2. Kimyoviy kechalarni tashkil etish.
Sinfdan tashqari ishlarning yana bir ko’rinishi kimyoviy kechalar bo’lib hisoblanadi. Kimyoviy kechalar muntazam ravishda o’tkazilishi mumkin. Ularning tematikasi turli - tuman bo’ladi. Ba’zilari ma’lum moddalarning (“Suv- oddiy va ajoyib modda”) yoki ba’zi kimyoviy jarayonlarning (“Olov sirlari”) chuqur o’rganilishiga bag’ishlansa, ayrimlari mamlakatning ichki hayoti dolzarb muammolariga (“Kimyo va qishloq xo’jaligi”, “Kimyo va sanoat”, “Vatanimizning tabiiy boyliklari”) bag’ishlanadi. Ayrim kimyoviy kechalarning ishlanmalari va dasturi “Maktabda kimyo” jurnalida berib boriladi.
Kimogar olimlarning hayoti va faoliyatiga bag’ishlangan kimyoviy kechalar keng ommalashtiriladi.D.I.Mendeleyev, A.M. Butlerov, M.V. Lomonosov, N.N. Zinin, A.P.Borodin, A.Y.Favorskiy, N.D. Zelinskiy, S.Yu. Yunusov, O.S.Sodiqov, H.U. Usmonov kabi kimyogar- olimlarning hayot yo’llari va ilmiy faoliyatlari bag’ishlangan kechalar yoshlarga katta ma’naviy-ma’rifiy va ilmiy ozuqa beradi. 8- martga bag’ishlab kimyogar – ayollarning ilmiy faoliyatlari to’g’risida kechalar tashkil etishi mumkin. Ayniqsa, maktabda qiziqarli kimyoga bag’ishlangan kechalar katta muvaffaqiyat qozonadi.
Maktabda kimyoviy to’garak tashkil etilganligi uchun kimyoviy kechalarni tashkil etish to’garak a’zolari zimmasiga yuklatiladi.To’garakning navbatdan tashqari mashg’ulotida kechaning mavzusi, senariysi muhokama qilinadi va har qaysi to’garak ishtirokchisining vazifasi belgiladi. Kimyoviy kecha tashkilotchilarining quyidagi vazifalarini belgilash mumkin:
Mavzuni tanlash, kechaning dasturini muhokama qilish va uning senariysini ishlab chiqish.Bu bosqichda o’qituvchi yetakchi rolini bajaradi, talabalar esa kimyoviy mavzularda she’rlar va senariy yozadilar, jurnallar va badiiy adabiyotladan materiallar tanlaydilar.
Kechaga kimyogar olimlar va kimyoviy ishlab chiqarishning ilg’or vakillarini taklif etish. Bu vazifa muayyan o’quvchilar guruhiga topshiriladi.
Kimyo fani bo’yicha o’quvchilarning bajargan ishlarining ko’rgazmasini tashkil etish: o’z qo’llari bilan tayyorlagan ko’rgazmali qurollar, asboblar, stendlar, albomlar, chiroyli rasmiylashtirilgan dokladlar, eksperimental materiallar va h.k.. Bu ishlar, albatta, o’qituvchining rahbarligi va ko’rsatmalari asosida bajariladi.
Kimyoviy viktorinalarga tayyorgarlik ko’rish. Savollar eksperimental yoki nazariy yo’l bilan yechilishi mumkin. Savollar o’qituvchi nazorati ostida o’quvchilar tomonidan tayyorlanadi.
Kechaning badiiy qismiga tayyorgarlik ko’rish: O’quvchilarning badiiy chiqishlari ro’yxati va mazmuni kechaning tematikasiga mos kelishi kerak. Bu borada o’quvchilarga maktab yetakchisi ko’maklashadi.
Kechaning tematikasiga muvofiq keladigan ilmiy-ommabop film yoki videoroliklar tayyorlash: Filmga o’qituvchi buyurtma beradi .Kechada o’quv filmlarni namoyish qilish tavsiya qilinmaydi.
Kecha davomida demonstratsiya qilinadigan kimyoviy eksperimentga o’qituvchi alohida e’tibor qaratishi kerak. Demonstatsiyalarni o’tkazishga chuqur tayyorgarlik ko’riladi.Shuni esda tutish kerakki, eksperiment o’quvchilarning keng jamoasi oldida namoyish qilinadi. Shuning uchun texnika xavfsizligiga alohida e’tibor qaratish lozim.
Kechaning bezatilishi: rangli afishalar, taklifnomalar, kostyumlar, navbatchilik, ishtirokchilarga esdalik sovg’alari.
Konkurs va viktorinalarni baholash uchun hakamlar tarkibiy shakllantiriladi.Bu tarkibda o’quvchilar, sinf rahbarlari, maktab bosh yetakchisi, sinfdan tashqari ish tashkilotchisi va kimyo fani o’qituvchsi kiradi. Kechaning yutug’i uni olib boradigan boshlovchining mahoratiga ham bog’liq. Shuning uchun boshlovchilikka nomzodni chuqur tanlov asosida aniqlash kerak.
Kechaning davomiyligi 2- 2,5 soat bo’lishi mumkin.U har yili bir marta o’tkaziladi va o’quvchilar xotirasida uzoq vaqt saqlanib qoladi. Kimyoviy kecha kimyo haftaligi (dekadasi, oyligi) ning bir bo’g’ini bo’lib hisoblanadi. Keyingi yillarda maktablarda fan haftaliklari, dekadasi yoki oyliklarini o’tkazish keng ommalashib bormoqda. Kimyo haftaligi doirasida oldindan rejalashtirilgan va tayyorlangan istalgan sinfdan tashqari tadbirlarni o’tkazish mumkin. Haftalik boshlanishidan 10 kun oldin maktab foyesida va kimyo kabineti eshigida tadbirlar ro’yxati va dasturi , o’tkazilish sanasi va vaqti osib qoyiladi.Qoidaga ko’ra har kuni bitta tadbir o’tkazish mumkin.
Quyida kimyoviy kechalarning ayrim senariylari havola qilinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |