7
Din tushunchasi
turlicha izohlansa-da, umumiy nuqtayi
nazardan qaraganda u ishonmoq tuyg‘usidir. Ishonmoq tuyg‘usi
insoniyatning eng teran ruhiy-ma’naviy ehtiyojlaridan sanaladi.
Dunyoda dini, ishonchi bo‘lmagan xalq yo‘q. Chunki muayyan
xalq dinsiz, e’tiqodsiz, biror-bir narsaga ishonchsiz holda yashay
olmaydi.
Dinshunoslikda dinga «dinning o‘zi nima?», «uning
mohiyati nimadan iborat?» degan savol bilan yondashishdan
tashqari «din qay tarzda faoliyat olib boradi?» degan nuqtayi
nazardan ham yondashuv mavjud. Bu masala bilan ko‘proq din
sotsiologiyasi shug‘ullanadi.
Sotsiologik nuqtayi nazardan qaralganda din jamiyat uchun
zaruriy narsa, ijtimoiy hayotning ajralmas qismi. U ijtimoiy
munosabatlarni yuzaga keltiruvchi
va amalga oshiruvchi omil
sifatida namoyon bo‘ladi. Demak, dinni jamiyatda bajargan
vazifalariga ko‘ra o‘rganish mumkin.
Dinning vazifalari uning alohida shaxs va jamiyatga ta’siri,
ular o‘rtasidagi munosabatlarda o‘z aksini topadi. Bunda har bir
din unga e’tiqod qiluvchi muayyan bir shaxs u yoki bu jamoaga
va umuman jamiyatga nima berishi, insonlar hayotiga qanday
ta’sir ko‘rsatishi kabi masalalar o‘rganiladi.
Dinning jamiyatda bajaradigan ijtimoiy, ma’naviy, ruhiy
vazifalari quyidagilardan iborat:
Birinchidan,
har qanday din o‘z e’tiqod qiluvchilari uchun
to‘ldiruvchilik, tasalli beruvchilik –
kompensatorlik va-
zifasini bajaradi. Masalan, insonda doimiy ehtiyoj hosil
bo‘lishi hodisasini olaylik. Inson o‘z hayoti, turmush tarzi,
tabiat va jamiyat bilan bo‘lgan munosabatlari jarayonida
hayotiy maqsadlariga erishishi ilojsiz bo‘lib ko‘ringanida, unda
qandaydir ma’naviy-ruhiy ehtiyojga zaruriyat seziladi. Bu dinga
bo‘lgan ehtiyoj edi. Din bu o‘rinda ma’naviy-ruhiy ehtiyojni
qondiruvchi, tasalli beruvchilik vazifasini bajargan va hali ham
bajarmoqda.
8
Masalan, buddaviylik dini rohiblikni targ‘ib qilar ekan, bu
dunyoda orzu-havaslardan, rohat-farog‘atdan
voz kechgan inson
nirvana holatiga erishgach, abadiy rohatda bo‘lishini ta’kidlaydi.
Shuningdek, xristianlikda har bir xristian Iso Masihning
qaytishiga umid qilgan holda hayotning turli muammolarini
yengib, sabr-bardosh bilan hayot kechiradi. Chunki xristianlik
Iso Masih qaytib kelgach, barcha izdoshlarini saodatli hayotga
yetkazishi haqidagi ta’limotni ilgari suradi.
Shuningdek, islom dinida ham har bir musulmon bu dunyoda
erishmagan moddiy yoki ruhiy
orzu-istaklariga oxiratda
erishishga ishongan holda dunyo orzu-havaslariga ortiqcha
berilmay, turmush mashaqqatlariga sabr qiladi.
Ikkinchidan,
muayyan din o‘z ta’limot tizimini vujudga
keltirgach, o‘ziga e’tiqod qiluvchilar jamoasini shu ta’limot
doirasida saqlashga harakat qilgan va hozirda ham shunday. Bu
ijtimoiy hodisa dinning birlashtiruvchilik – integratorlik vazifasi
deb ataladi. Din hamisha muayyan ijtimoiy, etnik va ma’naviy
hayotni qamrab olishga intiladi. Buning muntazamligini
ta’minlash maqsadida din xalqlarning ijtimoiy hayotiga,
axloqiy munosabatlariga,
shuningdek, adabiyoti va san’atiga
chambarchas bog‘lanib ketgan.
Masalan, yahudiylikda mazkur din vakillarini bir mafkura
atrofida saqlab turish uchun ularni bir millat va yagona maslak
egalari, yagona xudo – Yahvening eng sevimli bandalari ekanligi
uqtiriladi.
Xristianlikda ham e’tiqod qiluvchilarni bu dinga yanada
ko‘proq jalb etish uchun diniy me’moriy, tasviriy, musiqa san’ati
turlaridan unumli foydalaniladi.
Uchinchidan,
har bir din o‘z qavmlari turmushini tartibga
solib, nazorat qiluvchilik – regulyatorlik vazifasini bajaradi.
Dinlar o‘z urf-odatlari, marosim va bayramlarining qavmlari
tomonidan o‘z vaqtida, qat’iy
tartibga amal qilgan holda
bajarilishini shart qilib qo‘yadi.
9
To‘rtinchidan,
din aloqa bog‘lashlik – kommunikativlik
vazi fasini ham bajaradi, ya’ni har bir din o‘z qavmlarining
birligi, jamiyat bilan shaxsning o‘zaro aloqadorlikda bo‘lishini
ta’minlashga intiladi. Bunda u yoki bu dinga e’tiqod qiluvchi
kishilarning o‘z dinidagi boshqa kishilar bilan aloqador ekanligi,
o‘zaro huquq va burchlarining borligi, urf-odat va ibodatlarni
jamoa bo‘lib bajarilishi lozimligi nazarda tutiladi.
Beshinchidan,
dinning integratorlik
vazifasi bilan legitim-
lovchilik – qonunlashtiruvchilik vazifasi chambarchas bog‘liq.
Dinning bu funksiyasi nazariy asosini yirik amerikalik sotsiolog
T. Parsons ishlab chiqqan. Uning fikricha, «har qanday ijtimoiy
tizim muayyan cheklovlarsiz mavjud bo‘la olmaydi. Buning
uchun u qonun darajasiga ko‘tarilgan axloq normalarini ishlab
chiqishi kerak. Din bunday normalarni qonunlashtiribgina
qolmay, ularga bo‘lgan munosabatni ham belgilaydi».
Do'stlaringiz bilan baham: