55
bir xulosa chiqarishgan: Rosh chegarasidan ichkari hududda mayda zarralar o‘zaro birlashib
yirik jism hosil qila olmaydi!
Yupiter, Uran va Neptun sayyoralarning halqalari nisbatan yaqin davrdan kashf qilingan bo‘lib,
ushbu halqalar juda siyrakligi bois, maxsus optik uskunalarsiz ko‘rish qiyin. Yupiterga eng
yaqin aylanadigan tabiiy yo‘ldoshlari – Metida va Adrasteya aynan Rosh chegarasidan
ichkarisida joylashgan. Hozirda astronomlar Rosh chegarasini yo‘ldoshlarni tashkil qiladigan
materiyaga qarab ikkiga ajratishadi. Ya'ni, yo‘ldosh asosan suyuqlikdan tashkil topgan bo‘lsa,
unda bu yo‘ldosh Rosh chegarasini buzib kirgan paytda asta-sekin parchalanib, o‘z sayyorasi
uchun halqa tizimiga qo‘shilib ketadi. Agar yo‘ldosh qattiq jinslardan tashkil topgan bo‘lsa,
unda ushbu yo‘ldosh Rosh chegarasidan o‘tgach, o‘z sayyorasi sirtiga qulab tushadi. Metida
va Adrasteyaning materiyasi qattiq jism ekanini astrofizik tahlillar allaqachon ko‘rsatib bergan
(ushbu yo‘ldoshlarning o‘zi 1979-1980 yillarda, Voyajer-1 kosmik apparati yordamida kashf
qilingan). Shunga ko‘ra, astronomlar ushbu tabiiy yo‘ldoshlarning qachondir kelib albatta
Yupiter qa’riga ravona bo‘lishini taxmin qilmoqdalar (yoxud, «Rosh chegarasi»ga oid yangi
tafsilotlar paydo bo‘ladi). Ulardan keyingi, Yupiter sirtidan uzoqligi bo‘yicha uchinchi
yo‘ldosh – Amalteya esa, Yupiter uchun Rosh chegarasidan atiga ≈10000 km uzoqlikda
harakatlanadi (Amalteyaning Yupiterdan masofasi ≈181300 km).
Saturnda ham shunga o‘xshash 5 nafar tabiiy yo‘ldoshlar mavjud. Bular: Atlas, Peggi, Dafnis,
va Pan yo‘ldoshlari, hamda, Saturn halqalari oraliqlarida harakatlanadigan nomsiz mayda
yo‘ldoshlar, shuningdek, hozircha eng oxirgi kashf qilingan va shu sababli tayinli nomga ega
bo‘lmagan S/2009 S1 yo‘ldoshidir. Ularning barchasi juda kichik o‘lchamlarga ega tabiiy
yo‘ldoshlar bo‘lib, vaqti kelib ular ham parchalanib, Saturn halqalari orasiga singib ketsa kerak.
Chunki, ularni tashkil qiluvchi materiyasi asosan muz va silikatlardan iborat deb taxmin
qilinadi.
Uranda ham shunday taqdir kutayotgan 5 ta yo‘ldosh mavjud. Ular ham yoki Uran sirtiga
ravona bo‘ladi, yoki, orbitada parchalanib, Uran halqalariga qo‘shilib ketadi. Shuningdek,
Rosh chegarasini buzgan ushbu yo‘ldoshlarning o‘zaro to‘qnashib ketishi haqidagi taxmin ham
mavjud. Uranning Rosh chegarasini buzgan yo‘ldoshlari – Dezdemona, Kressida, Bianka,
Ofeliya, Kordeliya yo‘ldoshlaridir.
Neptunning Galateya, Despina, Talassa va Nayada yo‘ldoshlari ham
Rosh chegarasi qoidasini
buzgan obyektlardir. Ular ham bir kun kelib, yoki sayyora sirtiga qulab tushadi, yoki,
parchalanib, halqalar tizimiga singib ketadi.
Keling endi xuddi shunday hisoblashlarni Yer turkumidagi sayyoralar uchun bajarib ko‘ramiz.
Bular Yer va Marsning o‘zi bo‘ladi xolos. Chunki, Merkuriy va Venerada tabiiy yo‘ldoshlar
yo‘q. Yer va Mars yuqorida sanab o‘tilgan gaz gigantlariga qaraganda juda kichik
sayyoralardir. Boz ustiga, gaz gigantlaridan ko‘ra Mars va Yer Quyoshga ancha yaqin
joylashgan. Shu sababli, bu sayyoralarning tabiiy yo‘ldoshlari uchun arqon koeffitsienti va
Rosh chegarasi oralig‘i, ya'ni, tabiiy yo‘ldosh barqaror mavjud bo‘la oladigan fazo hududi
ancha tor bo‘ladi. Shu sababli ham ushbu sayyoralarning tabiiy yo‘ldoshlari faqat bitta qo‘ldagi
barmoq bilan sanarli darajada oz. Keling, Yer turkumidagi sayyoralar uchun ham arqon
koeffitsienti va Rosh chegarasini ko‘rib chiqamiz (garchi tabiiy yo‘ldoshlari bo‘lmasa ham,
Merkuriy va Venera uchun ham hisoblashlarni bajarish mumkin, bu bilan hech nina
o‘zgarmaydi).