Kasbiy talablar. Gid kasbini tanlagan insonlarga ushbu kasb bir necha talablarni qo‘yadi, ya’ni madaniy-tarbiyaviy ishlarga ishtirok etish ishtiyoqi, tarbiya jarayonida ekskursiya xizmatining mohiyati, undagi o‘z rolini tushunishi, burchini his etishi, yaxshi diksiyaga ega bo‘lishi, bir yoki bir necha ekskursiya mavzulari bo‘yicha aniq bilimlarga ega bo‘lishi, madaniyatsizlik va eskicha qarashlarga befarq bo‘lmasligi, o‘z bilimlarini uzluksiz takomillashtirishi, yangilikka intilishi, ishda tashabbus ko‘rsatishi va ijodiy yondashishi, ekskursantlarni qiziqtirishi va talablarini chuqur o‘rganishi, turli guruhdagi insonlarga xizmat ko‘rsatishda turlicha yondashuv; tarbiyaviylik, yuqori madaniyat va xulq-atvor, ekskursantlar bilan to‘g‘ri munosabat yuritishi, ekskursiya xizmatini o‘tkazish uslubiga ega bo‘lishi, xullas, kasb sirlarini yaxshi bilishi kerak. Har bir gid nafaqat o‘z mutaxassisligi bo‘yicha bilimlarga, balki pedagogika va psixologiya asoslarini ham bilishi zarur bo‘lmoqda. Gid o‘z ishini to‘g‘ri tahlil qilishi, o‘tkazgan ekskursiya xizmatiga ob’ektiv baho berishi, prinsipial va o‘ziga nisbatan talabchan bo‘lishi muhimdir. Gid kasbi aniq amaliy malakaga ega bo‘lishni talab qiladi. Bu malaka unga o‘z bilimlarini auditoriya uchun to‘g‘ri tanlab olish, mujassamlashtirish va samarali uzatish imokoniyatini beradi. Gid kasbini tanlaganlar quyidagilarni qila olishi kerak: zaruriy, aniq ma’lumotlarni tanlashi, o‘qib o‘rganishi, aniq mavzudagi ekskursiyaga individual matn tayyorlashi, uslubiy qo‘llanmani tuzishi, ularni amaliyotda qo‘llashi, «gid portfeli»dagi ko‘rgazmali vositalarni to‘g‘ri va o‘z vaqtida qo‘llashi, boshqa gidlar bilan tajriba almashishi, mintaqaning ekskursiya imkoniyatlarini targ‘ib qilishda ishtirok etishi va sh.k. Gidning amaliy bilim va ko‘nikmasi unga uslubiy ishlarda qatnashishda, to‘garaklarni, turistik guruh rahbari hamda turagentlar uchun malaka oshirish kurslarini olib borishda, yosh gidlarga yordam berishda kerak bo‘ladi. Amaliy bilim va malakaning mavjudligi gid ustamonligining mustahkam negizidir. Kasb va mutaxassislik. Gidlarning kasbiy mahoratini takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlaridan biri mutaxassislikdir. Eng avvalo «kasb» va «mutaxassislik» kabi ikki tushunchaning mazmuni va o‘zaro aloqasini aniqlab olamiz. Kasb – aniq bilim va ko‘nikmalar jamlanmasini talab qiluvchi mehnat faoliyati shaklidir. Mutaxassislik – bir kasb zahirasidagi faoliyat turi. Masalan: vrach bu – kasb bo‘lsa, terapevt, jarroh, stomatolog bu - mutaxassislik va sh.k. Kasb asosiy faoliyat turi bo‘lsa, «mutaxassislik» tushunchasi ma’lum kasb doirasida bilim va mahoratga erishganlik darajasini ko‘rsatadi, ya’ni, mutaxassis bu biror mutaxassislikni professional egallagan ishchidir. Gidlarni tayyorlash jarayonining vazifasi - mutaxassislarni malakali gid qilish, ya’ni gid kasbining zaruriy bilim va ko‘nikmalariga ega bo‘lishi uchun har bir mutaxassisga yordam berishdir. Bunda ishni shunday tashkil etish kerakki, ekskursiya muassasasiga kelgan kishi o‘z mutaxassisligini nafaqat saqlab qolsin, shu bilan birga uni takomillashtirib, ekskursiya xizmatini yaxshi tashkil etishi uchun o‘z vazifasini mustahkamlasin. Tarix o‘qituvchisi gid bo‘lganidan keyin tarixiy mavzuda ekskursiyalar o‘tkazishi maqsadga muvofiqdir. Undan tabiatshunoslik mavzusida ekskursiya mavzusini tayyorlashni talab qilish noto‘g‘ri bo‘ladi. Bu mavzudagi ekskursiyalarni mutaxassis – biolog, geograf tayyorlashi maqsadlidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |