3-MAVZU: PROKARIOTLAR MORFOLOGIYASI VA HUJAYRA TUZILISHI
Reja:
1. Bakteriya hujayralarining shakllari va morfologik tiplari
2. Bakteriya hujayrasining tashqi tuzilishi
3. Bakteriyalarning sporalari va ularning hosili bo’lishi
Bakteriya hujayrasining umumiy tuzilishi. Kapsula va shilliq qavat. Kimyoviy tarkibi va funktsiyalari. Bakteriya xivchinlari, joylanishi. Fimbriy va pililar va ularning funktsiyalari. Bakteriya sporalari va ularning hosil bo’lishi, tiplari. Sporalarning vegetativ hujayralardan farqi. Kiritmalar.
Bakteriya hujayrasi murakkab tuzilishga ega. Elektron mikroskopning yaratilishi, o’ta yupqa kesmalar tayyorlash usullarining ishlab chiqilishi, mikrobiologiya usullarini rivojlanishi bakteriya hujayrasining tashqi va ichki qurilmalarini o’rganishga katta imkon yaratdi.
Hozirgi vaqtda 2500 ga yaqin bakteriyalar turi ma’lum. Morfologiyasiga ko’ra bakteriyalar 3 turga bo’linadi:
1. SHarsimon
2. Tayoqchasimon yoki tsilindrsimon,
3. Buralgan.
Bakteriyalarning shakllari. SHarsimon bakteriyalar kokklar (kokkus-lotincha don) deyiladi. Ular sferasimon, ellipssimon, no’xotsimon va boshqa ko’rinishga ega bo’ladi. Bakteriya hujayralarining bir-biriga nisbatan joylanishiga qarab, har xil nomlanadi. SHarsimon bakteriyalar hujayrasi bo’linib, ayrim joylashsa ular monokokklar, hujayra bo’linishi natijasida har xil uzum boshi kabi to’plamlar hosil qilsa, stafilokokklar deyiladi. Bakteriyalar bo’lingandan so’ng ikkitadan bo’lib joylashadiganlari – diplokokklar, bo’linish natijasida uzun zanjir hosil qilsa streptokokklar, to’rttadan bo’lib joylashsa – tetrakokklar, kub shaklida joylashsa – sartsinalar deb ataladi.
Bakteriyalarning ko’pchiligi tsilindr yoki tayoqchasimon shaklga ega bo’ladi. Tayoqchasimon bakteriyalar uzunligi, katta – kichikligi, ko’ndalang kesimi, hujayra uchining ko’rinishi, hujayralarining o’zaro joylanishlari bilan farqlanadi. Hujayra uchlari to’g’ri, oval, buralgan yoki o’tkirlashgan bo’lishi mumkin. Bakteriyalar qayrilgan, ipsimon, shohlangan ham bo’lishi mumkin. Spora hosil qilish xususiyatiga ko’ra tayoqchasimon bakteriyalar - bakteriyalar va batsillalarga bo’linadi. Bakteriyalar – deb spora hosil qilmaydigan mikroorganizmlarga aytiladi. Batsilla deb esa spora hosil qiladigan tayoqchasimon bakteriyalarga aytiladi. Demak bakteriya termini mujassamlashgan termin bo’lib, o’z safiga bakteriya, batsilla, sharsimon va buralgan mikroblarni birlashtiradi. Bakteriyalar ayrim, yakka-yakka, tayoqchalar, ikkitadan joylashganlari diplobakteriyalar, spora hosil qiluvchilari bo’lsa diplobatsillalar, zanjir hosil qiluvchilarini esa streptobakteriya (streptobatsilla ) deyiladi.
Ba’zan buralgan yoki spiralsimon ko’rinishga egalari ham uchraydi, ular spirillalar (spira - lotincha buralgan) deb, vergulga o’xshash kalta egilganlari vibrionlar (vibrio so’zi lotincha qayrilaman) deb ataladi.
Bakteriyalarning ipsimon shakllilari, ko’p hujayralilari ham bo’lib, hujayraning tashqi tomoni har xil o’simtalar hosil qiladi. Ularning uchburchak, yulduzsimon, ochiq yoki yopiq xalqa, chuvalchangsimon va boshqa shakllari ham uchraydi.
Bakteriyalar o’lchami kichik bo’lganligi uchun mikrometrlarda, nozik strukturalari esa nanometrlarda o’lchanadi. Kokklarning razmeri (diametri) 1 – 2 mkm ni tashkil etadi. Tayoqchasimonlarining eni 0.5 - 1 mkm, uzunligi esa 1-5 mkm. bo’lishi mumkin. Mayda tayoqchalilarining kattaligi 0.22-0.4 x 0.7-1.5 mkm bo’ladi (1-jadval). Bakteriyalar orasida bir necha yuz mikrometrga yetadiganlari ham uchraydi. Agar bakteriya hujayrasi qattiq oziqa muhitiga ekilsa bir necha soatdan so’ng ular ko’payib oddiy ko’z bilan ko’rish mumkin bo’lgan koloniya (bakteriya hujayralari to’plami) hosil qiladi. Koloniyalar ko’rinishi, rangi va boshqa hususiyatlari bilan bakteriya turiga bog’liq holda har bir bakteriya turi uchun o’ziga xos spetsifiklikka ega bo’ladi. Bakteriya hujayrasining o’rtacha og’irligi 4×10-13 g (4 ko’paytiruv o’n ustida minus o’n uch) ga teng.
Do'stlaringiz bilan baham: |