Z. A. Abramovaning fikricha, Samarqand makonining sanasi bunchalik qadimiy emas



Download 83 Kb.
bet1/2
Sana21.01.2023
Hajmi83 Kb.
#900858
  1   2
Bog'liq
9-A


M. D. Djo’raqulovning keyingi tadqiqotlari Samarqand makonini sibir-xitoy paleoliti davri yodgorliklari doirasiga kiritish imkonini berdi. Samarqand makonining sanasi arxeologik va stratigrafik ma’lumotlarga asoslanib — so’nggi paleolitning ilk bosqichlari, ya’ni 40-ming yilliklar bilan belgilandi. Ushbu fikrni P.P. Yefimenko va P.I. Boriskovskiylar yoqlab chiqdilar. Shunga yaqin sanalash M.D. Djo’raqulov tomonidan ham taklif qilingan va u Samarqand makonini o’rta pleystosen davrining oxirlari, ya’ni 33 ming yilliklar bilan sanaladi1. Z.A.Abramovaning fikricha, Samarqand makonining sanasi bunchalik qadimiy emas2.
V. A. Ranovning fikricha, Samarqand makoni so’nggi paleolitning ikkinchi yarmi bilan sanalanishi mumkin va raqamlarda bu 20-15 ming yilliklarga to’g’ri keladi. Ushbu taklif etilgan sanalash geologik baholashda ham o’z tasdig’ini topdi – yalangdasht va sirdaryo bosqichlari. Bu yuqori pleystosenga xos fauna bilan ham tasdiqlanadi. Samarqand makoni quyi terassasi materiallariga asoslangan G. F. Korobkova yodgorlikni so’nggi paleolit davrining oxiriga oid deb topdi. Yu. P. Xolyushkin ancha sinchkov tahlillar o’tkazib, Samarqand makoni va Shugnouning yuqori qatlamlaridagi o’xshashliklarga asoslanib, yodgorlikning materiallarini Shugnouning 1 va 2 qatlamlari oralig’iga joylashtirdi. G. F. Korobkovaning fikricha, Samarqand makoni va Shugnou komplekslari yagona madaniyatga xosdir. Samarqand makonining madaniy xususiyati borasida ham ma’lum aniqlikka erishilmagan. Yodgorlikning o’ziga xosligini ta’kidlar ekan, D.N. Lev alohida Samarqand so’nggi paleolit madaniyati haqidagi qarashni ilgari suradi3 va bu faraz V. A. Ranov hamda Yu. P. Xolyushkinlar tomonidan qo’llab quvvatlandi. V.A. Ranov Samarqand makonini alohida madaniy xo’jalik kompleksi sifatida qaradi. M.D. Djo’raqulov yuqoridagi xulosani ilgari surishga hali erta, degan fikrni bildirgan4.
Samarqand makonining funksional ahamiyati borasida ham yagona qarash yo’q. D. N. Levning ma’lumotlariga ko’ra u toshga ishlov beriladigan ustaxonadir, Yu. P. Xolyushkin uchun yodgorlik – makon-ustaxona, G. F. Korobkova uchun esa – toshlarni chaqmoqlash maydonchalariga ega makon hisoblanadi.
Samarqand makonining quyi terassasi har uchala qatlamlarining (ba’zi joylarda 4 ta qatlam) sinxronligi borasida ham turli fikrlar mavjud. Shuning uchun ham, uchala qatlamning barcha materiallari umumlashgan holda ko’rib chiqildi5. Ushbu masala bo’yicha S.A. Nesmeyanov tomonidan ayrim o’zgarishlar kiritilgan. Geologik va palinologik ma’lumotlarga asoslanib, u Samarqand makoni komplekslarining turli davrlarga oidligini ta’kidlaydi va bu yerda ehtimol, yuqori terassaning quyi qatlamida anchayin qadimgi gorizont ajraladi.6 Bunday qarashni L. B. Vishnyaskiy ham inkor etmaydi7. Biroq har ikkala gipoteza uchun dalillar yetishmaydi. Birinchidan, yuqori terassaning pastki qatlamidan juda kam topilmalar olingan; ikkinchidan, har bir qatlam materiallari uchun aniq texno-tipologik va qiyosiy tahlillar amalga oshirilmagan.
Samarqand makonini o’rganishning manzarasi shunday. Biroq uni o’rganishga bo’lgan intilishlar hanuz to’xtaganicha yo’q. Baxtga qarshi nashrlarda yodgorlikning planigrafiyasi va buyumlarning funksional tiplari nisbati masalalari to’liq yoritilmagan. Markaziy Osiyoning so’nggi paleolit davriga oid ajoyib yodgorligi atrofidagi barcha munozaralar, qarashlar va talqinlarning turli tumanligining asosiy sababi ham shunda.
1998-1999 yillarda G. F. Korobkova Samarqand makoni yuqori qatlamlari materiallarini mikroskop ostida sinchiklab o’rgandi. Natijada ushbu tosh buyumlarning texnologik xarakteristikasi aniqlandi va qurollarning funksiyasi belgilandi. Oqibatda, oxirigacha o’z yechimini topmagan qator interpretasion masalalarini ko’rib chiqish imkoni paydo bo’ldi. Masalan, bu bitta makonmi yoki bir nechtami? Agar u ikkita makon bo’lsa, u holda ular sinxronmi yoki turli davrlarga oidmi? Quyi terassaning madaniy qatlamlari yagona kompleksmi yoki xronologik jihatdan turlichami? Har bir konkret qatlamda va umuman qatlamlarda toshlarni chaqmoqlash texnologiyalari qanday? Samarqand makonining uzluksiz bog’lanayotgan Sibir so’nggi paleolit komplekslari bilan munosabati qanday? Markaziy Osiyoning sinxron yodgorliklari bilan aloqadorligi bormi? Samarqand makoni Markaziy Osiyo hududi yuqori paleolit komplekslari orasida fenomen hodisami yoki Sharqiy Osiyo madaniyatlari doirasiga kiradimi? Yodgorlikning funksional mohiyati qanday? Mana shular Samarqand makoni haqidagi nashrlar bilan tanishganda paydo bo’ladigan savollar, biroq bular savollarning hammasi emas. Qo’yilgan masalalar Samarqand makoni industriyasini qatlamma-qatlam va umumlashgan holda sinchiklab tipologik-morfologik, texnologik, eksperimental hamda trasologik tahlil qilinishini talab qiladi. Aynan ana shunday kompleks yondoshuv toshlarni chaqmoqlash texnologiyasining umumiy xususiyatlarini, spesifikasi va rivojlanish dinamikasini aniqlash imkonini beradi.
Tilga olingan metodik uslublar toshlarni chaqmoqlash hamda qurollar ishlab chiqarish texnika va texnologiyalarini konkret tiklashga qaratilgan. Rekonstruksiya masalalarida muhim rolni eksperimentlar o’ynaydi. Eksperimentlar qo’lga kiritiladigan mahsulotlarni operasion ketma-ketlikdagi chaqmoqlash jarayonlarini tiklash imkonini beradi. Eksperimentlar o’rganilayotgan texnologiyalarning faqat modeli haqida informasiya olish uchungina emas, balki rekonstruksiya uchun xizmat qiladigan boshqa tadqiqotlar yordamida qo’lga kiritilgan ma’lumotlarni tekshirish uchun ham amalga oshiriladi. Prenukleuslar, nukleuslar va ulardan hosil bo’ladigan mahsulotlar: yo’nilg’ilar, tanovorlar va qurollarni trassologik o’rganishning muhim ahamiyatidan ko’z yumib bo’lmaydi.
G. F. Korobkova tomonidan toshlarni chaqmoqlash texnologiyalarini o’rganishning asosini Samarqand makoni tosh industriyasini sinchkov tipologik-morfologik, texnologik va trassologik tahlillari tashkil qiladi. Tadqiqotning manbai sifatida 1958-1960 yillardagi qazishmalardan olingan nukleuslar, yo’nilg’ilar, tanovorlar, qurollar va chaqmoqlash texnikasi chiqitlari tanlab olindi. Texnologiya va funksiologiya muammolarini o’rganishda S.A. Semenov tomonidan ishlab chiqilgan eksperimental-trassologik uslub alohida rol o’ynaydi8.
Hozirgi vaqtda mutaxassislar Samarqand makonining toshlarni chaqmoqlash texnologiyalarini o’rganishda toshlarni chaqmoqlashning umumiy va spesifik xususiyatlarini, qurollarga ishlov berish vositalarini va toshga ishlov berish texnologiyalaridan ko’zda tutilgan oxirgi maqsadni aniqlashda kompleks yondoshishni maqsad qilib olganlar.
1958-1960 yillardagi qazishmalar materiallari 977 tosh buyumni tashkil qiladi. Texnologik va trasologik tahlillar ma’lumotlariga ko’ra, ular 3 ta prenukleus, 38 ta nukleus, 116 ta qurol, 17 ta galka va g’o’lalar, 803 ta yo’nilg’ilardan tarkib topgan. Yo’nilg’ilar asosan uchirindilar, kamroq yirik va noto’g’ri plastinalar va yanada kamroq to’g’ri prizmatik plastinalar va mikroplastinkalardan iborat. Shuningdek, to’plamda kremniy va daryo jinslari siniqlari ham mavjud.
Tahlillar natijalarining ko’rsatishicha, tanovorlarning katta qismi galkali tosh jinslaridan (diorit, kvars, kvar­sit, kremniylashgan slanes) va kremniydan ishlangan. Ayrim amfibolli gneys, rogovik, qayroqtoshlardan foydalanilgan. Tadqiqotchilarning hisoblashicha, quyi terassa tosh buyumlarining 92 % Zarafshon daryosi sohillarida ko’plab uchraydigan mahalliy xomashyodan ishlangan. Faqat 6,7% xomashyo Cho’ponota tepaligidan keltirilgan9. Mahalliy qayroqtosh xomashyo eng ko’p tarqalgan va yetarlicha mustahkam, qayishqoq bo’lib, turli shakl, hajm va og’irlikda keng tarqalgan material bo’lgan. Bunday turli tumanlik orasidan chaqmoqlash uchun zarur shaklni tanlab olish mumkin bo’lgan. Cho’ponota kremniysi past sifatli, yoriqlarga, o’yiqlarga ega va kichik hajmli bo’lgan. Ushbu kremniyning rangdorlik gammasi turlicha bo’lgan va bu yerda ularning – kulrang, jigarrang, yashil tuslari uchraydi (kulrang kremniy ko’proq). Yu.P. Xolyushkinning kuzatishlari va hisob kitoblariga ko’ra, kulrang kremniy yuqori qatlamlarga qarab ortib borish tendensiyasiga ega. Qayroqtosh va g’o’lalar chaqmoqlashda foydalanilgan bo’lib hajmiga ko’ra farq qiladi. Ularning uzunligi 19 sm, eni-12 sm va qalinligi - 6,5-8 sm gacha yetadi. Ular orasida butunlari ham mavjud va ulardan tanovorlar bir, ba’zan ikki tarafdan sindirib olingan. shuningdek, qayroqtosh va g’o’lalar orasida bitta yirik yo’nish yordamida ko’ndalang sindirilgan yirik na’munalari ham mavjud va ularning uzunligi 9,5-12 sm, eni 5.5- 6,8 sm, qalinligi 5 sm gacha yetadi. Samarqand makoni sohiblariga qoyil qolish kerak. Ular kam kuch va kam harakatlar sarflab osongina prenukleuslarga aylantirgan qayroqtoshlar, g’o’lalar va plitkalarning eng qulay shakllarini o’zlariga xos amaliyot bilan jiddiy va rasional ravishda yig’ib olganlar. Ikki tarafi yupqa yoki bir tarafi yupqa va ikkinchi tarafi bo’rtib chiqqan yumaloq, tuxumsimon yoki cho’zinchoq qayroqtoshlarga talab ko’proq bo’lgan.
Eksperimental ma’lumotlarga ko’ra, galkalarning bunday shakllari nafaqat nukleuslar, balki Samarqand makoni industriyasida yorqin namoyon bo’ladigan chopperlar va choppinglar tayyorlash uchun eng qulay materiallar hisoblanggan. Boshqacha aytganda, galka yoki g’o’laning tanlangan shakllari butun texnologik jarayonning zaruratlarini ta’minlagan. Bu toshga ishlov berish usullariga to’g’ridan-to’g’ri ta’sir ko’rsatgan. Tuxumsimon, sharsimon, ikkitaraflama-bo’rtib chiqqan g’o’lalar va qayroqtoshlar bir yoki ikki ko’ndalang zarb berish yordamida galkaning uch qismini kesib zarb maydonlar tayyorlab olishni talab qilgan.
Bunday texnik usul, eksperimental ma’lumotlarga ko’ra, qayroqtosh yoki g’o’laga sandon yordamida hosil qilinadigan qarshi zarb berish orqali amalga oshirilgan. Bu usul Samarqand makonida 1958-1960 yillar materiallari orasida uchraydi va bu yerda ko’plab ushbu texnika yordamida ko’ndalang kesilgan qayroqtoshlar va tosh sandonlar majmualari ham topilgan.
Tadqiqotning maqsadi Samarqand makonining 1961-1967 yillarda qazib olingan yuqori qatlami materiallarini o’rganishdan iborat bo’ldi. Bunda toshlarni chaqmoqlashning va tosh qurollar yasashning texnologiyalarini o’rganish va trassologik tahlillar o’tkazishni taqoza etadi. Trassologik tahlillarda biz oldimizga qanday tanovorlar qurollarning konkret tiplarini yasashda qo’llanilganligini kuzatishni maqsad qilib qo’yiladi. Bunda texnik yo’nilg’ilar, ishlab chiqarish chiqitlari, birlamchi va yarim birlamchi yo’nilg’ilar ham inobatga olindi. Bunday yondoshuv Samarqand makoni aholisining texnik-texnologik strategiyalari bo’yicha ma’lumot bazasini ancha kengaytiradi. Axir aynan trassologik tadqiqotlar ma’lumotlari tosh buyumlarga xos tanovorlari tiplarini belgilovchi va epizodik tiplarini bor butunicha aniqlash imkonini beradi. Tipologik va texnologik tahlillarda aholi tomonidan qo’llanilgan boshlang’ich tanovorlarni har birini alohida ko’rib chiqishdan iborat funksional faktorlar e’tibordan chetda qoladi. Bir tomondan ma’lum morfologik shaklga ega u yoki bu buyumning qanday va qaysi usul yordamida yasalganligi haqida ma’lumot olish bo’lsa, ikkinchi tomondan, qaysi qurol konkret qanday shakldagi tanovordan ishlanganligini aniqlash amalga oshirildi.
Samarqand makonining 1958-1960 yillardagi qazishmadan olingan kolleksiyasida G.F. Korobkova tomonidan aniqlanishicha, tosh qurollar yasashda qo’llanilgan yarim fabrikatlar orasida birlamchi, yarim birlamchi, texnik yo’nilg’ilar seriyalaridan (zarb maydonlar tayyorlashdan hosil bo’lganlari, yelkali plastinalar va uchirindilar, muvaffaqiyatsiz yo’nilg’ilar shu jumladan) foydalanilganligi aniqlandi.
Samarqand makoni materiallarini trassologik tahlili natijalari hamisha tanovorlar sifatida texnik yo’nilg’ilardan foydalanilganligini ko’rsatdi. Ulardan go’sht uchun pichoqlar, teriga ishlov berish uchun qirg’ichchalar, yog’och, suyak va shoxga ishlov berish uchun randalar va boshqa qurollar yasaganlar. To’plamda eng ko’p tarqalgan qurollar qirg’ichchalar – 63 ta, go’sht pichoqlar – 61 tani tashkil qildi. To’plamning pichoqlari orasida qadama qurollar – 4 tani tashkil qildi va ular prizmatik plastinalar bo’lib, ezma texnika yordamida chaqmoqlab olingan. To’plamda iskana 56 ta va randalar soni (56 ta) bir xilda. Ma’lum bo’lishicha, kesgichlarning katta guruhi turli xil materiallarga ishlov berish uchun foydalanilgan – 28 tani tashkil qilsa, yangi, ilgari noma’lum bo’lgan novteshalar – 13 ta bo’lib, ular teriga, yog’ochga va suyakka hamda shoxlarga ishlov berishda qo’llanilgan. Turli tiplardagi qirg’ichlarning yorqin seriyalari aniqlandi va ular – 26 tani tashkil qildi (dejete, oddiy uzunasiga, ko’ndalangiga, diagonal shakllar) va ular universal qurollar ekanligi aniqlandi. Qirg’ichlar go’sht pichoq, yog’ochga va suyakka ishlov berish uchun randalar hamda teriga ishlov berish uchun qirg’ichchalar sifatida qo’llanilganligi ma’lum bo’ldi.
Kolleksiya qurollari orasida parmalar (sverla) – 6 ta, teri teshish uchun bigizlar – 6 ta, yog’och randalovchi pichoqlar – 2 ta va 13 ta yarim funksional instrumentlar, ular eski siyqasi chiqqan qurollar yoki 2 va 3 ta funksiyani bajaruvchi qurollardir. Texnik yo’nilg’ilardan, birlamchi va ikkilamchi yo’nilg’ilardan qurollar uchun tanovor sifatida foydalanishni (119 ta) Samarqand makonining o’ziga xos xususiyatlaridan biri, deb qarash mumkin.
1998-1999 yillarda katta kolleksiya ustida o’tkazilgan trassologik tahlillar natijalarining ko’rsatishicha, yodgorlikda mehnat qurollari nisbati yuqori – 25,8%. Ushbu tahlillar davomida qanday morfologik tanovorlar qanday tipdagi konkret qurollar yasashda qo’llanilganligini aniqlash imkoni tug’ildi. Shuningdek, chamoqlashning texnik zaruratlari Samarqand makoni aholisining turmush talablaridan hamda chaqmoqlashning an’anaviyligidan kelib chiqqanligi aniqlandi. Aynan birinchi holat texnologiya va mehnat qurollarining progressiv rivojlanishiga turtki bo’lgan. Eng ommabop qurollar qirg’ichchalar, pichoqlar, iskanalar va randalar bo’lib, ular deyarli bir xil son ko’rsatgichlarida namoyon bo’ladi. Qirg’ichchalar uchun tanovor sifatida mayda uchirindilardan – 26 ta (ulardan 2 tasi birlamchi va 1 tasi yarim birlamchi), o’rtacha hajmli uchirindilardan – 14 ta (ulardan 2 tasi birlamchi va 2 tasi yarim birlamchi), yirik uchirindilardan – 7 ta (ulardan 1 tasi birlamchi va 3 tasi yarim birlamchi); yirik plastinasimon uchirindilardan —2 ta; yirik plastinalardan – 3 ta; yarim birlamchi yo’nilg’ilardan – 1 ta; juda ko’p marta qayta ishlov berilgan nukleuslardan – 4 ta; nukleuslar zarb maydonlaridan – 4 ta; plitkalar siniqlaridan – 1 ta; nukle­uslar siniqlaridan – 1 ta foydalanilgan. Ular orasida 8 ta qirg’ich aniqlangan (ulardan 2 tasi dejete, 4 tasi oddiy uzunasiga, 1 ta ko’ndalang va1 ta dioganal shakllar).
Shunday qilib, qirg’ichchalar yasashda asosiy tanovorlar yupqa qirrali, yirik, qiya, tekis va ba’zan karnizlari tekislangan mayda to’g’ri burchak va uchburchaksimon uchirindilardan foydalanilgan. Randalarni yasashda o’rta hajmli uchirindilardan – 27 ta (shu jumladan, 2 ta birlamchi va 3 ta yarim birlamchi uchirindilardan), yirik uchirindilardan – 11 ta (jumladan, 2 ta birlamchi), mayda uchirindilardan – 4 ta (ularning barchasi birlamchi), birlamchi yo’nilg’ilardan – 3 ta, texnik yo’nilg’ilardan – 4 ta, nukleuslar siniqlaridan – 2 ta, nukleuslar zarb maydonlaridan – 1 ta, chopperlardan – 2 ta foydalanilgan. Randalar funksiyasini 2 ta yirik plastina va 6 ta qirg’ichlar (1 ta dejete, 3 ta uzunasiga va 2 ta ko’ndalang ishlangan) ham bajargan.
Ko’rinib turibdiki, qurollar yasashda o’rta hajmli uchirindilarga ko’proq e’tibor berilgan va ular to’g’ri burchaksimon shaklli, massiv, qiya va tekis zarb maydonchalidirlar. Bunda birlamchi va yarim birlamchi uchirindilar (14 ta) muhim rol o’ynagan. Mukammal pichoqlarni tayyorlashda yirik plastinalardan – 22 ta (ulardan 2 tasi yarim birlamchi), makroplastinkalardan – 7 ta, o’rta hajmli plastinalardan – 5 ta, yirik plastinasimon uchirindilardan – 10 ta, yirik levallua uchirindilardan – 1 ta, yirik birlamchi uchirindilardan – 1 ta va yirik yarim birlamchi uchirindilardan – 2 ta, o’rta hajmli uchirindilardan – 12 ta foydalanilgan. Pichoqlar funksiyasini 2 ta uzunasiga va 2 ta dejete tipidagi qirg’ichlar ham bajargan. Asosiy tanovorlar plastinalar va kamroq uchirindilardan foydalanilgan.
Kesgichlar tanovorlari tarkibi boshqacharoq manzara kasb etadi. Ular 28 ta bo’lib, ko’pchiligi o’rta hajmli uchirindilardan – 7 ta (1 tasi birlamchi), mayda uchirindilardan – 4 ta (1 tasi yarim birlamchi), yirik uchirindilardan – 5 ta (1 tasi birlamchi), yirik plastinasimon uchirindilardan – 3 ta, yirik plastinasimon yo’nilg’ilardan – 1 ta, yirik plastinkalardan – 4 ta (2 tasi yarim birlamchi), o’rtacha plastinkalardan – 1 ta, siyqasi chiqqan nukleuslardan – 1 ta, nuk­leuslar siniqlaridan – 1 ta, yirik yelkali uchirindidan – 1 ta ishlangan. Qurollarningg ushbu toifasi uchun asosan turli hajmli uchirindilardan foydalanilgan, biroq ularning ham zarb maydonchalarri massiv, tekis va qiyalashgan (ba’zi hollar bundan mustasno) bo’lgan.
Qirg’ichlar tayyorlash uchun yirik uchirindilar – 12 ta (3 tasi yarim birlamchi), o’rta hajmli uchirindilar – 2 ta (1 tasi birlamchi), yirik plastinasimon yo’nilg’ilar – 7 ta, mayda uchirindilar – 1 ta, zarb maydonchalar – 1 ta, birlamchi yo’nilg’ilar – 2 ta, yirik plastinalar – 1 ta tanlab olingan.
Iskanalar ko’p marta ishlov qayta berilgan chiqqan nukleuslardan – 18 ta, nukleuslar siniqlaridan – 4 ta, o’rta hajmli uchirindilardan – 19 ta (5 tasi yarim birlamchi), yirik uchirindidan – 1 ta, mayda uchirindilardan – 15 ta (1 tasi yarim birlamchi), yirik plastina sinig’idan – 1 ta, yelkali uchirindilardan – 2 ta, galka bo’laklaridan – 2 ta foydalanilgan. Shunday qilib, ushbu toifadagi qurollarni yasashda asosiy tanovorlar uchirindilar – 37 ta, ba’zan ko’p marta qayta ishlov berilgan nukleuslar va ularning siniqlaridan – 22 ta iborat bo’lgan. Novteshalarni tayyorlashda yirik uchirindilardan – 6 ta (2 tasi birlamchi va 1 tasii yarim birlamchi), o’rtacha uchirindilardan – 3 ta (1 tasi yarim birlamchi) va mayda uchirindidan – 1 ta, zarb maydondan – 1 ta, yelkali uchirindi – 1 ta, texnik yo’nilg’idan – 1 ta foydalanilgan. Ushbu ro’yxat asosida novteshalar uchun yirik hajmli uchirindilar asosiy tanovor vazifasini o’tagan va odatdagidek, ular to’rtburchaksimon shaklli, to’g’ri yoki qirralari biroz bo’rtib chiqqan, yirik, tekis va qiya zarb maydonchali bo’lgan.
Parmalar (sverlo) tayyorlashda butunlay boshqa turdagi tanovorlardan foydalanilgan. Bular noto’g’ri yon qirrali yirik plastinalar – 4 ta, nukleus sinig’i – 1 ta va yelkali yarim birlamchi plastinadan – 1 ta iborat. Bunda yirik o’tkir burchakli, yetarlicha yirik, profili egik, zarb maydonchasi qalin, to’g’ri burchakli yoki uzunchoq ko’rinishli plastinalardan ko’proq foydalanilgan. Tosh bigizlarni yasashda esa, ko’pincha retushlanmagan o’rta hajmli o’tkir burchakli va kesmada uchburchaksimon plastinkalardan – 3 ta, yelkali plastinadan – 1 ta, o’rta hajmli uchirindilardan – 2 ta (1 tasi birlamchi) foydalanilgan. Yog’ochni randalovchi pichoqlar uchun tanovorlar sifatida dorsalida parallel negativlarga ega va qirralari ham deyarli parallel bo’lgan yirik prizmatik plastinalardan foydalanilgan.
Ushatg’ichlar uchun boshlang’ich materiallar sifatida nukleuslardan – 3 ta, ko’ndalang bo’lingan galkalardan – 4 ta, galkalarning parchalaridan – 5 ta, chopperlardan – 2 ta va choppinglardan – 2 ta foydalanilgan. Choppinglar va chopperlar uchun ko’ndalang kesilgan yashil va kulrang mayda qumli qattiq jinsli galkalardan foydalanilgan. Parmalar uchun ham – shunga o’xshash, biroq uzunasiga sindirilgan galkalardan foydalanilgan.
Samarqand makoni yuqori qatlamlari materiallarini trassologik tahil qilish natijalari nafaqat aholi ishlatgan qurollar tarkibini aniqlashga, balki aniq qurollar guruhlarining miqdoriy koefisentini ham aniqlash imkonini berdi. Bu vazifani funksional tipologiya bajardi va u yuqori madaniy qatlam aholisining paleoekonomik holatini aniq tushunish maqsadida ishlab chiqilgan. Makon hududida ovlab keltirilgan o’ljaga ishlov berish, o’ldirilgan hayvonlarning go’shtini taqsimlash va terisini ajratish ishlari amalga oshirilgan. Faoliyatning ushbu turi bilan qayd qilingan qurollarning 35% dan foydalanilgan. Yog’ochga ishlov berish ham muhim joy egallagan va bu makonning stasionar istiqomat qilinganligidan dalolat beradi.
Randalar, parmalar, iskanalar, randalovchi pichoqlar, chopquvchi qurollar, kesgichlar va mexnat vositalarning turlari yog’ochga ishlov berishning murakkab texnologik jarayonlarining hukm surganligidan guvohlik beradi. Yog’ochni yo’nganlar, randalaganlar, silliqlaganlar, po’stini shilganlar, teshganlar, o’rganlar, parmalaganlar, o’yganlar va kesganlar. Undan qurollar uchun qo’ndoqlar va qadamalar, yog’och buyumlar, maishiy buyumlar, idishlar, qurollar tayyorlaganlar va qurilish materiali va h.k.lar sifatida foydalanganlar. Suyak va shoxga ishlov berish ham shunday turli-tuman bo’lgan va ular yuqori effektli mexnat vositalarning tarmoqlangan tarkibini ta’minlagan.
Teriga ishlov berishga mo’ljallangan qurollarning miqdoriy ko’rsatgichlari ham ushbu xo’jalik turining Samarqand makoni aholisi ishlab chiqarish tizimida ustun ahamiyatini ko’rsatadi (deyarli 19%). Terilar novteshalar, qirg’ichchalar va qirg’ichlar yordamida ishlov berilgan. Teriga turli darajada ishlov berishga mo’ljallangan qirg’ichchasimon buyumlar tarkibi professional darajada tanlab olinganligi aniqlandi. Qirg’ichlar va qirg’ichchalar ancha uzun ish qirrali bo’lib, terini katta maydonlarda ishlov berish imkonini bergan. Mikroqirg’ichchalar va yo’nilg’i uchlarining burchaklarida shakllantirilgan qirg’ichchalar mayda hayvonlarning terisiga yoki notekis maydonchalarga ishlov berishda foydalanilgan. Tumshuqli qirg’ichchalar teri yoriqlaridagi go’shtlarni qirib, uni qirg’ichchalar va qirg’ichlar yordamida ishlov berish uchun tayyorlaganlar.
Makon hududida toshlarni chaqmoqlash va mehnat qurollarini ishlab chiqarish ulkan ahamiyatga ega bo’lgan. Bir vaqtning o’zida, qurollar chaqmoqlash bilan bog’liq nukleuslarning qandaydir konsentrasiyasi kuzatilmaydi, ya’ni makon hududida makon-ustaxona yoki ustaxonaning hukm surganligi dalillar bilan tasdiqlanmaydi. Nukleuslarning, g’o’lalarning, parchalar, siniqlarning texnik yo’nilg’ilarning va boshqa chaqmoqlash chiqitlarining mavjudligi bu yerda ustaxona hukm surganligini ko’rsatmaydi. Bu materiallar makonning butun maydoni bo’ylab sochilib yotadi va mahalliy faol mehnat qurollari tayyorlash bilan bog’liq hamda bu yerda uch bosqichli chaqmoqlashdan foydalanilganligidan dalolat beradi.
Samarqand makoni aholisi o’z ajdodlarining an’analariga ehtiyotkorlik bilan yondashganlar va toshlarni chaqmoqlash texnologiyalarini hamda tosh qurollar yasash sirlarini, bu borada arxaik elementlarni saqlab qolganlar va yuqori paleolitga xos texnologik innovasion elementlarni yangilab borganlar. Ishlab chiqarishning to’rt turi — hayvonlar go’shtini maydalash, teriga va yog’ochga ishlov berish, toshlarni chaqmoqlash va o’zlarini zarur qurollar bilan ta’minlash aholi faoliyatining asosiy harakatlantiruvchi tayanch ishlab chiqarishlari bo’lgan. Bu haqda ushbu ishlab chiqarishlarda band bo’lgan qurollar nisbatining yuqori foizi hamda ular tarkibining differensiyalashganligi guvohlik berib, bu Samarqandlik ustalarda murakkab texnologik jarayonlarning hukm surganligini ko’rsatadi. Qurollarning faol yemirilganligidan kelib chiqib, Samarqand makonini ovchilarning asosiy lageri deb, uning aholisini esa yarim cho’l va dasht sharoitida yashagan va yovvoyi otga, pleystosen davri eshagiga va ibtidoiy turga ov qilgan ovchilar deb hisoblash mumkin. Bir so’z bilan aytganda, mahalliy aholining samarali faoliyati butunicha ovchilikka va ovchilik mahsulotlariga ishlov berishga hamda o’zlarini bu joyda uzoq muddat yashashlari uchun barcha zarur vositalar bilan ta’minlashga qaratilgan bo’lgan. Bu o’z davri uchun differensasiyalashgan buyumlar bilan qurollangan progressiv va samarali texnologiyalarni ta’minlagan barqaror rivojlanayotgan sohalar edi.
Yuqori qatlam materiallarining tipologik tahlili yuqori qatlamdagi qurollarni tayyorlashda uchirindilar keng qo’llanilganligini ko’rsatdi va bu uchirindilar toshlarni chaqmoqlash texnologiyalarining belgilovchi tipidir. Ular orasida makonda mavjud o’zaklardan tosh ushatg’ich yordamida chaqmoqlangan plastinasimon uchirindilar ko’plab uchraydi. Chaqmoqlashning yo’nalish ko’proq vertikal, ba’zan qarama-qarshi, ko’pincha bir taraflama yo’nalishlarga ega. Bu haqda to’plamdagi bir zarb maydonli va bir taraflama ishlangan bir zarb maydonli tosh o’zaklarning ko’pligi guvohlik beradi. Ikkinchi o’rinni bir taraflama ishlangan ikki zarb maydonli o’zaklar egallaydi va ulardan qarama-qarshi ravishda chaqmoqlash amalga oshirilgan. Uchinchi o’rinni yonlama nukleuslar egallaydi va ular bir taraflama bir yuzadan chaqmoqlangan. Bu yerda qayta shakllantirilmagan nukleuslarning ko’p bo’lishiga qaramasdan, kam sonli siyqasi chiqqan o’zaklarning mavjudligi kishini xayron qoldiradi. O’zaklarning katta qismi ish yuzasida mavjud bo’lgan bo’rtiklar, yoriqlar va tabiiy kamchiliklar tufayli istalmagan holda tashlab yuborilgan va bunday o’zaklardagi noqulayliklarni sindirib yo’qotish yoki ish yuzasi yo’nalishini o’zgartirish o’rniga tashlab yuborilgan hamda yangilarini chaqmoqlashni amalga oshirganlar.
Samarqand makoni ustalari tomonidan zarb berish texnikasi mukammal o’zlashtirilgan va ular parallel, yelpig’ichsimon, radial va ortogonal chaqmoqlash texnikalarini osongina bajarganlar. Chaqmoqlash xarakterining qanaqa bo’lishidan qat’iy nazar, Samarqand makoni nukleuslarining yuqori qismida sindirib olingan tanovorlar zarb maydonchalarining yirikligidan dalolat beruvchi chuqur tepaliklar izlari saqlanib qolgan. Shuningdek, kompleksda yo’nilg’i negativlarining pastki uchini yupqalashtirishga bo’lgan xarakat ham kuzatiladi. Shuning bilan birga, Samarqandlik ustalar ezma texnikadan ham xabardor bo’lganlar va bu haqda haddan tashqari ishlov berilgan, yuzalarida yupqa parallel negativlarga ega mikronukleuslar to’plamlarining mavjudligi va ularni zarb maydonlarining qirralarida nuqtasimon ezma-kichik chuqurchalarning saqlanib qolganligi guvohlik beradi. Bunday nukleuslardan olingan plastinkalar va mikroplastinkalar ko’ndalang kesmada alohida yupqalikka ega bo’lgan, qirralari parallel, zarb maydonchalari bilinar-bilinmas va karnizlari sinchiklab tekislangan bo’lgan. Bunday tanovorlar yoki vositachi yordamida (biroq vositachi qurol qoldiqlari topilmagan) yoki ishchi uchi yupqa va konussimon ezg’ich yordamida qo’lga kiritilishi mumkin.
Shunday qilib, Samarqand makoni chaqmoqlash texnologiyasida zarb berish texnikasi ustunlik qilgan va bu mahalliy ustalarning texnologik maqsadlarini belgilab bergan va u alohida uchirindi tanovorlar olishga qaratilgan bo’lgan. Bu uchirindilar qirralarining yupqaligi va zarb maydonchalarining massivligi bilan ajralib turgan.
Ushbu texnikaning genetik aloqalari Samarqand makoniga qo’shni bo’lgan ancha qadimgi davrlar yodgorliklari materiallarida yaxshi kuzatiladi. Gap N.X. Toshkenboyev tomonidan o’rganilgan va R.H. Sulaymonov tomonidan statistik jihatdan tadqiq qilingan so’nggi mustye davriga oid Qo’tirbuloq va Zirabuloq xususida bormoqda. Tilga olingan yodgorliklar yuqori qatlamlari materiallari tahlilining ko’rsatishicha, ular Samarqand makoni qadimgi materiallari bilan favqulotda o’xshashdir.
Tadqiqotchilarning fikricha, Qo’tirbuloq va Zirabuloq Samarqand madaniyatining shakllanishida boshlang’ich maydon vazifasiini o’tagan va ularning negizida o’z paytida D.N. Lev tomonidan ajratilgan Samarqand so’nggi paleolit madaniyati shakllangan. M.D. Djo’raqulov va Ye.N. Amarsevalar tomonidan amalga oshirilgan keyingi ishlarda ushbu xulosaning naqadar to’g’riligi yanada ishonchliroq qilib isbotlandi. Hozirda Samarqand botig’i hududida Samarqand makonidan tashqari Xo’jamazgil va Siyobcha topilmajoylari ham mavjud bo’lib, ular N.X. Toshkenboyev tomonidan o’rganilgan. Ularda ham daryo galkalaridan foydalanilgan, boshlang’ich tanovorlar sifatida plastinasimon va oddiy uchirindilardan va kam hollarda plastinalardan foydalanilgan va bu tanovorlar gardishsimon va qo’pol prizmatik o’zaklardan chaqmoqlab olingan. O’xshash qurollar turlarining mavjudligi – yo’nilg’i uchlarida shakllantirilgan qirg’ichchalar va nukleussimon shakllarning, qirg’ichlar, kesgichlar, kertik va galkali qurollarning mavjudligi ularni Samarqand makoni bilan yaqinlashtiradi. Qo’tirbuloqning yuqori qatlamlarida parallel yelkali yo’nilg’ilar nisbatining barqaror o’sib borishi va zarb maydonchalarning kamdan-kam tekislanishi yodgorlikni Samarqand makoni bilan yaqinlashtiradi.
Qo’tirbuloq bilan o’xshashliklar foydalanilgan xomashyo hamda toshlarni chaqmoqlash texnikasi, ikkilamchi ishlov berish va qurollar tarkibida ham seziladi. Ammo undan farqli ravishda, Qo’tirbuloqda ikkilamchi ishlov berilgan qurollar xarakterli xususiyat bo’lsa, Samarqand makonida qurollar kam sonli ko’rsatgichlarga ega. Bundan tashqari, atayin kesilgan plastina va uchirindilar soni juda kam va mavjudlari ham maxsus kesilgan na’munalar emas (ularda atayin kesilganlik belgilari yo’q), balki differensasiyalashgan mehnat qurollarining qismlaridir. Shunday bo’lsa-da, Qo’tirbuloqda mustye davrida asos solingan an’analar Samarqand makonida, Xo’jamazgil va Siyobchada davom ettiriladi. Har ikkala komplekslarda ham gardishsimon va bir ikki zarb maydonli nukleuslar, levallua o’zaklarining kichik seriyalari, plastina va uchirindilar, ko’plab kertik qurollar, qalin tipli qirg’ichchalarning turli xil shakllari va iskanasimon qurollar uchraydi. Qo’tirbuloqda bo’lgani kabi Samarqand makonida ham galkali qurollarning nisbati katta emas. Har ikkala yodgorlikda ham turli tipdagi retushlash, kesgich yo’nilg’isi yordamida ishlov berish va yo’nilg’i uchlarining past qismi yo’nilgan buyumlar uchraydi.
Ammo Samarqand makoni buyumlarining umumiy ko’rinishi Qo’tirbuloqning yuqori qatlamlari buyumlariga ko’ra rivojlangan ko’rinishga ega. Tipologik xususiyatlarning o’xshashligiga qaramasdan ishlov berishning nozikligi va qurollar hajmining nisbatan kichikligi Samarqand makonida yorqin ko’zga tashlanadi. Shu ma’noda Samarqand makoni bilan Zirabuloqning industriyasi ancha yaqinroq ko’rinadi. Zirabuloqda prizmatik nukleuslar, to’g’ri yelkali plastina va plastinkalar, kertik qurollar, qirg’ichlar, qalin tipli qirg’ichchalar va tosh nayzalar uchraydi.
Bir vaqtning o’zida yodgorliklarning Qo’tirbuloq guruhi Samarqand makonidan haddan tashqari ishlov berilgan nukleuslarning mavjudligi, plastinasimon tanovorlarning uzunligi, ikkilamchi ishlov berish tiplarning turli-tumanligi (asosan, tishsimon retushli) va qurollar tiplari bilan farq qiladi. Ammo ushbu tafovutlar madaniy-genetik emas, balki xronologik sabablarga kiradi. Zirabuloq va Samarqand makonlarida ko’proq yirik, biroq tekislangan zarb maydonchaga ega va ko’proq uchburchaksimon shaklli uchirindi tanovorlar katta o’rin tutadi. Biroq gardishsimon nukleuslarning ko’pligi Zirabuloqning anchayin qadimgi sanasidan dalolat beradi, vaholangki, Samarqand makonida bunday turdagi o’zaklar kamchilikni tashkil qiladi, ya’ni bu sof xronologik tafovutlar hisoblanadi. Shunday bo’lsa-da, madaniy-genetik jihatdan Zirabuloq va Samarqand makonining tipologik xarakteristikasi juda yaqin.
Samarqand makoni komplekslarining yagonaligi va uning bir vaqtda hukm surganligi masalasi murakkab hisoblanadi. Yodgorlikning sanasi borasida 33 ming yilliklardan 20 ming yilliklargacha bo’lgan turlicha talqinlar mavjud. Samarqand makoni hududi yuqori paleolit davrining turli bosqichlarida o’zlashtirilganligi bilan bog’liq. Ushbu farazni isbotlashga M.D. Djo’raqulov tomonidan o’rganilgan yuqori terassaning quyi qatlami materiallari xizmat qilishi mumkin. O’sha paytlardayoq geolog S. A. Nesmeyanov tomonidan bu yerda yalangdasht davriga oid ikkita turli xronologik bosqichlarga oid terassalarning mavjudligi xulosa qilingan edi.
Go’yoki ushbu fikrni palinologik tadqiqotlar natijalari ham tasdiqladi. Ushbu farazni M.D. Djuraqulov ham inkor etmagan, ammo yuqori terassadan yig’ilgan materiallarning kam sonliligi tufayli quyi gorizontning ancha qadimiylashgan yoshi masalasi ochiq qoldirilgan. Shunday bo’lsa-da, quyi qatlam materiallari ustidan qisman o’tkazilgan tahlillar ularning quyi terassa materiallaridan yuqori terassa materiallari ancha rivojlangan ko’rinishga ega ekanligi aniqlandi. Gap qurollar tayyorlashda mutlaqo boshqa-boshqa xomashyolardan — kulrang va to’q-kulrangli mayda qumli qayroqtoshdan foydalanganligida emas, balki boshqacha chaqmoqlash texnikasi va qurollar tarkibida. Ushbu materiallarning qo’shimcha dalillari Samarqand makoni hududida ikkita turli davrlarga oid makonning mavjud bo’lganligini yoki turli davrlarda hukm surgan yagona kompleksning mavjudligini ko’rsatmoqda. S.A. Nesmeyanovning fikricha, makonni o’zlashtirish yuqori terassadan boshlangan.
Hozirgi kunda yuqori terassa materiallari haqida tipologik, texnologik va trassologik nuqtai-nazardan to’liq ma’lumotlar olingunga qadar yuqori va quyi terassalar o’rtasida aniq tafovutlar sezilarli. Biroq buning uchun yuqori terassaning barcha materiallarini tadqiq qilish talab qilinadi.
Samarqand makonining O’rta Osiyo va Sibirning sinxron yodgorliklari o’rtasidagi aloqadorlik masalalarini ham chetlab o’tib bo’lmaydi. Samarqand makonining Malta, Buret, Kokerova va Afontovsk yodgorliklari bilan genetik va madaniy bog’liqligi haqidagi A. P. Okladnikov davridan boshlangan tortishuvlar hanuz davom etmoqda. Bu masalani yechish uchun qiyoslanayotgan barcha komplekslar materiallarini sinchkov texnik-tipologik tahlillardan o’tkazish talab qilinadi (trassologik tahlillar to’g’risida gapirmasdan).
Hozirda Samarqand makoni industriyasining xususiyatlari aniqlangan va bu aniq qiyosiy xususiyatlar tahlillarini amalga oshirish imkonini beradi. Birinchi faraz tarafdorlari Samarqand makoni industryasini Malta va Buret yodgorliklari komplekslari bilan o’xshashligini gardishsimon, galkali qurollar, yupqa uchirindi va plastinalar va ayrim uchirindilardan ishlangan yirik qirg’ichchalarning mavjudligida deb qaraganlar.
3. A. Abramovaning fikricha, Malta-Buret madaniyati uchun prizmatik, konussimon va ko’ndalangiga chaqmoqlangan va siyqasi chiqqan kubsimon nukleuslarning ko’pincha haddan tashqari ishlanganlari xarakterlidir. Shu jumladan, tipik qoziqsimon o’zaklar va kam sonli gardishsimon nukleuslar xosdir. Qurollar uchun xarakterli tanovorlar sifatida noto’g’ri prizmatik shakldagi o’rta hajmli kremniy plastinkalardan foydalanilgan. Qurollar tarkibida plastinalardan ishlangan tig’lar, bigizlar, kichik hajmli pichoqlar, kam sonli kesgichlar, plastina va uchirindilar uchlarida shakllantirilgan qirg’ichchalar, yumaloq qirg’ichchalar, jumladan, qalin tipli qirg’ichchalar ham uchraydi. Shuningdek, plastina va uchirindilardan ishlangan ayrim kertik qurollar, uchlari tagyo’nishli iskanasimon qurollar, galkali qurollar va qirg’ichlar ham mavjud. Suyak qurollar va san’at asarlari ko’plab uchraydi.
Aytilganlarni tahlil qilib va keltirilgan ma’lumotlarni Samarqand makoni kompleksi bilan qiyoslasak, A.P. Okladnikovning "qiyoslanayotgan komplekslardagi o’xshashliklar umumiy xarakterga ega", degan fikrlarini keltirish mumkin. Tilga olingan qurollarning Malta va Buret makonlarida mavjudligi va ularga o’xshash buyumlarning Samarqand makonida uchrashini hududiy va davriy xarakterdagi o’xshash hodisalar deb tushuntirilishi mumkin.
Umuman, Samarqand makoni kompleksi Malta-Buret komplekslaridan keskin farq qiladi va bu farq avvalombor, chaqmoqlash texnikasi hamda qurollarning turlicha nisbati bilan izoxlanadi. Ta’kidlangan birinchi yodgorlik uchun bir zarb maydonli va bir taraflama ikki zarb maydonli ishlanishning boshlang’ich bosqichlaridagi nukleuslar, kam sonli gardishsimon, konussimon va yanada kamroq qoziqsimon o’zaklarga ega. Samarqandlik ustalarning texnologik maqsadi kam sonli plastinalar va asosan, ko’plab uchirindi tanovorlar olishga qaratilgan bo’lgan. Shundan tushunarliki, qurollar yasashda asosiy tanovorlar sifatida uchirindilar alohida hal qiluvchi ahamiyat kasb etgan bo’lsa, Malta va Buret komplekslarida bu vazifani plastinalar bajargan.
Samarqand makoni industriyasi tarkibida bosh rolni qirg’ichchalar, jumladan, ularning turli shakldagi qalin tiplari, uchirindilardan va plastinalardan ishlangan kertik qurollar, uchlari tagyo’nishli iskanasimon qurollar, pichoqlar va shu jumladan, qadama pichoqlar bajargan. Turli tiplardagi kesgichlar, uchirindilardan ishlangan turli shakllardagi qirg’ichlar (barchasi bir taraflama ishlov berilgan) katta rol o’ynagan. Son jihatdan kam bo’lishiga qaramasdan Samarqand makoni kesgichlari, iskanalari, kertikli plastinalari va uchirindilari, qirg’ichlari hamda galkali qurollari Malta va Buretdagi bunday qurollarga umuman o’xshamaydi va tilga olingan yodgorliklar industriyalarida plastinalardan ishlangan buyumlar ustunlik qiladi.
Samarqand makoniga analogiya sifatida Malta va Buret komplekslari qatori so’nggi paleolit davriga oid Achinsk makoni ham taklif qilingan. Achinsk makoni industriyasi konussimon shaklli haddan tashqari ishlov berilgan bir zar maydonli nukleuslari, yonlama o’zaklari, noto’g’ri yelkali plastinalari va ularning ayrimlari retushlangan turlari borligi bilan xarakterlanadi. Makon uchun kertikli plastinalar va uchirindilar, qarama-qarshi tarafdan retushlangan yo’nilg’ilar, nukleus siniqlaridan shakllantirilgan qalin tipli qirg’ichchalar xosdir. Shuningdek, unda gardishsimon qurollar, tosh bigizlar ham uchraydi. Bundan tashqari, kichik qayroqtoshdan ishlangan qirralari keng va bo’rtib chiqqan qirg’ichlar diqqatga sazovor. Qayroqtoshli qurollardan uzunchoq ishlangan chopper mavjud. Shuningdek , mamont shoxlaridan ishlangan buyumlar ham uchraydi.
Agar Samarqand va Achinsk makonlari chaqmoqlash texnologiyalari strategiyalarini qiyoslasak, ularda o’xshashliklardan ko’ra tafovutlar ko’proq. Kesgichlar, iskanalar, qirg’ichlar, galkali chopperlar va choppinglar kabi Samarqand makoni uchun xarakterli qurollar Achinskda kam sonli yoki epizodik xarakterga ega. Achinskda qirg’ichlarning tanovorlari ham Samarqand makonidagidan keskin farq qiladi. Nukleussimon qirg’ichchalar o’zaro o’xshash, biroq bu narsa ham genetik qarindoshlik yoki diffuziya belgisi emas, balki davrning in’omidir. Yana shuni ham hisobga olish lozimki, har ikkala yodgorlik ham yagona Osiyo-Sibir madaniyatlari doirasiga kiritilgan va o’zlarining o’ziga xos taraqqiyot yo’nalishiga ega.
Shunday qilib, qiyoslanayotgan komplekslarning xarakterli jixatlarini belgilovchi xususiyatlari bir-biridan farq qiladi. Bu holat Samarqand makonining Sibir so’nggi paleolit davri madaniyatlari bilan go’yoki genetik yoki madaniy aloqadorligi haqida gapirishga imkon qoldirmaydi. Shunday manzara Samarqand makoni bilan Shugnou o’rtasida ham kuzatiladi, ular o’rtasida o’xshashliklardan ko’ra tafovutlar ko’proq va bu farq barcha parametrlar bo’yicha kuzatiladi. Bu haqda V. A. Ranov va Yu. P. Xolyushkinlar bir necha marta ta’kidlaganlar.
V. A. Ranovning fikricha, Shugnouning 5-qatlami 25-28 ming yilliklar oralig’i bilan sanalanadi. Biroq bu anchayin pasaytirilgan sanalash bo’lib, V.A. Ranov tomonidan unga to’g’rilashlar kiritildi va 20— 25 ming yilliklar bilan qayta sanalandi. Ushbu kompleksni Samarqand makoni bilan qiyoslanganda Shugnouda qayroqtoshli qurollar, kesgichlar, qirg’ichlar va nukleussimon qirg’ichchalarning umuman uchramasligi ko’zga tashlanadi. Shugnouda tosh qurollarning tanovorlari va chaqmoqlash texnikasi mutlaqo boshqacha. Yanada ko’proq tafovutlar Shugnouning 1 gorizonti bilan qiyoslanganda namoyon bo’ladi, negaki, uning chaqmoqlash texnikasi asosida kamdan-kam hollarda qirralari retushlangan egik profilli noto’g’ri uchburchaksimon plastinka olish yotadi. Nukleuslari prizmatik va konussimon, ba’zan ko’p zarb maydonli o’zaklar ham uchraydi. Muallif tomonidan nukleus-qirg’ichchalar, deb tan olingan qurollari "karnizi bo’rtib chiqqan" va yuqori paleolit davri uchun tipik bo’lgan konussimon o’zaklardir. Bu yerda nukleussimon qirg’ichchalar, tumshuqli qalin tipli qirrg’ichchalar ham mavjud. Yo’nilg’ilar uchlarida shakllantirilgan qirg’ichchalar tor plastinkalar va uchirindilardan ishlangan. Ayrim kesgichlar, tishsimon qurollar, yirik uchirindilardan yoki bo’laklardan ishlangan qirg’ichlar va tig’lar mavjud. Tafovutlar nukleuslarning tiplarida, asosiy tanovorlarda, ikkilamchi ishlov berishda va qurollar turkumida ham seziladi.
Shugnou makonida galkali qurollarning umuman uchramasligini, kesgichlarning amalda yo’qligini eslash kifoya. Samarqand makonini esa tadqiqotchilar tomonidan qiyoslanadigan komplekslar Sibir-Osiyo madaniyatlari doirasiga kiritilganini qayd qilishgan.
Samarqand makonida ibtidoiy odamlarning chayla tipidagi uylari ham bo’lgan. Uning maydoni 100 m2dan ko’proq bo’lib, u deyarli to’g’ri burchak shaklidadir. Chayla soy bo’yida joylashgan va ibtidoiy odamlarning kundalik hayoti shu soy sohilida ovchilik bilan kechgan. Chayla o’rnidan xo’jalik maqsadlarida ishlatilgan katta gulxan qoldiqlari, tosh qurollar tayyorlanadigan maydonchalar, chayla ustunlarining qoldiq izlari topilgan.
1962 yilda makondan odamning tishi, yelka suyagi bo’lagi va 9 ta tishli pastki jag’ning bir qismi topilgan. V. V. Ginzburgning aniqlashicha suyak qoldiqlari, 25 yoshlardagi kramanon ayolga tegishlidir. 1966 yilda bu yerdan 10 ta yaxshi saqlangan tishlarga ega pastki jag’ topildi. V. Ya. Zezenkovaning aniqlashicha, u birinchi topilgan jag’ga o’xshash va 35 yoshlardagi erkak kishiga tegishli. Tish apparatining odontologik tahlili ularning Homo sapiens ga tegishli ekanligini tasdiqladi.
So’nggi paleolit davriga oid buyumlar Samarqand shahrida joylashgan Siyobcha daryosi bo’yidan hamda Bulung’ur tumanida joylashgan Xo’jamazgil qishlogi atrofidan ham topib o’rganilgan. Ularda topilgan tosh qurollar Samarqand manzilgohi materiallariga o’xshashdir.

Download 83 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling

kiriting | ro'yxatdan o'tish
    Bosh sahifa
юртда тантана
Боғда битган
Бугун юртда
Эшитганлар жилманглар
Эшитмадим деманглар
битган бодомлар
Yangiariq tumani
qitish marakazi
Raqamli texnologiyalar
ilishida muhokamadan
tasdiqqa tavsiya
tavsiya etilgan
iqtisodiyot kafedrasi
steiermarkischen landesregierung
asarlaringizni yuboring
o'zingizning asarlaringizni
Iltimos faqat
faqat o'zingizning
steierm rkischen
landesregierung fachabteilung
rkischen landesregierung
hamshira loyihasi
loyihasi mavsum
faolyatining oqibatlari
asosiy adabiyotlar
fakulteti ahborot
ahborot havfsizligi
havfsizligi kafedrasi
fanidan bo’yicha
fakulteti iqtisodiyot
boshqaruv fakulteti
chiqarishda boshqaruv
ishlab chiqarishda
iqtisodiyot fakultet
multiservis tarmoqlari
fanidan asosiy
Uzbek fanidan
mavzulari potok
asosidagi multiservis
'aliyyil a'ziym
billahil 'aliyyil
illaa billahil
quvvata illaa
falah' deganida
Kompyuter savodxonligi
bo’yicha mustaqil
'alal falah'
Hayya 'alal
'alas soloh
Hayya 'alas
mavsum boyicha


yuklab olish