2. Shaxsni huquqiy begonalashtirish
Begonalashtirish fenomeni. Insonlar o`z mehnatlari natijalari, o`zlari to`plagan moddiy va ma`naviy boyliklar, erishgan yutuqlari nafaqat ularning o`zlaridan ajralib uzoqlasha borishini, shu bilan ularni o`zlariga bo`ysundirib xuddi o`z xususiy hayotiga ega bo`lishayotganini payqay boshlaganlarida ijtimoiy hayot alohida olingan inson hayoti bilan butun jamiyat yutuqlari o`rtasidagi farqlanishni, nomuvofiqlikni tasdiqlovchi ko`plab misollarni namoyon eta boshlagan vaqtda ijtimoiy-siyosiy adabiyotda begonalashtirish muammosi tadqiqotchilar diqqat markazida turgan. Badiiy shaklda bu muammmo aka-uka Grimmlar, Gofman asarlarida, ayniqsa, avstriyalik yozuvchi Gustav Mayrinkaning “Golem“ nomli fantastik romanida aniq shaklda ifoda etilgan. Bu asarda XUII asrda bo`lib o`tgan voqea tarixi bayon qilingan, bir kohin sun`iy odamni yasaydi, u ibodatxonada qo`ng`iroq chalg`uvchilik qilishi va turli og`ir ishlarni bajarishi kerak edi. Golem shunday yasalgan ediki, uning tishlari bilan tutib turuvchi qog`ozga sehrli so`zlar yozilgan bo`lib, bu yozuv uning ishlash qobiliyatini ta`minlar edi. Bir kuni kechki ibodatdan so`ng kohin Golem og`zidagi qog`oz bo`lagini olib qo`yishni yodidan chiqaradi, u esa, itoatkorlikdan chiqib, qorong`i ko`chalar bo`ylab yugurib ketadi, yo`lida o`ziga duch kelganlarni o`ldiradi. Avstriyalik muallif kitobida voqea nisbatan yaxshi yakunlanadi. Kohin Golemni quvib yetadi va qog`oz bo`lagini yirtib tashlaydi, bu uning halokati edi. Bulgakovning “It yuragi“ asarida ham shu mazmundagi voqea bayon etiladi. Afsuski, hayotda insonlarning o`zlari tomonidan o`z farovonliklariga xizmat qilish uchun yaratgan narsalarini jilovlashga osonlikcha erishib bo`lmaydi.
Begonalashtirish muammosini nazariy jihatdan ko`tarish masalasi Yangi davr mutafakkirlari asarlarida mufassal yoritilgan. Ular o`z zamondoshlarining e`tiborlarini ijtimoiy munosabatlar sohasiga, burjua ijtimoiy munosabatlarining qaror topishi jarayoniga qaratdilar. J.J.Russo fikricha, jamiyat odamlarni buzadi va ma`naviy qashshoq qiladi. U inson faoliyati mahsulidan insonlarga qarama-qarshi turuvchi kuchga aylanadi. Tabiiy jarayonlar dastlab hukmronlik qilgan davrda erkin va qaram bo`lmagan insonlar ijtimoiy munosabatlarning shakllangan tizimi ta`siriga tushib qoladilar, o`ziga o`xshaganlar quliga aylanib qoladilar. Insonni bunday begonalashtirish holatidan chiqib ketishi uchun Russo “ijtimoiy shartnoma“ tuzish zarur deb biladi, ya`ni fuqarolarning bunday bitimga ixtiyoriy rioya etishlari avvalgi tenglik, erkinlik va mustaqillikni qaytarishga imkon beradi.
“Ijtimoiy shartnoma“ nazariyasi katta siyosiy ta`sirga ega bo`ldi, ijtimoiy tartibsizlikni jilovlashga, ijtimoiy munosabatlarni barcha insonlar va tabaqalar manfaatlariga bo`ysundirishga bo`lgan umidni uyg`otib, ilk burjua munosabatlari davri ilg`or mutafakkirlarini ruhlantirib yubordi. Biroq, tovar munosabatlarining rivojlanishi nazariy konsepsiyalar va siyosiy shiorlardan mustaqil va qat`iy tarzda yuz o`gira boshladi. Alohida shaxslar va sinflarning xususiy iqtisodiy manfaati jamiyatni adolat va tafakkur asosida qurishga bo`lgan har qanday urinishlarni chippakka chiqardi. “Ijtimoiy shartnoma“ nazariyasining begonalashtirishni yenga olmasligi va uning tabiatini tushuntira olmasligi oydin bo`lib qoldi.
Bu muammoni hal qilishga yo`naltirilgan keyingi nazariy urinishlar nemis klassik falsafasi bilan bog`liq bo`ldi. Bu yerda begonalashtirish fenomeniga odamning faol tabiatiga xos ichki xususiyat sifatida qaraldi. Nemis klassik falsafasi begonalashtirishni yengishning amaliy yo`llarini ko`rsatish o`rniga uning tabiatini tushuntirishga harakat qildi. Fixtening fikricha, inson mohiyatiga ko`ra o`z-o`zini anglash yoki sof “Men“dir bo`lib, u o`z faoliyatida predmet , ya`ni “Men emas“ni begonalashtiradi. Bu Fixtening predmetlilikni asoslashi o`ziga xos tarzda begonalashtirishni anglatadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |