23. OMMAVIY SOG’LOMLASHTIRISH – SPORT ISHLARINI TASHKIL ETISHDA VOLEYBOLNING O’RNI
Voleybol geografik miqyos va ommaviylik jihatdan er yuzida futboldan keyin 2 o’rinda turadi. Agar hozirgi kunda jadal rivojlanib borayotgan va qisqa muddat ichida Olimpiya o’yinlari dasturiga kiritilgan “suv bo’yi” (plyajnqy voleybol) voleyboli bilan shug’ullanuvchilar e’tiborga olinsa, ommaviylik ko’rsatgichi keskin ko’tarilishi muqarrar.
Voleybolga bo’lgan bunday ixlos, qiziqish va istak-intilishlarning siri, o’yin maydonchasining nissbatan kichikligi (18x9 m), “joy” tanlamasligi, o’yinning oddiy va soddaligi, turli yoshdagi shug’ullanuvchilar imkoniyatlariga munosibligidadir. O’yin maydonni o’rta chiziq va ustunlarga tortilgan to’r bilan ikki bo’lakka ajratilgan maydonchalarida kechishi raqiblarni to’qnashishi, bir-birini itarib yuborishi va jismoniy ta’sir ko’rsatishiga yo’l qo’ymaydi. Ana shuning uchun voleybol yosh tanlamaydi.
Tarihiy manbalardan ma’lumki, dastavval Qo’qon va Farg’onada vujudga kelgan, so’ng Respublikamiz xududlari bo’ylab jadal ommalashib borgan voleybol a’zaldan sog’lomlashtiruvchi, dam olish va hordiq chiqaruvchi vosita sifatida kattayu-kichikni xizmatida bo’lib kelgan.
Mamlakatimizning turli xududlarida, hatto uzoq qishloqlarda, tog’-adirlarda, fermer xo’jaliklarida, mahallalarda, dam olish maskanlarida ko’plab voleybol maydonlari va ularda “tortishib”, bahslashib to’pni raqib maydoniga tushirish uchun kurash olib borayotgan bolakaylar, o’rta yoshdagi mehnatkashlar, tadbirkorlar, dehkonlar va hizmatchilar, hatto nafaqador fahriylarni uchratish mumkin.
YUrtimiz o’z mustaqilligiga erishgan kunlardan boshlab, Prezidentimiz tashabbusi va uning bevosita rahbarligida jismoniy tarbiya va sport tamomila yangicha mazmun, yangicha yo’nalish va ommaviylik cho’qqisiga qarab rivojlana boshladi. Minglab halqaro standartlarga mos sport inshoatlari, shu jumladan ochiq va yopiq tusdagi voleybol maydonlari barpo etildi.
Hamdo’stlik davlatlari ichida ilk bor mamlakatimizda joriy etilgan ko’p bosqichli va uzluksiz o’tkazilib kelinayotgan “Umid nihollari”, “Barkamol avlod”, “Universiada”, “Hotin-qizlar spartakiadasi”, “Fahriylar turnirlari”, “Alpomish” va “To’maris” festivallari dasturlaridan joy olgan voleybol ayni kunda global miqyos bo’ylab kengayib bormoqda.
So’z voleybolni sog’lomlashtirishdagi o’rni haqida borar ekan, ushbu o’yin mashg’ulotlarini sog’lig’i “oqsoqlangan”, jismonan zaif yoki zaiflashgan toifaga mansub shaxslar xayotiga olib kirish dolzarb masalalardan biridir.
Zamonaviy tibbiy-biologik tadqiqotlardan ma’lumki, dastavval turmush va mehnat faoliyati davomida faol harakatda bo’lgan, sog’lom va jismonan quvvatli bo’lgan insonlar, keyinchalik jismoniy harakatni sustlashtiradilar yoki kasb-kori bioan shug’ullanib yurgan ba’zi shaxslar vaqt yo’qligini bahona qilib, o’z harakati va sog’ligiga “hiyonat” qiladilar. Bunday holatlarda harakatni sustlanishi yoki faol harakatni chegaralanishi-gipodinamiya yuzaga keladi.
Mutaxassis-olimlarning fikriga binoan gipodinamiya zamon kasalliklari (yurak ishemiyasi, taxikardiya, gipertoniya, bronxial astma, osteoxandroz va h) ni yuzaga kelishiga sabab bo’ladi. Bunday holatlarni oldini olish, ularni bartaraf etish uchun tibbiy muolajalar, dori-darmonlar kam samarali ta’sir etadi, ular sog’liqni etarli tiklash va mustahkamlash kuchiga ega emas deb o’qtirgan buyuk tabib-olim Abu Ali ibn Sino. Uning fikricha maqsadli yo’nalishga xos harakatlar majmuasi, me’yorlangan jismoniy mashqlar bilan muntazam shug’ullanish eng o’tkir, bezarar, orom bag’ishlovchi, sihat-salomatlik belgilarini shakllantiruvchi “tekin dori-darmon” va “tekin muolaja” ekan.
Binobarin, sog’lig’i zaif yoki zaiflashgan shaxslarga mo’ljallangan mashg’ulotlar mazmuni, shiddati, xajmi va yo’nalishi ushbu shaxslarning real imkoniyatlariga qarab me’yorlanish lozim. Bunday mashg’ulotlarni tashkil qilishda o’yin mohiyatini yanada soddalashtirish, masalan partiyalar sonini (3 partiya) yoki hisobni (15 ochkogacha) kamaytirish mumkin. To’rni balandligini ishtirokchilar istagiga qarab pastroq tushirish, ayniqsa o’yinni muayyan vaqt (15 daqiqadan ikki bo’lim) davomida o’tkazish foydali natija beradi. Mashg’ulotlar 45-60 daqiqa muddat oralig’ida xaftasiga 3 marta o’tkazish muntazamligi ta’minlanishi lozim.
Kuzatuvlardan ma’lumki, voleybol o’yini dam olish uylarida va oromgohlarda eng ko’p tashkillashtiriladi. Voleybol maydonchalariga keluvchilarning asosiy maqsadi yuqori malaka yoki g’alaba emas, balki jismonan va ruhiy dam olishdir. SHuning uchun ularga sodda o’yin qoidalarini, texnik usullarni tanishtirish, o’rgatish va ularni qiziqishlarini oshirish ko’proq muhimdir.
Voleybol o’yinini tashkil etishda mashg’ulot joylarini tanlash va jihozlash bilan ta’minlash alohida ahamiyatga ega. SHug’ullanuvchilar va ishqibozlar uchun maydoncha atroflari o’rindiqlar bilan jihozlanishi kerak. Voleybol maydonchalari bir nechta bo’lishi zarur. CHunki bu mashg’ulot bilan shug’ullanuvchilarning ko’payishiga olib keladi. Maydonchalar yonma-yon tarzda joylashtirilib, ular orasi etarli darajada keng bo’lishi kerak. Maydoncha atroflarini ko’kalamzorlashtirishga katta e’tibor berish kerak. Maydoncha yaqiniga voleybol o’yini qoidasi va texnik usullarni bajarish bo’yicha rasmlarni qo’yish, o’yinchilarni tezroq harakat ko’nikmalarini egallashga ancha yordam beradi. Oromgohning sport ishlari bo’yicha yo’riqchi-uslubiyatchisi bu haqda zarur ishlarni amalga oshirishi kerak.
Maydonchalar turli yoshdagilar uchun maxsus ajratilishi va kerakli darajada jihozlanishi kerak. Ommaviy sport musobaqalarini tashkil etish va o’tkazishda tibbiyot xodimlari xizmati ta’minlanishi darkor. Ommaviy sog’lomlashtirish va sport bayramlariga voleybol sport turini kiritish tavsiya etiladi. Bularni tuman, shahar miqyosida, mahallalar o’rtasida o’tkazish mumkin. Musobaqa oldidan yuqori malakali sportchilarning ko’rgazmali ishtirok etishi o’zgacha samara beradi.
Voleybol musobaqasini dam olish uylarida va oromgohlarda o’tkazishda jamoalarni tashkil qilish qiyinchilik tug’diradi. CHunki o’yinchilarning o’yin ko’nikma va malakasi har xil bo’ladi. O’tkazilayotgan musobaqalarni qiziqarli bo’lishini ta’minlashda jamoalarni bir-biriga teng qilib taqsimlash zarur. O’yinchilarni tayyorgarlik darajasiga qarab o’yin qoidalariga engilliklar kiritish mumkin (to’pni o’yinga yaqinroqdan kiritish, to’rni balandligini kamaytirish va shu kabilar). O’yinchilarning mahoratlari oshgan sayin qo’llanilgan engilliklar asta-sekin olib tashlanadi.
Qaysi dam olish uyi, sog’lomlashtirish maskanida sport ishlari yaxshi yo’lga qo’yilgan bo’lsa, o’sha erda xordiq chiqaruvchilar yoki salomatliklarini tiklovchilar ko’p bo’ladi. Ommaviy voleybol esa ayni muddaodir. Salomatlik va jismoniy tayyorgarlik darajasiga shug’ullanuvchilarni quyidagi guruhlarga bo’lish tavsiya etiladi:
I guruh – jismoniy mashg’ulot bilan doimiy shug’ullanib turuvchi yoshlar va o’rta yoshdagilar;
II guruh – jismoniy mashg’ulot bilan doimiy shug’ullanmaydigan, sog’lom, lekin ayrim funktsional kamchiliklarga ega bo’lganlar;
III-guruh – surunkali kasallikka chalingan, jismoniy mashg’ulot bilan umuman shug’ullanmaydiganlar.
Guruhlarning xususiyatlaridan kelib chiqib mashg’ulotlarni me’yorlangan darajada tashkil qilish va o’tkazishga e’tibor berish kerak. Voleybolni sog’lomlashtirishdagi o’rni bo’yicha suhbat va muloqotlar o’tkazib turish uni aholi o’rtasida yanada ommalashishiga turtki beradi (quyidagi ilovada mavzuga oid andoza aks ettirilgan).
Andoza
“Ommaviy sog’lomlashtirish – sport ishlarini tashkil etishda voleybolning o’rni” mavzusi bo’yicha nazorat savollari
1. Ommaviy sog’lomlashtirish ishlarida voleybol qanday ahamiyatga ega?
2. So’nggi yillarda dasturiga voleybol kiritilgan qanday ommaviy musobaqalar o’tkazilyapti, ularga qisqacha izoh bering?
3. YUrtimizdan qanday sog’lomlashtirish maskanlari mavjud va ularda voleybol qanday o’rin tutadi?
4. Voleybol bo’yicha sog’lomlashtirish guruhlari qanday tashkil etiladi?
5. Sog’lomlashtirish guruhlarida voleybol mashg’uloti qanday tartibda o’tkaziladi?
Do'stlaringiz bilan baham: |