Yusuf alayhissalom obrazi va uning atrofida kechgan voqealar musulmon mumtoz adabiyotining salmoqli qismini egallagan sayyor syujetlardan biri ekanligi ma’lum. U muqaddas diniy kitoblarda, xosatan, Qur’ni Karimda sabr va matonat, rizolik va Allohning qazo-yu qadariga taslimiyat timsoli sifatida talqin etiladi. Mumtoz adabiyot namunalarida esa nafaqat ushbu jihatlar ayni paytda, Yusuf alayhissalomning Zulayho bilan kechgan ishqiy mojarolari tavsifini ko`ramiz. Ushbu asarlar ichida Durbekning “Yusuf va Zulayxo” (یوسف و زلیخا) dostoni alohida ahamiyatga molik. Dostonning muallifi xususida uzoq vaqt munozaralar ham bo`lgan. Ayrim adabiyotlarda asarning muallifi sifatida Ulug`bek, Balxiy, Hirotiy kabi shoirlar ko`rsatilgan. So`ng akademik B. Valixo`jayev taniqli samarqandlik ma’rifatparvar Abduhamid Po`lotiy shaxsiy kutubxonasida saqlanayotgan “Yusuf va Zulayxo” qo`lyozmasida “Ayladi bu qissani Durbek nazm” misrasiga tayanib uzil-kesil asarning Durbekka tegishli ekanligi haqida ma’lumot beradi. Hozirgi kunda mazkur asarning qo`lyozma nusxalari O`zbekiston FA Sharqshunoslik intitutida, Parij va Istanbul kutubxonalarida mavjud. Dostonning 1516-yilda ko`chirilgan nusxasi Turkiyaning Topkapi kutubxonasida saqlanmoqda va u hozircha fanga ma’lum qo`lyozma nusxalarining eng qadimgisi sanaladi. Mazkur doston 1959-yilda yakka holatda va 1986-yilda “Uch bulbul gulshani”ning tarkibida joyriy yozuvga tadbil qilinib nashr etilgan. Ammo har ikkala nashrda ham muallif nomi keltirilgan “Ayladi bu qissani Durbek nazm” misrasi “Ayladi bu qissani dar silki nazm” tarzida berilgan. Ushbu holatni eski o`zbek yozuvida “dar” (eshik) va “dur” so`zlarining shakldosh, ya’ni “dol” va “ro” harflarida iborat “در” shaklida berilishi va asar tadbili uchun tanlangan nusxalarning holati bilan izohlashimiz mumkin. Buxoro qo`riqxonasida saqlanayotgan asar qo`lyozmasining ahamiyati esa uning 3-A varog`ida “ایلادی بو فصةنی درپیک نضم” (Ayladi bu qissani Durpek nazm) misrasi uchraydi.
Qo`lyozmaning jami 75 varoqdan iborat bo`lib (Basmaladan kalafon qismigacha) muqovasi yashil rangda, qalin qog`ozdan qilingan. Doston matni qizil hoshiya ichida yozilgan va hoshiyaning tashida ayrim qaydlar ham berib borilgan. Qo`lyozma ja’mi 91 bobdan iborat va har bir bob qizil rangli siyoh bilan, asosiy matn esa qora rangli siyoh bilan ko`chirilgan. 1-A varaqda matn 11 qatorli qilib (boblar nomini va matnini qoshib hisoblaganda), 1-B varoqdan to 6-A varoqgacha 15 qatorli qilib, 6-B varoqdan 75-A varoqgacha 17 qatorli qilib ko`chirilgan. Aynan 6-B varoqdan boshlab kotib misralar orasini qisqatirib, bir qatorda nisbatan ko`proq matn joylashtirgani va qog`oz sarfida tejamkorlik qilgani hisobiga matndagi harflarning kichraygani, harflarning nuqtalari deyarli bir-biriga qo`shilib ketgani kuzatiladi. Bu esa o`z vaqtida matnni o`qishda bir oz qiyinchilik tug`diradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |