ZAHIRIDDIN MUHAMMAD BOBUR VA UNING BADIIY MEROSINING O’RTA ASR MADANIYATIDAGI O’RNI
Usanboyev Javlonbek Farxod ugli
Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika instituti talabasi
Annotatsiya: Ushbu maqolada mamlakatimizning buyuk allomalaridan biri Zahiriddin Muhammmad Bobur hayoti, bunga tarixiy qarashlar hamda badiiy va adabiy merosi haqida ma’lumotlar berilgan. Xalqaro muzeylardagi saqlanib kelayotgan meroslar haqida misollar keltirilgan.
Kalit so’zlar: boburnoma, adabiyot, tarix, badiiy meros, Boburiylar sulolasi, madaniyat.
Zahiriddin Muhammad Bobur oʻrta asr Sharq madaniyati, adabiyoti va sheʼriyatida oʻziga xos oʻrin egallagan adib, shoir, olim boʻlish bilan birga yirik davlat arbobi va sarkarda hamdir. Bobur keng dunyoqarashi va mukammal aql-zakovati bilan Hindistonda Boburiylar sulolasiga asos solib, bu mamlakat tarixida davlat arbobi sifatida nomi qolgan boʻlsa, serjilo oʻzbek tilida yozilgan “Boburnoma” asari bilan jahonning mashhur tarixnavis olimlari qatoridan ham joy oldi. Uning nafis gʻazal va ruboiylari turkiy sheʼriyatining eng nodir durdonalari boʻlib, “Mubayyin” (“Bayon etilgan”), “Xatti Boburiy”, “Harb ishi”, Aruz haqidagi risolalasi esa islom qonunshunosligi, sheʼriyat va til nazariyasi sohalariga munosib hissa boʻlib qoʻshildi.
Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yilning 14 fevralida Andijonda, Fargʻona ulusining hokimi Umar Shayx Mirzo oilasida dunyoga keldi. Bu davrda Markaziy Osiyo va Xurosonda turli hokimlar, aka-ukalar, togʻa-jiyanlar, amakivachchalar oʻrtasida hokimiyat ulugʻ bobolari Amir Temur tuzgan yirik davlatga egalik qilish uchun kurash nihoyat keskinlashgan edi.
Adabiyot, nafis sanʼat, tabiat goʻzalligiga yoshligidan mehr qoʻygan Zahiriddin, barcha Temuriy shahzodalar kabi bu ilmlarning asosini otasi saroyida yetuk ustozlar rahbarligida egalladi. Biroq uning betashvish yoshligi uzoqqa choʻzilmadi. 1494 yili otadan yetim qoldi. 12 yoshida otasi oʻrniga Fargʻona ulusining hokimi etib koʻtarilgan Bobur qalamni qilichga almashtirib, Andijon taxti uchun ukasi Jahongir Mirzo, amakisi Sulton Ahmad Mirzo, togʻasi Sulton Mahmudxon va boshqa raqiblarga qarshi kurashishga majbur boʻldi. Bobur ukasi Jahongir Mirzo bilan murosaga kelish uchun unga yon berishga Fargʻona ulusini ikkiga taqsimlab, yarmini ukasiga topshirishga qaror qildi va oʻzi Samarqand uchun olib borilayotgan kurashga kirishib ketdi. Bir necha yil davom etgan bu kurash qirgʻinbarotdan boshqa biror natija bermadi: unda katta harbiy kuch bilan aralashgan Shayboniyxonning qoʻli baland keldi va Bobur Samarqandni tashlab ketishga majbur boʻldi. 1504 yili Shayboniyxon Andijonni ham qoʻlga kiritgandan soʻng Bobur janubga qarab yoʻl oldi va Kobul ulusida oʻz hokimiyatini oʻrnatdi. 1505–1515 yillarda u Markaziy Osiyoga qaytishga bir necha bor urinib koʻrdi. Ammo bu urinishlardan hech qanday natija chiqmadi. Soʻng oʻz mavqeini yanada mustahkamlash maqsadida, 1519–1525 yillar davomida Hindistonni qoʻlga kiritish uchun bir necha bor janglar olib bordi. 1526 yil aprel oyida Panipatda Hindiston Sultoni Ibrohim Loʻdi bilan va 1527 yili mart oyida Chitora hokimi Rano Sango bilan boʻlgan janglarda Boburning qoʻli baland keldi. Tarixiy maʼlumotlarning bayon qilishicha, Boburning Hindistonga yurishida Dehli hukmdori Ibrohim Sulton siyosatidan norozi boʻlgan Panjob hokimlari ham Boburni qoʻllaganlar va Sikri jangidagi bu gʻalaba Boburga Hindistonda oʻz hukmronligini uzil kesil oʻrnatish va Boburiylar sulolasini barpo etish imkoniyatini berdi. Ovroʻpo tarixchiligida “Buyuk moʻgʻullar” nomi bilan “gʻalati mashhur” boʻlgan, aslida “Boburiylar sulolasi” Hindistonda 300 yildan ortiq hukmronlik qildi.
Xalqimiz oʻzining buyuk tarixi va ajdodlari bilan hamisha gʻururlanib keladi. Dunyoning qaysi burchiga bormang, ajdodlarimiz merosiga roʻbaroʻ kelasiz. Ayniqsa, 14-15 asrlarda Markaziy Osiyoda vujudga kelgan ijtimoiy-siyosiy muhit, jahon tamaddunida alohida sahifa boʻlib qoldi. Sohibqiron Amir Temur barpo etgan buyuk saltanatda ilm-maʼrifat, riyoziyot, astronomiya, adabiy muhit yanada ravnaq topdi. Temuriy shahzodalarning ilm-maʼrifatga katta eʼtibor qaragani tarixdan maʼlum. Astronomiya va falakiyotshunoslikda Mirzo Ulugʻbek oʻzidan katta meros qoldirgan boʻlsa, Temuriyzoda Zahiriddin Muhammad Bobur oʻzbek mumtoz adabiyoti, jugʻrofiya, tarix voqeligini muhrlashda katta mavqega erishdi.
Bugungi kunda Bobur va Boburiylarga taalluqli koʻplab moddiy boyliklar va asarlarining asl qoʻlyozmalari dunyoning turli burchaklariga tarqalib ketgan. Shuningdek, Hindistonda ham Boburga tegishli buyumlar va tarixiy manbalar juda koʻp. Boburga tegishli noyob qilich esa Nyu-Yorkning Metropoliten muzeyidan joy olganiga nima deysiz?! Hindistonni zabt etgandan keyin Boburga inʼom qilingan Koʻhinur olmosi esa bugungi kunda Buyuk Britaniya qirollik oilasining mulkiga aylangan. Buyuk sarkarda va davlat arbobi, Boburning tarixiy ashyolari dunyo muzeylarini va kimlarningdir shaxsiy kolleksiyalarini toʻldirib kelmoqda. Ularni qaytarish esa oson ish emas, albatta. Yurtimizda Bobur hayoti va ijodini oʻrganish va uning merosini qayta tiklash boʻyicha qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, Xalqaro “Bobur” jamoat fondining izlanishlari tahsinga loyiq. Fond mamlakatimiz mustaqillikka erishgan kunlardan boshlab ulugʻ ajdodimiz merosini tiklashga kirishdi. Aytish mumkinki, fond vakillari Temuriylar va Boburiylar oʻtgan yoʻllardan yurib katta ilmiy-madaniy boyliklarimiz boʻyicha aniq maʼlumotlarni toʻpladi. Afgʻoniston, Eron, Hindiston, Iroq, Rossiya, Xitoy mamlakatlari hududlarida mangu qoʻnim topgan ayrim buyuk ajdodlarimizning maqbaralari qayta tiklanib obod goʻshaga aylantirildi. Ekspeditsiya aʼzolari yillar mobaynida amalga oshirilgan izlanishlari natijasida Andijonda “Bobur va jahon madaniyati” muzeyi barpo etildi.
Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoev oʻzining saylovoldi dasturida xorijiy mamlakatlarda saqlanayotgan oʻzbek davlatchiligiga oid dalillar va mumtoz adabiyotimiz namunalarining asl nusxalarini qaytarish asosiy ishlarimizdan biri ekanini taʼkidlagan edi. Davlat rahbarining oʻzbek xalqining tarixiy va madaniy boyliklari namunalarini Vatanga qaytarish toʻgʻrisidagi topshirigʻini bajarish doirasida Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi rahbariyati boshchiligidagi delegatsiya Hindistonga tashrifi davomida Dehli shahrida Hindiston Milliy muzeyiga tashrif buyurdi. Mazkur muzey mamlakatning asosiy tarixiy-badiiy xazinasi hisoblanib, u qadimgi yodgorliklarning boy kolleksiyasi, oʻtmishdagi sivilizatsiyalarning arxeologiya boyliklari hamda madaniyat va etnik xilma-xil eksponatlarni oʻzida jamlagan. Hindiston milliy kutubxonasida saqlanyotgan notugal, lekin shoir ijodiy merosini aniqlashda muhim boʻlgan bu qoʻlyozma chiroyli taʼliq xati bilan koʻchirilgan. Sahifalarida yuqori darajada bezaklar berilgan. 22 betdan iborat. Unda “Risolai Volidiya”, 2 ta masnaviy, 24 ta ruboiy, 2 ta gʻazal, 3 ta qitʼa va “Aruz” risolasidan parcha oʻrin olgan. 20a varaq hoshiyasida podshohning evarasi Shohjahon tomonidan tasdiqlangan Boburning asl dastxati mavjud. Shunga koʻra manba shoir vafotiga qadar oʻzi tomonidan tuzdirilgan deb hisoblanadi.
Bundan tashqari Al-abd Mumahammad Boqiy tomonidan nastaʼliq xatida koʻchirilgan “Devoni turkiy Bobur podshoh” Parij Milliy kutubxonasida, kotibi va koʻchirilgan sanasi nomaʼlum “Devoni Bobur chigʻatoyi” Istanbul universiteti kutubxonasida, “Devoni Sultonul-aʼzam Bobur Mirzo” Istanbuldagi Toʻpqori saroyidagi Ravon kutubxonasida, “Devoni Mirzo Bobur” Istanbul shahar kutubxonasida, “Devoni Bobur podshoh”ning ikkita nusxasi Hindistonning Haydarobod shahrida joylashgan Salorjang muzeyida 4,18 raqamlari bilan joylashtirilgan. Mazkur muzeydagi birinchi devonning koʻchirilgan sanasi va kotibi nomaʼlum 18-raqam bilan roʻyxatga olingan devon esa 1774 yilda Ali Kotibiy tomonidan koʻchirilgan. Shuningdek, 1776 yilda Boburiylardan Ajit Sing Jayd Bahodur buyrugʻi bilan Hayotali tomonidan koʻpaytirilgan “Devoni Bobur podshoh” Londondagi Britaniya muzey kutubxonasida, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining Alisher Navoiy nomidagi adabiyot muzeyi fondida “Bobur devoni”ning Toshkent nusxasi saqlanyapti.
Xulosa oʻrnida aytish kerakki, Bobur va uning ajdodlari bilan bogʻliq hali ochilmay qolayotgan masalalar, ularga tegishli tarixiy dalillar oz emas. Boburiylarning moddiy merosi sanalgan “Bobur devonining” esa qaytarilgani xalqimiz uchun ajoyib sovgʻa boʻldi. Boburning avlodlariga qoldirgan boy va bebaho merosi Markaziy Osiyo, hind, afgʻon xalqlari oʻrtasidagi uzviy halqa boʻlib keldi va bundan keyin ham shunday boʻlib qoladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |