Avesto zardushtiylikning asosiy manbasi.
Zardushtiylikning asosiy manbasi va muqaddas Avesto kitobi hisoblanadi. Avesto O‘rta Osiyo, Eron, Ozarbayjon xalqlarining islomgacha davrdagi ijtimoiy-iqtisodiy hayoti, diniy qarashlari, olam to‘g‘risidagi tasavvurlari, urf-odatlari, ma’naviy madaniyatini o‘rganishda muhim va yagona manbadir. Uning tarkibidagi materiallar qariyb 2 ming yil davomida vujudga kelib, avloddan-avlodga og‘zaki ravishda ko‘chib borgan.
Axuramazdaning rasmiy tus olishiga qadar uning Zardusht orqali vahy qilingan ilohiy xabarlari Turon va Eron zamini xalqlari orasida asrlar davomida turli diniy marosimlar, duolar, madhlar, sura va oyatlar sifatida yig‘ila boshlagan. Bular Zardushtning o‘limidan keyin kitob holida jamlangan va «Avesto» (o‘rnatilgan, qat’iy qilib belgilangan qonun-qoidalar) deb nom olgan.
Afsuski, bu eng qadimgi yozma adabiyot, axloq-odob qoidalarini o‘zida mujassamlashtirgan asar bizgacha to‘liq etib kelmagan. Avesto haqida buyuk olim Abu Rayhon Beruniy shunday yozadi: «Yilnoma kitoblarida bunday deyilgan: Podshoh Doro ibn Doro xazinasida (Abistoning) o‘n ikki ming qoramol terisiga tillo bilan bitilgan bir nusxasi bor edi. Iskandar otashxonalarni vayron qilib ularda xizmat etuvchilarni o‘ldirgan vaqtda uni kuydirib yubordi. Shuning uchun o‘sha vaqtdan beri Abistoning beshdan uchi yo‘qolib ketdi».
Avestoning Aleksandr Makedonskiy tomonidan Gresiyaga olib ketilgani, zarur joylarini tarjima ettirib, qolganini kuydirtirib yuborganini, o‘n ikki ming qoramol terisidagi tillo matn haqidagi (Tabariyda 12000 pergament) keyingi davrlarda yaratilgan Zardushtiylik adabiyotida («Bundahishin», «SHahrixon Eron», «Denkard» (IX asr), «Arda Viraf-namak» (IX asr), «Tansar xatlari» (VI asr), «Muruj az-zahab», «Forsnoma» va boshqa ma’lumotlar bor. Bu asarlarda yunoniylar otashxonalarni vayron qilganlari, ibodatxonalar boyliklarini talon-taroj etganlari, din arboblarini o‘ldirib, asir olib ketganliklari haqida yoziladi. Hozir bizgacha etib kelgan Avesto, Beruniyning yozishicha, aslining beshdan ikki qismi xolos. Avesto o‘ttiz «nasx» edi, majusiylar qo‘lida o‘n ikki nasx chamasi qoldi».
Yozma manbalarga ko‘ra haqiqatan ham Avesto mo‘bidlar orasida avloddan-avlodga, og‘izdan-og‘izga o‘tib, asrlar osha yashirin saqlangan. Dastavval (1 yoki 2 asrlarda) Arshakiylar davrida Avesto qismlarini to‘plash boshlangan. Keyincha Sosoniylar davrida, Ardasher Papakan (227-243) davrida yozib olingan. Ayniqsa, SHopur (243-273) davrida astrologiya, tabobat, riyoziyot va falsafaga oid qismlari yozib olinib, hamma qismlari tartibga keltirilgan, keyinchalik bu asosiy matn to‘ldirib borilgan. Avestoning ana shu to‘ldirilgan nusxasining ikki to‘liq qo‘lyozmasi Hindistonda saqlanadi: biri Bombayda zardushtiylarning madaniy markazi bo‘lmish Koma nomidagi institutda; ikkinchisi Kalkuttadagi davlat kutubxonasida. Har ikkalasi parfyan yozuvida.
Bizning fikrimizcha, Janubiy Uraldagi o‘tga sig‘inuvchi xalqlarning dini hali maslak, nazariy jihatdan ishlab chiqilmagan bo‘lsa kerak. Avestoning 13,17,149 yashtlarida airiya, tuiriya, sairima, saina, daxa qabilalari zardushtiylik dinini qabul qilishdi.
Natijada Avestoning eng qadimgi qismlari, yashtlar yuzaga keladi. Insoniyat tarixida birinchi bo‘lib Zardusht insonlarning bu dunyodagi hayotiga yarasha narigi dunyodagi taqdiri hal bo‘lajagi haqidagi ta’limotni yuzaga keltirdi.
Avestoning saqlanib qolgan to‘rtta kitobidan birinchisining nomi «Vadovdot» (devlarga qarshi qonun) deb ataladi. U yigirma ikki bob bo‘lib, asosan Zardusht bilan Axuramazdaning savol-javoblari va muloqotlaridan iborat. Ikkinchi kitob «YOsin» deb ataladi. Va uning mazmunini asosan Zardushtning xatlari (nomalari) yoki «Gat»lari tashkil etadi. U etmish ikki «Ha», ya’ni bashoratdan iboratdir. Birinchi bashoratda tabiat va halolliklar hukmdori, hamma narsani biladigan va hamma narsaga qodir Axuramazdaning vahylari haqligiga imon keltirishga doir duolar mavjuddir. Uchinchi kitob «Visporat» deb nomlangan. U yigirma to‘rt bobdan iborat bo‘lib, olamni bilishga doir pand-nasihatlardan iboratdir. Uni ibodat namozlari yig‘indisi ham deyishadi. Ayni paytda «Yosin»ga qo‘shimcha hisoblanadi. To‘rtinchi kitob «Bundaxash» deb atalib, u qadimiy Eron (pahlaviy) tilida yozilgan. Unda xudoning zolim kuchlarga qarshi kurashda ulug‘lovchi o‘ziga xos yigirma ikkita qadimiy qo‘shiqlar majmuasi joy olgan.
Avesto haqida eng muhim manba IX asrga oid «Denkard» (din amallari) asaridir. Unda Avestoning yigirma bir kitobi to‘la ta’riflab berilgan. Bu ta’riflar: savobli ishlar yo‘riqnomasi; diniy marosimlar va rasm rusmlar qoidasi; zardushtiylik ta’limoti asoslari; dunyoning Axuramazda tomonidan yaratilishi; oxirat kuni va undagi hisob-kitob; falakiyot; ijtimoiy-huquqiy qonun-qoidalar; Zardushtning tug‘ilishi va bolaligi; haq yo‘lini tutish; jamiyat a’zolarining haq-huquqlari; devlar, jinlar kabi yovuz kuchlarga qarshi o‘qiladigan duolar, amallar va boshqalardan iboratdir.
Zardushtiylik dini haqida ingliz olimi Dj.Buger, fransuz olimi A.Dyupperon juda qimmatli ma’lumotlar qoldirgan. Masalan, A.Dyupperon 1755 yilda Hindistonga ilmiy safar qilib, u erdagi zardushtiylar orasida uch yil yashagan, ularning ibodatlari, urf-odatlarini yaxshi o‘rgangan va Avestoni fransuz tiliga tarjima qilgan. Uch jildlik tarjima 1771 yilda nashr etilgan. Ayni paytda shuni ham ta’kidlash joizki, olimlarimizning fikricha Avesto G‘arbiy Evropa, Eron va Hindiston tillari orqali bizga etib kelgani uchun undagi nomlar, atamalar aksariyat hollarda asliga to‘g‘ri kelmaydi. Avestoda turkona jihatlar kam qolgan.
«Avesto»ning tarxiy-ma’rifiy ahamiyati
«Avesto» qadimgi O`rta Osiyo, Eron va Ozarbayjonning tarixi, siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy hayoti, goegrafiyasi va tabiati, ilm-fani, etnografiyasi va hokazolar bilan tanishtiruvchi manba sifatida ham juda qimmatlidir.
«Avesto»da tasvirlangan jamiyat chorvachilar va dehqonlarning qadimgi jamiyatidir. Unda o`z davrida emirila borgan ibtidoiy jamoa tuzumi ham, quldorlik va tug`ilib kelayotgan feodal munosabatlari ham qisman bayon etiladi. Kishilar xudolarga murojaat qilib, ulardan ko`p chorva, katta yaylovlar va sug`oriladigan keng ekin maydonlarini tilaganlar. «Avesto» chorvasi, yaylovi va ekin maydoni ko`p bo`lgan kishilar ham, tobe bo`lgan yo`qsillarni ham ko`z o`ngimizda gavdalantiradi. Zodagonlar mol- mulklarini ko`paytirish uchun qo`l ostilaridagi dehqonlarni va chorvadorlarni eksplutasiya qilish bilan qanoatlanmay, bosqinchilik urushlari olib borib, chorva mollarini, yangi yaylovlarni va qullarni qo`lga kiritadilar. Zardushtiylikning sinfiy mohiyati Axura Mazdaning so`zlarida ham ravshan ifodalanadi, u xudo qiyofasidan chiqib, tobora shoh qiyofasiga yaqinlashib boradi.
