Abu Nasr Farobiy bolalarni axloqli, nazokatli qilib tarbiyalashda musiqa bilimining ahamiyati haqida bunday deydi: ”Bu fan shu ma’noda foydaliki, kimning fe’l-atvori muvozanatni yo‘qotgan bo‘lsa, u tartibga keltiradi, kamol topmaganlarni kamolga yetkazadi va muvozanatli bo‘lganlarni muvozanatini uzoq muddatga saqlaydi. Musiqa ruhni davolaydi, uning sozlarining ta’siri bilan ruhiy quvvatlar o‘z substansiyasiga uyg‘unlashadi va tartibga, muvozanatga keladi”.
Farobiy o‘zining “Iso-al-ulum” kitobining oxirgi bo‘limida: “Inson aqli faqat bilim bilan cheklanmaydi, balki odat va qarashlarni o‘zining maqsadlariga bo‘ysundira olishi va yo‘naltirishi, o‘zgartirishi ham mumkin,” -deb yozadi. Uning fikricha, har bir kishi bilimlarni yaxshi egallamog‘i, yaxshi va barkamol tarbiya olmog‘i, eng yaxshi fazilatlarga ega bo‘lmog‘i kerak. Farobiy fikricha, kishidagi tub g‘oya – saodatdir. Tarbiya vositasi bilan bolalarda hosil qilinadigan barcha insoniy, axloqiy fazilatlar shunga qaratilmog‘i kerak.
Zamonaviy sharoitda ta’lim ta’sirning psixologik asoslari
Insonning tabiatini o‘zgartiradigan, uning shaxsini tarkib topishiga ta’sir qiladigan kuch ijtimoiy omillar yoki boshqacha qilib aytganda, jamiyat ishlab chiqarish kuchlari hamda ishlab chiqarish munosabatlarining o‘sishi va o‘zgarishidir. Bundan tashqari inson shaxsining tarkib topishiga ta’sir qiluvchi yana bir kuchli omil - inson orttirgan tajribalarining tarbiya vositasi orqali bolalarga berilishidir. Shunday qilib, inson shaxsi juda murakkab psixologik kategoriya bo‘lib, u kishining individual hayoti davomida ma’lum konkret omillarning ta’siri ostida sekin-asta tarkib topadi. Ilmiy manbalarga qaraganda inson shaxsi uchta faktorlar ta’sirida tarkib topadi. Ulardan birinchisi, odam tug‘ilib o‘sadigan tashqi ijtimoiy muhitning ta’siri bo‘lsa, ikkinchisi, odamga uzoq muddat davomida sistemali ravishda beriladigan ijtimoiy ta’lim-tarbiyaning ta’siridir va nihoyat, uchinchisi odamga nasliy yo‘l bilan beriladigan irsiy omillarning ta’siridir.
Insonning psixik taraqqiyotida va shaxsiy sifatlarining tarkib topishida tashqi, ijtimoiy muhit va tarbiyaning roli hal yetuvchi ahamiyatga egadir. Lekin, inson shaxsining tarkib topishi, yuqorida aytib o‘tganimizdek, faqat shu ikkita faktorga emas, balki uchinchi bir faktorga ham bog‘liqdir. Bu faktor nasliy yo‘l bilan ayrim anatomik va biologik xususiyatlarning ta’siridir. Masalan: tanasining tuzilishi, sochi va ko‘zlarining rangi, ovozi, gapirish uslublari, ayrim harakatlari tug‘ma ravishda berilishi mumkin. Lekin, shuni hech qachon esdan chiqarmaslik kerakki, odamga hech vaqt uning psixik xususiyatlari, ya’ni uning aqliy tomonlari bilan bog‘liq bo‘lgan sifatlari nasliy yo‘l bilan berilmaydi. Nihoyat, nodir hollarda ayrim qobiliyatlar, masalan, musiqa, matematika qobiliyatlarda nasliy yo‘l bilan berilishi mumkin. Bunday imkoniyatlarning amalga oshirilishi, ya’ni ro‘yobga chiqishi uchun albatta, ma’lum sharoit bo‘lishi kerak.
Hozirgi kunda xalqimiz orasidan yetishib chiqqan iste’dodli olimlar, muhandis-ixtirochilar, yozuvchi va shoirlar, davlat va jamoat arboblari, iste’dodli artistlar, rassomlar va boshqa kishilarimizga nasliy yo‘l bilan berilgan barcha imkoniyatlarning ro‘yobga chiqishi uchun har qanday sharoit maydonga kelganligini dalili bo‘la oladi.
Shaxsning barcha xususiyatlari, munosabatlari va xatti-harakatlari shaxsning hayoti faoliyatida ma’lum rolni bajaruvchi va har biri murakkab qurilmadan iborat bo‘lgan hamda shartli ravishda to‘rtta o‘zaro mustahkam bog‘langan funksional bosqichlarga birlashtiriladi:
Shaxsning ana shu ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan barcha sifatlari ijtimoiy taraqqiyotning yuksak ongli faoliyatchisi sifatidagi shaxsning hulq-atvori va xatti-harakatlarini belgilaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |