Gazdan foydalanish: a) iste'molchilarni gazlashtirish hujjatlarida va tabiiy gazni yetkazib berish to‘g‘risidagi shartnomada ko‘zda tutilmagan qo‘shimcha gazdan foydalanuvchi jihozlarni o‘zboshimchalik bilan ulanishi aybdor shaxslardan gaz tarmog‘iga ulangan vaqtdan sarflangan gazning obektni (qurilmani) tarmoqdan majburiy uzilishi bilan 10 baravar miqdori undirilishiga sabab bo‘ladi;
b) iste'molchilarni gazlashtirish va tabiiy gazdan foydalanish uchun zarur bo‘lgan hujjatlarini rasmiylashtirmasdan hamda tabiiy gazni yetkazib berish to‘g‘risidagi shartnoma tuzmasdan o‘zboshimchalik bilan gaz tarmoqlariga ulanishi aybdor shaxslardan gaz tarmog‘iga ulangan vaqtdan sarflangan gazning obektni (qurilmani) tarmoqdan majburiy uzilishi bilan 10 baravar miqdori undirilishiga sabab bo‘ladi;
v) shartnoma tuzmasdan iste'molchilarga gaz yetkazib berish aybdor shaxslardan gaz tarmog‘iga ulangan vaqtdan sarflangan gazning obektni (qurilmani) tarmoqdan majburiy uzilishi bilan 10 baravar miqdori undirilishiga sabab bo‘ladi;
g) iste'molchilarga shartnomada ko‘rsatilgan miqdorlardan ortiqcha gaz yetkazib berish (ortiqcha yetkazib berilgan gaz miqdori hisobot oyi davomida gaz ta'minoti (gaz transportirovka qiluvchi) tashkilotlari bilan gaz yetkazib berish yuzasidan o‘zaro tuzilgan shartnoma asosida, belgilangan shakldagi hisobot, belgilangan tartibda oylik yetkazib berilgan va qabul qilingan gaz uchun o‘zaro tuzilgan dalolatnoma bilan aniqlanadi) aybdor shaxslardan shartnomadan ortiqcha yetkazib berilgan hajmni 5 baravarini undirilishiga sabab bo‘ladi;
d) gazlashtirish uchun tegishli hujjatlarni rasmiylashtirmasdan gaz yetkazib berish shartnomasini tuzish va yetkazib berish gaz yetkazib beruvchi tashkilotlardan sotilgan gazning 10 baravari miqdorini undirilishiga sabab bo‘ladi;
ye) iste'molchilarning yoqilg‘idan foydalanuvchi jihozlari (qurilmalari)ga qonun hujjatlariga muvofiq tasdiqlangan me'yorlardan ortiqcha va ko‘zda tutilmagan yo‘qotishlarga yo‘l qo‘yish iste'molchilardan tekshiruv o‘tkazilgan vaqtdan o‘tgan 12 oyida nooqilona sarflangan gazning 50 foizi undirilishiga sabab bo‘ladi;
yo) “O‘zneftgazinspeksiya”ning tegishli xulosasisiz iste'molchilarning foydalanuvchi qurilmalarida sinov-sozlash ishlarini amalga oshirish ushbu ishlarni amalga oshirgan tashkilotlardan ishga tushirish va rejim-sozlash ishlari smeta hajmining 10 foizi barcha ishlarni to‘xtatib, obektni (qurilmani) gaz tarmog‘idan uzgan holda undirilishiga sabab bo‘ladi;
j) gaz ta'minoti korxonalari tomonidan magistral gaz quvurlari va gaz taqsimlash tarmoqlari orqali tabiiy gazni qabul qilish, tashish va yetkazib berishda me'yordan ortiqcha yo‘qotishlarga yo‘l qo‘yish tekshiruv o‘tkazilgan vaqtdan o‘tgan 12 oyida nooqilona sarflangan gazning 50 foizi undirilishiga sabab bo‘ladi;
z) gaz ta'minoti korxonalari texnik shartlarisiz qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish qurilish-montaj ishlari smeta qiymatining 50 foizi undirilishiga sabab bo‘ladi;
i) loyihalashtirishga texnik shartlarsiz obektlarda qurilish loyihalari asosida bajarilgan, rekonstruksiya qilingan va texnik qayta jihozlangan yoqilg‘i ishlatuvchi jihozlar (qurilmalar)da gazdan foydalanish loyiha ishlarining 50 foizi undirilishiga sabab bo‘ladi;
Elektr va issiqlik energiyasidan foydalanishda: a) iste'molchilar tomonidan elektr qurilmalarini yagona elektr energetikasi tizimi elektr tarmoqlariga yoki issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalarini issiqlik ta'minoti korxonalari tarmoqlariga tegishli shartnoma tuzmasdan o‘zboshimchalik bilan ulab qo‘yilishi, ushbu iste'molchilar tomonidan ishlatilgan elektr va issiqlik energiyasi qiymatining 2 baravarini undirib olishga sabab bo‘ladi;
b) kondensatning shartnomada ko‘rsatilgan miqdorlar doirasida qaytarilib berilmasligi, iste'molchidan qaytarilmagan miqdor qiymatining 50 foizi miqdorida mablag‘ undirib olinishiga sabab bo‘ladi;
v) isitish tarmoqlaridan suvning to‘kib yuborilishi, izolyatsiyaning buzilishi va issiqlik-bug‘ quvurlari, issiqlik tarmoqlaridan, sanoat korxonalari va tashkilotlarining issiqlik ishlatiladigan asbob-uskunalardan izolyatsiyasiz foydalanish, aybdor shaxslardan isrof bo‘lgan issiqlik energiyasi hajmining asbob-uskunalar yoki normativ usullar bilan aniqlangan hajmi qiymatining 3 baravari miqdorida mablag‘ undirib olinishiga sabab bo‘ladi;
g) korxonalar, tashkilotlar va muassasalar tomonidan ishlab chiqarish zaruriyati bo‘lmagan holda jihozlarning unumsiz yoki behuda ishlashi oqibatida energiyaning to‘g‘ridan-to‘g‘ri isrof qilinishi, reaktiv quvvatlarni tiklash vositalarining ishlash tartibi buzilishi yoki unga rioya qilmaslik, ulardan asbob-uskunalar yoki normativ usullar bilan aniqlangan isrof bo‘lgan elektr va issiqlik energiyasi qiymatining 50 foizi miqdorida mablag‘ undirib olinishiga sabab bo‘ladi;
d) korxonalar, tashkilotlar va muassasalarda qisilgan havo, suv, bug‘ning to‘g‘ridan- to‘g‘ri isrof qilinishi, shuningdek, kondensatning oqizib yuborilishi, issiqlik tarmoqlarini suvga bostirib yuborilishi, mavjud ikkilamchi energiya manbalaridan foydalanmaslik yoki zarur darajada foydalanishni ta'minlamaslik, ulardan asbob-uskunalar yoki normativ usullar bilan aniqlangan isrof bo‘lgan elektr va issiqlik energiyasi qiymatining 50 foizi miqdorida mablag‘ undirib olinishiga sabab bo‘ladi;
ye) elektr hisoblagich ko‘rsatgichlarini o‘zgartirish maqsadida elektr yoki issiqlik energiyasini hisobga olish tizimining buzilishi, shu jumladan elektr hisoblagich ishlashiga tashqaridan ruxsatsiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri aralashish, aybdorlardan hisobga olish asboblari so‘nggi marta tekshirilgan paytdan boshlab foydalanilgan elektr va issiqlik energiyasi hajmi qiymatining 50 foizi miqdorida mablag‘ni undirib olinishiga sabab bo‘ladi;
j) iste'molchilar tomonidan elektr bilan yoritishdan ishlab chiqarish zaruratisiz qonunchilikka muvofiq belgilangan normalardan ortiq foydalanish, shuningdek kunning yorug‘ vaqtida elektr yoritgichlar bilan hududni maqsadsiz yoritib qo‘yish, yorug‘lik texnikasi uskunasining o‘rnatilgan quvvatidan va uskunalardan foydalaniladigan soatlarning yillik sonidan kelib chiqib, ushbu maqsadlarda foydalanilgan elektr energiyasi qiymatining 50 foizi miqdorida mablag‘ undirib olinishiga sabab bo‘ladi;
z) energetika asbob-uskunalari va tarmoqlarining belgilangan qoidalar talablariga javob bermaydigan qoniqarsiz texnik holati, energiya qurilmalari va tarmoqlarining texnik holatidagi hamda ulardan foydalanishdagi kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha “O‘zenergoinspeksiya”ning yozma ko‘rsatmalarini muntazam bajarilmaslik, ushbu qurilmalar balansida bo‘lgan korxonalar, tashkilotlar va muassasalarga nisbatan ishlatiladigan, uzatiladigan yoki mazkur qurilmalar bilan vujudga keltiriladigan energiya o‘rtacha oylik hajmi qiymatining 25 foizi miqdorida iqtisodiy chora qo‘llashga sabab bo‘ladi;
i) iste'molchi elektr qurilmalari ekspluatatsiya qilishga tayyorligi to‘g‘risida “O‘zenergoinspeksiya”ning xulosasi bo‘lmay turib, ta'minotchi tomonidan elektr ta'minoti shartnomasini tuzilishi va elektr energiyasi yetkazib berilishi, ushbu ta'minotchidan iste'molchi elektr qurilmalari ekspluatatsiya qilishga tayyorligi to‘g‘risida “O‘zenergoinspeksiya”ning xulosasi bo‘lmay turib iste'molchiga yetkazib berilgan elektr energiyasi qiymatining 100 foizi miqdorida mablag‘ undirib olinishiga sabab bo‘ladi;
k) iste'molchida belgilangan muddatlarda majburiy energetika tekshiruvi o‘tkazilmaganligi, ushbu iste'molchiga nisbatan uning oxirgi yildagi o‘rtacha oylik elektr energiyasi sarfi hajmi qiymatining 25 foizi miqdorida iqtisodiy chora qo‘llashga sabab bo‘ladi;
l) ishlab chiqaruvchi tomonidan energiya jihatidan samaradorlik ko‘rsatkichlari normativ hujjatlar talablariga mos kelmaydigan mahsulot ishlab chiqarilishi; undan normativ hujjatlar bilan belgilangan samaradorlik ko‘rsatgichlaridan ortiq o‘rtacha oylik sarflangan elektr energiyasi hajmi qiymatini undirib olinishiga sabab bo‘ladi.