Ўзбекистон миллий университети ҳузуридаги илмий даражалар берувчи dsc


Globallashuv jarayoni: uning siyosiy munosabatlarga ta’siri



Download 1,89 Mb.
bet13/32
Sana14.08.2021
Hajmi1,89 Mb.
#147931
1   ...   9   10   11   12   13   14   15   16   ...   32
Globallashuv jarayoni: uning siyosiy munosabatlarga ta’siri

Bugungi kunda global taraqqiyot ijtimoiy-siyosiy hayotning barcha jabhalariga kirib bormoqda. Ushbu jarayonning ta’siri sezilmagan biror-bir sohani topish qiyin. CHunki, bugungi davr yirik o‘zgarishlarini o‘z ichiga olib, ular tez sur’atda dunyoning eng olis burchagida ham aks-sado bermoqda. Bunday barcha uchun umumiy bo‘lgan tezkor omil globallashuv nomi bilan atalmoqda. Ushbu tushunchaning mazmun-mohiyatiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, mamlakatimizning birinchi Prezidenti I.A.Karimov quyidagicha talqin etgan: “…globallashuv fenomeni haqida gapirganda, bu atama bugungi kunda ilmiy-falsafiy, hayotiy tushuncha sifatida juda keng ma’noni anglatishini ta’kidlash lozim. Umumiy nuqtai nazardan qaraganda, bu jarayon mutlaqo yangicha ma’no-mazmundagi xo‘jalik, ijtimoiy-siyosiy, tabiiy-biologik global muhitning shakllanishini va shu bilan birga, mavjud milliy va mintaqaviy muammolarning jahon miqyosidagi muammolarga aylanib borishini ifoda etmoqda”1. Haqiqatan ham jahon siyosiy maydonidagi muammolar umuminsoniyatga aloqador jihatlar sifatida Er kurrasi a’zolari zimmasiga juda katta mas’uliyat yuklab, ular o‘zaro birlashib, muammolarning maqbul echimini topishga intilmoqdalar. O‘tgan asrning oltmishinchi yillarida ilmiy-ommabop lug‘atlarda globallashuv atamasi paydo bo‘lib, ushbu tushunchaga nisbatan turfa qarashlar hamda ushbu kategoriya mazmun-mohiyatini ifodalovchi ilmiy tadqiqotlar vujudga kela boshladi. Natijada ijtimoiy hayot siyosatshunoslik, falsafa, sotsiologiya, madaniyatshunoslik fanlari oldiga ham ushbu fenomenni tadqiq qilish, jamiyatning ijtimoiy - siyosiy va madaniy sohalariga ta’sirini aniqlab, ushbu jarayonning ijobiy yoki salbiy mohiyatini belgilash vazifasini qo‘ydi.

Globallashuv ijtimoiy-siyosiy hayotda real jarayon sifatida ijobiy tushunchalarni o‘z tarkibiga olgani kabi, uning salbiy tomonlari ham namoyon bo‘la boradi. Globalizm mohiyati haqidagi ayrim ilmiy maqolalarda asrimizning boshlarida insoniyat oldida eng muhim va dolzarb savollar: “Biz qaysi tomonga ketyapmiz? Oldinda bizni nimalar kutmoqda? Insoniyat yashab qolish imkoniyatlariga egami”? “Qaerga ketayapsan?” degan savollar yuzaga kela boshlaganligini tez-tez takrorlash odat sirasiga kirmoqda.1 Bunday tushunchalar global chaqiriqlar sifatida insoniyatni ogohlantirib, global taraqqiyotning achchiq haqiqatlarini ham talqin etmoqda. Haqiqatan ham yuqorida ta’kidlanganidek, bunday chaqiriqlar lokal muammolarning tez muddatda global muammolarga aylanishining shubhasizligini bildiradi. Demak, globalizm fenomen sifatida ijobiy va salbiy jarayonlarning rivojlanib borishini bildirar ekan, biz o‘z tadqiqotimizda globallashuvning ijobiy jihatlari rivojiga ta’sir etuvchi omillar, uning salbiy jihatlarini minimallashtirish, buning uchun milliy qadriyat va an’anaviy axloq normalarini ko‘proq targ‘ib etish lozimligini ta’kidlash joizdir. CHunki, globallashuvning shiddatli ta’siridan chetda qolgan biron-bir hudud mavjud emas.

YUqorida ta’kidlangan jihatlarga javob izlash, tahdidlarni bartaraf etish hamda ijtimoiy-madaniy jihatdan globallashayotgan dunyoda mustaqil mamlakatimizning o‘rni va roli qanday bo‘lishini nazariy jihatdan asoslash uchun birinchi galda globallashuvning mohiyatini, mazmunini va uning nafaqat dunyodagi siyosiy jarayonlarga ta’sirini, balki insoniyat faoliyatining barcha sohalariga kirib borayotganligi, bunda pozitiv globallashuv va negativ globallashuvning o‘zaro munosabati, ijobiy jarayonlarning rivoji insoniyatni har qanday tahdidli holatlardan olib chiqishi, salbiy jihatlarning o‘zligini namoyon etishi insoniyat kelajagi uchun real xavf ekanligini ilmiy tadqiq qilish nazariy va amaliy ahamiyat kasb etishi shubhasizdir.

O‘zbekiston Milliy Ensiklopediyasida global atamasi quyidagicha izohlangan: “Global (frans. global – umumiy, lot. globus – shar) – 1) butun Er sharini qamrab oluvchi; 2) har tomonlama, to‘liq, yalpi, universal”.2 Falsafa Qomusiy lug‘atida “Global (umumbashariy) muammolar (frans. global – eng umumiy) – o‘z ko‘lami, qamrovi jihatidan xilma-xil va butun er shariga, insoniyatga daxldor bo‘lgan muammolardir”, - deyiladi.1 Ushbu ta’rifdan globallashuvning mazmun-mohiyati oydinlashadi. Demak, globallashuv insoniyatga daxldor jarayon sifatida e’tirof etiladi.

“Globallashuv atamasi dastlab amerikalik olim T.Levittning 1983 yili “Garvard biznes revyu” jurnalida chop etilgan maqolasida tilga olingan edi. Muallif yirik transmilliy korporatsiyalar ishlab chiqaradigan turli-tuman mahsulot bozorlarining birlashuv jarayonini shunday deb atagan”.2 Demak, globallashuv tushuncha sifatida dastlab ilmiy muomalaga iqtisodiy yiriklashuvning ifodasi bo‘lib kirib, keyinchalik ushbu atama o‘z mohiyati kabi kengayib ketgan. SHu o‘rinda Rahmon Qo‘chqorning quyidagi fikrlari globallashuvni ijtimoiy-falsafiy kategoriya va jarayon sifatida shakllanishi haqidagi fiklariga e’tibor qaratish joiz: “SHunga ko‘ra, G‘arb insonshunoslik fanlari tilida “inson degradatsiyasi”, “shaxsning emirilishi”, “odamning qiyofasizlashuvi”, “sivilizatsiya shomi” singari tushkun iboralar ko‘payayotganini tushunish mumkin”3. Globallashuv ijtimoiy-siyosiy mohiyat kasb etuvchi tushuncha sifatida siyosatchi, faylasuf va sotsiolog olimlarning diqqat-e’tiborini jalb etib kelmoqda. Fransiyalik olim B.Bandi ta’rifiga ko‘ra:

“- globallashuv – muttasil davom etadigan tarixiy jarayon;



  • globallashuv – jahonning gomogenlashuvi va universallashuvi jarayoni;

  • globallashuv – milliy chegaralarning “yuvilib ketish” jarayoni”.4

Rossiyalik jamiyatshunos olimlarning fikriga ko‘ra: «Bugun «globallashuv» tushunchasi falsafa, siyosatshunoslik va sotsiologiya fanlariga mustahkam kirib keldi. Fanda ushbu holatning sababini o‘rganuvchi yangi yo‘nalish rivojlanmoqda. Globallashuvning ijtimoiy-falsafiy konsepsiyalari asosida hozirgi insoniyatning qarash va nuqtai nazarlarini yaqinlashtirish, shuningdek ushbu jarayonning ijobiy va salbiy jihatlarini ham tadqiq etadi».5 SHuningdek, V.I.Dobrenkov fikriga ko‘ra: “Globallashuv bu - insoniyatning tabiiy va ob’ektiv ravishda bir butunlikka integratsiyalashuv jarayonidir.1 L.E.Grinin esa: “Globallashuv – mintaqalar va umuman jahonning integratsiyasi va yaqinlashuvi natijasidir”2, - deb tushuntiradi.

YAna bir Rossiyalik olim A.A.Usovning fikricha Globallashuv tushunchasining mazmun-mohiyatini aniq aytib berish birmuncha murakkab. Ayrim mutaxassislar globallashuvni jahon savdo tizimining yanada ochiq bo‘lishi va kengayishi va integratsiyalashgan hamda dunyo iqtisodiyotida chegara bilmasligi deya e’tirof etishsa, ba’zilar davlatlar va insonlar o‘rtasida o‘zaro bog‘liqlikni tushunadilar3.

S.Otamuratovning ta’kidlashicha: “Globallashuv” bo‘laklarning yiriklashuvi, bir butun holatiga kelayotganligidir. YAna ham aniqrog‘i, yuksak darajada taraqqiy etgan mamlakatlarning kuchli bosimi ostida u millatlar, mamlakatlar va mintaqalarning barcha sohalar bo‘yicha bir butunligi vujudga kelishining ko‘rinishi, namoyon bo‘lishining ifodasidir”.4 B. Umarovning xulosasiga ko‘ra: “...globallashuv jarayoni odamzodga o‘zaro axborot almashuv, aloqalarni mustahkamlash, ishlab chiqarish sur’atini kengaytirish borasida katta imkoniyatlar berish bilan birga yillar, asrlar davomida etilib kelgan muammolarni ham yuzaga chiqara boshladi”.5 B.Omonov fikricha: “Internet tarmog‘ining jadal rivojlanishi oqibatida tezkor sur’atlarda kengaygan globallashuv va mintaqalararo integratsiya davlatlar qurilishida yangi davrni boshlab berdi. Aslida globallashuv modernizatsiyalashuv jarayonini tezlashtirdi, desak xato bo‘lmaydi. Negaki, globallashuv – umumiy, to‘g‘rirog‘i, g‘arbona umumiy g‘oya atrofida birlashishdir”6.

Garvard biznes maktabi maslahatchisi yapon Kenichi Omae o‘zining 1990 yilda nashr etilgan «CHegarasiz dunyo» asarida ushbu terminga kengroq ta’rif beradi. Uning fikricha, kishilar, firmalar va bozorlarning ahamiyati tobora oshib, davlatning nufuzi qisqarib boradi. Globallashuv erasida barcha xalqlar va jarayonlar global bozorning ta’siriga tushadi, an’anaviy davlat esa o‘zining tabiiyligini yo‘qotib biznesdagi hamkor sifatida yaroqsiz bo‘lib qoladi. Xalqaro iqtisodiy sahnada asosiy harakatlanuvchi sub’ektlar sifatida global firmalar qoladi.

M.YU.CHernavskiyning fikricha, ushbu fenomen uch xil ma’noda tushunilishi mumkin. Birinchidan, kishilar, davlatlar va madaniyatlar o‘rtasidagi o‘zaro aloqalar hududining kengayib borishi sifatidagi tarixiy jarayon sifatida. Ikkinchidan, dunyoning siyosiy-iqtisodiy va madaniy bir xillikka tomon harakati sifatidagi umumiylik va gomogenizatsiya jarayonlarining kuchayishi natijasida ro‘y beradigan dunyoning universallashuvi sifatida. Uchinchidan, o‘zaro iqtisodiy munosabatlar sohasida milliy chegaralarning shaffoflashib borishi sifatida.1 SHuningdek, M.YU.CHernavskiy globalizatsiya hodisasini modernizatsiya mahsuli sifatida qaraydi. Uning fikricha, Sovet Ittifoqining «amerikanizatsiya» loyihasiga qarshi qo‘llagan modernizatsiya loyihasi keyinchalik globalizatsiya nomini oldi. Boshqacha aytganda, globalizatsiya sotsialistik modernizatsiya loyihasi inqirozining qonuniy oqibatidir. YAna bir rus olimi Rossiya strategik tadqiqotlar markazi rahbari o‘rinbosari, tarix fanlari doktori Mixail Muntyanning fikricha, globalizatsiya hodisasiga ilmiy jihatdan aniq va mazmunli qarash asosan globallashuv jarayonini fan texnika inqilobining informatsion bosqichi va uning dunyo iqtisodiy, moliyaviy, telekommunikatsion, transport tizimlari rivojiga real ta’siri bilan bog‘lovchi olimlarning ishlarida uchraydi. Ular globallashuv tushunchasini jamiyatning informatsion bosqichdagi xalqaro rivojlanishning asosiy yo‘nalishi sifatida taqdim etadilar. Ularning fikricha, Internet va butun dunyoni qamrab olgan turli xil transmilliy tashkilotlar, korporatsiyalar va harakatlar globallashuv jarayonining ramziy timsollari hisoblanadi.

Fikrimizcha, globallashuv ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy va ma’naviy jihatdan insoniyatning yaqinlashuvi, o‘zaro aloqalarning ustuvor mohiyat kasb etishi, shuningdek mavjud lokal muammolar kengayib, umumbashariy xarakter kasb etish ehtimolining muqarrarligidir. SHu bois globallashuv ijtimoiy-falsafiy kategoriya hamda voqelikdagi real jarayon sifatida neytral fenomendir. Uning ijobiy mohiyat kasb etishini ta’minlash ham, salbiy oqibatlarni keltirib chiqarishi ham insoniyat qo‘lida.

Bizga ma’lumki, XX asr oxiri va XXI asr boshida dunyo bir-biriga bog‘liq elementlardan iborat bo‘lgan yaxlit tizimga aylanib bordi. Bu esa globallashuv jarayonini jahon siyosati va xalqaro munosabatlarda asosiy omilga aylantirdi hamda ushbu fenomen jahon siyosati fanida bosh paradigma sifatida qabul qilindi. Demak, yuqorida qayd etilgan davrlarda globallashuv har qanday rivojlanishning asosiy omili va tendensiyasiga aylandi. Sababi har bir davrning rivojlanish qonuniyatlari va asosiy tendensiyalari bo‘lgani singari biz yashayotgan informatsion jamiyatning ham rivojlanish qonuniyati globallashuv hodisasidir. Buning mohiyati shundaki, bugungi kunda hech bir davlat biqiq holatda avtarkiya sharoitida tashqi dunyodan uzilgan holatda yashay olmaydi, ya’ni bunday davlat progressga erishishi mumkin emas. SHuningdek ayrim dolzarb muammolar borki, ularni bir yoki ikkta davlat miqyosida hal etib bo‘lmaydi. U jahon hamjamiyati e’tiboriga muhtoj. Bu esa davlatlarning tabiiy ravishda globallashuv jarayoniga tortilishiga olib keladi. Ko‘rinib turibdiki qonuniyatni o‘zgartirish mumkin emas.

Globallashuv erkin xalqaro savdo gimnining «muallifi» hisoblanadi. Globallashgan iqtisod butun dunyoda farovonlik darajasini oshirish, shuningdek, ijtimoiy sohadagi muammolarni likvidatsiya etishda eng samaralidir. Xattoki, atrof-muhitni muhofaza qilish borasida ham erkin savdo tufayli ijobiy natijalarga erishish mumkin, chunki kuchli raqobat bosimi resurslarga ehtiyotkorona munosabatni shakllantiradi va tabiat bilan munosabatda oqilonalikka majbur etadi. Eng asosiysi bu jarayon shaxs rivojlanishiga olib keladi. Sababi texnologiya yangi turlarining kirib kelishi, ishlab chiqarish usul va vositalarining takomillashishi intellektual jihatdan salohiyatli kadrlarga ehtiyojni vujudga keltiradi. Natijada kishilarda yangiliklarni o‘zlashtirish va intellektual salohiyatni oshirishga etarlicha impuls beriladi. Kuchli raqobat ularni o‘z-o‘zlarini takomillashtirishga va mavjud sharoitga moslashishga majbur etadi. Nihoyat bu butun jamiyatda intelektning yuksalishiga olib keladi.

Bundan tashqari globallashuvning demokratizatsiya, informatizatsiya kabi jarayonlari jamiyat rivojida alohida ahamiyatga ega. Jumladan, demokratizatsiya jarayonida sotsiumning elementlari ierarxiyasida jiddiy o‘zgarishlar ro‘y beradi. Ushbu ierarxiya quyidagicha strukturaga ega bo‘ladi: shaxs-jamiyat-davlat. Bunda davlat shaxs va jamiyat manfaatlarini ta’minlovchi instrument vazifasini o‘taydi. Jahon arenasida o‘z nufuziga ega bo‘lishni istagan har qanday davlat ushbu ierarxiyaga amal qilishi lozim.

Informatizatsiya jarayoni ham shaxs rivojida muhim ahamiyatga ega. Bunda shaxs o‘zining axborotga bo‘lgan ehtiyojini etarli darajada qondiradi. SHuningdek u ham informatsiya resursiga ega bo‘ladi, ham dunyoqarashini zamonaviy talab darajasida shakllantiradi. Ammo yuqoridagi ijobiy xususiyatlariga qaramasdan globallashuv hodisasi uchinchi dunyoda negativ qabul qilinadi. Jumladan, AQSH professori (asli afrikalik) Dennis Brutusning fikricha, globalizatsiya «profits before people», ya’ni «foyda insondan muhim» prinsipi asosida harakat qilmoqda. Uning bahosiga ko‘ra, globalizatsiyaning tarqalishi bilan ijtimoiy hayotda inson qadri yo‘qoldi, pul axloq ustidan hukmronlik o‘rnatdi1

Professor Mbeki globalizatsiya jarayonini antidemokratiya maqsadidagi biznes deb ataydi. Uning fikricha globalizatsiya kelishi bilan biznesning moliyaviy shaffofligi to‘liq yo‘qoldi va oylik maoshlar qisqardi. U o‘zi bilan g‘arb qulchiligining yangi shaklini olib keldi. Bunday qulchilikning xarakterli xususiyati shundaki, unda «xo‘jayin» shaxssizlashadi.2 YAna bir antiglobalist, Kairdagi Amerika universiteti professori Arui Mafele globallashuvni «Butun dunyo kapitalistlari birlashing!» shiori ostida ro‘y berayotganligini ta’kidlaydi. Uning fikricha, globallashuv tabiiy jarayon emas, balki u siyosiy boshqariladi. Globallashuvning asosiy raqibi- bu milliy oppozitsiyadir.1

Albatta globallashuv jarayonining salbiy oqibatlaridan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Ayniqsa uning madaniy standartizatsiya, informatizatsiya va qadriyatiy universalizatsiya jarayonlari milliy identifikatsiya krizisini keltirib chiqaradi. Ammo bunday salbiy holatlarni oldini olishning samarali yo‘li bu- ushbu jarayonning faqatgina ta’sir ob’ekti emas, balki sub’ektti ham bo‘lishdir. Bugungi kunda ayrim davlatlarni hisobga olmaganda dunyoning deyarli barcha mamlakatlari globallashuvning ob’ekti hisoblanadi. Masalan, YAponiya ushbu jarayonning ham ob’ekti, ham sub’ekti. U globallashuvning ob’ekti sifatida G‘arb qadriyatlarini o‘zlashtirib, sub’ekt sifatida ularni adaptatsiyalashgan ko‘rinishda Osiyoning boshqa mamlakatlariga taqdim etmoqda.2

Taniqli nazariyotchi va mutaxassislar tomonidan bildirilgan fikrlar asosida globallashuvning mazmun-mohiyatiga e’tibor qaratar ekanmiz, uning ijobiy tomonlari bilan bir qatorda salbiy jihatlari ham tahdid sifatida namoyon bo‘layotganini anglab, ijtimoiy hayotda bunday hodisalarning guvohi bo‘lamiz. Fikrimizcha, globallashuv fenomenini to‘liq idrok etish uchun uni ikki guruhga bo‘lib o‘rganmoq muammo mohiyatini anglashni osonlashtiradi:


  1. Pozitiv globallashuv.

  2. Negativ globallashuv.

Pozitiv globallashuv milliy xususiyat, mentalitet va qadriyatlarni hisobga olgan holda umuminsoniy manfaatlarni ifodalovchi jarayondir. Bunga xalqaro demokratik taraqqiyot, huquqiy davlatchilik, fuqarolik jamiyati, xalqaro saylov tizimi, OAV faoliyatini demokratlashtirish, xalqaro muammolarni birlashib hal etish, moliyaviy globallashuv, madaniyatlararo aloqalar, jahon miqyosida qashshoqlikka qarshi kurashish, aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, turfa epidemiyalarga qarshi umumiy faoliyat, umumiy majburiy ta’lim, xotin-qizlar haq-huquqlarini himoya qilish, bolalar huquqlarini himoya qilish, turfa urushlarning oldini olish kabi masalalarda o‘zaro yakdil faoliyat yig‘indisi kiradi.

Negativ globallashuv milliy qadriyatlarga va xavfsizlikka tahdid sifatida kirib kelishga urinayotgan jihatlardir. Bunga terrorizmning keng quloch yoyishga intilishi, ekologik tahdidlar, moliyaviy inqirozlar, muayyan hududda narx-navolarning ko‘tarilishi natijasidagi umumiy tanqislik, narkotik moddalar oboroti, turfa yuqumli kasalliklar tahdidi, “ommaviy madaniyat” ko‘rinishida namoyon bo‘luvchi axloqsizliklar, bir jinslilar orasida nikohlar va h.k.lardir. SHu o‘rinda Hindistonning mashhur davlat arbobi Mahatma Gandining fikri e’tiborli: “Men uyimning darvoza va eshiklarini doim mahkam berkitib o‘tira olmayman, chunki uyimga toza havo kirib turishi kerak. SHu bilan birga, ochilgan eshik va derazalarimdan kirayotgan havo dovul bo‘lib uyimni ag‘dar-to‘ntar qilib tashlashi, o‘zimni esa yiqitib yuborishini ham istamayman”.1 Ijtimoiy hayotda me’yor kategoriyasining doimiy amal qilishi umum taraqqiyotni ta’minlashi uchun xizmat qilishidek, globallashuv jarayonlari rivojida ham me’yor kategoriyasini qo‘llash jamiyatning barqaror rivojini ta’minlashga xizmat qiladi.

Ma’lumki, bugungi kunda dunyoda sodir bo‘layotgan eng muhim jarayonlardan biri - globallashuvdir. “Globallashuv jarayon sifatida xalqlar o‘rtasida hech qanday to‘siqlar va chegaralarsiz bir-biridan ajratilmagan dunyoni yagona o‘zaro bog‘langanligining qaror topishi sifatida talqin qilinadi.2 Globallashuv jarayoni haqida gap ketganda, ko‘pincha ushbu fenomen geosiyosat bilan ayrim hollarda uyg‘unlashib keluvchi tushuncha sifatida talqin etiladi. Geosiyosat fan sifatida davlat rivojlanishining jarayonlari va tamoyillarini mintaqa va dunyoning umumiy hisobda bir qancha omillarning (geografik, siyosiy, iqtisodiy, harbiy, ekologik, demografik, madaniy, diniy, etnik) tizimiy ta’sirini o‘rganadi3. Bunda ushbu omillarning xarakteri va ular ta’sirining xususiyatlari keyingi o‘n yilliklarda nihoyatda o‘zgardi va globallashuv jarayoni natijasida jahon siyosiy jarayonlarida yangi sub’ektlar yuzaga kelishiga olib keldi. Bu sub’ektlar nafaqat siyosiy jarayonlarga balki xalqlar, davlatlar va mintaqalar taqdiriga ham katta ta’sir ko‘rsatadigan kuchga aylandi. Hozirgi kundagi dunyo tuzilishi murakkabligi, hamda ko‘plab mezonlar bilan doimiy o‘zgarishda bo‘lishi “o‘zaro aloqador geosiyosat” shakllanishiga olib keldi.1 Ushbu omillar bevosita globallashuv va geosiyosat tushunchalarining ba’zi hollarda uyg‘unlashib kelishini bildiradi.

Globallashuv paradigmasini golland tadqiqotchisi YA.N.Piters bir necha tipologik guruhlarga bo‘ladi. Ular jumlasiga makdonaldlashuv va gibridlashuvni ham kirgizadiki, makdonaldlashuv – transmilliy korporatsiyalar tomonidan modernizatsiya yoki vesternizatsiya (evropalashuv, amerikalashuv) bayrog‘i ostida yirikroq madaniyatning ustunlik qilishi bo‘lsa, gibridlashuv – madaniyatlararo munosabatlarning rivoji natijasida yangi madaniy paradigmalarning vujudga kelishidir. Bu erda muallif madaniy globallashuvga atamalar ishlatishda salbiy nuqtai nazardan yondashgan. To‘g‘ri, madaniy integratsiyalashuv jarayonlari shiddat bilan amalga oshayotgan bugungi sharoitda madaniyatlararo konvergensiya tabiiy ravishda sodir bo‘lmoqda. Lekin, bunday jarayonni ifodalash uchun salbiy yoki komik atamalardan emas, ilmiy atamalardan foydalanish tadqiqotning ilmiy qiymatini oshirishga xizmat qiladi.

Darhaqiqat, bugungi taraqqiyot madaniy jihatdan integratsiyalashgan hamjamiyatlar birligini taqozo etmoqda. Bunda axborot omilining uzluksiz oqimi ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlarning tezlashuvi, dinamikasi, maydoni va miqyosini kengaytirib bormoqda. Globallashuv jarayonlarining tarixiy ildizlariga nazar tashlagudek bo‘lsak, garchi u davrlarda “global” atamasi ishlatilmagan bo‘lsada, jarayonning mazmun mohiyati o‘sha olis davrlarda ham o‘zaro umumiylikka intilishga moyillik mavjudligini ko‘rsatadiki, ushbu jihatlar ham tadqiq etishga arzigulik. Bu borada O‘zbekistonlik olim M.Xolbekov quyidagicha ta’kidlaydi: “Miloddan oldingi IV asrda yunon sarkardasi Aleksandr Makedonskiy butun Osiyoni qurol kuchi bilan zabt qilib, aslida yarim dunyoni birlashtirmoqchi, qudratli davlat barpo etmoqchi bo‘lgan va shu tariqa insoniyat tarixida globallashuv jarayonini boshlab bergan. YOki miloddan oldingi I asrda Rim imperatori YUliy Sezar ham xuddi shunday yo‘l tutib, butun Ovro‘poni ishg‘ol qilgan va qudratli imperiya sarhadlarini kengaytirgan”.2 Muallif ushbu jarayonlarni globallashuvning o‘ziga xos ko‘rinishi sifatida talqin qiladi. YUqorida ta’kidlangan jihatlarga asoslanib quyidagi konsepsiyani ilgari surishimiz mumkin: Globallashuv – ijtimoiy-tarixiy, g‘oyaviy, madaniy va ma’naviy jarayon sifatida insoniyatning o‘zaro manfaatli umumiylikka intilishining real natijasidir. Ushbu konseptual g‘oyadan kelib chiqib, globallashuvni quyidagi guruhlarga bo‘lishimiz mumkin:


  1. Tarixiy globallashuv.

  2. G‘oyaviy globallashuv.

  3. Madaniy-ma’naviy globallashuv.

  4. Iqtisodiy-siyosiy globallashuv.

Tarixiy globallashuvga yuqorida M.Xolbekov ta’kidlagan Aleksandr Makedonskiy, YUliy Sezarlar siyosiy-harbiy faoliyatlari bilan bir qatorda Sohibqiron Amir Temur va Zahiriddin Muhammad Bobur siyosiy-harbiy faoliyatlarini ham kirgizish mumkinki, ular qudratli yirik imperiya tuzish bilan birga o‘zaro manfaatli umumiylikni ham ta’minlaganlar.

G‘oyaviy globallashuvning tarixiy ildizlariga murojaat etadigan bo‘lsak, bunda o‘zaro umumiylikni targ‘ib etuvchi dinlar maydonga chiqadi. Ajdodlarimiz e’tiqod qilgan Zardushtiylik dini ham mintaqamizda mavjud bo‘lgan kichik ko‘rinishdagi guruhlarni birlashtirib, yagona g‘oyaviy yaxlitlikka asos soldi. Bunday g‘oyaviy umumiylik ajdodlarimiz orzu-armonlarini ifodalab, mintaqa xalqlari faoliyatini umumiy maqsad sari yo‘naltirganligi bilan qadrlidir.

Tadqiq etilayotgan jarayonning global va lokal xarakteridan kelib chiqib, bugungi kunda O‘zbekiston jamiyati a’zolarini umumiy, ezgu maqsad yo‘lida birlashtirish uchun Milliy g‘oya – konseptual dasturni ilgari surilganligi hamda jamiyatimiz a’zolari faoliyati ushbu g‘oyaviy dastur asosida o‘zaro umumiylikni, ya’ni fuqaroviy hamjihatlikni ta’minlash yo‘lidagi faoliyatlari ham lokal globallashuvning yorqin misolidir.

SHuningdek, g‘oyaviy globallashuvga buddizm, xristianlik va islom dinlarini ham kirgizish mumkinki, ular ma’lum mintaqa xalqlari madaniy va ma’naviy faoliyatini umumiy maqsad sari yo‘naltirish uchun g‘oyaviy asos sifatida maydonga kelgan.

Madaniy va ma’naviy globallashuvning ham tarixiy ildizlari diniy omillarga borib taqalsada, uning ijobiy yoki salbiy tarzdagi rivoji axborotlashuv omili bilan chambarchas bog‘liq. YA’ni, XX asrning oxiri hamda XXI asr boshlari insoniyatning madaniy va ma’naviy jihatdan globallashuvini ta’minladi. Bunga milliy qadriyatlarning ijobiy qirralarini mujassam etayotgan insoniyatning madaniy yaxlitligiga intilish, milliy ma’naviyatlarning ijobiy jihatlari (milliy xususiyatlarning ijobiy jihatlarini o‘zida mujassam etgan CHingiz Aytmatov, Gabriel Garsia Markes, Valentin Rasputin asarlari) jahon bo‘ylab tarqalishi ma’naviy globallashuvning namunasidir. Albatta, madaniy va ma’naviy globallashuvning salbiy ko‘rinishlari ham bo‘y cho‘zmoqdaki, bunga qarshi qurol sifatida milliy qadriyatlar maydonga chiqishi lozim.

Iqtisodiy-siyosiy globallashuv ushbu jarayonda o‘ziga xos omil sifatida namoyon bo‘layotganligi e’tiborlidir. Ayniqsa, iqtisodiy omil o‘tgan asrning ikkinchi yarmida globallashuvning mazmun-mohiyatini ifodalovchi fenomen sifatida ko‘rinish berdi. “Aslida, globallashuv XX asrning ikkinchi yarmidan boshlab turli daraja va ko‘rinishlarda mavjud bo‘lgan. Dastlab u stixiyali ravishda kechgan bo‘lsa, ma’lum vaqtdan keyin iqtisodiyotni taraqqiy ettiruvchi omilga aylangan”.1 1968 yilda italiyalik iqtisodchi, jamoat arbobi va tadbirkor Aurelio Pechchei asos solgan “Rim klubi”ning ham o‘z oldiga qo‘ygan maqsad va vazifalariga nazar tashlaydigan bo‘lsak, zamonaviy dunyoning global muammolarini o‘rganish, tahlil qilish va bartaraf etishga yo‘naltirganini ham globallashuvning dastlabki ko‘rinishlaridan biri deya e’tirof etilmoqda. “Rim klubi” tashabbusi bilan olib borilgan tadqiqotlar va uning natijalari ilmiy ma’ruzalar to‘plami shaklida dunyo afkor ommasi hukmiga havola etilishi insoniyat dunyoqarashini o‘zgartirib yubordi deb bemalol aytish mumkin.

M.G.Delyagin globallashuvni “YAgona umumjahon moliyaviy – iqtisodiy makonning yangi hamda kompyuter texnologiyalari ustunligi asosida shakllanib rivojlanish jarayoni” sifatida ta’riflaydi.2

Dastlab iqtisodiy asoslarga tayangan globallashuv asta-sekinlik bilan siyosiy xarakter kasb eta bordi. Globallashuv muammolari bilan shug‘ulanuvchi aksariyat olim va tadqiqotchilarning fikriga ko‘ra siyosiy jarayonlarda globallashuv ham o‘tgan asrning ikkinchi yarmiga to‘g‘ri keladi, deyishadi. Lekin, real siyosiy jarayonlarga nazar solgudek bo‘lsak, yigirmanchi asrning birinchi choragida umumjahon siyosiy tashkiloti bo‘lgan “Millatlar ligasi”ning tashkil etilishi, manfaatlar mushtarakligini ta’minlash uchun davlatlarning turli siyosiy-harbiy bloklar (Antanta) atrofida birlashuvi, ikkinchi jahon urushidan so‘ng Birlashgan millatlar tashkilotining vujudga kelishi, NATO, Varshava shartnomasi, ASEAN kabi harbiylashtirilgan bloklarning tuzilishi mohiyat-e’tibori jihatidan siyosiy globallashuvga intilishning o‘ziga xos ko‘rinishlari edi.

Bugungi kunda globallashuv tobora keng quloch yozib, siyosiy munosabatlarga ta’sir o‘tkazib kelmoqda. Uning bunday ta’siri milliy davlatlarning xalqaro siyosat sub’ekti sifatidagi faoliyatlarida ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Jumladan, O‘zbekiston ham o‘z milliy mustaqilligini qo‘lga kiritgach (1991 yil, 31 avgust) jahondagi eng yirik siyosiy birlik – BMTga teng huquqli a’zo sifatida qabul qilinib (1992 yil, 2 mart), jahon minbaridan global manfaatlarni ifodalovchi taklif va tavsiyalar bilan chiqa boshlagani xalqaro jarayonlarda pozitiv hodisa sifatida e’tirof etildi. Jumladan:

- 1993 yilning 28 sentyabrida Nyu-York shahrida mamlakatimizning birinchi Prezidenti I.A.Karimovning BMT Bosh assambleyasining 48-sessiyasida so‘zlagan nutqida Tojikiston va Afg‘onistondagi notinch vaziyat xalqaro hamjamiyat diqqat-e’tiboridan chetda qolmasligi lozimligini, narkotrafik va Orol muammolari ham xalqaro muammolar ekanligini;

- 1995 yilning 24 oktyabrida Nyu-York shahrida BMTning ellik yilligi munosabati bilan Bosh Assambleyaning maxsus tantanali yig‘ilishida so‘zlagan nutqida xalqaro hamjamiyat diqqat-e’tiborini mintaqaviy mojarolarga, ekologik muammolarga, shuningdek xalqaro hamkorlikni rivojlantirish uchun Afg‘oniston hududi orqali Hind okeani portlariga chiqadigan temir yo‘l, avtomobil kommunikatsiyalari qurish bo‘yicha samarali loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdor ekanligini;

- BMT Bosh Assambleyasining 55-sessiyasi (2000 yil, 8 sentyabr, Nyu-York) da Afg‘oniston muammosi xalqaro muammo ekanligi, Orol fojeasi va ekologik muammolarni xalqaro hamjamiyat doirasida echish lozimligini; O‘zbekiston tashabbusi bilan Afg‘oniston muammolari bo‘yicha “6+2” guruhi (O‘zbekiston, Rossiya, XXR, Eron, Pokiston, Tojikiston, kuzatuvchi sifatida BMT + Birlashgan front va Tolibon harakatining Toshkent shahridagi uchrashuvi va bunda “Afg‘onistondagi mojarolarni tinch yo‘l bilan hal qilishning asosiy prinsiplari to‘g‘risida” (1999 yil, 19 iyul) Toshkent deklaratsiyasi va boshqa jihatlar bir tomondan mustaqil O‘zbekistonning olib borayotgan tinchliksevarlik siyosatini belgilasa, ikkinchi tomondan globallashuv jarayonining siyosiy munosabatlarga bevosita ta’sirini ko‘rsatadi.

2018 yilning 26-27 mart kunlari Toshkent shahrida Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish muammolariga bag‘ishlangan “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzusida o‘tkazilgan konferensiyada O‘zbekiston Prezidenti SH.Mirziyoev “Urush olovi” afg‘on xalqiga chetdan tiqishtirilganini ta’kidlab, endilikda uni to‘la bartaraf etish dunyo hamjamiyati oldida turgan asosiy vazifalardan biri ekanligini e’tirof etishi, kelajakda global muammolarni hamkorliksiz hal etib bo‘lmasligi inkor etib bo‘lmas haqiqatga aylanganini ko‘rish mumkin.

Globallashuv jarayonining siyosiy munosabatlarga faol ta’sirini ta’minlashda BMT, Evropa Ittifoqi, SHanxay Hamkorlik Tashkiloti, Evropa Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi tashkiloti, BMT sub’ektlari – YUNESKO (fan va ta’lim), YUNIDO (sanoat taraqqiyoti), YUNISEF (bolalar jamg‘armasi, YUNITAR (o‘quv va ilmiy-tadqiqot instituti) kabilar, shuningdek Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Jahon banki, Xalqaro mehnat tashkiloti, Jahon savdo tashkiloti, yirik sakkizliklar (Rossiya, AQSH, Germaniya, Buyuk Britaniya, YAponiya, Fransiya, Kanada, Italiya), mintaqaviy tashkilotlar (ASEAN) globallashuv jarayonining indikatori hamda real natijasi sifatida siyosiy munosabatlarga faol ta’sir ko‘rsatib kelmoqdalar.

Mamlakatimiz Prezidenti SH.M.Mirziyoevning BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan ma’ruzasida Markaziy Osiyoda xavfsizlikni ta’minlash va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash borasida bildirgan takliflari hamda Afg‘onistondagi vaziyatning barqarorlashuvi nafaqat mintaqada balki global xavfsizlikni ta’minlashda ham asosiy rolni o‘ynashi haqidagi fikr-mulohazalari ham mazkur maslaning echimlariga qaratilganini aytib o‘tish joiz1

Umuman olganda, globallashuv jarayoni birinchi navbatda siyosiy munosabatlarga faol ta’sir o‘tkazib, jahon siyosiy birliklarini demokratik taraqqiyot hamda fuqarolik jamiyati asoslarini mustahkamlash sari yo‘naltirib, bugungi rivojlanish sharoitida bu o‘ta muhim omil hisoblanadi.



Download 1,89 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   9   10   11   12   13   14   15   16   ...   32




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling

kiriting | ro'yxatdan o'tish
    Bosh sahifa
юртда тантана
Боғда битган
Бугун юртда
Эшитганлар жилманглар
Эшитмадим деманглар
битган бодомлар
Yangiariq tumani
qitish marakazi
Raqamli texnologiyalar
ilishida muhokamadan
tasdiqqa tavsiya
tavsiya etilgan
iqtisodiyot kafedrasi
steiermarkischen landesregierung
asarlaringizni yuboring
o'zingizning asarlaringizni
Iltimos faqat
faqat o'zingizning
steierm rkischen
landesregierung fachabteilung
rkischen landesregierung
hamshira loyihasi
loyihasi mavsum
faolyatining oqibatlari
asosiy adabiyotlar
fakulteti ahborot
ahborot havfsizligi
havfsizligi kafedrasi
fanidan bo’yicha
fakulteti iqtisodiyot
boshqaruv fakulteti
chiqarishda boshqaruv
ishlab chiqarishda
iqtisodiyot fakultet
multiservis tarmoqlari
fanidan asosiy
Uzbek fanidan
mavzulari potok
asosidagi multiservis
'aliyyil a'ziym
billahil 'aliyyil
illaa billahil
quvvata illaa
falah' deganida
Kompyuter savodxonligi
bo’yicha mustaqil
'alal falah'
Hayya 'alal
'alas soloh
Hayya 'alas
mavsum boyicha


yuklab olish