Vayronkor g’oyalar inson va jamiyatni tubanlikka boshlaydigan, odamlarni g’arazli niyat va qabihlikka undaydigan, davlat va jamiyatni parokandalik va halokatga yetaklaydigan g’oyalardir. Prezident Islom Karimov afsus bilan ta’kidlab, «inson tabiatidagi insoniylikdan ko’ra vahshiylik, ur-yiqit instinktlari, ya’ni hatti-harakatlarini qo’zg’atib yuborish osonroq», deganida yovuz, buzg’unchi g’oyalarni nazarda tutgan edi.
SHovinizm, nigilizm, kosmopolitizm, bolьshevizm, fashizm, terrorizm, aqidaparastlik singari yovuz g’oyalar insoniyatga tahdid solib kelgan. Vatansizlik g’oyasi - kosmopolitizm, hech qanday qonun-qoidani tan olmay, barcha narsani inkor etishga da’vat etuvchi nigilizm, Frantsiyada imperator Napoleon Bonapart shaxsiga sig’inish natijasida paydo bo’lgan, biror shaxs yoki millatni boshqalardan ustun qo’yadigan shovinizm, zo’ravonlik vasvasasiga berilib, o’z ehtiyojlarini boshqa xalqlar hisobiga qondirishni maqsad qilib qo’ygan buyuk davlatchilik, tajovuzkorlik, fashizm g’oyalari ham bashariyatning osoyishtaligiga rahna solib turgan yovuz g’oyalardir.
Buzg’unchi g’oyalar ko’pincha insoniyat beparvolikka berilib, bunyodkorlik harakatlari susaygan paytda xuruj qiladi, soxta shiorlarni niqob qilib, odamlarni chalg’itadi va hatto hukmron mavqega ham ega bo’ladi.
Beparvolik natijasi sifatida paydo bo’lgan, odamlarni o’lim bilan qo’rqitish, dahshatli talvasaga solishga urinadigan terrorizm hozirgi kunda xalqaro tus oldi va insoniyatga xavf solayotgan global muammoga aylandi. Terrorizmning jiddiy xavfi to’g’risida O’zbekiston Prezidenti Islom Karimov 1993 yilda BMT Bosh Assambleyasining 48-sessiyasi minbaridan turib bong urgan paytda yetarlicha aks-sado bo’lganda edi, balki ko’plab ayanchli terroristik harakatlarning oldi olingan bo’lar edi.
Ma’lumotlarga ko’ra, bugungi kunda dunyoda 500 ga yaqin terrorchi tashkilotlar mavjud bo’lib, ulrning 80 foizi islom niqobi ostida faoliyat yuritadi. Ular qatoriga “Al-Qoida", “Musulmon birodarlar” “Hizbut-tahrir”,”al-Jihod al-Islomiy”, ”al-Takfir va-l-Hijra” (Misr),”Abu-Sayyof”(Filippin), ”Ozod Achex”, “Lashkari jihod” (Indoneziya), ”Qurolli islomiy harakat” (Jazoir) kabi tashkilotlarni kiritish mumkin.
Turli mamlakatlarda yuz berib kelayotgan terrorchilik harakatlari, jumladan, 1999 yil 16 fevralda Toshkentda sodir etilgan voqealar mintaqa aholisi va butun bashariyat uchun chalingan jiddiy xavf xatar qo’ng’irog’i edi.
Yurtboshimiz o’z vaqtida BMT Bosh Assambleyasida jahon hamjamiyati diqqatini bu muammoga qaratib, kech bo’lmasdan xalqaro miqyosda ildiz otib borayotgan bu xavf-xatarni oldini olib, tag-tomiri bilan yuqotish maqsadida xalqaro miqyosda terrorizmga qarshi kurash markazini tuzishga chorlagan edi, agar yetarlicha e’tibor berilganda edi bu qonli urushlarni oldini olgan bo’lar edi.
2001 yilning 11 sentyabrida AQSHda uch mingdan ortiq begunoh insonlar halok bo’ldi. Terrorizm butun insoniyatga qarshi qaratilgan, chidab bo’lmaydigan xatar manbaiga aylangani yana bir marta amalga o’z isbotini topdi.
Afsuski, mudhish terrorchilik harakatlari O’zbekistonni ham chetlab o’tmadi. 2004 yilning 29-30 mart va 1 aprel kunlari bunday harakatlar oqibatida 9 nafar ichki ishlar xodimi va 5 nafar fuqaro halok bo’ldi. Respublika Oliy Majlisining o’n to’rtinchi sessiyasida mamlakatimiz rahbari «har tomonlama puxta tayyorlangan bu jinoiy harakatlarning ildizi mamlakatimiz tashqarisida joylashgan xalqaro terrorchilik va ekstremizm markazlariga bevosita borib tutashmoqda. Buni tasdiqlaydigan dalil-isbotlar yetarli»,1 deb ta’kidladi.
Albatta, g’animlarning niyati bitta - O’zbekistondagi osuda va farovon hayotni buzish, xalqimizni tanlagan yo’lidan qaytarish. Lekin ular shum niyatlariga erisha olmaydilar. Xalqimiz bunday sinovlarni boshidan kechirgan va mardona yengib o’tgan. Uning irodasini hech qanday yovuz kuch sindira olmaydi. Ayni chog’da «barchamiz bir tanu bir jon bo’lib, terrorizm va ekstremizm xavfiga qarshi qat’iyat bilan kurash olib borishimiz, «o’z uyingni o’zing asra» degan shiorning ma’nosini keng va chuqur anglab, go’zal va betakror Vatanimizning tinchligini, xalqimiz osoyishtaligini ko’z qorachig’iday saqlashimiz zarur»2.
XIX asrda vujudga kelgan bolьshevizm g’oyasi sinfiy antoganizmga asoslangan hamda kommunistik mafkuraning ifodasi edi. Sinfiy kurash g’oyasiga asoslangan bu mafkura jamiyatni qarama-qarshi taraflarga bo’lib tashladi, ular o’rtasida fuqarolar urushi va qirg’in-barotga shart-sharoit yaratib berdi. Sinfiy mansubligi nuqtai nazaridan hatto o’g’il otaga, uka akaga, do’st birodariga qarshi qo’l ko’tardi. Natijada mehr-oqibat ko’tarilib, milliy g’urur toptaldi, millionlab kishilar halok bo’ldi, ko’plar bevatan qoldi. Aslida bu yovuz g’oya bizning zaminimizda paydo bo’lgan emas. U Yevropadan bu yoqqa olib kelingan. Xalqimiz bu g’oyaga moyil emas.
Hozirgi dunyodagi mafkuraviy tahdidlardan yana biri aqidaparastlikdir. Aqidaparastlik - muayyan bir g’oya, tamoyil yoki nuqtai nazarga mahkam yopishib olish va boshqasini tan olmaslik. Hozirgi dunyoning mafkuraviy manzarasiga ta’sir ko’rsatayotgan bu g’oya uch xil ko’rinishda namoyon bo’lmoqda. Ularning birinchisi siyosiy aqidaparastlik bo’lib, u siyosatda, boshqaruv faoliyatida eskirgan, siyqasi chiqqan usul va uslublarga tayanib ish ko’rish demakdir. Boshqaruvning feodal-avtoritar shakli bunga misol bo’la oladi. Aqidaparastlikning ikkinchi ko’rinishi ilmiy aqidaparastlik bo’lib, u ilm-fan sohasida yoshini yashab bo’lgan fikrlar, nuqtai nazarlar va xulosalarni mutloqlashtirishni bildiradi. Fizikada mexanitsizm, ijtimoiy fanlarda marksizm ilmiy aqidaparastlikka misol bo’la oladi.
Aqidaparastlikning zararli ko’rinishlaridan yana biri diniy aqidaparastlik bo’lib, u dindagi muayyan aqida yoki qoidalarni ko’r-ko’rona qo’llash va mutloqlashtirishdir. Bunday urinish turli dinlardagi mazhablar va yo’nalishlar orasida keskin nizo va to’qnashuvlar keltirib chiqaradi. Diniy aqidaparastlik ekstremizmning paydo bo’lishiga zamin yaratadi. Ekstremizm esa terrorchilik harakatlarini ham o’z ichiga oladi. Diniy ekstremizmning pirovard maqsadi - mavjud konstitutsion tuzumni kuch bilan ag’darish va diniy davlatni qaror toptirishdan iborat. Bu yo’lda diniy ekstremistlar har qanday qabihlikdan tap tortmaydilar. Pokistonda 800 ga yaqin diniy madrasalar mavjud bo’lib, ularda diniy ilmlar bo’yicha mutaxassislar emas, balki jangarilar tayyorlanayotganligini shu maqsad yo’lidagi urinish deb baholash mumkin.
Insoniyatga jiddiy tashvish tug’dirayotgan, uning hayotiga xavf solayotgan bunday mafkuraviy tahdidlarning ta’siri nimalarda ko’rinadi?
-inson xohishi va dunyoqarashini zid, salbiy tomonga o’zgartirib yuborishda;
-turmush tarziga salbiy ta’sir ko’rsatishda;
-fikrlar xilma-xilligi va turli-tumanligini tan olmaslikda;
-yagona fikr, nuqtai-nazar, g’oyaning to’g’riligini da’vo qilib, boshqalarini inkor qilishda;
-begona urf-odat, an’analarni targ’ib qilish va ularning kirib kelishiga muhit yaratishda;
-insonni o’zga g’oyalar ta’siriga tushib qolishida;
-jamiyatning siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy asoslarini ham yagona g’oyaga bo’ysindirishda;
-qaramlik, tobelik muhitini shakllantirishda;
-mamlakatni, xalqni o’z milliy-ma’naviy qadriyatlaridan, o’z taraqqiyot yo’lidan begonalashtirishda;
-xalqlarni, millatlarni birlashtirishga emas, balki bo’lib yuborish, ichki ixtiloflarga, buzg’unchilikka, parokandalikka sabab bo’lishida ko’rinadi.
Inson va jamiyat hayotida g’oyaning o’rni beqiyos. Inson o’zi yaratgan g’oyadan ruhiy madad olib bunyodkorlik, yaratuvchilik sari yuz tutadi, fidoyilik namunalarini ko’rsatib mehnat qiladi.
Insoniyat yuksak g’oyalar sohiblarini yetishtirdi. «Tafakkuri kuchli xalq buyuk xalqdir» deb e’tirof etgan Arastu, «xalqni yakkalam qildim» deya qoniqish hissini tuygan Navoiy, «qo’l bilan tiklab bo’lmas haykal qo’ydim o’zimga» deb mag’rur xitob qilgan Pushkin, hind xalqi ozodligi uchun umrini bag’ishlagan Maxatma Gandi yuksak g’oyalari bilan o’zlari mansub bo’lgan xalqning g’urur-iftixori bo’lib qoldilar. SHiroq va To’maris, Spitamen va Muqanna, Temurmalik va Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur va Mirzo Bobur kabi fidoyi ajdodlarimiz, diniy va ilmiy haqiqat yo’lidan borgan ko’plab mutafakkir bobolarimiz ham yuksak insoniy g’oyalar sohiblari bo’lishgan.
Davlatimiz rahbari I.Karimov «Tarixiy xotirasiz kelajak yo’q» degan asarida «O’z g’oyang bo’lmasa, sening yurtingda chet g’oya kelib hukmronlik qiladi» deb bejiz ta’kidlamagan. G’oyaviy ojizlik, mafkuraviy zaiflik butun bir davlatning qudratiga putur yetkazishi, jamiyat taraqqiyotini orqaga burib yuborishi mumkin.
O’z g’oyalarini saqlab qololmay, chet g’oyalarning ta’siriga tushib qolgan, milliy o’zligidan, qadriyatlari, madaniyati va urf-odatlaridan mahrum bo’lib, pirovardida butun boshli elatlar yo’qolib ketganligi tarixdan ma’lum. Bir paytlar mo’g’ullar bosqinchilik g’oyasi ostida birlashib, butun dunyoni titratgan edi. G’oya ulkan hudud bosib olingandan keyin bu g’oya o’z vazifasini bajarib bo’ldi. Tarqab ketgan mo’g’ullar boshqa g’oyani boyroq qilib ko’tara olmadilar va o’zlari ham tub xalqlarning mafkurasi domiga tushib qoldilar. Amerika hindulari va Avstraliya aborigenlari tarixi ham bunga misol bo’la oladi.
Sohibqiron Amir Temur vafotidan keyin yurtimizda feodal tarqoqlik kuchayib, beqarorlik avj olgani, mehr-oqibat ko’tarilib, ma’naviy qadriyatlarimizga putur yetgani tarixning achchiq sabog’idir. Ayrim hukmdorlarning xalqni birlashtirib, mustaqillik uchun kurashga safarbar etmaganlari tufayli o’lkamiz qaramlik changaliga tushib qoldi, avval chorizm g’oyasi, so’ngra kommunistik mafkura hukmron bo’ldi. Uning qanday oqibatlarga olib kelgani barchamizga ma’lum.
Xulosa qilib aytganda, Prezidentimiz mustaqillikning dastlabki paytlaridanoq xalqimizni oydin manzillarga yetkazishda milliy g’oyaning zarurligini uqtirib, uning maqsad va vazifalarini ko’rsatib berdi, mafkura
bo’lmasa, odam, jamiyat, davlat o’z yo’lini yo’qotish muqarrar ekanligini asoslab berdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |