5. Yuridik shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘ini to‘lash tartibi
Yuridik shaxslar byudjetga joriy to‘lovlar summasini hisobot yili mol-mulkining o‘rtacha yillik qoldiq qiymatidan va soliq stavkasidan kelib chiqib mustaqil ravishda belgilaydilar. Byudjetga joriy to‘lovlarni to‘lash har oyning 20-kunidan kechiktirmay, yillik soliq summasining 1/12 qismi miqdorida to‘lanadi. Byudjetga joriy to‘lovlarni hisoblab chiqarish va to‘lash uchun soliq to‘lovchilar mol-mulkning tegishli yilga o‘rtacha yillik qoldiq qiymatidan va belgilangan soliq stavkasidan kelib chiqadilar va joriy yilning 10 (o‘ninchi) yanvarigacha davlat soliq xizmati organlariga ma'lumotnoma (11-ilova) taqdim etadilar.
Birinchi chorak, yarim yil, 9 oy va yil tugaganda to‘lovchilar mustaqil ravishda mol-mulk solig‘ini o‘sib boruvchi yakun bilan, hisobot davrida mol-mulkning o‘rtacha qoldiq qiymatidan kelib chiqib, (7-ilovadagi shakl asosida) hisoblab chiqadilar va hisobot davridan keyingi oyning 25-sanasidan, yil yakunlari bo‘yicha yillik moliya hisobotlarini taqdim etish muddatidan kechiktirmay ro‘yxatdan o‘tgan joydagi davlat soliq organlariga taqdim etadilar. Mol-mulk solig‘ining hisoblangan summasi hisob-kitobni taqdim etish uchun belgilangan kundan boshlab besh kunlik muddatda to‘lanadi.
Mol-mulkning qoldiq qiymati va imtiyoz taqdim etish muddatini ko‘rsatgan holda korxona mol-mulki o‘rtacha qoldiq qiymatining hisob-kitobi va soliq undirilmaydigan mol-mulk ro‘yxati mol-mulk solig‘ining hisob-kitobiga majburiy ilovalar (8,9-ilovalar) hisoblanadi
Mahsulot eksportini amalga oshiradigan eksportchi korxonalar mol-mulk solig‘i hisob-kitobini taqdim etayotganlarida eksport qilinadigan mahsulot (ishlar, xizmatlar)ga doir ma'lumotnomani (10-ilova) taqdim etadilar.
Yagona soliq to‘lovi to‘lovchisi bo‘lgan korxona binoning bir qismini ijaraga bergan holatda, soliqqa tortish bazasini hisoblash uchun shu bino qismining o‘rtacha yillik qoldiq qiymati bino umumiy maydonining 1 kv.m o‘rtacha yillik qoldiq qiymatini binoning soliqqa tortiladigan maydoniga ko‘paytirish yo‘li bilan aniqlanadi.
Belgilangan muddatlarda tugallanmagan qurilish ob'ektlari va me'yoriy muddatlarda o‘rnatilmagan uskuna uchun mol-mulk solig‘ini to‘lash quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
1. Belgilangan muddatlarda tugallanmagan qurilish ob'ekti uchun mol-mulk solig‘ini to‘lovchilar bo‘lib qurilishni amalga oshiruvchi yuridik shaxslar-buyurtmachilar hisoblanadi.
Soliq solish ob'ekti bo‘lib belgilangan muddatlarda tugallanmagan qurilish ob'ektining qiymati (smetalar, smeta-moliya hisob-kitoblari va kapital qurilish titullari ro‘yxatida ko‘zda tutilgan bino va inshootlarni qurish, uskunalar, asboblar, asbob-uskunalarni va boshqa predmetlarni sotib olish xarajatlari (qurilish pudrat yoki xo‘jalik usuli bilan qurilishidan qat'i nazar), ya'ni tugallanmagan qurilish hisobvarag‘ida hisoblanadigan hamma ishlar va xarajatlar (belgilangan muddatlarda tugallanmagan qurilish ob'ektlari qismida) hajmi hisoblanadi. Qurilishning belgilangan muddati deb qurilishni tashkil qilish loyihasi (QTQL) tarkibida 1.04.03-85-son QMQ “Korxonalar, binolar va inshootlarni qurish muddati me'yorlari”ga muvofiq loyihalash tashkiloti tomonidan aniqlanadigan ob'ekt qurilishining me'yoriy muddati hisoblanadi.
Loyihalash tashkilotlari loyiha-smeta hujjatlarida tayyorlash muddatlarini ajratgan holda qurilish muddati me'yorini ko‘rsatishlari shart. Loyiha-smeta hujjatlarida qurilish muddati me'yori ko‘rsatilmagan taqdirda, buyurtmachi loyihalash tashkilotidan muayyan ob'ekt bo‘yicha qurilish muddatining me'yori to‘g‘risida xulosa olishga majbur.
2. Me'yordagi muddatda o‘rnatilmagan uskunalar uchun mol-mulk solig‘ini to‘lovchilar bo‘lib kapital mablag‘lar hisobiga qayta jihozlanadigan ob'ektlarda montaj qilish talab qilinadigan va o‘rnatishga belgilangan texnologik, energetik va ishlab chiqarish uskunalari bo‘lgan (ustaxonalar, tajriba qurilmalari va laboratoriyalar uchun uskunalarni qo‘shib) yuridik shaxslar hisoblanadi.
Me'yordagi muddatda o‘rnatilmagan uskunalar uchun soliq solish ob'ekti bo‘lib o‘rnatishga belgilangan uskunalar qiymati hisoblanadi, ular qatoriga montaj qilishni talab qiladigan, faqat qismlarini yig‘ish va poydevorga yoki ustunlarga, polga, qavatlararo to‘siqlarga va boshqa bino va inshootlarni ko‘tarib turuvchi konstruksiyalarga o‘rnatiladigan uskunalar hamda uskunalarni hisobga olish hisobvarag‘ida hisoblanadigan shunday uskunalarning ehtiyot qismlar to‘plami (me'yordagi muddatda o‘rnatilmagan uskunalar qismida) hisoblanadi. Ushbu uskunalar tarkibiga o‘rnatiladigan uskunalar qatorida montaj qilish uchun belgilangan nazorat-o‘lchov apparaturasi yoki boshqa asboblar ham kiradi.
Korxonalar, binolar va inshootlar qurilishida tasdiqlangan qurilish muddati va tayyorlab qo‘yilgan zaxiralar me'yoriga muvofiq har bir ob'ekt bo‘yicha texnologik yoki boshqa uskunalarni yetkazib berish va montaj qilish jadvali belgilangan bo‘lishi lozim.
Mamlakatimizda ishlab chiqarilgan va import qilingan uskunalarni yetkazib berish va montaj qilish jadvalida quyidagi muddatlarda topshirish hisobga olinadi:
- yirik texnologiya va energetika uskunalari - ularni nomma-nom ro‘yxatlari bo‘yicha montaj qilish va yetkazib berish jadvallarining rejadagi muddati o‘tib ketgandan keyin;
- texnologiya uskunalari, texnologiya liniyalari, qurilmalar va boshqa umumzavod uskunalari - uskunalarni montajga topshirishining rejadagi muddati o‘tgandan keyin, lekin olti oydan ortiq bo‘lmagan muddatda;
- komplekt import uskunalari - ularni montajga topshirishning rejadagi muddati o‘tib ketgandan ke-yin, lekin bir yildan ortiq bo‘lmagan muddatga, agar texnik shart-sharoitlariga ko‘ra uskunani qismlar bo‘yicha montaj qilish mumkin bo‘lmasa, ularni montajga topshirish muddati uskunalar butun komplektining kelib tushishi paytidan hisoblanadi;
- qismlarga ajratilgan import uskunalari, shuningdek kabel mahsulotlari, simlar va troslar - ularni montajga topshirishning rejadagi muddati o‘tgandan keyin, lekin olti oydan ortiq bo‘lmagan muddatda.
Uskunalarni montaj qilish va o‘rnatish uchun me'yorlar va jadvallar bo‘lmaganida soliq quyidagi muddatlarda to‘lanadi:
- ishlab chiqarish maqsadlaridagi ob'ektlar bo‘yicha mamlakatimizda ishlab chiqarilgan va import qilingan uskunalarning o‘rnatilmaganligi uchun - sotib olinganiga bir yillik muddat to‘lganidan keyingi oydan boshlab;
- noishlab chiqarish maqsadlaridagi ob'ektlar bo‘yicha - sotib olinganiga olti oy tugagandan keyin;
Uskunalarni yetkazib berish va montaj qilishning yuqorida ko‘rsatilgan muddatlarini buzganligi uchun korxona va tashkilotlar, O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollardan tashqari, mol-mulk solig‘ini ikki baravar ko‘paytirilgan stavka bo‘yicha to‘laydilar.
Ortiqcha to‘langan soliq summalari, agar soliqlar va yig‘imlar bo‘yicha qarz mavjud bo‘lmasa, to‘lovchining yozma arizasiga ko‘ra bo‘lg‘usi to‘lovlar hisobiga qayd etiladi yoki 30 kun ichida qaytariladi.
Byudjet bilan hisob-kitoblarning buxgalteriya hisobi byudjetga to‘lovlar bo‘yicha qarzni hisobga olish hisobvarag‘i bo‘yicha yuritiladi.
Hisoblab yozilgan soliq summasi quyidagicha aks ettiriladi: davr xarajatlarini hisobga olish hisobvarag‘i debeti; byudjetga to‘lovlar bo‘yicha qarzlarni hisobga olish hisobvarag‘i krediti.
Byudjetga o‘tkazilgan soliq summalari quyidagicha aks ettiriladi: byudjetga to‘lovlar bo‘yicha qarzlarni hisobga olish hisobvarag‘i debeti; pul mablag‘larini hisobga olish hisobvarag‘i krediti.
Mol-mulk solig‘ini to‘lovchilar davlat soliq xizmati organlarining qarorlari va ularning mansabdor shaxslari harakatlari ustidan yuqori davlat soliq xizmati organlariga yoki sudga shikoyat qilish huquqiga egadirlar. Mol-mulk solig‘ini to‘lovchilar O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq soliqni to‘g‘ri hisoblab chiqarish va o‘z vaqtida to‘lash uchun javobgardirlar.
Mol-mulk solig‘ini to‘g‘ri hisoblab chiqarish va o‘z vaqtida to‘lash ustidan nazorat, O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq, davlat soliq xizmati organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |