16.2. Yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan faktlarni
sud tartibida belgilash
Yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan faktlarni belgilash haqidagi ishlar bo‘yicha qonuniy, asosli va adolatli hal qiluv qarorlarini chiqarish fuqarolar hamda tashkilotlarning huquqlarini himoya qilishni ta’minlaydi.
Yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan faktlarni sud tartibida belgilashning o‘zi bir necha turlarga bo‘linadi. Fuqarolik protsessual qonunchiligida fuqapolap yoki tashkilotlapning shaxsiy, mulkiy huquqlapi vujudga kelishi, o‘zgapishi yoki tugashiga sabab bo‘ladigan quyidagi faktlapni sud tartibida belgilash ko‘rsatilgan:
1) shaxslarning qarindoshlik aloqalari;
2) shaxs birovning qaramog‘ida ekanligi;
3) otalikni tan olish (belgilash), bolaning u yoki bu onadan tug‘ilganligi, shuningdek tug‘ilgan vaqti;
4) farzandlikka olishni, nikohni, nikohdan ajratishni va o‘limni qayd etilganligi;
5) er-xotindan biri vafot etganligi oqibatida fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlarida nikohni ro‘yxatdan o‘tkazish mumkin bo‘lmay qolsa, qonunda belgilangan hollarda ularning haqiqatda nikoh munosabatlarida bo‘lganligi;
6) shaxsning huquqini belgilovchi hujjatlarda (jamoat birlashmalariga a’zolik biletlari, harbiy hujjatlar, pasportlar, fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlari beradigan guvohnomalar bundan mustasno) ko‘rsatilgan familiyasi, ismi yoki otasining ismi uning pasportidagi yoki tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomasidagi familiyasi, ismi yoki otasining ismi bilan mos kelmagan taqdirda, mazkur hujjatlarning unga tegishliligi yoxud tegishli emasligi;
7) baxtsiz hodisa;
8) imoratga xususiy mulk huquqi asosida egalik qilish;
9) merosni qabul qilish va merosning ochilish joyi faktlarini aniqlash to‘g‘risidagi ishlarni ko‘radi (FPKning 462-moddasi).
Yuqorida ko‘rsatilgan yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan faktlar ro‘yxati qat’iy emasligiga sudlar alohida e’tibor berishi lozim. Chunki, boshqa yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan faktlar ham sudga taalluqli ekanligi to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining “Yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan faktlarni belgilash haqidagi ishlar bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi qarorida tushuntirishlar berib o‘tilgan. Unga ko‘ra, quyidagi yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan faktlar ham sud tartibida belgilanadi:
- otalik faktlarini, otalikni qayd qilish faktlarini, 1968-yil
1-oktabrgacha tug‘ilgan bolalarga nisbatan otalikni tan olganlik (belgilaganlik) faktlarini;
- ixtironi joriy etish faktlarini, taklifni ratsionalizatorlik sifatida tavsiflanganlik faktlarini;
- binoga, payga, avtomobilga va boshqa maxsus ro‘yxatdan o‘tkaziladigan mulkka egalik qilish faktlarini;
- nikohdan ajralishmasdan, lekin oilaviy munosabatlar tugatilganidan so‘ng imoratni er-xotindan birining mablag‘lariga qurilganlik faktlarini, sug‘urta guvohnomasining qarashliligi faktlarini;
- fuqaroni yoki uning ota-onasini Ikkinchi Jahon urushi davrida evakuatsiya qilinganlik faktlarini ham belgilashga haqlidirlar.
Shu o‘rinda aytish joizki, amaldagi qonunlarda belgilashning boshqacha (sudsiz) tartibi nazarda tutilgan faktlarni belgilash to‘g‘risidagi arizalar sud tartibida ko‘rilishi mumkin emas. Jumladan, mehnat stajini (pensiya tayinlash uchun, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik, homiladorlik va bola tug‘ilishi munosabati bilan nafaqa tayinlash uchun, ish haqiga foiz qo‘shimchalarni qo‘shib hisoblash uchun, uzoq yillar qilgan xizmati uchun bir yo‘la mukofot puli to‘lash uchun va h.k.), fuqarolarning yoshini belgilash to‘g‘risidagi, haqiqiy harbiy xizmatni o‘taganlik, partizan otryadida bo‘lganlik, janglarda yaralanganlik, oliy o‘quv yurtini, kollej, o‘rta maktabni va boshqa o‘quv yurtlarini bitirganlik faktlarini belgilash to‘g‘risidagi, partiya, kasaba uyushmalari hujjatlarini, pasport va fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari tomonidan beriladigan guvohnomalarni tegishliligi faktlarini belgilash to‘g‘risidagi arizalar sudda ko‘rilmaydi.
Darhaqiqat, mazkur turkumdagi ishlar bo‘yicha arizalar arizachi yashab turgan joydagi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga beriladi. Arizaning mazmuni va protsessual rasmiylashtirilish tartibi FPKning 189-moddasiga rioya qilingan holda tuziladi. Arizada muayyan faktni aniqlash arizachiga qanday maqsadlar uchun zarur ekanligi ko‘rsatilishi, shuningdek arizachining tegishli hujjatlarni olish imkoniyatiga ega emasligini yoxud yo‘qolgan hujjatlarni tiklab bo‘lmasligini tasdiqlovchi dalillar keltirilishi kerak (FPKning 296-moddasi). Ushbu turkumdagi arizalar uchun eng kam ish haqining 10 foizi miqdorda davlat boji to‘lanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |