Zamonaviy qullikning global ko’rsatlichlari
XMTning “Zamonaviy qullikni global baholash: majburiy mehnat va nikoh” mavzusidagi dokladida, 2016-yilda dunyo bo’ylab 40,3 mln odam, yo majburiy mehnatda(24,9mln) , yo majburiy nikohda (15,4mln) bo’lgan. Bu degani dunyoda har 1000 ta odamning 5 tasi zamonaviy qullikning qurboni bo’lishgan. O’z navbatida, qurbonlarning 71 foizini ayollar va xotin-qizlar tashkil etadi. Elspluatatsiyaga uchragan ayollar va xotin-qizlarning katta qisimi jinsiy xarakterdagi ekspluatatsiya va majburiy nikoh qurboni bo’lishgan. Ekspluatatsiya qurbonlari orasida bolalarning ulushi juda yuqori – qurbonlarning har 4 tasidan biri 18-yoshdan kichik. Ayniqsa bolalarning majburiy nikohda bo’lgan ulushi juda yuqori – taxminan 37 foiz6.
Xalqaro Migratsiya Tashkiloti (XMT) ma'lumotlariga ko'ra 2002 yildan 2018 yilgacha odam savdosi qurbonlarini ekspluatatsiya qilish tarkibida o'zgarishlar yuz berganini ko'rsatdi. Avval ishlashga majbur qilinganlarning ulushi 2014 yilda 6% dan 88% gacha o'sgan bo'lsa keyin 2018 yilda 14% gacha tushdi. Bu esa jinsiy ekspluatatsiyaning 94% dan 10% gacha va undan keyin esa 86% gacha o'sishiga sabab bo'ldi. O'xshash holat bo'yicha gender struktura ham o'zgardi: 2014 yilgacha erkaklar ulushi o'sgan bo'lsa 2014 yildan 2018 yilgacha ayollar ulushi keskin o'sdi. O'z navbatida, 2014 yildan beri zamonaviy qullikning qurbonlar soni tobora kamayib bormoqda: agar 2014 yilda ularning soni 5486 ta bo'lgan bo'lsa, unda 2018 yilda - ularning soni faqat 297 kishini tashkil etdi.7
Zamonaviy qullikning mintaqaviy o'ziga xosligi
Zamonaviy qullik muammosi global bo'lganiga qaramay, yer sharining turli qismlarida, uning ayrim shakllari ustunlik qilayotgan bo'lsa, ba'zi mintaqalarda esa qurbonlarning yoshi va jinsi tarkibi boshqa joylardagidan farq qiladi. Ushbu xilma-xillik asosiy sababi milliy, diniy va madaniy qarashlarining turli xil ekanligidir. Qullik eksplutatsiyasi masalasi bo'yicha XMT o'z hisobotida 5 ta mintaqani alohida ajratib ko'rsatgan. Bular: Afrika, Amerika (ham Shimoliy, ham Janubiy), arab mamlakatlari, Markaziy Osiyo va Tinch okeani.8
Ba'zi Afrika mamlakatlarida qullikning feodal davridagi ko'rinishlari saqlanib qolingan. Masalan, butun bir oilalar oziq-ovqat va uy-joy uchun katta yer egasining yerida hali hamon ishlashga majbur bo'lmoqda. Aholi jonboshiga hisoblaganda Afrikada har ming kishidan 5 nafari majburiy nikohlar va har 7 nafari esa zamonaviy qullikning boshqa ko'rinishlarini qurboni bo'lmoqda. Bundan tashqari, Afrikada odamlarni noqonuniy ekspluatatsiya qilinishidan topilayotgan umumiy foyda yiliga 13,1 mlrd dollarni tashkil etsa, ularning aholi jon boshiga taqsimlanishi atigi 30 dollarni tashkil etadi xolos.9
Arab mamlakatlarida zamonaviy qullikning o'ziga xos xususiyati shundan iboratki, qurbonlarning katta qismi arab mamlakatlaridan emas, balki Osiyo yoki Afrikadan olib kelingan. Arab mamlakatlari haqida ma'lumotlar juda kamligi (ushbu mintaqada oxirgi 10 yilda atigi 2 ta milliy so'rov o'tkazilgan), qullik ekspluatatsiyasini masshtabini va uning sabablarini aniqlashni qiyinlashtiradi. Shunga qaramay, mavjud ma'lumotlarga ko'ra, arab mamlakatlarida zamonaviy qulchilikning qurbonlari soni bo'yicha (520ming kishi) aholi jon boshiga hisoblaganda boshqa mintaqalarga qaraganda ko'rsatkichlar ancha past. Jon boshiga o'rtacha ko'rsatkichlar har ming kishiga 2,2 kishi majburiy mehnat bilan shug'ullanadi va 1,1 kishi esa majburiy nikohda.
Dunyodagi zamonaviy qulchilik qurbonlari soni bo'yicha Osiyo va Tinch okeani mutloq yetakchi hisoblanadi: taxminan 16,5 million kishi bu mintaqada ekspluatatsiyaga uchraydi va "o'zlarining egalariga" yiliga taxminan 51,8 milliard dollar daromad olib keladi. (Ushbu ko'rsatkich bu mintaqadagi mamlakatlarining ko'pchiligini YaIMdan ko'proq). Yer sharining bu qismida aholi jon boshiga hisoblaganda har ming nafar odamdan 4 kishi qullik asoratiga tushib qolgan, bu ham dunyodagi eng yuqori ko'rsatkichdir. Shuningdek, Osiyoda va Tinch okeani mintaqasida boshqa hududlar bilan solishtirganda eng ko'p majburiy nikohlar qayd etiladi.(8,4 million erkak va ayol). Janubiy Osiyoda ko'plab yersiz dehqonlar, juda kam miqdordagi maosh uchun ishlashga, katta foiz evaziga olingan qarzlarni to'lashga majbur bo'lishi ularni qullik asoratiga tushushiga sabab bo'lmoqda.
Yevropada va Markaziy Osiyoda majburiy nikohlarning soni umumiy miqdorda ham aholi jon boshiga nisbatan ham ancha kam (jami 340 ming va ming kishiga 0,4). Biroq, aholi jon boshiga majburiy mehnat ko'rsatkichlari yuqori va har ming nafardan 3,6 kishini tashkil qiladi. Ushbu mintaqada zamonaviy qullik qurbonlarining qariyb yarmi qurilish, ishlab chiqarish va tog'-kon sanoatida ishlashga majbur. Ko'p holatlarda ish beruvchilar mehnat migrantlaridan obyektlar qurilishida foydalanib, qurilish tugagandan so'ng esa ularga ish haqini bermaslik maqsadida mahalliy huquqni muhofaza qiluvchi organlariga bu qurilishda noqonuniy ravishda mehnat muhojirlari ishlamoqda deb murojaat qilishadi. Shu bilan birga, qurilish obyekti rahbari migratsiya xizmati xodimlariga pora beradi (mehnat muhojirlarining to'lanmagan ish haqidan ancha kam) va natijada migrantlar deportatsiya qilinadi, ekspluatator esa o'z foydasini anchaga oshiradi. Ushbu mintaqada jami yillik majburiy mehnatdan olinadigan foyda 18 milliard dollarni tashkil etadi.
Zamonaviy qulchilik muammosini hal qilish yo'llari
Ushbu qismda zamonaviy qulchilikka qarshi kurashish yo'llarining ikkita usuli muhokama qilinadi. Bular: aholini ijtimoiy himoya qilish, xalqaro hamkorlik va sheriklikni rivojlantirish.
Avvalambor, zamonaviy qulchilikka qarshi kurash uchun ijtimoiy xavfsizlik tizimi kengaytirilishi lozim. Hukumatlar, davlat ish bilan ta'minlash dasturlari, onalikni himoya qilish, nogironlik bo'yicha nafaqalar, ya'ni, aholining eng zaif qatlamlarini (bolalar, ayollar, nogironlar va boshqalar) qo'llab-quvvatlash orqali ularni noqonuniy ekspluatatsiyadan himoya qilishi mumkin. Migratsiyani adolatli va samarali boshqarish ham muhim ahamiyatga ega, chunki deyarli 25% qurbonlar o'z mamlakatidan tashqarida ekspluatatsiya qilinadi. Qonunchilikda esa zamonaviy qulchilikdagi jins va yosh xususiyatlari aks ettirilishi lozim.
Shuni tushunishimiz kerakki zamonaviy qulchilikni bir nechta davlatlar yoki xalqaro tashkilotlarning unga qarshi kurashishi bilan yo'q qilib bo'lmaydi. Davlatlar va hukumatlararo sheriklikni muvofiqlashtirgan holda ushbu hodisani yuzaga kelish sabablarini o'rganish, odam savdosiga qarshi kurashish bo'yicha bilim va tajribalarni almashish, qoloq yoki rivojlanayotgan mamlakatlarni moliyaviy ta'minlash, boshqa davlatlar hududidagi milliy va diniy kamchilikni tashkil etuvchi xalqlarni qo'llab quvvatlashni kun tartibidagi birinchi vazifaga aylantirish orqali jamiyatimizdagi bu illatga barham berishimiz mumkin.
So'nggi yillarda xalqaro qulchilikka va odam savdosiga qarshi kurashish bo'yicha bir necha loyihalar ishlab chiqildi. Shu loyihalardan biri bu odam savdosiga qarshi umumiy ma'lumotlar bazasi yoki odam savdosiga qarshi kurash Data Collaborative dasturi (CTDC 2017 yil noyabr oyida XMT tashabbusi bilan yaratilgan). Ushbu loyiha odam savdosi bilan bog'liq barcha aniqlangan holatlar to'g'risida ma'lumot to'playdi va olingan ma'lumotlarni turli mezonlarga muvofiq tizimlashtiradi. Ma'lumotlar bazasi xalqaro tashkilotlar va 150dan ortiq davlatlar bilan hamkorlik qiladi. CTDC mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan interaktiv xarita esa odam savdosi o'choqlarini aniqlash imkonini beradi, shuningdek, ko'pincha qo'llaniladigan transport marshrutlarini ko'rsatadi, bu esa joylardagi huquqni muhofaza qilish organlari vazifasini ancha yengillashtiradi.
Xulosa
Xulosa o'rnida shuni ta'kidlash mumkinki, olib borilgan tadqiqot gipotizasi qulchilik rasmiy ravishda bekor qilinganligiga qaramay uni yo'q bo'lib ketmaganligini ko'rsatdi.Ushbu hodisa faqat soyaga chekindi va jamoatchilik fikri va qonunchilikdagi o'zgarishlarga moslashib, yanada takomillashtirilgan shakllarga ega bo'ldi. Joylardagi insonlarni qulga aylantirayotgan mahalliy jinoyatchi guruhlar bilan davlatlarning o'zi kurashishi mumkin bo'lsa, lekin odam savdosi bilan shug'ullanayotgan transmilliy sindikatlarga qarshi kurashda davlatlararo hamkorlikni yo'lga qo'yilishini davrni o'zi bizdan talab qilmoqda. Insoniyat hozirgi kunda qulchilik ko'rinishidagi jiddiy muammoga duch kelmoqda, agar davlatlar va hukumatlar bu muammoga qarshi kurashish choralarini ishlab chiqmasa kelajakda bu global inqirozni yuzaga keltirishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |