5- Mavzu: O‘QUVCHILARNING KUN TARTIBINI GIGIYENIK BAHOLASH
Nazariy tushuncha.
O‘quvchilarning kun tartibini to‘g‘ri tuzish va unga amal qilish ularning aqliy va jismoniy ish qobiliyatini yaxshilashda, tabiiy bioritmlarga moslashishda, sihat-salomatligini muhofaza qilishda muhim ahamiyat kasb etadigan omillardan biridir. Kun tartibiga rioya qilinmasa, o‘quvchi tez charchaydi, bajariladigan ishlarning samaradorligi va sifati pasayadi va hokazo.
Ishdan maqsad.
O‘quvchilar uchun kun tartibi tuzishning gigienik talablarini o‘rganish va kun tartibiga rioya qilish qoidalari va uning ahamiyati borasida talabalarda tushuncha hosil qilish.
Turli yoshdagi o‘quvchilar uchun kun tartibini tuzishda quyidagilarga e’tibor qaratiladi.
1. Kun tartibini tuzishda o‘quvchining yoshi hisobga olinadi. Chunki ma’lum yoshdagi o‘quvchi boshqa yoshdagilardan o‘z imkoniyatlari, aqliy va jismoniy qobiliyati, organizmining xususiyatlari va boshqalar bilan keskin farq qiladi. Bu ko‘rsatkichlar esa kun tartibini tuzishda muhim rol o‘ynaydi. Shunga ko‘ra ayrim yosh guruhlari uchun alohida kun tartibi tuzilishi talab etiladi.
2. Kun tartibini tuzishda o‘quvchining qaysi smenada o‘qishi e’tiborga olinadi. 1-smenada o‘qiydigan o‘quvchilar bilan 2-smenadagilarning kun tartibi bir-biridan keskin farq qilishi tabiiy hol. Shunga binoan 2-smenada o‘qiydigan o‘quvchilar uchun alohida kun tartibi tuziladi va shunga amal qilinadi.
3. Kun tartibini tuzishda ayrim o‘quvchilarning individual imkoniyatlari, aqliy qobiliyatlari hisobga olinishi shart. Ma’lumki, ayrim o‘quvchilarda maxsus qobiliyat shakllangan bo‘ladi va bu holat o‘z navbatida ularning ish qobiliyatida, imkoniyatlarida aks etadi. Bunday o‘quvchilar uchun uyga beriladigan topshiriq ko‘lamini oshirish, ularni qo‘shimcha darslarga jalb etish maqsadga muvofiq va bu o‘z navbatida ular uchun belgilangan kun tartibiga o‘zgartirish kiritishni taqozo etadi.
4. Kun tartibini tuzishda o‘quvchilarning ovqatlanish tartibini belgilab olish muhim ahamiyatga ega. Belgilangan gigiyenik talablarga ko‘ra kichik yoshdagi o‘quvchilar bir kunda o‘rtacha 5 mahal, o‘rta yoshdagi o‘quvchilar 4 mahal, katta yoshdagi o‘quvchilar esa o‘rtacha 3 mahal ovqatlanishlari lozim. Ovqatlanishlar orasidagi vaqt ovqatning hazm bo‘lishida muhim ahamiyatga ega. Shu sababli har bir yoshdagi o‘quvchining ovqatlanish tartibini hisobga olgan holda ular uchun kun tartibi tuzish maqsadga muvofiq.
5. Turli yoshdagi o‘quvchilar uchun kun tartibi tuzishda ularning uxlash soatlari, dam olishi, jismoniy mehnat bilan shug‘ullanishi, uyga beriladigan vazifalarning ko‘lami, maktabdagi dars vaqtlari va boshqa jihatlar e’tiborga olinadi. Quyida ayrim yoshdagi o‘quvchilar uchun belgilangan kun tartibi namunasi keltirilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |