Umumiy ma’lumot: Quyida O’zbekistonda tarqalgan virus kasalliklari va ularning simptomlari va ba’zi boshqa xususiyatlari haqida qisqacha to’xtab o’tamiz.
1. G’o’za virus kasalliklari g’o’zaning ingichka va o’rta tolali navlarida tarqalgandir. Ular dunyo bo’yicha 18 dan ortiq bo’lib, ulardan eng asosiylari: “g’o’zaning jingalak barglilik” (kurchatov listev) kasalligida g’o’za bargi asosiy tomirining rivojlanmay qolishi sababli barglar jingalaklashadi va ba’zan mozaika alomatlari (chiporlanish) kuzatiladi. Barglar soni ham kasal o’simliklarga ancha kamroq barglarda xol-xol dog’lar paydo bo’ladi, barg qavariq shaklga kiradi, ba’zan bargda oqish, to’q yashil mozaika kuzatiladi, barg plastinkasi dag’allashadi, bo’g’imlar orasi qisqaradi, barg yuqoriga qarab buraladi. “O’simlik o’siq nuqtalarini dastalashishi” (puchkovidnaya verxushka) virus kasalligida o’simlikning o’sish nuqtasidagi barglar, gullar orasi qisqaradi, tomirlari yo’g’onlashadi, o’simlikning uchida shoxlar dastalashadi.
G’o’zada yana “tomirlararo sariq mozaika”, “xol-xol (chipor) barglilik” (krapchatost), “psilloz” (barg va poyaning jigarrang tusga kirishi), “barglarning maydalashishi” (izmelchennost listev), “antotsianoz”, “tomirlararo mozaika”, “orasining qisqarishi” (ukorochenie mejdouzliy) kabi kasalliklar mavjud.
2. Kartoshkaning virus kasalliklari ham juda keng tarqalgan bo’lib, dunyo bo’yicha 20 dan ortiq virus kasalliklari topilgan. Ularning 10 tasi MDX davlatlarida va 4 ta — (X, U, A, K) O’zbekistonda uchraydi. Virus bilan kasallangan o’simlik bargining tomirlari och tusga kiradi, bargida “xol-xollik” (krapchatost) yoki ajinlar paydo bo’ladi. “A” virus bilan kasallangan kartoshka bargida katta-katta dog’li mozaika hosil bo’ladi, keyinchalik barg to’lqinsimon egilib, jingalak bo’ladi. Virusning virulent shtammlari keskin mozaika hosil qiladi. Agarda kartoshkaning “A” virusi “X” virusi bilan birga uchrasa, kartoshka bargida burmalar, g’ijimlar paydo bo’lib, barg buraladi, tomirlararo shishlar paydo bo’ladi, barglar mo’rtlashib, oson sinadi. Kartoshka “K” virusi bilan kasallangan bo’lsa, o’simlikning yuqori yarusidagi yosh barglarda kuchsiz dog’lar paydo bo’ladi.
Kartoshka “U” virusi bilan kasallansa yaqqol ko’zga tashlanadigan aniq simptomlar ko’zga tashlanmasligi mumkin. Agarda “U” virusi boshqa viruslar bilan birgalikda uchrasa mozaika, yo’l-yo’l shtrixlardan iborat (“strik”) mozaika hosil bo’ladi. Ba’zan boshqa kartoshka viruslari bilan birgalikda uchraganda o’simlikda pakanalik (karlikovost) alomatlari kuzatiladi.
3. Butgulli o’simliklarda (redis, sholg’om, turp, karam, raps) “sholg’om mozaikasi virusi”, “redis mozaikasi virusi”, “gulkaram mozaikasi virus” lari uchraydi. Kasal o’simliklarda aniq mozaika va bargni bujmayishi va rivojlanishdan to’xtashi kuzatiladi.
4. Dukkakli o’simliklarda 6 xil virus kasalligi uchraydi. Ulardan “no’xat mozaikasi virusi” bilan kasallangan no’xatda barg tomirlarining oqaradi va mozaika xosil bo’ladi. No’xatda yana boshqa simptomga ega kasallik — “no’xatning yuqori yaruslarining sarg’ayishi” kasalligi uchraydi, yuqori yarus barglarida kuchli xloroz (barg rangini yo’qolishi) kuzatiladi, barg mo’rt bolib qoladi. Mosh o’simligida esa “mosh mozaikasi virusi” uchraydi, barg tomirlari oqaradi va barg pastki tomonga qarab buraladi, shishlar bo’ladi, barg plastinkasining shakli o’zgaradi, o’simlik o’sishdan qoladi, urug’i maydalashib ketadi. Bu virus loviya o’simligini ham kasallantiradi.
Moshda yana “moshning sariq mozaikasi virusi” uchraydi. Kasallangan o’simlik bargida dog’lar jadallik bilan ko’payadi, o’simlik o’sishdan qoladi. Bu kasallik loviya, soya va boshqa dukkakli o’simliklarda ham uchraydi.
5. Qovun va bodring o’simliklarida “bodring mozaikasi virusi” uchraydi. Ikkala o’simlikda ham mozaika simptomlari kuzatiladi. Bu virus qovoqsimonlar, murakkab gulli o’simliklar va dukkaklilarda uchraydi.
6. Beda o’simligida “beda mozaikasi virusi” uchraydi, kasallangan o’simlik bargida doira shakldagi dog’lar hamda mozaikali barglarning jingalaklanishi kuzatiladi.
7. Jo’xorini “jo’xori pakana mozaikasi virusi” kasallantiradi. Barglarida chiziq-chiziq shaklli sariq mozaika kuzatiladi, o’simlik o’sishdan qoladi, jo’xori so’talarida don miqdori o’ta kamayib, 20-30 % gina qoladi. Ayniqsa, o’simlikni virus bilan juda erta kasallantirsa, virusning zarari juda katta bo’ladi, jo’xori doni maydalashadi, olingan urug’ning unishi o’ta pasayadi.
Yuqorida ko’rsatilgan kasallik alomatlarini e’tiborga olgan holda mashg’ulotda beriladigan tabiiy va gerbariy materiallarni guruxlarga ajratish, ular haqida chuqur bilimga ega bo’lish zarur.
Do'stlaringiz bilan baham: |