10.8. XALQARO HUQUQ NORMALARINI MILLIY QONUNCHILIKDA IMPLEMENTATSIYA QILISH MASALALARI
Milliy huquqiy tizimda xalqaro huquq normalarini tizimlashtirish, unifikatsiya qilish, turkumlashning reja va dasturlarini ishlab chiqish, ratifikatsiya va denonsatsiya qilingan hujjatlarni belgilangan tartibda kuchga kirgandan so‘ng milliy qonunchilikka tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha qonun ijodkorligi bilan shug‘ullanish, ularning normalarini milliy qonunchilik orqali bajarish mexanizmlarini ijtimoiy hayotga tatbiq etishda muhim omil bo‘ladi. Shu jihatdan qaraganda, implementatsiya – qonun ijodkorlik faoliyatining ustuvor sohasi bo‘lishi bilan bir qatorda, har bir davlatning suveren huquqi sifatida uni amalga oshirishning milliy-huquqiy va tashkiliy mexanizmlarining samaradorligiga erishish istiqbolli vazifadir.
Ta'kidlash joizki, xalqaro huquq normalarini amalga oshirish uchun “implementatsiya” (uyg‘unlashtirish) atamasidan keng foydalaniladi. Implementatsiya (ingl. “implementation” – amalga oshirish, joriy etish, bajarish) – xalqaro shartnomalarni (xalqaro huquqiy) davlat ichida amaliy joriy qilish xalqaro huquqiy normalarni milliy qonunlar va qonunosti aktlarga aylantirish yo‘li bilan amalga oshiriladi, bir qator davlatlarda ratifikatsiya qilingan xalqaro shartnomalar o‘z-o‘zidan milliy qonunchilikning qismi bo‘lib qoladi1. Xalqaro shartnoma normalarini implementatsiya qilish – ikki bosqichli jarayondir: o‘zgartirib o‘tkazish va ijro etish.
O‘zbekiston Respublikasida xalqaro huquq normalarining implementatsiya qilinishi davlat organi tomonidan huquqiy akt qabul qilinishi orqali amalga oshiriladi. Demak, respublikamiz a'zo bo‘lgan xalqaro shartnomalar milliy qonunchilikka implementatsiya qilinmaguncha qo‘llanilmaydi. Shu o‘rinda yana bir qoidani eslatib o‘tish lozim, ya'ni ko‘pchilik qonunlar yoki kodekslarda “xalqaro shartnomalarda boshqacha holat nazarda tutilgan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi” degan qoida mustahkamlangan. Masalan, Fuqarolik kodeksining 7-moddasida “Agar xalqaro shartnoma yoki bitimda fuqarolik qonun hujjatlaridagiga karaganda boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma yoki bitim qoidalari qo‘llaniladi”.
Ta'kidlash joizki, xalqaro shartnomalarni milliy huquqqa implementatsiya qilish turli mamlakatlarda turlicha usullarda amalga oshiriladi. Ba'zi mamlakatlarda xalqaro shartnomalar ularning huquqiy tizimlarining uzviy qismi deb e'lon qilinadi
(AQSh, Gollandiya, Rossiya). Xususan, Rossiya Federatsiyasi Konstitutsiyasida belgilanishicha, “xalqaro huquqning umume'tirof etilgan prinsiplari va normalari va Rossiya Federatsiyasining xalqaro shartnomalari mamlakat huquqiy tizimining tarkibiy qismi hisoblanadi” (15-moddaning 4-bandi); Fransiya va Italiyada xalqaro huquq normalari mamlakat milliy huquqidan ustuvor deb tan olinadi; uchinchi toifa mamlakatlarda (Buyuk Britaniya, Hindiston) xalqaro shartnomalar parlamentning yangi yoki qo‘shimcha normativ-huquqiy hujjat qabul qilishi orqali implementatsiya qilinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |