1-ma’ruza. Moliya tizimi
Reja
1.
Moliya tizimi haqida tushuncha
2.
Moliya tizimining bo‘g‘inlari
1.
Moliya tizimi haqida tushuncha
Ijtimoiy ishlab chiqarishning turli sharoitlarida moliyaning rivojlanish qonuniyatini tahlil
qilish moliyaviy munosabatlarning mohiyatida umumiy belgilar mavjudligidan guvohlik beradi. Bu
moliyani amal qilishining obyektiv sabablari va shartlarini saqlanib qolinganligi bilan ta’riflanadi.
Bularning orasida ikkitasi ajralib turadi: tovar-pul munosabatlarining rivojlanishi va bu
munosabatlarning subyekti sifatida davlatning amal qilishi. Boshqa qiymat kategoriyalaridan farqli
ravishda (misol uchun pul, kredit, mehnatga haq to‘lash fondi va boshqalar) moliya davlatning amal
qilishi bilan organik bog‘liqdir.
Biroq, barcha moliyaviy munosabatlar mohiyatidagi umumiy belgilarning mavjudligi ular
o‘rtasidagi ma’lum farqlarni rad etmaydi.
Moliyaviy munosabatlar davlat faoliyati natijasida emas, balki ijtimoiy ehtiyojlar tufayli
yuzaga keladi. Davlat faoliyati emas, balki, aynan, ijtimoiy shart-sharoitlar moliyaning amal qilishi
uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. Moliyaviy munosabatlarning paydo bo‘lishida davlatning rolini
bo‘rtirib ko‘rsatish nazariy jihatdan to‘g‘ri bo‘lmaydi, aksincha amalda, agarda xo‘jalik yuritishning
real shart-sharoitlari hisobga olinmasa, zarar qilishi mumkin.
Moliya
– xo‘jalik yuritishning barcha darajalaridagi ijtimoiy takror ishlab chiqarishning
ajralmas elementidir. Ularning har ikkalasi quyi bo‘g‘in hisoblanmish korxonalar (tashkilotlar,
muassasalar), tarmoqlararo birlashmalar (assotsiatsiyalar, konsernlar) va xalq xo‘jaligini
boshqarishning davlat tizimlari uchun bir xil darajada muhimdir. Moliyasiz ishlab chiqarish
fondlarini kengaytirilgan asosda, yakka tartibda va ijtimoiy doiraviy aylanishini ta’minlash,
iqtisodiyotning tarmoq va hududiy tuzilmalarini tartibga solish, fan-texnika yutuqlarini joriy
qilishni rag‘batlantirish, boshqa ijtimoiy ehtiyojlarni qondirish mumkin emas.
Xo‘jalik yurituvchi subyektlar va davlatni ijtimoiy ehtiyojlarining turlichaligi turli
ko‘rinishdagi moliyaviy munosabatlarning yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi. Ular bir-birlaridan farq
qilish bilan bir vaqtda ayrim umumiy jihatlari bilan xarakterlanadilar. Bu esa, ularni alohida
guruhlarga birlashtirish imkonini beradi. Moliyaviy munosabatlarni turlicha guruhlashtirish
mumkin, lekin faqatgina obyektiv kriteriylari bo‘yicha guruhlanishi ilmiy asoslangan hisoblanadi.
"Tizim" iborasi so‘nggi 40-50-yil davomida falsafa fanida chuqur tadqiq etib kelinmoqda va
uni ijtimoiy hayot sohasiga keng joriy etish rusm bo‘lib bormoqda. Ijtimoiy, shu jumladan huquqiy
hodisalarga tizimli yondashish real voqelikning tub mohiyatini teran anglashga, ularning atrofidagi
boshqa hodisalar bilan uzviy aloqadorlik va o‘zaro ta’sir holatida rivojlanishini anglab yetishga
ko‘maklashmoqda.
Yagona tizim
- o‘zaro uzviy aloqador va chambarchas bog‘liq qismlar (predmet,
jarayon, voqealar) ning bir butun sifatida harakatlanishi, mavjud bo‘lishidir. Tizimning muhim
jihati - tarkibiy xususiyatning borligi, ya’ni voqelikning ichki tarkibiy qismlarga egaligi, bu qismlar
orasida pog‘onali bo‘ysunish mavjudligi hamda bu qismlarning nisbiy mustaqilligi.
Tizimning mazkur sifatlariga e’tibor qaratishimizning boisi, siyosiy tizim tarkibiga kiruvchi
qismlar o‘rtasida o‘zaro aloqadorlikning mavjud ekanligini chuqur tushunish va ular o‘rtasidagi
munosabatlarning uzviy bog‘liqligi va dialektikasiga e’tiborni jalb etishdir.
Moliya tizimi
- moliyaviy munosabatlarning turli sohalarini o‘z ichiga olib, har qaysi sohalar
pul mablag‘lari fondlarini shakllantirish va ulardan foydalanish xususiyatlari bilan tavsiflanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |