Nazorat savollari:
O‘zbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport sohasida amalga oshirilayotgan davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari nimalardan iborat?
Jismoniy tarbiya va sport soxasini rivojlantirishga qaratilgan Prezident farmon va qarorlari?
Aholi, ayniqsa yoshlarni ommaviy sportga jalb qilish, sog‘lom turmush tarzini shakllantirishga yo‘naltirilgan davlat dasturlari?
O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashishning asosiy yo‘nalishlari nimalardan iborat?
AMALIY MASHG‘ULOT
3-mavzu: Vakolatli davlat organining ta’lim-tarbiya jarayonini tashkil etishga oid me’yoriy-huquqiy xujjatlari. “Ilk qadam” Davlat dasturi
Reja:
1. O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi jismoniy tarbiya va sport sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi maxsus vakolatli davlat boshqaruvi organi
2. Vakolatli davlat organining maktabgacha ta’lim va tarbiya jarayonini tashkil etishga oid me’yoriy-huquqiy hujjatlari. “Ilk qadam” Davlat dasturi
Tayanch iboralar: jismoniy tarbiya va sport, davlat siyosati, Maktabgacha ta’lim vazirligi, Ilk qadam, davlat dasturi, tashkil etish, maktabgacha ta’lim tizimi
3.1. O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi jismoniy tarbiya va sport sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi maxsus vakolatli davlat boshqaruvi organi
Mustaqillik yillari mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, yosh avlod ongiga sog‘lom turmush tarzini singdirish, sohani rivojlantirish orqali yurtimizning jahon hamjamiyatidagi mavqeini yanada oshirish kabi masalalar davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan biri etib belgilab olindi. SHu o‘rinda respublikamizda jismoniy tarbiya va sport sohasini tartibga solishga xizmat qiladigan huquqiy asos yaratilgani va takomillashtirilib borilayotganini qayd etib o‘tish lozim. Mustaqillikning dastlabki yillarida O‘zbekiston Respublikasining «Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida»gi Qonuni qabul qilindi. Ushbu qonunning ikkinchi tahriri 2000 yil 26 mayda tasdiqlandi. O‘zbekiston Respublikasining «Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida»gi Qonunining yangi tahriri 2015 yil 4 sentyabrda qabul qilindi. Mazkur Qonunda O‘zbekiston hukumatining jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish huquqiy- me’yoriy asoslari Konstitutsiya va xalqaro huquq normalariga mos ravishda yaratildi.
Qonunning 4-moddasida Jismoniy tarbiya va sport sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari belgilab berilgan. Jismoniy tarbiya va sport sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:
jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash;
har kimning jismoniy tarbiya va sport bilan erkin shug‘ullanishga bo‘lgan huquqini ta’minlash;
jismoniy tarbiya va sport sohasidagi davlat hamda jamoat boshqaruvini uyg‘unlashtirish;
fuqarolarning jismoniy tarbiya va sport sohasidagi huquqlarining davlat kafolatlarini belgilash;
jismoniy tarbiya va sport sohasida kamsitishga hamda zo‘ravonlikka yo‘l qo‘ymaslik;
jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanuvchi shaxslarning, shuningdek jismoniy tarbiya va sport tadbirlari ishtirokchilari hamda tomoshabinlarining hayoti va sog‘lig‘i xavfsizligini ta’minlash;
sportning barcha turlari va tarkibiy qismlarini rivojlantirishga ko‘maklashish;
nogironlar va jismoniy imkoniyatlari cheklangan boshqa shaxslar, shuningdek yuqori darajada ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi guruhlari o‘rtasida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga ko‘maklashish;
O‘zbekistonning milliy sport turlari va xalq o‘yinlarini rivojlantirish hamda ommalashtirish uchun shart-sharoitlar yaratish;
fuqarolarni jismoniy tarbiyalashning uzluksizligi va davomiyligini ta’minlash;
xalqaro hamkorlikni amalga oshirish.
Qonunda O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligining vakolatlari 8-moddada belgilab berilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi jismoniy tarbiya va sport sohasidagi maxsus vakolatli davlat organidir .
Maxsus vakolatli davlat organi:
jismoniy tarbiya va sport sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etadi;
jismoniy tarbiya va sport sohasidagi davlat dasturlarini hamda maqsadli dasturlarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining ijrosi ustidan monitoring va nazoratni, shuningdek jismoniy tarbiya va sportning rivojlanishi tahlilini amalga oshiradi;
o‘z vakolatlari doirasida jismoniy tarbiya va sport sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni, shuningdek sport normativlarini ishlab chiqishni amalga oshiradi hamda ularni tasdiqlaydi;
sport markazlarini va dopingga qarshi markazlarni, jismoniy tarbiya va sport sohasidagi ta’lim tashkilotlarini hamda ilmiy tashkilotlarni tashkil etish bo‘yicha takliflar kiritadi va ularning faoliyati tashkil etilishini ta’minlaydi;
Sport turlari bo‘yicha yagona sport tasnifini, shuningdek u to‘g‘risidagi nizomni, sport turlarini va sport turlarining tarmoqlarini e’tirof etish, ularning reestrini yuritish tartibini ishlab chiqadi hamda tasdiqlaydi;
sport federatsiyalari (uyushmalari) reestrini yuritadi, uni yuritish tartibini belgilaydi;
xalqaro va respublika miqyosidagi Sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejasini shakllantiradi hamda manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda ularning moliyalashtirilishi va o‘tkazilishini ta’minlaydi;
sport unvonlari, sport razryadlari va malaka toifalarini berish tartibini tasdiqlaydi;
trenerlik faoliyati bilan shug‘ullanish uchun belgilangan tartibda ruxsatnoma beradi;
jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va sport inshootlaridan foydalanish tartibini tasdiqlaydi, shuningdek ularning pasportlarini beradi;
O‘zbekiston Respublikasining sport terma jamoalari tarkiblarini va ularning yaqin zaxirasini tasdiqlaydi, O‘zbekiston sport delegatsiyalarini jamlaydi, ularning tayyorgarlik ko‘rishini hamda xalqaro sport musobaqalarida va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarida ishtirok etishini ta’minlaydi;
sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarini tashkil etadi hamda o‘tkazadi, shuningdek jismoniy tarbiya va sport sohasidagi mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirishni tashkil etadi;
jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va sport uchun mo‘ljallangan tovarlar ishlab chiqarilishini tashkil etishga ko‘maklashadi;
yangi jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va sport inshootlari qurilishini hamda ishlab turganlari rekonstruksiya qilinishini tashkil etishga ko‘maklashadi;
jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha ilmiy, o‘quv, ilmiy-ommabop va ommaviy adabiyotlar tayyorlanishi va nashr etilishini, shuningdek jismoniy tarbiya va sport sohasida foto- va videomateriallar chiqarilishini tashkil etadi;
davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jismoniy tarbiya-sport tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari bilan birgalikda jismoniy tarbiya va sport mashg‘ulotlari ommalashtirilishini tashkil etadi;
jismoniy tarbiya va sport sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi.
Maxsus vakolatli davlat organi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |