pedagogik etika me’yorlariga amal qilingan holda o‘tkazilib, Davlat inspeksiyasida attestatsiyadan o‘tuvchi ta’lim muassasasi uchun attestatsiyadan o‘tkazish bilan bog‘liq bo‘lgan hujjatlar yig‘ma jildi yig‘iladi va navbatdagi attestatsiya o‘tkazilgunga qadar saqlanadi.
Attestatsiya komissiyalarini tashkil etish va ularning tarkibi
Maktabgacha, umumiy o`rta va maktabdan tashqari ta`lim tashkilotlarini attestatsiyadan o`tkazish uchun Davlat inspektsiyasi tegishliligi bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta`lim vazirligi, Xalq ta`limi vazirligi, Madaniyat vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Sog’liqni saqlash vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda qo`shma qaror qabul qiladi.
Attestatsiya yakunlari
Komissiya ta’lim muassasasidagi ta’lim dasturlarini attestatsiya qilib, ularda kadrlar tayyorlash mazmuni, darajasi va sifatining davlat ta’lim standartlari hamda davlat talablariga muvofiqligi haqida xulosa tayyorlaydi.
Davlat inspeksiyasi ta’lim muassasalari attestatsiyasi jarayonida aniqlangan kamchilik va nuqsonlarning o‘z vaqtida bartaraf etilishini muntazam nazorat qiladi.
“
Do'stlaringiz bilan baham: |