Yuridik shaxslar uchun soliq imtiyozlari bo‘yicha 2015 yildagi o’zgarishlar
Yangi qonun hujjatlari, xususan: O‘zbekiston Respublikasining
2014 yil 4 dekabrdagi «Soliq va byudjet siyosatining 2015 yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘RQ-379-sonli Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014 yil 9 dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim Farmonlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida»gi PF-4677-sonli Farmoni va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014 yil 4 dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasining 2015 yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va Davlat byudjeti parametrlari to‘g‘risida»gi PQ-2270-sonli qaroriga muvofiq, yuridik shaxslar uchun soliq imtiyozlarini qo‘llash yuzasidan quyidagi o‘zgarishlar yuz berdi.
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014 yil 9 dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim Farmonlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida»gi PF-4677-sonli Farmoniga muvofiq:
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006 yil 5 maydagi «Mikrokreditbank» aksiyadorlik tijorat bankini tashkil etish to‘g‘risida»gi PF-3750-sonli Farmoni 8-bandining birinchi xatboshida «Mkrokreditbank»ni foyda va mulk soliqlari hamda bank foydasiga undirilgan mulkni sotishda qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lashdan ozod qilish bo‘yicha nazarda tutilgan imtiyozlar muddati 2018 yilning 1 yanvarigacha uzaytirildi;
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2010 yil 28 iyuldagi «Ta’lim muassasalarining bitiruvchilarini tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PF-4232-sonli Farmoni 1-bandining birinchi xatboshida nazarda tutilgan mikrofirma va kichik korxonalarni rag‘batlantirish maqsadida band xodimlarning o‘rtacha yillik soni (kasb-hunar kollejlari, akademik litseylari va oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari bilan mehnat shartnomalari tuzilganda) cheklangan normativi 20 foizdan 50 foizgacha oshirildi;
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011 yil 24 avgustdagi «Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish uchun qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PF-4354-sonli Farmonining 8-bandida nazarda tutilgan mikrofirmalar va kichik korxonalar o‘zi ishlab chiqargan tovar (ish, xizmat)larni eksport qilishdan tushadigan valyuta tushumining 50 foizini majburiy sotishdan ozod qilish bo‘yicha imtiyozlar qismida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan ro‘yxat bo‘yicha tovarlarni eksport qiladigan mikrofirma va kichik korxonalar uchun istisnolar kiritildi;
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014 yil 7 apreldagi «O‘zbekiston Respublikasida investitsiya iqlimi va ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PF-4609-sonli Farmoni 8-bandining uchinchi xatboshi normasiga aniqlik kiritilib, unga muvofiq, yangidan tashkil etilgan kichik tadbirkorlik subyektlari (chakana savdo tashkilotlaridan tashqari) davlat ro‘yxatidan o‘tgan sanadan boshlab, 6 oy davomida, agar mazkur muddatda ular o‘z ehtiyojlari uchun obyektlar qurgan taqdirda, qurib bitkazilgan obyektni qabul qilish hujjati tasdiqlangan sanadan boshlab 6 oy o‘tgungacha, biroq ularning davlat ro‘yxatidan o‘tganidan so‘ng bir yildan ko‘p bo‘lmagan davrda yagona soliq to‘lovi va yagona ijtimoiy to‘lovlarni ushbu to‘lovlarning tasdiqlangan eng kam miqdorlarini hisobga olmagan holda to‘laydilar;
2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014 yil 4 dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasining 2015 yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va Davlat byudjeti parametrlari to‘g‘risida»gi PQ-2270-sonli qarorining 36-ilovasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 2015 yilning 1 yanvaridan boshlab o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Xususan;
– bo‘shab qolgan mablag‘lar moddiy-texnika va ijtimoiy bazani mustahkamlashga, shuningdek, ularning xodimlarini moddiy rag‘batlantirishga maqsadli yo‘naltirilgan holda qo‘shimcha daromad olayotgan byudjet tashkilotlarini Davlat byudjetiga undiriladigan soliqlar va yig‘imlarning barcha turlaridan ozod qilish bo‘yicha (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999 yil 3 sentabrdagi «Byudjet tashkilotlarini moliyalashtirish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida»gi 414-sonli qarorining 4-bandi);
– bo‘shaydigan mablag‘lar oliy o‘quv yurtlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga, o‘quv jarayonini zamonaviy ta’lim vositalari bilan ta’minlashga, oliy ta’lim muassasalari xodimlarini moddiy rag‘batlantirishga maqsadli tarzda yo‘naltirilgan holda to‘lov-kontrakt asosida kadrlarni tayyorlash uchun tushadigan mablag‘lardan oliy ta’lim muassasalarini soliq hamda maqsadli davlat jamg‘armalariga majburiy ajratmalar to‘lashdan ozod qilish bo‘yicha (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001 yil 12 iyundagi ?001/2002 o‘quv yilida O‘zbekiston respublikasining oliy ta’lim muassasalariga qabul to‘g‘risida»gi 250-sonli qarorining 9-bandi);
– bo‘shab qolgan mablag‘lar futbolni rivojlantirishga maqsadli yo‘naltirilgan holda professional futbol klublari, O‘zbekiston Futbol federatsiyasi va uning hududiy bo‘linmalarini, xususan, soliqlar va yig‘imlarning barcha turlarini (yagona ijtimoiy to‘lovdan tashqari) to‘lashdan ozod qilish bo‘yicha (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 1 iyundagi «O‘zbekistonda futbolni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash masalalari to‘g‘risida»gi 158-sonli qarori 1-bandi);
– «O‘zbekengilsanoat» davlat aksiyadorlik kompaniyasi korxonalariga kontrakt tuzish paytida vujudga kelgan jahon narxlaridan past bo‘lmagan narxlar bo‘yicha erkin muomaladagi valyutaga (qo‘shilgan qiymat solig‘ini nul stavka bo‘yicha hisoblagan holda) ichki bozorda yarim tayyor to‘qimachilik mahsulotlarini (kalava, gazmol, trikotaj polotno va paxtani yigirish chiqindilarini) xarid qilish bo‘yicha imtiyozni qo‘llash qismida «ushbu yarim tayyor mahsulotlardan ishlab chiqariladigan mahsulotlarning kamida 80 foizi eksportga yo‘naltirilishi» sharti chiqarib tashlandi(O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011 yil 28 martdagi «To‘qimachilik sanoati korxonalarini jadal rivojlantirishni rag‘batlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-1512-sonli qarori 1-bandining uchinchi xatboshi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004 yil 25 martdagi «O‘zbekengilsanoat» davlat aksiyadorlik kompaniyasining tashkiliy tuzilmasini takomillashtirish va respublika yengil sanoatini yanada rivojlantirishni rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 141-sonli qarori 5-bandi);
– Toshkent shahridagi Inxa universitetini davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalardan ozod etish bo‘yicha imtiyozlar kiritildi (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014 yil 24 martdagi «Toshkent shahrida Inxa Universitetini tashkil etish to‘g‘risida»gi PQ-2155-sonli qarori 11-bandining ikkinchi xatboshi);
– O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000 yil 29 iyundagi 245-sonli qarori bilan tasdiqlangan xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan xorijiy valyutadagi tushumni majburiy sotish tartibi 3-bandining "e" kichik bandiga kiritilgan o‘zgartirishlarga muvofiq, tabiiy gaz, shu jumladan tranzit, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va yovvoyi o‘simliklar, mis, shteyni, sementatsion mis (cho‘kindi mis), mis tayoqchalar va profillar, mis simlarni eksport qilishdan tushadigan valyuta tushumi majburiy sotilishi lozim. Bunda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va yovvoyi o‘simliklar eksportidan keladigan valyuta tushumlarining 25 foizi sotilishi majburiy.
3. O‘zbekiston Respublikasining 2014 yil 4 dekabrdagi «Soliq va byudjet siyosatining 2015 yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘RQ-379-sonli Qonuniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar bilan soliq imtiyozlarini qo‘llashda quyidagi o‘zgarishlar nazarda tutilgan.
2015 yilning 1 yanvaridan boshlab yangi imtiyozlar kiritildi, xususan:
Soliq kodeksining 208-moddasiga qo‘shilgan qiymat solig‘idan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga ko‘ra tijorat banklari tomonidan o‘z mablag‘lari hisobidan qurilayotgan ko‘chmas mulk obyektlarini realizatsiya qilish oborotlari ozod etilishini nazarda tutuvchi qo‘shimchalar kiritildi.
Yuridik va jismoniy shaxslar uchun tabiiy gazning yagona qiymati belgilanganligini hisobga olgan holda Soliq kodeksining 217-moddasiga aholiga sotiladigan gazga qo‘shilgan qiymat solig‘ining ?» stavkasini bekor qilinishi narxlarning oshishiga olib kelmaydi, chunki barcha gaz iste’molchilari uchun o‘z ichiga qo‘shilgan qiymat solig‘i va aksiz solig‘ini olgan yagona qiymat belgilab qo‘yilgan.
Soliq kodeksining 308-moddasi ikkinchi qismiga kiritilgan qo‘shimcha yagona ijtimoiy to‘lov O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining, umumiy yurisdiksiya sudlarining va xo‘jalik sudlarining sudyalari, shuningdek prokuratura organlarining mansab darajalariga (harbiy unvonlarga) ega bo‘lgan xodimlarining xizmat vazifalarini bajarishi munosabati bilan olgan daromadlariga nisbatan hisoblab chiqarilmasligini nazarda tutadi.
2015 yilning 1 aprelidan boshlab:
Ayrim imtiyozlar talab etilmaganligi va samarasiz bo‘lganligi uchun Yuridik shaxslar uchun Soliq kodeksining 5 ta (158, 282, 308, 324 va 367) moddasi bo‘yicha imtiyozlarning bekor qilinishi nazarda tutilmoqda.
Bunda quyidagi soliq imtiyozlari bekor qilinadi;
– davolash muassasalari huzuridagi davolash-ishlab chiqarish ustaxonalari va jazoni ijro etish muassasalarini yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘idan ozod etish. Bunda davolash muassasalari huzuridagi davolash-ishlab chiqarish ustaxonalari va jazoni ijro etish muassasalari byudjet tashkilotlarining tarkibiy bo‘linmasi hisoblanib, ular O‘zbekiston respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999 yil 3 sentabrdagi 414-sonli qaroriga muvofiq ustav faoliyati doirasida soliq va majburiy ajratmalarni to‘lashdan ozod etiladi;
- yangi tashkil etilgan dehqon xo‘jaliklarini ular davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan oydan e’tiboran ikki yilga yer solig‘i to‘lashdan ozod etish. Dehqon xo‘jaliklari yer solig‘ini jismoniy shaxslar uchun nazarda tutilgan tartibda to‘laydi;
- yagona ijtimoiy to‘lov va sug‘urta badallari yosh mutaxassislarga oliy o‘quv yurtini tamomlaganlaridan so‘ng ta’til vaqti uchun yuridik shaxslar hisobidan to‘lanadigan nafaqalarga nisbatan hisoblanmasligi. Ushbu to‘lovlar qonunchilikda nazarda tutilmagan bo‘lib, yuridik shaxs tomonidan ixtiyoriy asosda amalga oshiriladi. Bunda ushbu to‘lovlar mehnatga haq to‘lash fondiga kiritiladi va ularga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i to‘lanadi;
- umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini saqlash, ta’mirlash, rekonstruksiya qilish va qurishni amalga oshiruvchi ixtisoslashtirilgan yo‘l xo‘jalik boshqaruvi organi tuzilmasiga kiradigan korxonalarni – mazkur ishlarni amalga oshirishda bevosita foydalaniladigan avtotransport vositalari bo‘yicha avtotransport vositalarini olish va (yoki) O‘zbekiston Respublikasi hududiga vaqtinchalik olib kirish uchun yig‘imni to‘lashdan ozod etish;
- Soliq kodeksining 362-moddasi ikkinchi qismining ikkinchi va uchinchi xatboshilarida nazarda tutilgan shartlarga muvofiq kelgan taqdirda, yangi tashkil etilgan qishloq xo‘jaligi tovarlari ishlab chiqaruvchilarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan oydan boshlab ikki yil muddatga yagona yer solig‘ini to‘lashdan ozod etish. Mazkur imtiyoz tugatilgan fermer xo‘jaliklari bazasida tashkil etilgan fermer xo‘jaliklariga tatbiq etilmaydi. Yangi tashkil etilgan qishloq xo‘jaligi tovarlari ishlab chiqaruvchilar, odatda, o‘zlashtirilgan yerlarda, ya’ni tugatilgan fermer xo‘jaliklari bazasida tashkil etiladi. Shu munosabat bilan mazkur imtiyozga talab mavjud emas.
Bunda qishloq xo‘jaligi tovarlari ishlab chiqaruvchilar uchun imtiyoz yer uchastkasining qaysi qismida tomchilatib sug‘orishdan foydalanilayotgan bo‘lsa, o‘sha qismida tomchilatib sug‘orish tizimi joriy qilingan oydan boshlab besh yil muddatga saqlanib qolinmoqda.
Юридик шахслар учун назарда тутилган 2015 йилнинг 1 январь ҳолатига амал қилаётган солиқ имтиёзларининг тўлиқ рўйхати билан Ўзбекистон Республикаси Давлат солиқ қўмитасининг www.soliq.uz расмий сайтида танишиш мумкин.
Do'stlaringiz bilan baham: |