«Avesto» madaniy hayotning turli sohalariga doir, chunonchi , qadimgi medisina, astronomiya, kosmogoniya va falsafaga doir material va ma’lumotlar ham beradi.
«Avesto» ma’lum darajada adabiy yodgorlik hamdir. Unda badiiy til vositasi, obrazli so`zlar xiyla ishlatilgan bo`lishidan tashqari og`zaki adabiyot yodgorliklarining to`plagan bir manba hamdir. Unda Kayumars, Yima, Gershasp, Arjasp va boshqa mif hamda afsonalar hikoya qilinadi. Uning ancha qismi (asosan «Gotlar» va «Yashi» ) she’r bilan bitilgan. She’riy misralar hijolarning miqdori prinsipi asosida tuzilgan. Yasht ko`pincha 8 (ba’zan 10-12) hijoli misralardan tarkib topgan.
«Avesto» kitobi mukammal suratda nashr etildi. Ellik bosma taboqdan iborat bu tarixiy-adabiy obida bugungi kungacha er yuzida saqlanib qolgan «Avesto» matnlarini tugal o`z ichiga oladi.
Kitob so`zboshi, so`nggi so`z, olti daftar, avestoyi tushunchalar va islohotlar mukammal sharhlangan izohlardan iborat. Nufuzli tahrir hay’ati nazorati ostida chop etilgan kitob shoir Asqar Mahkamning o`n yillik mashaqqatli va samarali mehnati tufayli tilimizga o`girildi.
Qo`limizdagi «Avesto» kitobi Zardushtning «Gohlar»i bilan boshlanadi. Gohlar bu ulug` obidaning eng qadimiy bo`limlaridan, yoxud Zardushtning beklik qo`shiqlaridan tashkil topgan. Aslida avestoyi «Goso» bo`lgan bu istiloh keyincha tilimizda «goh» shaklida o`zlashdi, chunonchi, «Dugoh», «Segoh», «Chorgoh» va hokazo.
Birinchi daftar olam va odamning yaralishi, hayot va yashashning mazmuni, ezgulik va yovuzlikning paydo bo`lishi ularning o`zaro kurashi xususida hikoya qiladi. «Ahunavad goh», «Ushtavad goh», «Spiantmada goh», «Vahuvxshtar goh», «Vahiyshtvaysht goh»dan iborat. Mazkur bo`limda oliy iloh Axuramazda dunyo, borliq, inson, ruh, koinot va zamin xususidagi o`z aqidalarini Zardushtga bayon qiladi. Zardusht bu ta’limotni qabul qilib, bashar farzandlariga etkazishiga so`z beradi.
Ikkinchi daftar «Yasna» deb nomlanadi. «Toat va salobatga munosib» ma’nosini anglatuvchi Yasnalar bugungi «Avesto»ning muhim juz’i bo`lib, 72 qismdan iborat Yasna «Ibtido» deb nomlanguvchi alohida alohida duolar, madhiyalar, munojotlardan tuzilgan. Zardushtiylarning kundalik turmushiga singdirilgan bu alqov va duolarda butun borliqqa yog`ilgan avestoyi ilohlar nom-banom ulug`lanadi, ularga nazr-niyoz keltirish tartib-qoidalari zikr etiladi. Yasnalarda Axura Mazda yovuz kuchlarga qarata shunday xitob qiladi «Ey, devlar! Sizlarning barchangiz qabih niyatga qarindoshsiz. Sizlarni azaldan qo`llab-quvvatlab, asrab-avaylab, kelayotgan kuch kazzoblik va xudbinlikdan boshqa hech narsa emas. Bu yolg`on va munofiqona amallaringiz bilan etti iqlimga nom taratdingiz va oxir-oqibat sharmanda bo`ldingiz ..»
Xulosa
Xulosa sifatida aytish mumkinki, zardushtiylik nafaqat jamiyatda sog’lom turmush tarzini qaror toptirishga, balki Sharq davlatlarida axloqiy qadriyatlarni keng yoyishga xizmat qilgan. Odamlarning ma’naviy qadriyatlarga amal qilib yashashlari, jannat va do’zax, qiyomat, odamning qayta tirilishi va ilohiy davlatning yaratilishi singari g’oyalari keyinchalik xristianlik va islom dini ta’limotlarining ishlab chiqilishida muhim manba vazifasini o’tagan. Bu o’rinda men prezidentimiz I.A.Karimovning «Tarixni bilmay turib, mafkuraning falsafiy nеgizlarini anglab bo’lmaydi» degan fikirlarini naqadar keng manoli va chuqur mulohazali ekanligini anlab yettim va bu fikrlariga mutloq qo’shilaman.
Do'stlaringiz bilan baham: |