Har qanday inson o’zining ma’naviyati bilan go’zal. Demak, olamni ma’naviy go’zal insonlar qutqaradi. SHu ma’noda odamlarga ma’rifat nuri ulashadigan muallim, ta’bir joiz bo’lsa, ma’naviyatning chinakam timsolidir.
Darhaqiqat, shunday. O’qituvchi tom ma’noda odamlarga nur, ziyo, go’zallik baxshida etuvchi inson. U o’zining ana shu xislati bilan boshqalar uchun ibrat namunasidir. Zero, el-yurtga ma’rifat ulashib, ma’naviyat chashmasidan bahramand etgan o’qituvchi, ya’ni ustoz, murabbiy har doim odamlar izzat-ikromiga sazovor bo’lib kelgan. Xalqimiz muallim hurmatini doimo joyiga qo’ygan. Ilm-ma’rifatga havas, intilish bizning zaminimizda azaldan oliy qadriyat hisoblanib kelingan. Xalqimiz ziyo ulashuvchi odamlarni mulla (ziyoli), ilmu-urfon ahlini esa domulla (katta mulla, katta ziyoli) deb atash bilan ma’rifat ahliga bo’lgan hurmatini ifoda etgan.
Rivoyat qilishlaricha, bir kishi avval ustoziga, so’ngra otasiga salom bergan ekan. Odamlar buning sababini so’rashganlarida, u «Ollohning qudrati ila otam meni dunyoga keltirdi, ustozim esa meni ko’klarga ko’tardi», deb javob bergan ekan. Buyuk sohibqiron Amir Temur ustozi Mir Said Barakaning oyoq tomoniga dafn etishlarini vasiyat qilgani ham ustozlarga bo’lgan hurmat-ehtiromning oliy namunasidir.
Moziyga nazar solsak, xalqimizning ziyo ahliga, ya’ni ustozu-murabbiylarga ehtiromi bejiz emasligiga imon keltiramiz. Qadimdan ma’naviyat eshigi, ma’rifat beshigi bo’lib kelgan Samarqandda ne-ne daholar, ilmu-urfon namoyondalari yashab o’tmagan deysiz. Imom Buxoriy, Al-Moturudiy, Imom Doramiy, Maxdumi A’zam, Abullays Samarqandiy, Mirzo Ulug’bek, Qozizoda Rumiy singari buyuk ajdodlarimizning muborak nomlari Mag’ribdan-Mashriqqacha – yetti iqlimga dong’i ketgan. Ular, muhtaram Prezidentimiz aytganlaridek, «Ma’naviyati keng va ayni vaqtda qismati og’ir bo’lgan siymolardir. Ular o’zlarini haqiqatga tashna va o’zi haqiqat bo’lgan xalqqa bag’ishladilar. Buyuk ajdodlarimizning buyuk nomlari xalq xotirasi va uning taqdirida munosib davom etishga loyiqdir».
Ha, ulug’ ajdodlarimiz yaratgan ulkan silsila bugun ham, ertaga ham, undan keyin ham davom etaveradi. Bugungi ziyolilarimiz, eng avvalo, o’qituvchi va murabbiylarimiz ana shu silsilaning davomchilaridir. Ajdodlar an’anasiga sadoqat ular faoliyatining mazmun-mohiyatini tashkil etmog’i lozim. SHu nuqtai nazardan bugungi muallim ma’naviy o’tmishimizning tarixiy ildizlarini teran anglashi va uni o’quvchi yoshlar ongiga singdira olishi lozim.
Sohibqiron bobomiz Amir Temur vafotidan so’ng yurtimizda feodal tarqoqlik avj olgani, keyinchalik o’lkada uchta xonlik vujudga kelib, ular o’rtasidagi o’zaro kelishmovchiliklar tufayli mehr-oqibat bir qadar ko’tarilgani, bundan foydalangan chor Rossiyasi yurtimizni bosib olganligi va shu tariqa milliy-ma’naviy qadriyatlarimizga putur yetishiga sabab bo’lgan tarixiy xatolarga yo’l qo’yish mumkin emasligiga ishontirish zarur. Davlatimiz rahbarining «O’z g’oyang bo’lmasa, sening yurtingda chet g’oya kelib hukmronlik qiladi» degan so’zlari yetmish yildan ham ortiq davom etgan kommunistik istibdod davrida isbot topganini xalqimizga, yosh avlodga tushuntirish o’qituvchining burchidir.
Kommunistik g’oya bizning yurtimizda paydo bo’lgan emas. Xalqimizda unga moyillik ham bo’lmagan. Bu g’oya Yevropadan bu yerga olib kelingan, boshqacha qilib aytganda «eksport» qilingan. Sun’iy yo’l bilan joriy qilingan bu soxta g’oya milliylikning darz ketishiga, madaniyatimiz, ma’naviyatimiz qashshoqlashishiga, yovuz g’oyalarning kirib kelishiga, qadriyatlarimizning poymol etilishiga olib kelganligini xalqimizga to’g’ri tushuntirish lozim. Buni faqatgina ijtimoiy-gumanitar fanlardan dars beruvchilar emas, balki barcha muallimlar amalga oshirishlari kerak. Ozod va obod vatan, erkin va farovon hayot barpo etishdan iborat bosh g’oyamiz har bir fuqaroning ongiga yetkazilishi kerak.
Bugungi o’qituvchi kommunistik g’oya bilan oziqlangan «sovet pedagogi»dan tubdan farq qiladi. Farzandlarimizni erkin fikrlashga o’rgatish, ularda mustaqil dunyoqarashni shakllantirish o’qituvchi faoliyatining mazmuni va mohiyatini tashkil etadi.
Bugun o’qituvchilik mas’uliyati har qachongidan ham yuksak va sharafli. Bu mas’uliyat XXI asr kishisini kamol toptirish demakdir. Yigirma birinchi asr - aql zakovat asri deya e’tirof etilganligini inobatga olsak, o’qituvchi mas’uliyati naqadar muhimligini anglab yetamiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |