5. Qurolli kuchlar zahirasini harbiy tayyorlash. Ko‘pgina mamlakatlarda harbiy hisobda turgan shaxslarni vaqti-vaqti bilan harbiy tayyorgarlikdan o‘tkazish tashkil qilinadi. Bu davlatlararo harbiy mojarolar chiqqan taqdirda qurolli kuchlarni tez kengaytirish va ularni malakali shaxsiy tarkib bilan to‘ldirish imkonini beradi. Davlat shuningdek, O‘rta va oliy o‘quv yurtlarida boshlang‘ich harbiy tayyorgarlikni tashkil qiladi.
Mamlakat mudofaasi funksiyasi davlatning boshqa funksiyalari bilan bevosita bog‘liqdir. Buni ayrim misollarda ko‘rib chiqamiz. Mamlakat mudofaasi funksiyasining iqtisodiy funksiya bilan o‘zaro bog‘liqligi shunda ifodalanadiki, samarali iqtisodiy faoliyat orqali davlat qurolli kuchlarni zamonaviy harbiy texnika va qurol-aslaha bilan ta'minlaydi, harbiy inshootlar barpo etadi, mudofaa sanoatini rivojlantiradi, harbiy-ilmiy tadqiqotlar o‘tkazadi.
Mamlakat mudofaa funksiyasining ijtimoiy funksiya bilan o‘zaro bog‘liqligi harbiy xizmatchilar hamda ularning oila a'zolarining ijtimoiy talab va ehtiyojlarini qondirish imkonini beradi (sog‘liqni saqlash, uy-joy bilan ta'minlash, dam olish uchun vaqt berish, kommunal xizmatlar ko‘rsatish, davlat miqyosida pensiyalar tayinlash va boshqa.).
Mamlakat mudofaa funksiyasining huquqni muhofaza qilish funksiyasi bilan o‘zaro hamkorligi orqali qurolli kuchlarda harbiy intizomni mustahkamlash, harbiy mulkni saqlash, harbiy xizmatchilar hamda ularning oila a'zolarining qonuniy huquq va erkinliklarini himoya qilish masalalari muvaffaqiyatli hal qilinadi.
Davlat mudofaa qobiliyatining uning ichki funksiyalari bilan bunday yaqin aloqasi natijasida bir tomondan mamlakatning mudofaa qobiliyatini mustahkamlash vazifalari muvaffaqiyatli hal qilinsa, ikkinchi tomondan mamlakat ichki turmushining barcha sohalarida tinch bunyodkor mehnat uchun qulay shart-sharoitlar yaratiladi.
Bu o‘rinda jahon hamjamiyati davlatlari mudofaa siyosatining o‘zaro aloqasini ham alohida qayd etib o‘tish lozim. Hozirgi zamon sharoitlarida bu aloqa yadroviy va oddiy qurollarni qisqartirish, har bir davlatning mudofaa vositalaridan bakteriologik, kimyoviy, biologik va boshqa ommaviy qirg‘in qurollarini chiqarib tashlashga qaratilgandir. Bu yerda gap dushman mamlakatlar o‘rtasida ma'lum sabablarga ko‘ra vujudga kelishi mumkin bo‘lgan harbiy qarshilikni gumanizatsiyalashtirish haqida boradi. Turli mamlakatlar o‘rtasidagi harbiy qarshilik darajasini pasaytirish barcha davlatlarning iqtisodiy imkoniyatlariga, ularda yashaydigan xalqlarning madaniy, ma'naviy va ekologik farovonligiga ijobiy ta'sir ko‘rsatadi.
Davlat funksiyalari amal qilish davomiyligi bo‘yicha doimiy va muvaqqat (vaqtinchalik)ga bo‘linadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |