g) “Tashqi” dinlarning arab jamiyatiga ta’siri
Asrlar davomida takomillasha borishi natijasida murakkab ideologik sistemaga aylangan yahudiylik, xristianlik va zardushtiylik dinlarining u yoki bu darajada Arabistonda tarqalishi, albatta, mahalliy aholiga ta’sir ko‘rsatmay qolmadi. SHuningdek, bu ta’sir bir xil bo‘lmagani ham tabiiy bir hol. Masalan, islom g‘alabasidan keyin ham arablarda otashparastlik bilan bog‘liq ba’zi odatlarning saqlanib qolganini hisobga olmaganda majusiylarning arablarga ta’siri uncha katta bo‘lmadi. Ammo yahudiy va xristian dinlari xususida bunday deb bo‘lmaydi.
SHuni alohida ta’kidlash kerakki, islomshunoslikka oid adabiyotning aksariyatida yahudiy va xristian dinlarining islom arafasidagi arab jamiyatiga ta’siri masalasida bir yoqlamalik, qolaversa, g‘arazgo‘ylik bor. Bunday asarlarning mualliflari ochiqdan-ochiq yoki xufyona islom dini ana shu ikki dinning biridan (yoki ikkalasidan) kelib chiqqan, undagi tushunchalar asosan Tavrot va Injildan olingan degan fikrni ilgari suradilar. Qaysi dinga ko‘proq moyillik bildirilganiga qarab, bu mualliflarning o‘zlari qaysi diyonatda ekanliklarini bilsa bo‘ladi. Ma’lum tarixiy vaziyatlarda ijtimoiy ongning ifodasi sifatida vujudga kelgan uchchala monoteistik din ham mustaqil. Ularning hech qaysisi himoyaga muhtoj emas. Faqat shu narsani qayd qilmoq zarurki, bu masalada chuqur ilmiy fikr bildirish uchun etarli asos yo‘q.
Gap shundaki, bizgacha qadimgi Arabiston yahudlarining yoki xristianlarining o‘z e’tiqodlari haqida, toat-ibodatlari haqida, atroflaridagi asosan ko‘p xudolikda bo‘lgan arablar bilan munosabatlari haqida yozgan birorta asarlari etib kelmagan. Hozircha faqat Arabiston xristianlari va yahudiylari ishlatgan va arablarga tushunarli bo‘lgan istiloh va atamalar xususida so‘z yuritish mumkin, xolos.
Masalan, hozirgi zamon arab tilida cherkovlarda ibodat vaqtini bildiradigan jom-qo‘ng‘irok (ruscha – kolokol) ma’nosida johiliya xristianlaridan qolgan “noqus” so‘zi ishlatiladi. “Noqus” uzun taxtadan iborat bo‘lib, unga boshqa kichikroq “vabil” deb atalgan yog‘och bilan urilardi. Xristianlarning ibodat joylarini ifodalash uchun asli siryoniy “bi’a” va habash tilidan olingan “savma’a” so‘zlari ishlatilgan. Xristian rohiblari yashaydigan manzil ham siryoniy tilidan olingan so‘z bilan “qulloya” (ruscha – kelьya shundan) deb atalgan. CHerkov ma’nosida johiliya arablari ko‘proh “deyr” (ko‘pligi adira) so‘zini ishlatganlar: deyr as-siva, deyr al-Hanzala, deyr al-Luj va hokazo. “Mehrob” so‘zi cherkovning o‘rta qismini anglatgan. CHerkovlardagi ibodat marosimi asli oromiycha “salot” /hozirgi arab tilida bu so‘z “namoz” ma’nosini beradi/ so‘zi bilan ifodalangan. Ertalabki va kechki ibodatlardan so‘ng rohiblar “tasbih” o‘girish, ya’ni xudoning nomini zikr qilish va ulug‘lashni odat qilganlar. Diniy qo‘shiqlarni ovoz chiqarmasdan, past va yuqori ovoz bilan kuylash “zamzama”, “haynama” va “sham’ala” deb atalgan. Umuman olganda Arabiston yahudiylari va xristianlari ishlatgan diniy terminlar etimologik jihatdan oromiy, yunon, lotin, habash va arab tillaridan olingan.
Johiliya arablari Tavrot va Injil personajlaridan ismlar sifatida foydalanganlar. Asli tavrotiy ismlaridan eng keng tarqalgani Odam, Ibrohim, Ishoq, Ismoil, Ayyub, Dovud va Sulaymon edi. SHuningdek, Iso, Abd al-Masih, Girgas, Roman, Sem’on (SHam’un), Nastas, YUhanna singari sof xristian ismlarini ham arablar orasida uchratish mumkin edi. Ayollar xristian ismlaridan Mariya, Marьyam va Hannani ko‘proq yoqtirardilar. Muhammad (sav) nikohida bo‘lgan ayollardan birining ismi – Mariya, undan tug‘ilgan, ammo go‘dakligida nobud bo‘lgan o‘g‘il – Ibrohim ismli edi. Mazkur ismlarning ba’zilaridan yangi arabcha shakllar ham paydo bo‘ldi: Dovud-Duod; Sulaymon-Salmon, Sallom, Sulaym; Iso-YAsu, YAshu va hokazo. SHu narsa xarakterliki, hozirgi zamon arab tilida “xristian” ma’nosini anglatadigan “masihiy” so‘zi islomdan oldingi arablarga umuman ma’lum emasdi. Ayni vaqtda har xil martabadagi xristian ruhoniylarini anglatuvchi chet tillardan kirgan “Batriq” (patriarx), “Matron” (mitropolit), “usquf” (episkop) kabi so‘zlar ko‘pchilik uchun tushunarli edi. Qur’ondagi “ahl al-injil” iborasi (Moida surasi,47) xristianlarni ko‘zda tutgan, albatta, chunki yahudlar Injilni tan olmaganlar.
Ma’lumki, deyarli ming yil davomida oromiy (suryoniy) tili YAqin SHarqda xalqaro til vazifasini bajargan. Bu erga savdo ishlari bilan kelib turgan arab savdogarlarida ham bu tilni o‘rganishga ehtiyoj tug‘ilgan. Kamdan-kam arab xristianlari Tavrot va Injilning asl tillari – ivrit va yunon tillarini bilganlar. SHarq xristianlari toat-ibodat ishlarida, asosan, oromiy tilidan foydalanganlarini hisobga olsak, bunga ortiqcha ehtiyoj bo‘lmaganligi ham tushunarli bo‘ladi. Arabistonda faoliyat olib borgan aksariyat xristian ruhoniylari oromiylardan bo‘lgan. Xristian dinini arab qabilalari orasida tarqatish uchun ular diniy adabiyotning hammasini bo‘lmasada, ba’zi qismlarini islomdan ancha oldin arabchaga tarjima qilgan bo‘lishlari kerak. Bu esa o‘z navbatida nafaqat diniy, balki yunon va suriyon falsafiy fikrlarini ham Arabistonga kirib kelishiga sharoit yaratgan. Xristian dini, shubhasiz, johiliya arablarining san’atiga ham ta’sir qildi. Xristian dini bilan birga Arabistonga cherkovlar, mehroblar, mazbahlar (qurbonlik qilinadigan joy – altarь) qurish san’ati, o‘ziga xos naqshinkorlik va tasviriy san’at namunalari kirib keldi.
Ko‘rinib turibdiki, yahudiy va xristian dinlarining johiliya arablariga ta’siri masalasida tugal fikr aytishga hali erta. Ammo ayni vaqtda bir narsada ikkala monoteistik dinning Arabiston islomoldi jamiyatiga ta’sir qilganini inkor qilib bo‘lmaydi. U ham bo‘lsa johiliya arablarining orasida mavjud bo‘lgan yakkaxudolik (tavhid) g‘oyasining yanada keng tarqalishida o‘z aksini topdi. YAmanda Rahmonga ibodat qilishga asoslangan o‘ziga xos yaman monoteizmi yoki uning boshqa bir ko‘rinishi – “Zu Samo”, ya’ni “Osmon egasi”ga sig‘inish, bu erga xristian dini kelmasdan oldin mavjud edi. Hijozda ham ota-bobolarining but-sanamlarga sig‘inishidan norozi kishilar ko‘p edi. Bir qancha katta shaharlarda, ayniqsa, Makkada yangi e’tiqod tarafdorlari iztirobda bo‘lgan qalblarga taskin beruvchi, butun borliqni yaratgan – xoliq, tanho xudoni qidirardilar. Umayya b. Abu Salt singari shoirlar xristianlar bilan yaqin aloqada bo‘ldilar, ularning kitoblaridan haqiqat qidirdilar. Ba’zilar panoh istab yahudiy yoki xristian diniga kirdilar ham. SHunday vaziyatda ko‘p xudolilikni keskin qoralab, ayni vaqtda yahudiy dinidan ham, xristian dinidan ham ko‘ngli to‘lmagan, boshi berk ko‘chadan chiqishning sof arab yo‘lini qidirgan kishilarning bir necha toifalari paydo bo‘ldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |