14.9. QONUN HUJJATLARI O‘RTASIDAGI KOLLIZIYALAR VA ULARNI HAL ETISH USULLARI
Davlat ijtimoiy hayotning muhim sohalariga huquqiy ta'sir o‘tkazish, ya'ni ushbu sohalar doirasida yuzaga keladigan ijtimoiy munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solish orqali kelib chiqishi mumkin bo‘lgan turli xil ziddiyatli holat va bo‘shliqlarning oldini olib boradi.
Huquq nazariyasida “kolliziya” atamasi huquq normalari o‘rtasidagi nomuvofiqlik, tafovut va ziddiyatlarni ifodalash uchun ishlatiladi.
Qonun hujjatlari o‘rtasidagi kolliziyalar – bu muayyan turdagi ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlar o‘rtasidagi tafovut, qarama-qarshilik, nomuvofiqlik va ziddiyatlardir.
Qonun hujjatlari o‘rtasidagi kolliziyalar huquqni tushunishda turli xil yondashuvlar, qarashlarning mavjudligida va milliy huquq tizim doirasidagi turli normalarning to‘qnashuvida yuzaga keladi.
Qonun hujjatlari o‘rtasidagi kolliziyalarning belgilari:
jamiyat ijtimoiy rivojlanishida obyektiv tarzda yuzaga keladigan qarama-qarshilik va ziddiyatlar bilan bog‘liq;
o‘zining formal xarakterga egaligi;
muayyan turdagi ijtimoiy munosabatlarning bir qator huquq normalari bilan tartibga solingan holdagina yuzaga kelishi;
huquq subyektlarining o‘z huquq va majburiyatlarini amalga oshirish jarayonida muayyan qiyinchiliklarni keltirib chiqarishi va boshqalar.
Qonun hujjatlari o‘rtasidagi kolliziyalarning kelib chiqishiga quyidagi omillarni sabab sifatida ko‘rsatish mumkin:
Birinchidan, obyektiv, ya'ni ijtimoiy munosabatlarning doimiy tarzda rivojlanib va o‘zgarib borishi natijasida yuzaga keladi. Bunda huquq ijodkori doim ham tegishli o‘zgarishlarga mos ravishda huquq normalarini shakllantirib borishga ulgurmasligi mumkin. Ikkinchidan, subyektiv, ya'ni yetarli tarzda huquqiy madaniyat, demokratik an'analar va tajribaning mavjud emasligi; qonun va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning sifat darajasi pastligi; huquqdagi bo‘shliqlarning mavjudligi; huquq ijodkorligi jarayonining lozim darajada muvofiqlashmaganligi; normativ-huquqiy hujjatlarning qat'iy va to‘liq tizimlashtirilmaganligi; tegishli davlat organlari va mansabdor shaxslar faoliyatidagi kamchiliklar; byurokratizm va boshqa omillarda yuzaga kelishi mumkin.
Qonun hujjatlari o‘rtasidagi kolliziyalarning Konstitutsiya va boshqa qonun hujjatlari, qonunlar va qonunosti hujjatlari, bir organ tomonidan qabul qilingan turli hujjatlar, turli xil organlar tomonidan qabul qilingan hujjatlar hamda umumiy va maxsus hujjatlar o‘rtasida yuzaga keladigan turlarini ko‘rsatib o‘tish mumkin.
Tegishli adabiyotlar va mavjud amaliyotni tahlil qilish orqali qonunchilikdagi kolliziyalarni bartaraf etishning quyidagi usullarini ko‘rsatib o‘tish mumkin:
ziddiyatli hujjatlar o‘rniga yangi normativ-huquqiy hujjatni qabul qilish;
ziddiyatli normativ-huquqiy hujjatlardan bittasini bekor qilish;
joriy hujjatga o‘zgartirish va aniqlik kiritish;
kollizion norma va tamoyillarni ishlab chiqish;
kollizion holatlarda yuzaga keladigan bahslarni sud tartibida ko‘rib chiqish (Konstitutsiyaviy sud, Oliy sud);
huquq normalari o‘rtasidagi ziddiyatlarni bartaraf etish maqsadida mazkur normalarni sharhlash;
huquq normalarini uyg‘unlashtirish va qonunchilikni tizimlashtirish va boshqalar.
Do'stlaringiz bilan baham: |