3.Hujumni qaytarish vaqtida zarar yetkazishning maqsadi
Hujumni qaytarish vaqtida zarar yetkazishning maqsadi faqatgina mudofaalanuvchining shaxsi va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda emas, balki boshqa shaxslar, davlat va jamiyatning qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini ham himoya qilishdir.
Ba’zi sudlar zaruriy mudofaa to‘g‘risidagi qonunni fuqarolar o‘zlariga qilingan tajovvuzga nisbatangina amalga oshirish huquqiga ega bo‘ladilar. Va- holanki, zaruriy mudofaa to‘g‘risidagi qonunni qo‘llash davlat mulki, jamoat tartibi, boshqa fuqarolarning hayoti, sha’ni va qadr-qimmati, manfaatlarini tajovuzdan qo‘riqlashga ham oiddir1.
Shaxsning zaruriy mudofaadan o‘ch olish uchun bahona sifatida (hujum qiluvchi badaniga shikast yetkazish yoki o‘ldirish, janjal qo‘zg‘ash va boshqa maqsadlarda) foydalanib, ig‘vo qilishi istisno etiladi. Bunday hollarda sodir etilgan qilmish umumiy asoslarga ko‘ra kvalifikatsiya qilinishi kerak.
Ayrim o‘rinlarda hujumga yo‘liqqan shaxslar, agar qochib qutulish, fuqarolar, hokimiyat vakillariga yordam so‘rab murojaat qilish yoki tajovuz qiluvchiga faol qarshilik ko‘rsatishning biror-bir o‘zga usulini tanlash imkoni bo‘lganida, faol himoyalanish huquqiga hojat yo‘q, deb xato fikr bildiriladi. Bunday nuqtai nazar, Jinoyat kodeksining 37-moddasining talablariga, shuningdek, xalqimiz ongida mustahkamlangan sha’n, qadr-qimmat, jasurlik, batartiblik kabi axloqiy tasavvurlarga ham mos kelmaydi.
Hujumni faol qarshilik ko‘rsatish yo‘li bilan qaytarganda zarar uchinchi shaxsning manfaatlariga emas, hujum qilgan shaxsga yetkazilishi kerak, chunki mudofaa qiluvchining maqsadi qo‘riqlanadigan manfaatlarni tajovuzdan himoya qilish hisoblanadi. Ko‘rib o‘tilayotgan qoidaning mavjudligi ana shu bilan asoslanadi. Tajovuz qiluvchi faqat jismoniy shaxs bo‘lishi mumkin. Agar tajovuz hayvonlardan (it, sigir, ot va b.) foydalanish yo‘li bilan amalga oshirilib, qarshilik ko‘rsatish jarayonida o‘ldirilsa, bunday qilmish, tajovuz (hujum) qilganga mulkiy zarar yetkazilgan zaruriy mudofaa sifatida ko‘rib chiqilishi kerak. Bunday vaziyatda mudofaalanuvchining harakati, agar ular zaruriy mudofaa vaqtida zarar yetkazishning qonuniyligiga oid boshqa shartlarga mos kelsa, qonuniy hisoblanadi.
Hujum qiluvchiga yetkazilgan zararning xususiyati uning o‘limida, badaniga yetkazilgan har qanday shikastda, shuningdek, mulkiy zarar yet- kazilishida ifodalanishi mumkin. Hujum qiluvchiga yetkazilgan zararni qonuniy deb topishda (ayniqsa, so‘z uni hayotdan mahrum qilish to‘g‘risida borayotgan bo‘lsa) tajovuzning xavflilik darajasidan kelib chiqish kerak. Tajovuz qanchalik xavfli bo‘lsa, uni qaytarish uchun yo‘l qo‘yiladigan qarshilik (daf etish) choralari shunchalik qattiq bo‘ladi. Agar hujum qiluvchi mudofaalanuvchini o‘ldirishni niyat qilib zo‘rlik ishlatgan bo‘lsa, uning o‘limiga olib keladigan holgacha himoyalanish mumkin. Bunda hujum qilu- vchining niyatidan u tajovuz jarayonida qo‘llaydigan aniq harakatlari dalolat beradi. Hayotiy muhim a’zolariga chuqur jarohat yetkazish mudofaalanuvchini o‘ldirishga urinishdir. Boshqa unchalik xavfli bo‘lmagan harakatlar sodir etish o‘ldirishni istisno etadi, demak tajovuz qiluvchiga yetkaziladigan zarar o‘ldirish ehtimolini istisno etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |