Zahiriddin Muhammad Bobur ijodi
Reja:
Boburning tarjima holiga oid kuzatuvlar
Bobur ijodining o‘ziga xosliklari
“Boburnoma” jahon kezadi
Bobur g‘azallari
Bobur – adabiyotshunos
Bobur haqida ulug‘ zotlarning fikrlari
Tayanch so’z va iboralar: Sharq madaniyati, adabiyoti, Boburiylar sulolasi, «Boburnoma» asari, Tarixchilar, olimlar, adabiyotshunoslar, Aruz haqidagi risola, diniy-ma'rifiy asarlar
Zahiriddin Muhammad Bobur O‘rta asr Sharq madaniyati, adabiyoti va she'riyatida o‘ziga xos o‘rin egallagan adib, shoir, olim bo‘lish bilan birga yirik davlat arbobi va sarkarda hamdir. Bobur keng dunyoqarashi va mukammal aql-zakovati bilan Hindistonda Boburiylar sulolasiga asos solib, bu mamlakat tarixida davlat arbobi sifatida nomi qolgan bo‘lsa, serjilo o‘zbek tilida yozilgan «Boburnoma» asari bilan jahonning mashhur tarixnavis olimlari qatoridan ham joy oldi. Uning nafis g‘azal va ruboiylari turkiy she'riyatining eng nodir durdonalari bo‘lib, «Mubayyin» («Bayon etilgan»), «Xatgi Boburiy», «Harb ishi», Aruz haqidagi risolalari esa islom qonunshunosligi, she'riyat va til nazariyasi sohalariga munosib hissa bo‘lib qo‘shildi.
Tarixchilar, olimlar va adabiyotshunoslar tomonidan shoh va shoir shaxsiyatiga xos quyidagi yetti fazilat doimo e'tirof etib kelingan: vatanparvarlik, yuksak himmatlilik, jasurlik, boshqaruvda benazirlik, odamlarga farovonlik sog‘inish, jangchilar ko‘ngliga yo‘l topish va adolat qilmoqlik.
Boburdan juda ko‘plab ilmiy, adabiy meros qolgan. U lirik she'rlari va tarixiy «Boburnoma»sidan tashqari, islom qonunshunosligi va boshqa sohalarda ham asarlar yaratgan. 1522 yilda o‘g‘li Humoyunga atab yozgan «Mubayyin» nomli asarida o‘sha zamon soliq tizimini, soliq yig‘ishning qonun-qoidalarini, shariat bo‘yicha kimdan qancha soliq olinishi va boshqa masalalarni nazmda izohlab bergan. «Xatti Boburiy» deb atalgan risolasida arab alifbosini turkiy tillar, xususan, o‘zbek tili nuqtai nazaridan birmuncha soddalashtirib berishga harakat qilgan. U, tajriba sifatida «Xatti Boburiy» alifbosida Qur'oni Karimni ko‘chirgan.
Bobur ijodi – she'riyati ham, diniy-ma'rifiy asarlari ham, ayniqsa, “Boburnoma” asari ham o‘zbek adabiyotini yevropa va Sharq olamiga tanitdi. Boburning har tomonlama qobiliyati borligini ko‘rsatadigan asari ana shu “Boburnoma”dir. Bobur qachondan boshlab she'r yozishni boshlagani haqida ham shu asarida aytadi. Bobur 1502 yil voqyealarini bayon qilar ekan, avvallari bir-ikki bayt she'r bitib yurganini va birinchi tugal g‘azalini ana shu yili bitgani aytadi. U birinchi g‘azalining birinchi quyidagi baytini keltiradi:
Jonimdin o‘zga yori vafodor topmadim,
Ko‘nglimdin o‘zga mahrami asror topmadim.
Bobur bu g‘azalini yozgan paytda 19 yoshda edi. Bobur bu asarida yozishicha, taxminan Xo‘jand atroflarida yurgan edi.
Boburning o‘z yurtida – ya'ni O‘zbekistonda mashhurligi ayon haqiqat. Shunisi diqqatga sazvorki, Boburning ijodi XVIII asrda yevropada mashhur bo‘lganini bir qator qo‘lyozmalar dalillaydi. Jumladan, 1714 yili “Boburnoma”ni nemis olimi Ker o‘z qo‘li bilan ko‘chirgani va uning bir qismini lotin tiliga tarjima qilgani ma'lum. Albatta, “Boburnoma” yozilgan eski o‘zbek tilini Ker o‘rganishga harakat qilgan. Garchi ayrim o‘rinlarda xatolarga yo‘l qo‘ygan bo‘lsa ham, tarjimani vijdonan bajargani ayrim o‘rinlarda qoldirgan belgilaridan anglash mumkin. Kerni ayrim zamondoshlari “sharq ilmini hamma narsadan yuqori qo‘ygan g‘alati odam” deb ta'rif bergan edilar. Ammo Ker Rossiyaga kelib, sharqshunoslik fanining shakllanishiga katta hissa qo‘shgan edi. U asosan, “Boburnoma”ni tarjima qilish ishlari bilan Rossiyada katta obro‘-e'tibor qozondi.
Yana bir nemis olimi Klaprot Bobur ijodi bilan, xususan, qiziqdi. U “Boburnoma”ning Farg‘ona ta'rifiga oid qismini tarjima qildi. Mana shu “Boburnoma”ning bir parchasi, bir tomondan, o‘zbek xalqining ma'naviy mulkini yevropaga tanitdi, ikkinchi tomondan, sharqshunoslik fanining shakllanishiga va taraqqiyotiga katta hissa qo‘shdi. Bobur ijodi dunyo miqyosidagi sharqshunos olimlar yetishuviga xizmat qildi.
1824 yilda O.I. Senkovskiy ham “Boburnoma”ning ayrim parchalarini tarjima qilgani ma'lum.
Shunisi diqqatga sazovorki, X1X asrning 80-yillarida Rossiyada endigina tashkil etilgan Sharq fakultetlarida sharq fanlarini o‘qitish va imtihon topshirish uchun dasturlar tuzilganda, ko‘proq Navoiyning “Xamsa”sidan va Boburning ijodidan parchalar olingan. Bu dalil ham o‘zbek adabiyotning ikki buyuk vakiliga katta e'tibor edi. Bundan sal oldinroq professor Lazarev Sharq tillarini Oliy ta'lim tizimida o‘qitish uchun material sifatida “Boburnoma”dan, “Abulg‘ozining “Shajarai turk”idan, Yassaviy hikmatlaridan foydalangani haqida aniq hujjatlar mavjud. 1857 yili rus olimi Ilminskiy “Boburnoma”ni to‘liq holda chop ettirdi va Boburning olamshumulligiga katta hissa qo‘shdi.
Biz ayrim ma'lumotlarni keltirdik, xolos. Navoiy va Bobur ijodi Rossiya va yevropa ta'lim tizimi shakllanishiga katta material berdi, Sharqshunoslar hyech qanday siyosat nuqtai nazaridan emas, balki bu ikki buyuk o‘zbek shoirining ijodi oldida ta'zim qilgan holda, o‘z tillaridagi ma'naviy bo‘shliqni to‘ldirish, Navoiy va Boburday buyuk daholar Xuroson, Mavorunnahr va Turkiston o‘lkasida azaldan istiqomat qilib kelayotgan o‘zbek xalqining farzandlari ekanini boshqa xalqlarga yetkazish uchun ham ularning asarlariga ko‘p murojaat etdilar, asarlaridan yevropa va rus tillariga tarjima qilib, keng ommaga yetkazdilar, eski o‘zbek tiliga muhabbat qo‘ygan va bu borada tadqiqotlar olib borshini niyat qilgan mutaxasisslar tayyorlashga darsliklar va o‘quv qo‘llanmalari uchun material sifatida unumli foydalandilar.
«…U turli fazilatlar bilan bezangan va maqtovli xislatlarga ega bo‘lgan bir podshoh edi. Ushbu barcha fazilatlaridan shijoat va muruvvati ustun turardi. Turkiy she'rni Amir Alisherdan keyin hyech kim Bobur yozgan darajada yozgan emas». Mirzo Muhammad Haydar. «Tarixi Rashidiy”
«Bobur dilbar shaxs edi. Uyg‘onish davrining ajoyib sultoni, kuchli, tadbirkor kishi bo‘lib, san'atni, adabiyotni, go‘zallikni sevardi. Nabirasi Akbar esa yanada maftunkorroq bo‘lib, yanada ko‘proq fazilatlarga ega edi…» Javoharla'l Neru. «Hindistonning kashf etilishi» kitobidan
Do'stlaringiz bilan baham: |