Milliy kiyim-kechaklari. Usti-bosh uchun zarur gazlama, matolarni to‘quvchi ustalar etkazib bergan. Bo‘z to‘n tikish uchun ishlatiladigan yo‘l-yo‘l alasha, ayollar ko‘ylaklari uchun ishlatiladigan katak-katak shatirash, ingichka tuya junidan movut (shol), qop va har xil xalta tikishda foydalanadigan jun gazlama tayyorlangan. Po‘stin, qalpoq, poyabzalbop teri (asosan qo‘y terisi ishlangan) shular jumlasidandir.
Qoraqalpoq erkaklarining kiyimi Xorazm erkaklarnikiga o‘xshab ketadi. Erkaklar ko‘ylak-ishton, dambal kiyganlar. Ishtonning poychalari etik ichiga tikib kelingan. Sovuq kunlarda yupqa ishton ustidan qalin chit yoki jun gazlamadan tikilgan issiq sim (ishton) kiyib yurishgan. Keyinchalik no‘g‘oy yoqali ko‘ylak kiyishgan.
Qoraqalpoqlarda chopon keng tarqalgan. Har xil chopon tikilgan, qavilgan chopon ham ishlatilgan. Jun, gazlama, movutdan shekpen (chakman) tayyorlangan. Bayram kunlari yaltiroq gazlamadan tikilgan chopon kiyilgan. Chopon ustidan belbog‘, ba’zan kayis (kamar) bog‘lab yuritilgan. Qishda qoraqalpoqlar po‘stin va qalpoq kiyishni yoqtirishadi. Qalpoqni qalpoq takiya ham deyishgan. Qalpoq katta va keng qilib tikilgan. Salla o‘rashmagan. Din peshvolarigina salla o‘rab yurishgan.
Oyoqlariga charm poyabzal, mahsi, kalish, etik, qishda jun paypoq kiyishgan.
Yoshlar bilan katta yoshdagi erkaklarning kiyimi deyarli farq qilmagan. Katta yoshdagilar kiyimlari sal kengroq, uzunroq tikilgan.
Qoraqalpoq ayollarining kiyimi ko‘ylak, ishton (lozim), ish kiyim, kamzul, engsiz chopondan iborat bo‘lgan. Boshlariga do‘ppi kiyishgan, ro‘mol o‘rashgan, yana jegde yopib yurishgan.
Bayram ko‘ylaklari Buxorodan olib kelingan ola shoyidan tikilgan. Ko‘ylakning tugma tikiladigan ikki tomonidan yoqasidan beligacha, englari, etagiga xilma-xil rangli ipdan, chillak shaklida, keng kashta tikilgan. Bunday ko‘ylaklar halqali ko‘ylak deyilgan. Azador ayollar gulsiz ko‘k ko‘ylak kiyishgan. Qoraqalpoq ayollarining bosh kiyimlari boshqa xalqlarnikidan yaqqol ajralib turadi. Ayniqsa, kimishek va savkali-saukeli deb ataladigan bosh kiyimlari juda qiziqarlidir.
Qiz yashaydigan xonadonning hammasida albatta kimishek tikilgan. Uni qizning o‘zi tikkan va ovulga kuyov kelgan kuni kiygan. Kimishekni kuyov ovulidan kelgan ayollardan biri qizning bo‘yniga solib qo‘yadi. Chunki kimishekning boshga kiyish uchun maxsus teshigi bor. Kimishekning old tarafi qizil movutdan uchburchak shaklda, orqasi quyriqchasi Buxoro shoyisidan popukdor qilib, har xil rangdagi jun ipdan to‘qiladi. Yonlarida quloqchinlari bor. Old tarafida peshonaga tushib turadigan jiga (peshona) bo‘lib, orqasidan uzun guldor “kokil” osilib turadi. Boshga yana “jegde” deb yuritiladigan chopon yopinib yuradilar. Qoraqalpoq kiyimlarining o‘ziga xos jihatlaridan yana biri jengsedir. Bunday englar ko‘pincha qizil guldor matodan alohidan maxsus tayyorlanadi. So‘ngra to‘n yoki choponga tikiladi.
Taomlari. Qoraqalpoqlarda nonning har xil turi yopilgan: bug‘doy noni (shurek), jo‘xori (zog‘ora) non, qotirma non, gulshe (kumesh), ya’ni qo‘r non (qo‘rda ko‘mib pishirilgan). Qoraqalpoqlar nonni qo‘rda, qozonda, tandirda pishirishgan. Tandir og‘zini yuqoriga qaratib qurishgan. Suyuq ovqatlarning turli xilini tayyorlaydilar: jarma-tuyilgan arpa, bug‘doy, jo‘xori donidan pishiriladi, jo‘xori go‘ja, so‘q oshi (so‘qni avvalo suvda pishirib olib, so‘ngra yog‘da qovurishadi). Tansiq taomlari shirgurunch, shovla, palov hisoblangan.
Sut va sut mahsulotlarini ko‘p iste’mol qilishadi: qatiq, sariyog‘ ayron, qurd, yozda esa chalop tayyorlanadi. Ular qo‘y go‘shti, qoramol go‘shti, parranda go‘shtini tanovul qilishadi. Qovurdoq, kabob, burek (varaqaga o‘xshagan), byrak va yurakdan jarkop tayyorlashadi. Qoraqalpoqlarda qovoqdan turli taomlar tayyorlashadi, qovundan esa qoqi qilishadi.
Elshunos U.X.SHalekenov (“Ush ay sauыnыm, ush ay kauыnыm, ush ay kabagыm, ush ay shabagыm”). “ Uch oy sut, uch oy qovun, uch oy oshqovoq, uch oy baliq”1, degan qoraqalpoq xalq matalini keltirish asnosida o‘ziga to‘q oilalar uchun go‘sht shunchaki kundalik, ya’ni doimiy ovqat hisoblangan bo‘lsa, go‘sht topib yeyish imkoni bo‘lmagan mehnatkash oilalarning ovqatlanish tartibini yaqqol ochib beradi. Haqiqatan ham badavlat oilalar kuniga uch-to‘rt marta go‘shtli va boshqa oziq-ovqatlarni iste’mol qilishsa, kambag‘allar kuniga nari borsa bir mahal issiq ovqat bilan cheklanishgan, sigir va echkisi yo‘q xonadon a’zolari sutli ovqat eya olmay, asosan, jo‘xori va tariq donidan tayyorlangan bo‘tqa bilan kun kechirganlar.
Demak, XIX asr oxiri-XX asr boshlarida qoraqalpoq xalqi nafaqat turar-joy, kiyim-kechak va hatto ovqatlanishda ham tabaqalashuv jvarayoni ko‘zga yaqqol tashlanar edi.
Do'stlaringiz bilan baham: |