7
Taqsimlash jarayonlari - jamiyatdagi iqtisodiy munosabatlarning bir qismi hisoblanadi.
Moliya ham iqtisodiy kategoriya hisoblanadi. U qiymat harakatining muhim shakllari yordamida
davlat pul fondlarini shakllantirish va ishlatishda namoyon bo‘ladi.
Har qanday davlatning pul daromadlari va fondlarining asosiy moddiy manbai yalpi ichki
mahsulot va uning asosiy qismi - milliy daromad hisoblanadi. Moliya yordamida uning
taqsimlanishi va qayta taqsimlanishi amalga oshiriladi, shu bilan ishlab chiqarish, taqsimlash va
iste’molga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir o‘tkaziladi.
Moliya shu bilan birga tarixiy kategoriya ham hisoblanadi. U o‘zining paydo bo‘lish,
rivojlanish bosqichlariga ega, ya’ni vaqt o‘tishi bilan o‘zgarib boradi. Moliyaning rivojlanishini
ikkita asosiy bosqichga bo‘lish mumkin.
Birinchi bosqich - moliyaning rivojlanmagan shakli. U birinchidan, moliyaning noishlab
chiqarish xususiyati bilan xarakterlanadi, ya’ni asosiy qismi (2G‘3 qism budjet) harbiy maqsadlarga
sarflangan va deyarli moliya iqtisodiyotga hech qanday ta’sir o‘tkazmagan. Ikkinchidan, bir
bo‘g‘indan tashkil topgan budjet va moliyaviy munosabatlarni chegaralash miqdoridan, ya’ni
moliya tizimi qisqaligi va keng qamrovli emasligidan. Ularning barchasi budjetni shakllantirish va
ishlatish bilan bog‘liq bo‘ladi. Tovar-pul munosabatlarining, davlatchilikning rivojlanishi bilan
umudavlat pul fondiga va shunga mos ravishda, ularni shakllantirish va ishlatish bo‘yicha pul
munosabatlarining yangi guruhiga zarurat paydo bo‘ldi. Hozirgi vaqtda moliya munosabatlari
siyosiy va iqtisodiy tuzumning darajasidan qat’iy nazar o‘z rivojlanishining ikkinchi bosqichiga
o‘tdi. Bu bosqich moliya tizimining ko‘p bo‘g‘inligi, uni iqtisodiyotga ta’sir darajasining yuqoriligi
va moliyaviy munosabatlarning turli-tumanligi bilan xususiyatlanadi.
Davlat moliyasi bilan bir qatorda mahalliy moliyalar, budjetdan tashqari fondlar, davlat
korxonalari moliyasi rivoj topdi. Davlatlar hamjamiyatlari moliyasi kabi yangi moliyaviy
munosabatlar sohasi paydo bo‘ldi. Misol uchun, Yevropa hamjamiyati mamlakatlari qishloq
xo‘jaligini moliyalashtirish, mazkur davlatlarning alohida rejalarida integratsion jarayonlarning
salbiy oqibatlarini bartaraf qilishga ishlatiladigan davlatlararo pul fondlarini tashkil qildilar. Moliya
munosabatlarining yangi sohalaridan biri xususiy transmilliy korporatsiyalar moliyasidir.
Pul fondlari va shunga mos ravishda ularga tegishli moliyaviy munosabatlarning turlichaligi
ularni darajalarga bo‘lishni asoslaydi. Umumdavlat pul fondlari markazlashgan pul fondlari
hisoblanadi, qolgan barchalari esa - markazlashmagan pul fondlaridir. Markazlashgan fondlar
hisobidan jamiyatning makrodarajadagi masalalarini hal etilishi ta’minlanadi. Bu, avvalo,
umumdavlat ahamiyatidagi ehtiyojlarni ta’minlashga, mamlakat mudofaasiga markaziy davlat va
boshqaruv organlarining saqlashga, milliy ahamiyatga ega bo‘lgan xalq xo‘jaligi tarmoqlarini
qo‘llab-quvvatlashga, alohida hududlarning ijtimoiy, iqtisodiy va rivojlanish darajalarini
tenglashtirishga, atrof-muhit muhofazasiga, fundamental izlanishlar va fan-texnika progressini
qo‘llab-quvvatlashga safarbar etiladi.
Bularning barchasi, moliyaning mazkur bosqichda ijtimoiy takror ishlab chiqarish
elementlari - moddiy boyliklar, ishchi kuchi va ishlab chiqarish munosabatlarini takror ishlab
chiqarishga ta’sir qilishining muhim qurollaridan biriga aylanishini isbotlaydi.
Konkret iqtisodiy va siyosiy sharoitlar, davlatning roli va tabiatiga bog‘liq holda moliya
deyarli bir xil institutlarga ega holda, ko‘pincha sifat jihatidan turli mazmunga ega bo‘ladi. Misol
uchun, yaqin vaqtgacha dunyoda ikki siyosiy va iqtisodiy tizim amal qilib keldi. Hozirgi kunda esa,
fan-texnika taraqqiyoti davlatlarni taraqqiyot darajasiga ko‘ra farqlanishini keltirib chiqardi.
Yuqoridagi aytilganlardan kelib-chiqib, moliyaga yana ham kengroq ta’rif berish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: