Davlatning vazifalari quyidagi xususiyatlarga ega:
funksiyaning amalga oshishini taqozo etadi;
uning amalga oshishidan oldin yuzaga keladi;
funksiyaga nisbatan obyektiv xarakterga ega;
funksiyaning mazmunini belgilab beradi;
funksiyaning shakl va metodlariga ta'sir qiladi;
funksiyasiz davlatning birorta ham vazifasi hal etilmaydi;
bitta funksiya orqali davlatning bir qator vazifalari bajarilishi yoki aksincha bo‘lishi mumkin.
Davlatning funksiyalari bu faoliyat yo‘nalishi, biroq yo‘nalishning aynan o‘zi emas. Funksiyalarni amalga oshirish faoliyati ma'lum tarixiy mazmun bilan to‘ldiriladi, binobarin, amalga oshirish jarayonida ularning o‘zaro nisbati orqali yuzaga keladi.
Albatta, davlat taraqqiyotining alohida bosqichlarida funksiyalarning mazmuni ham o‘zgarmay qolmaydi. Shuni qayd etish joizki, insoniyatni energiya manbalari va oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta'minlashga doir xalqaro iqtisodiy hamkorlik, alohida mamlakatlar doirasidan chiquvchi ilmiy hamkorlik, xalqlar o‘rtasida mustahkam tinchlikni o‘rnatish mohiyat-e'tibori bilan sinfiy xususiyatga ega emas. Biroq ularni amalga oshirish ham sinfiy, ham umumiy manfaatlarning hal qiluvchi ta'siriga bog‘liqdir.
Davlatning umumijtimoiy faoliyati davlat ichidagi munosabat va aloqalarning ma'lum darajadagi turg‘unligi, uning yaxlitligi va umumiy (iqtisodiy, madaniy, milliy va boshqa.) manfaatlar negizida birlashishini ta'minlaydi. Umumijtimoiy funksiyalarning solishtirma vazni nechog‘lik katta bo‘lsa, davlatning ixtiloflarni bartaraf etish, jamiyatda murosaga kelishish, ijtimoiy aloqalarni barqarorlashtirish vositasi sifatida tutgan o‘rni shu qadar yuqori bo‘ladi. Davlatning bunday o‘rni uni o‘z amaliy faoliyatida kuch va zo‘rlik ishlatish usullaridan voz kechishga majbur qiladi. U ko‘proq umumdemokratik, taraqqiyparvar institut va g‘oyalarga, jumladan, huquqiy davlat g‘oyasi, ijtimoiy va siyosiy hayotda huquqning hukmronligi, inson huquqlariga rioya qilish, kam sonli millatlarni himoya qilish, aholining davlat va jamiyat hayotida ishtirokining turli shakllari, o‘zini o‘zi boshqarish asoslarini qo‘llab-quvvatlash, matbuot erkinligi va oshkoralik, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini sud orqali himoyalashni ta'minlash hamda shu kabilarga murojaat qila boshlaydi.
Ko‘rinib turibdiki, davlat funksiyasi masalasi bo‘yicha yondashuvlar turlicha, ammo ularni tahlil etib quyidagi xulosaga kelish mumkin: davlat funksiyalari – bu davlatning maqsad va vazifalarini amalga oshirishga qaratilgan davlat faoliyatining asosiy (bosh) yo‘nalishlaridir.
Do'stlaringiz bilan baham: |