O‘lkashunoslik fanini rivojlantirishda arxiv hujjatlarining roli. O‘lka tarixini o‘rganishda arxeologiya, etnografiya, yozma va moddiy madaniyat yodgorliklari bilan bir qatorda arxivshunoslik, ya’ni arxiv hujjatlaridan foydalanishning ahamiyati benihoya kattadir. Arxiv hujjatlarini qidirib topish, ular ustida ishlash va olingan ma’lumotlarni hayotga tadbiq etish bu juda murakkab ishdir.
Arxiv-lotincha «arxivium»-hukumat binosi so‘zidan olingan. Lekin «arxiv» atamasining hozirgi qo‘llanish ma’nosi butunlay boshqa. Arxiv-bu idoralar, korxona va tashkilotlar, shuningdek tarixiy shaxslar faoliyatiga oid hujjatlar saqlanadigan muassasa. O‘rta Osiyoda arxiv yozuv bilan bir vaqtda paydo bo‘lgan. 1948-1950 yillarda professor S.P. Tolstov qadimgi Tuproqqal’a xarobalaridan Xorazm shohlarining III va IV asr boshlariga oid qadimgi Xorazm tilida teriga yozilgan 150 ga yaqin hujjatlardan iborat arxiv qoldiqlarini topdi.
So‘g‘d yozma yodgorliklarining katta guruhi Panjikent shahri yaqinidagi Mug‘ tog‘ida joylashgan qadimgi qasr harobasidan topilgan. Mug‘ tog‘idan so‘g‘d arxivi deb ataluvchi bu majmua VII asr oxiri VIII asr boshlariga oid 80 ga yaqin noyob hujjatni o‘z ichiga oladi. Bu hujjatlar so‘g‘d podsholigiga tobe bo‘lgan panj hokimligi saroyiga tegishli edi. Panjikent hokimi Divashtich 722 yilda arab istilochilari bilan jangdan so‘ng Mug‘ tog‘idagi qasrga chekingan va saroy hujjatlarini shu yerga keltirgan. Arablar mazkur qasrni shturm bilan olgach, uni vayron qilganlar, hujjatlar qasr harobalari ichida qolib ketgan. Ular 1932-1933 yillarda topilgan, hujjatlar jami 79 dona bo‘lib, 74 tasi so‘g‘d, 1 donasi arab, 3 donasi xitoy va 1 tasi turk tilidadir. Ular har xil materiallarga, charmga, taxtaga va qog‘ozga yozilgan. Mazkur hujjatlar so‘g‘dning VIII asrning birinchi choragidagi iqtisodiy-siyosiy va madaniy hayotini o‘rganishda muhim manba bo‘lib xizmat qiladi. Mug‘ tog‘ida topilgan hujjatlar A.A. Fermon, A.V. Vasilev, I.Yu. Krakovskiy, M.N. Bogolyubov, V.A. Livщits tomonidan o‘rganilgan, o‘zbek olimlaridan so‘g‘d hujjatlarini o‘rganish ularni targ‘ib qilishda t.f.d professor M. Ichoqovning xizmatlari kattadir.
IX-X asrlarda Somoniylar davlatining poytaxti Buxoroda Abu Ali Ibn Sino foydalangan yirik arxiv kutubxona bo‘lgan. O‘rta Osiyoda arxiv ishi XI-XII asrlarda Qoraxoniylar davlatida, XII-XIII asrlarda Xorazm davlatida, XIII asrdan mo‘g‘illar hukumronligi, temuriylar va ashtarxoniylar davrida ham mavjud edi. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy davlat arxivi va O‘zbekiston Sharqshunoslik instituti arxivida saqlanayotgan X-XX asrlarga oid vaqfnomalar va boshqa hujjatlar Buxoro, Xiva va
Qo‘qon xonliklarining arxivlari bo‘lganligining guvohidir. To‘xtovsiz o‘zaro feodal urushlari, vayronagarchiliklari natijasida ko‘pgina arxiv hujjatlari yo‘q qilib yuborildi. Ayrim xonliklarda arxiv qoldiqlarigina saqlanib qolgan. Oktabr inqilobigacha Turkistonda davlat arxivi bo‘lmagan, faqat idora arxivi bo‘lib, tartibsiz holda, zax binolarda saqlangan. Bu arxiv hujjatlarining yoppasiga yo‘q bo‘lib ketishiga olib kelgan.
Arxivshunoslik ishlari ham faqat 1917 yildan keyin o‘z ravnaqini topdi. 20-yillardan boshlab, arxiv ishlariga katta e’tibor berildi. Hujjatlarni saqlash va ulardan har tomonlama foydalanish maqsadida xalq Komissarlari Sovetining 1918 yil 1 iyunda «Arxiv ishini qayta qurish va markazlashtirsh haqida» deb nomlangan dekretiga asosan Moskvada Davlat arxivi fondi (DAF) tashkil etildi.
Hozirgi vaqtda DAF tarkibiga to‘ntarishgacha bo‘lgan davr, to‘ntarishdan keyin barcha tashkilotlarning faoliyati, muassasalar va ayrim shaxslar shuningdek, tarixiy yozma yodgorliklar, huquq, san’at, adabiyot va hamdo‘stlik davlatlari xalqlarining maishiy ma’naviy madaniyati, kinofoto hujjat fondlari, kinofilm negativlari, fotosur’atlar, ularni to‘ldiruvchi pozitivlar, grammafon, patefon plastinkalari va yozib olingan ovoz materiallari, ilmiy tarixiy va amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan boshqa narsalar: illustrasiyalar qo‘lyozma negativlar, shuningdek agitatsiya va propaganda maqsadida nashr qilingan, plakatlar, varaqalar, chaqiriqlar, e’lonlar, mikrofoto hujjatlar kiritilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |