4.5. Isbotlash vositalariga yo‘l qo‘yilishi
Fuqarolik protsessual qonun normalari bilan belgilangan isbotlash qoidalariga muvofiq, sud muayyan fuqarolik ishlari bo‘yicha dalillar aloqadorligi va yo‘l qo‘yilgan isbotlash vositalaridan kelib chiqishi lozim bo‘ladi. Sud faqat ish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan dalillarnigina ko‘rishga qabul qiladi (FPKning 73-moddasi).
Dalillarning daxldorlik qoidasi sudga ishga daxldor bo‘lgan barcha faktlar va holatlarni aniqlash va tekshirish majburiyatini yuklaydi. Dalillar daxldorligi sud tomonidan ko‘rilayotgan ishdagi mavjud materiallarni tahlil qilish asosida sudyaning ishonchiga ko‘ra aniqlanadi.
Dalillarning aloqadorligi nuqtai nazaridan, fotosuratlar ishda ishtirok etuvchi shaxslarning talab va e’tirozlarini asoslovchi holatlarni tasvirlagandagina dalil bo‘lishi mumkin. Guvohlarning ko‘rsatuvlari, shuningdek ishda ishtirok etuvchi shaxslar tomonidan taqdim qilinayotgan yozma va ashyoviy dalillar ish uchun ahamiyatga ega bo‘lishini nazarda tutib, sud barcha holatlarda ularga ushbu dalillar va guvohlar ko‘rsatmasi aynan qaysi holatlarni tasdiqlashi mumkinligini ko‘rsatishni taklif qilishi lozim.
Ish uchun ahamiyatga ega bo‘lmagan dalillarni qabul qilishga, shuningdek kelib chiqqan nizo bo‘yicha isbotlash vositalari bo‘la olmaydigan ma’lumotlardan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi. Har bir dalilning ishga tegishliligi sud tomonidan belgilanadi. Sud o‘zi ish holati to‘g‘risidagi ma’lumotni qaysi dalil isbotlash vositasi hisoblanishi, qaysi dalil isbotlash vositasi hisoblanmasligini hal qiladi. Isbotlash vositalariga yo‘l qo‘yilishi qoidasi ishga tegishli bo‘lmagan materialni protsessdan chetlatishga imkon beradi. Yo‘l qo‘yish qoidasi protsessni dalilning kerakli turlari bilan ta’minlashga imkon beradi.
Isbotlash vositalariga yo‘l qo‘yilishi to‘g‘risida FPKning 74-moddasida ko‘rsatma beriladi. Bunda qonun bo‘yicha muayyan isbotlash vositalari bilan tasdiqlanishi shart bo‘lgan ishning holatlar boshqa hech qanday isbotlash vositalar bilan tasdiqlanishi mumkin emasligi tushuniladi.
Masalan, uy-joyning olingan, sotilgan bo‘lishi Fuqarolik kodeksining 112 va 488-moddalariga muvofiq, notarial tartibda guvohlantirilgan va tegishli davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan shartnoma bilangina tasdiqlanishi mumkin. Eng kam ish haqining o‘n baravaridan ortiq summaga tuziladigan qarz shartnomasi oddiy yozma formada tuzilishi lozim. Aks holda shartnomani tuzilganligini (arz berilganligini) yoki shartnomaning ijro etilganligini (qarzning to‘langanligini) guvohlarning ko‘rsatmalari bilan isbotlab bo‘lmaydi. Ammo jinoiy jazoga tortiladigan xatti-harakatlar ro‘y berganida, chunonchi, qarz olgan shaxs birovlarning ishonchidan foydalanib, bir necha fuqaroning haqiga xiyonat qilsa (olgan qarzini tan olmasa), ya’ni firibgarlik qilsa, umumiy qoidadan (FKning 733-moddasidan) mustasno tariqasida da’vo guvohlarning ko‘rsatmalari bilan isbotlanishi mumkin (FKning 737-moddasi).
Do'stlaringiz bilan baham: |